TAKOMILLASHGAN TIL SIYOSATI
Rivojlanish takomillashtirilgan taraqqiyot taqozosi. Talab va ehtiyojdan kelib chiquvchi e’tibor bor ekanki, uning istiqboli umid va ishonchni uyg‘otadi. Har qanday hukumat hujjati ehtiyoj asosidagi e’tiborga bog‘liq. Baynalmilal g‘oyalarga sadoqat ruhi bilan yondashgan holda, mamlakatimizda davlat tilining to‘laqonli joriy etishni ta’minlash va uni jadallashtirish hamda bu boradagi imkoniyat va imtiyozlarni istifoda etish asnosida maqsad va vazifalarni amalga oshirish kundalik masalaga aylangani davr talabidir. Bu borada muhim qadam tashlangani katta ahamiyatga ega. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 oktyabr kuni «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida«gi Farmonidir.
Unda o‘zbek tilining ijtimoiy hayot va xalqaro miqyosdagi nufuzini tubdan oshirish, yoshlar qalbida til va elga bo‘lgan mehr hissini oshirish, o‘zbek tili va til siyosatini taraqqiy ettirishning ustuvor yo‘nalishlari ro‘yi rost belgilab berilgani e’tiborga molik. To‘g‘ri, davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni shu borada tashlangan ilk, dadil qadam edi. Bu farmonda esa uni bekamu ko‘st ijro etish, istiqboldagi rejalar bilan bog‘liq yo‘l-yo‘riq va xarita ochiq-oydin belgilangan. Bu o‘n yilga mo‘ljallangan konsepsiya bo‘lib unda belgilangan har bir vazifa kechiktirilmasdan hal etishni talab etadi. Chunki, til taraqqiyotning taqozosi va tarozisidir, U tarixga ham, taqdirga ham mezon. U oddiy so‘zlashuvdan tortib siyosiy va xalqaro maydondagi nutqlargacha o‘z mohiyatini namoyon etayotgani sir emas. Elning rutbasi avvalo, uning tili bilan. Targ‘ibot-u tashviqotning, liderlik-u fermerlikning, ishbilarmonlik-u tadbirkorlikning, xodimlar-u rahbarlar faoliyatining alifbosi, ibtidosi til darajasi va nutq sifati bilan bog‘liqligi ayon.
Shuning uchun ham 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi muhim muammolarning yechimi va bitimiga asos bo‘lishiga shubha yo‘q. Fuqarolik burchini anglagan, vatan taqdiriga daxldorik tuyg‘usi bilan yashaydigan har bir inson davlat tiliga e’tibor va ehtirom bilan qarashi zarur. Buning uchun mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish talabiga befarq bo‘lmasligi kerak. O‘zi o‘qiydigan yoki ishlaydigan muassasada, ko‘cha-kuyda davlat tilining amal qilinishi qay darajada ekanini kuzatish va o‘zidan o‘tkazish mas’ullik va majburiyatdir. Ma’lumki, davlat tilining imkoniyatlaridan barcha jabhalarda foydalanish o‘z-o‘zidan bo‘lmasligi ayon. Buning uchun ta’lim tizimini, o‘qitish darajasini mukammal va samarali tarzda amalga oshirilishi muhim. Til shunchaki, so‘zlashuv, muloqot tili uchun emas, balki uni ilm-fan tiliga aylantirish zaruriyati farmonda o‘rinli qayd etilgan. Buning uchun 80 mingdan ziyod so‘z aks etgan besh tomlik izohli lug‘atimiz kirill va lotin alifbosida qancha nusxada chop etilganini e’tirof etish quvonarli, lekin uning tarkibidagi so‘z va iboralarni ilmiy-adabiy jarayonda keng qo‘llanilishini ta’minlash yo‘llari haqida bosh qotirish foydadan xoli emas, albatta.
Ayni damda lug‘atning 20dan ziyod davlatda taqdimoti o‘tkazilgani, 17 ta xorijiy mamlakatda 30dan ortiq «O‘zbek tilining do‘stlari» klublari faoliyat yuritayotgani, 250dan ziyod ilmiy-publitsistik, badiiy kitoblar, lug‘atlar, o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar yetkazib berilgani e’tiborga molik. Bu harakatda, shubhasizki, Davlat tilini rivojlantiish departamentining xizmati katta. Davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish doimiy diqqat markazimizda. Xorijdagi 60 ta davlatda o‘zbek tilining fan sifatida o‘qitilayotgani ham faxrli. Yutuqlardan esankiramasdan, bu faoliyatni yanada keng ko‘lamli qilish maqsadga muvofiq.
Davlat tilining rutbasi uning sofligi masalasiga bog‘liq. Toza nutq andozali nutq, uning sofligi uchun kurash nutq madaniyatining har ikkala og‘zaki va yozma turiga ham daxldor. Har birimiz davlat tilini qay darajada bilishimizni his etishimiz kerak. Davlat tilini amalda ekanini bilishning oddiy usuli — «men ko‘rgan, eshitgan, o‘qigan, bilgan va guvoh bo‘lgan narsa-hodisa haqida mulohazalarimni og‘zaki va yozma tarzda qay darajada yetkaza olaman» degan savolga javob berishdir. O‘z tilimizda ifodalovchi so‘zi bo‘lgani holda, ajnabiy tildagi so‘zlarni aralash qo‘llash, nutq sofligiga zid harakat, kechirib bo‘lmas holat. Hamiyat va himoya bir o‘zakdan yasalgan arabcha so‘zlardir. Inson o‘z sha’nini, hamiyatini himoya qiladi. Bu tabiiy. Millat sha’ni va himoyasi uning tiliga bo‘lgan munosabatda anglashiladi. Demak, davlat tilining ham hamiyati bo‘lib, u himoyaga muhtoj bo‘ladi. O‘zimizning kasbiy faoliyatda, ta’limiy, tarbiyaviy va boshqaruv jarayonida adabiy til me’yorlariga rioya etish, uning sofligini saqlash jiddiy masala.
Ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish borasidagi faoliyat muhim. Shuning uchun ham Farmonda qayd etilganidek, 2025 yilga qadar maktabgacha ta’lim tizimida amaldagi maktabgacha ta’lim muassasalarining hududlarini kengaytirish yoki yangi quriladigan muassasalar hisobiga o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish borasidagi reja katta mohiyatga ega. Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqshdir degan naqlni bilamiz. Ko‘chat qay yo‘sinda o‘tqazilsa, parvarishlansa xuddi shu yo‘sinda o‘sishi aniq. Bolalarimiz ong-u shuuriga tilga mehr, ona yurtga muhabbat tuyg‘usi bolaligidan singdirilsa, kelajagimiz buyuk bo‘lishiga, chin ma’noda, Uchinchi renessansning qad rostlashiga kafolat bor. Bu umumta’lim maktablarida o‘zbek tili fanini o‘qitish soatlarini oshirish, oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini ko‘paytirish bilan bog‘liqligi ham oynadek ravshan. Lekin shuni ham e’tibordan soqit qilmaslik kerakki, pedagogik mahorat, ya’ni o‘quvchining ong-u tafakkuriga fan bo‘yicha mavzuni singdirish mexanizmi — o‘qituvchining kirishimlilik layoqati (pedagogning kommunikativ kompetentligi) to‘la shakllantirilishi zarur. Busiz ta’limda ham, tarbiyada ham sifat, samara va natijani kutish qiyin. Tajriba va kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab o‘qituvchi va murabbiylar yetarli bilimga ega, axborot-kompyuter texnologiyalarini ham obdon o‘zlashtirgan, hatto bir nechta xorijiy tillarni ham bilishadi, lekin o‘quvchi diqqati, aqli, qalbi bilan tillasha olmaydi, aniqrog‘i «dillasha» olmaydi. Sababi, bilim, ko‘nikma, malakani o‘z ichiga olgan kommunikativ kompetentlik to‘la shakllanmagan, tafakkur va tajriba chig‘irig‘idan o‘tkazilmagan. Biz mana shu jihatni nozik etganimiz holda, Prezidentimiz davlat rahbari sifatida o‘z faoliyatini boshlagan paytlarida ayrim hokim va rahbarlarga qarata xalq bilan muloqot qilishdagi no‘noqliklarni ro‘yi rost aytgan chog‘larda muloqot va muomala mexanizmini o‘rgatish maqsadida «Notiqlik san’ati akademiyasi» nodavlat ta’lim muassasini tashkil etgandik. Turli toifa va kasbdagi o‘qituvchilar, qiziquvchi talabalar tahsil olib ancha tajriba orttirgan edilar. Pandemiya sabab hozir faoliyatimiz bir muncha qisqargan bo‘lsada, shuni aytmoqchimizki, o‘qituvchining o‘zidagi yoqimlilik, so‘zidagi yuqumlilik, boshqacha aytganda, ta’sirchan ta’lim mexanizmi — notiqlik mahorati, nutq madaniyati va san’atini to‘la shakllantirish ilm-fanga toza havo, toza qon olib kiradi. Biz bu borada hamisha hamkorlikka tayyormiz. Ana shuning uchun ham Farmonda aholining nutq madaniyatini oshirish, soha mutaxassislarining notiqlik mahoratini rivojlantirish masalasi alohida uqtirilgan.
Televidenie va radio boshlovchilari nutqiga e’tibor qilgani holda xalqimiz davlat tilining boyligi, sofligi, nafosati va jarangini his etadi, anglaydi. Shuning uchun ham til va nutq madaniyati, avvalo, ularning tafakkuri va talaffuzida aks etadi. Xuddi shu ma’noda ular adabiy tilimizning tolmas targ‘ibotchisi, nutq madaniyatining teran tashviqotchisidir. Bu esa ularga yuksak mas’uliyat va majburiyat yuklaydi. Bu talab davlat va nodavlat teleradiokanallarga ham daxldorligini aslo, yoddan chiqazmaslik zarur. Farmonda ko‘rsatilganidek, «teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish», albatta, foydali va zarur. Lekin o‘qitish tizimini nomigagina tashkil etmasdan, avvalo, yetuk tilshunos va tajribali suxandonlar tarkibini shakllantirish zarur.
Davlat tilining rasmiy yozuvi borasida ham xuddi shunday mulohazalarni bildirish mumkin. Ikki yozuvda ish yuritilishi ham bir muncha murakkablik va anglashilmovchiliklarni keltirib chiqarayotgani rost. Lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosi rasmiy yozuv ekan unga o‘tish jarayonini tezlashtirish zarur. Ta’bir joiz bo‘lsa, tokaygacha bobo nevara ustidan, nevara bobo ustidan «kuladi». U buni, bu uni o‘qiy olmaydi. Uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni ta’minlash maqsadida ishchi guruhini tashkil qilish va aniq chora-tadbirlar hamda ularni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalasining ko‘ndalang qo‘yilishi ham ayni muddao bo‘ldi.
Farmonda qayd etilgan yana bir muhim, ayni paytda nozik masala rahbar xodimlarning davlat tilini bilishi va amal qilishi darajasidir. O‘z tilida, og‘zaki va yozma yo‘sinda fikrini mustaqil tarzda ifodalab yetkaza olmaydigan rahbar va mutaxassisning soha rivojiga hissa qo‘shishiga ishonish qiyin. Juda ko‘plab noxush holatlar, orada paydo bo‘ladigan ixtilof va nizolarning kelib chiqishi muloqot madaniyati va notiqlik mahoratini yetishmasligidan ekani ayon. Ana shu bois «2021 yil 1 apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etilishi» maqsadga to‘la muvofiq. Har bir xodim rahbarning nutqi va xulqi, o‘zini tutishi va yurish-turishi, bilim-saviyasi, ishbilarmonligi va muomalasiga qarab ergashadi hamda hurmat qiladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli (1-2 oygacha) o‘quv kurslarining muntazam ravishda tashkil etilishi ana shu maqsadga xizmat qiladi. Xuddi shu ma’noda kasbiy faoliyatda, boshqaruv va ta’lim-tarbiya jarayonida notiqlik mahorati, nutqiy va xulqiy madaniyatni shakllantirishning psixolingvistik asoslarini amaliy tarzda o‘rgatishga qaratilgan «Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasi davlat xususiy sheriklik talablari asosida hamkorlikka chorlansa, foydadan xoli bo‘lmasligi aniq.
Nazariy ma’lumot amaliy mashg‘ulot bilan uyg‘un bo‘lgan taqdirdagina rejalar to‘la amalga oshadi. Tilning mavjudlik mezoni va boyligini belgilovchi omillar faqat izohli lug‘atlar bilangina emas, balki, tilning tarkibini namoyon etuvchi boshqa yo‘sindagi lug‘atlar ham ekani, ular esa o‘z navbatida nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini amalga oshiruvchi muhim vositalardan sanalishiga e’tibor qilingani quvonarlidir.
Farmonda, jumladan, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlari lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”, “O‘zbek tili frazeologizmlarining katta izohli lug‘ati”; “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati”ni ham tayyorlab nashr etilishi ham qayd etilganki, bu esa til siyosatidagi, davlat tilini yanada rivojlantirishdagi muhim qadamdir.
Soha mutaxassislaridan biri sifatida bizni xursand qilgani shuki, «O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi manfaatdor tashkilotlarni jalb qilgan holda 2021 yil 1 yanvardan boshlab markaziy telekanallarda “Tilga e’tibor”, “Ona tilida so‘zlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat ko‘zgusi”,
“Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi turkum ko‘rsatuv va eshittirishlarni tashkil qilib, muntazam ravishda efirga uzatib borilishini ta’minlashni» yo‘lga qo‘yilishi eng muhim, dolzarb, ijobiy va ijodiy hodisadir.
Til masalasi mavsumiy mavzu yoxud muammo bo‘lmagani kabi u faqat ayrim mutasaddilarga ham bog‘liq bo‘lib qolmaydi. Til masalasi millat masalasi. Har birimiz uning targ‘iboti va tashviqoti masalasini oilamizda, mahalla, o‘qish yoki ish jamoamizda to‘la va o‘rinli qo‘llanishiga mas’ulmiz. Avval o‘zingdan boshla degan xalq naqli bejiz emas. Har birimiz ko‘rgan, eshitgan, bilgan, o‘qigan, guvoh bo‘lgan narsa-hodisani og‘zaki va yozma tarzda ifoda etish uquviga ega bo‘lsakkina til siyosati borasidagi muammolar yechiladi. Qolavera, takomillashgan til siyosati, o‘zbek tilini yanada ravnaq toptirish fuqarolik burchi va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usidir.