SHOGIRDLARIGA MURAVVATLI, KASBDOSHLARIGA MUHABBATLI USTOZ

Ustozlik sharafi hammaga ham nasib bo‘lavermaydi. Ustoz bilim, aql idrok va yuksak qalb sohibidir. “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan ustozlarni qutlash e’tibor va ehtirom ramzi. Ana shunday ustozlardan biri “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Gidrotexnika qurilishi” fakultetida dekan so‘ngra “Qurilish muhandisligi” kafedrasi mudiri, ko‘p yillik tajribaga ega, yetuk muhandis va pedagog Hasanov Bahridin Barotovichdir.
Bahridin Hasanot ko‘p yillar davomida yosh avlodga qurilish muhandisligining sirlarini o‘rgatib, ularni yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlariga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. U nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliy ko‘nikmalarni ham mukammal egallashga katta e’tibor qaratadi.
Ustozning har bir darsi zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida, qiziqarli va tushunarli tarzda o‘tiladi. Talabalar ustozning har bir darsidan yangi bilim va ko‘nikmalar oladilar. Uning rahbarligi ostida ko‘plab talabalar respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda g‘olib bo‘lganlar
Bahridin Hasanov nafaqat yetuk pedagog, balki o‘z sohasining fidoyisidir. U doimo izlanishda, yangi bilimlarni o‘zlashtirishda va ularni talabalariga yetkazishda tinim bilmaydi. U qurilish sohasidagi eng so‘nggi yangiliklardan doimo xabardor bo‘lib, ularni o‘z darslarida qo‘llaydi.
Ustoz Hasanov nafaqat yetuk pedagog va muhandis, balki samimiy inson, mehribon ustoz va sadoqatli do‘st sifatida ham talabalar va hamkasblarining hurmatiga sazovordir. U doimo yoshlarga o‘z maslahatlari bilan ko‘maklashishga, ularning muammolarini yechishga tayyor turadi.
Keling, yaxshisi, ustozning hayot yo‘li va pedagogik faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan tanishaylik.
Texnika fanlari doktori, professor Bahriddin ustozning mehnat staji 53 yil, ilmiy-pedagogik staji 45 yil, mazkur lavozimda 2024 yildan ishlamoqda.
B.B.Hasanov yuqori malakali ilmiy-pedagog, faol va tashabbuskor rahbar sifatida mamlakatimizda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yoshlarga bilim berish sifatini oshirishda ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy o‘qitish usullarini amaliyotga keng tatbiq etish borasida samarali mehnat qilmoqda.
Uning rahbarligida kafedraning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalarini ishlab chiqarish texnologiyalari va gidrotexnika inshootlari qurilishi sohasida yuqori samarali yangi usullarni joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
B.B.Hasanovning tashabbusi bilan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati bilan universitetning o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi, kafedra tarkibidagi “Qurilish materiallari va gruntlar mexanikasi” laboratoriyasi rekonstruksiya qilindi va zamonaviy asbob-uskunalar, yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalari bilan jihozlash ishlari boshlandi, Belorussiya milliy texnika universitetining “Suv xo‘jaligi qurilishi” fakulteti va universitetning “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti talabalaridan iborat “Yosh bunyodkorlar” xalqaro talabalar qurilish jamoasi tashkil etildi va respublikadagi yirik GES qurilish obyektlarida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi, Avstriyaning “FELDER KG” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘rta Osiyoda yagona avtomatlashtirilgan zamonaviy kompyuterlar orqali raqamli dasturlarda boshqariladigan dastgohlar va klassik uskunalar bilan jihozlangan “Yog‘ochga ishlov berish innovatsion o‘quv markazi” tashkil etildi, 2024/2025 – o‘quv yilidan boshlab kafedrada: “Qurilish muhandisligi”; “Texnologik mashinalar va jihozlar (mebel va yog‘ochsozlik sanoati tarmog‘i bo‘yicha)”; “Gidrotexnika va geotexnika muhandisligi(qurilish nazorati)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida va Magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
B.B.Hasanov, 2019-2023 yillarda Universitetda xalqaro ilmiy konferensiyalarni hamkorlikda o‘tkazish jarayonlarida shijoatli mehnat qilib, professor-o‘qituvchilarning 600 dan ortiq ilmiy maqolalarini Scopus reyting bazasida ro‘yxatdan o‘tgan nashriyotlarda chop ettirish va universitet reytingini xalqaro miqyosda oshirishga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shdi. Uning rahbarligida 2 ta nomzodlik, 13 ta magistrlik dissertatsiyalari himoya qilindi. U, 80 dan ortiq ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar muallifi, jumladan 1 ixtiro, 1 patent, 3 ta monografiya, 3 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 70 ga yaqin ilmiy maqolalaridan 14 tasi Scopus bazasidagi nashrlarda chop etilgan va uning bugungi kundagi h-index ko‘rsatkichi 7 ni tashkil etdi.
B.B.Hasanov “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etish, uning iqtisodiyotini mustahkamlash va xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirish, ilm-fan-ta’lim-ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani rivojlantirish, bugungi davr talablariga javob beroladigan mutaxassislarni tayyorlash, yoshlarning madaniyati va ma’naviyatini yuksaltirish ishlariga samarali hissa qo‘shayotgan faol xodimlardan biri hisoblanadi. Uning yuksak salohiyati, har bir ishga mas’uliyat bilan yondashishi, yangiliklarga intiluvchanligi va jamoat ishlarida faolligi, o‘ziga va yoshlarga nisbatan talabchanligi, hamkasblariga mehribonligi sababli professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar orasida izzat-hurmatga sazovor bo‘lmoqda.
Ustoz-u shogirdlariga muruvvatli va muhabbatli bo‘lgan xokisor inson Bahridin Barotovichni universitetimiz jamoasi nomidan samimiy tabriklaymiz. Uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy baxt hamisha ustozga hamroh bo‘lsin. Farzand-u nevaralar kamolini ko‘rsinlar.
Rahimboy Jumaniyozov, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi, professor