TINCHLIGIMIZ TAYANCHLARIGA TABRIK
Ozod va obod yurtga bayram va to‘ylar yarashadi. Har qanday davlatning obodligi, ozod va shodligi tinchlik tushunchasi bilan bog‘liq ekan, demak, jamoat tartibi va osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni sharaf deb bilgan ichki ishlar organlari xodimlarining xizmati va hurmati doimo yuqori darajada bo‘lishi tabiiy.
Qishning qahratoni, yozning saratoni bo‘lsa ham turli tabiiy va ijtimoiy ofatlar paytidayam ular doimo kamarbasta. Pandemiya sharoitida ularning ko‘rsatgan jonbozliklari fikrimizning dalilidir.
25 oktyabr — O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan muhtaram prezidentimizning tabrigida ham soha xodimlariga bo‘lgan samimiyat va ehtiromni his etmaslik mumkin emas.
Davr bilan hamqadam va hamnafaslik barcha soha xodimlarining burchi. Chunki bu taraqqiyot talabi va zamon taqozosidir.
Prezident tomonidan ilgari surilgan islohotlarning amalga oshirilishida ichki ishlar tizimi xodimlarining sezilarli hissasi bor. Buning isboti uning el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan xalqchil tizimga aylantirilganidir. Xalqqa yaqinlashish xalqning ishonch-u ehtiromini qozonish demakdir.
Ana shu maqsadda 200 taga yaqin ichki ishlar bo‘limi va bo‘linmalari faoliyati to‘liq yangitdan tashkil etilgani rost. Tizimdagi barcha tarkibiy va hududiy bo‘linmalar, jumladan, profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlari, ekspert-kriminalistika va pasport bo‘linmalari mutlaqo yangicha mezonlar asosida qayta shakllantirilgani samaradorlikka mezon bo‘lgani aniq. Jamoat joylari va ko‘chalarda xavfsizlikni ta’minlashda Milliy gvardiya bilan birgalikdagi harakati ayniqsa e’tiborga molik.
Mashhur faylasuf Rene Dekart ta’biricha, «Manfaat va rag‘bat harakatlantiruvchi kuchdir.» Xalqimizning zahmat chekmaguncha rahmat eshitilmas degan naqli ham bejiz emas. Ichki xizmat xodimlarini mehnati davlat va hukumat tomonidan o‘z qadrini topayotgani quvonarlidir. Ularning aksariyati, unvon va mukofotlardan tashqari yashash, dam olish va ish sharoitlari bilan bog‘liq jarayonlardagi ehtiyojlari to‘la qoplanayotgani sir emas.
Prezidentimiz tabrigida keltirilganidek, to‘rt yilning o‘zida 241 ta xizmat uylari qurilib topshirilgani, 2018-2020 yillarda soha xodimlari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida Toshkent shahrida barpo etilgan zamonaviy ko‘p qavatli uylardan 392 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda esa 2 mingga yaqin kvartira ajratilgani buning isbotidir.
Millat tanlamas illatlar — uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, poraxo‘rlik, odam savdosi va narkotrafikka qarshi kurash zamonaviy ilg‘or texnologiyalardan foydalanish orqali amalga oshirilayotgani katta ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi davrda rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rgangan holda, amaliy faoliyatga yangicha ish uslublari va mexanizmlarini, xususan, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etishni zamonning o‘zi talab etayotgani aniq.
Tibbiyotda shunday fikr yuradi: kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish afzal. Shunga monand holda aytish mumkinki, jinoyatchilikka qarshi kurashning eng samarali usuli – profilaktika, ya’ni qonunbuzarliklarning oldini olishdir. Chunki, har qanday kichik tartibbuzarlik katta jinoyat uchun oldin teshik, keyin eshikdir. O‘z vaqtida oldi olinsa, noxush holatlar sodir bo‘lmasligi tayin. Mahallalarga bir nafardan profilaktika inspektori biriktirilishi, ularga mahalla raisining o‘rinbosari maqomi berilishi, shuningdek, ilk bor faqat ayol xodimlar ishlaydigan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etilgani ko‘plab muammolarning yechimiga kalit bo‘ldi. Endilikda, ular mahalladoshlarning maslahatchisi, himoyachisi va ko‘makdoshiga aylanib faoliyat yuritishayotgani juda quvonarlidir.
Prezidentimiz tabrik nutqida aks etgan muhim masalalardan biri ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha samarali tizimning yaratilganidir. Ichki xizmat xodimi xalq bilan muloqot paytida nutq madaniyati, notiqlik va muomala san’atini to‘la egallashi kerak. Shuning uchun ham ularga kasbiy faoliyat va ish jarayonida notiqlik mahoratini egallashlari borasida psixolingvistik ta’lim mashg‘ulotlarini o‘tish suvdek, havodek zarur. Ayniqsa, jazoni ijro etish inspeksiyasi o‘rniga probatsiya xizmati tashkil etilgpn ekan bu jarayonda muloqot mezonlariga amal qilish nihoyatda muhim. Har bir xodim qonun va haq-huquqni tushuntirar ekan, u avvalo, targ‘ibotchi notiq bo‘lishi kerak. «Notiq misoli o‘qlangan miltiq, uning uchun nishon kerak, tepkini bosish qoladi xolos. Ovchining maqsadi o‘qdonni bo‘shatish emas, balki o‘ljani mo‘ljalga olishdir». Mashhur notiqlar tomonidan aytilgan ushbu tashbehona ta’rifdan shu narsani anglash mumkinki, maqsadsiz harakat nolga teng. Qonun, qaror, farmon va kodeksni oddiy xalqqa sodda va ravon yetkazish asnosida ularning haq-huquqlarini tushuntirishda ichki xizmat xodimi, albatta, mohir notiq bo‘lishi, muloqot madaniyatini bilishi va amal qilishi shart. Chunki, uning maqsadi kaltak yoxud qamoq bilan qo‘rqitish emas, targ‘ibotchi, maslahatchi bo‘lib tushuntirishdir.
Prezidentimiz soha xodimlarini tabriklar ekan, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish uchun qator vazifalar borligini ham e’tirof etdilar. Jumladan, kadrlar tayyorlash bo‘yicha sifat jihatidan yangi tizimni joriy etish, xodimlar va ularning oilalarini ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlab borish, faxriylarning kelgusi avlodlarga namuna bo‘ladigan jasoratini ibrat qilib ko‘rsatish, ommalashtirish, el-yurtimiz osoyishtaligi yo‘lida qurbon bo‘lgan xodimlarning xotirasini abadiylashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.
Prezident tabrigi osoyishtalik posbonlariga, tinchligimiz tayanchlariga bo‘lgan xalqimizning ehtiromi va e’zozi o‘rnida baralla jarangladi deyish mumkin.
Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasida Prezident tabrigi munosabati bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda ham nutq oddiy safdordan tortib, ofitser va generallargacha barchani ruhlantirgani qayd etildi. O‘z ishida sobitlik, kasbiga sodiqlik tuyg‘usi, xalqi va vataniga mehr hissi har bir xodim qalbida junbush urdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Toshkent shahar IIBB Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Axmedova Muhabbat Abdujalolovna yig‘ilganlarga Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi. So‘ngra davrani ochish va samimiy tabriklarni bildirish uchun Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Choriev Aliaxmad Omonovichga so‘z berdi. Ular bu yilgi bayram o‘zgacha kechgani jamoadan 4 tasi Prezident tomonidan davlat nishoni va mukofotlariga sazovor bo‘lganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar. Kamina ham ma’rifat soatida Prezident tabrigining ahamiyati borasida so‘z yuritarkan, ichki xizmat xodimlarining o‘z vazifasiga va yurtiga sadoqat tuyg‘usini yana bir bor his etdi.
Davlat rahbarining quyidagi mulohazalari samimiy tilak va chinakam tabrikning ramziga, ehtirom va e’tirofning timsoliga aylandi deyish mumkin.
«Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun bo‘lsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.»
Ushbu ta’kid ichki xizmat xodimlarining mas’uliyat hissi va majburiyat burchi o‘rnida jarangladi.