9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

 SIFATLI TA’LIMNING MUHIM MEZONI

notiq.uz > Yangiliklar  >  SIFATLI TA’LIMNING MUHIM MEZONI

 SIFATLI TA’LIMNING MUHIM MEZONI

E’tibor — ehtiromga eshik, e’zozga beshik. Bu bejiz emas. Insonga e’tibor jamiyatga e’tibor, millatga, qolaversa, butun yurtga, xalqqa e’tibor demakdir.

Ahli donishlardan biri «E’tiborga e’tibor nechun» — deyishsa, «e’tiborsiz qolganim uchun” degan. Shunday ekan, e’tiborli inson doim ehtiromda bo‘ladi.

«Odamlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng muhim mezoni.» Davlat rahbarining ilk prezidentlik faoliyatini boshlagan paytdagi dastlabki maqsadi xuddi shu shiorda aks etgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqimizga, Oliy majlisga murojaatnomasini tinglagan kishi harakat va maqsadlarning ana shu tarafiga e’tibor qiladi.

2023 yilga nisbat berib «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb e’lon qilinganda, ko‘pchilik ziyolilar qatori kamina ham ruhlandi. Ta’lim tizimiga yaqin bo‘lganim uchun, jamiyatning ertasi, istiqboli  so‘zsiz aynan ilmu ta’lim darajasi bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun o‘zimni mas’ul shaxslardan biri sifatida ba’zi bir mulohazalarni bildirib o‘tishni kasbiy burchim deb bildim. Ikkita so‘z birikmasidan tarkib topgan yilning nomlanishida ulug‘ niyat — jamiyatning buguni va ertasiga daxldor bo‘lgan maqsadlar aks etgan deyishimiz mumkin. Yil nomidagi ikkinchi so‘z birikmasi ham birinchisi bilan uzviy bog‘liq. Qachon xalqqa e’tibor bo‘ladi, qachonki, bizning ilmu ta’limda erishgan yutuqlarimiz  sifatli bo‘lsa, ya’ni, ta’lim sifatga qurilsa, ana shunda natijadorlik haqida, samara haqida gap bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari respublikamiz bo‘ylab qaysi korxona, qaysi tashkilotda bo‘lmasin, mutassadilar bilan uchrashmasin, albatta, uchta so‘zni takrorlashlari va talab etishlari bejiz emas. Bular — sifat, samara va natijadorlik. Har bir qilingan harakatning  natijasi, samarasi sifatga  bog‘liqligi ayon. Demak, Prezident o‘zi qayta — qayta e’tirof etgani kabi  «Najot ta’limda, najot bilimda, najot ilmda». Shunday ekan, jamiyatni, xalqni ulug‘ maqsadlar sari olg‘a boshlashning birdan bir yo‘li — yosh avlodga berilayotgan ta’lim — tarbiyaning sifati bilan chambarchas  bog‘liq. Shuning uchun ham «Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir»- deyiladi Murojaatnomada.

Prezident tomonidan ko‘pgina vazirliklarni, tashkilotlarni qisqartirish tashabbusi ham aslida, sifat va samaraga e’tibor qilish, ishning unumini nazarda tutish bilan bog‘liq .  Bir karra ta’lim berish ikki karra ta’lim olish ekanini unutmaslik zarur. Ta’lim berishning ham o‘ziga xos mashaqqati, rohati, muhim usul va uslublari bor. Bilish boshqa, uni yetkazish va unga amal qilish boshqa. Chunki ilmu amal birlikda bo‘lmasa, samara haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Sifatli ta’lim masalasi, avvalombor, intellektual salohiyatga ega bo‘lgan, zamonaviy bilim, texnologiyalar bilan qurollangan, teran tafakkurli, dunyoqarashi keng bo‘lgan muallimga bog‘liqdir.

O‘qituvchi ko‘p bilimga ega bo‘lsa, axborot texnologiyalarini obdon o‘rgangan bo‘lsa, hatto, xorij sertifikatlariga ega bo‘lib ko‘p tillarni bilsa, hatto, bo‘yi barobar kitobu  ilmiy maqolalar yozgan bo‘lsa ham hali bu ta’limning sifati va samarasi degani emas. Bu masalaning bir tomoni, xolos. Chunki ta’limning sifatli bo‘lishi uchun jahon miqyosidagi sohaviy yangiliklar va bilimlarni obdon o‘rganish, hamkorlik rishtalarini bog‘lash, yetuk mutaxassis, malakali o‘qituvchilar tajribasini ommalashtirish badaliga bo‘lishi asosiy maqsaddan yiroq emas.

Tasavvur qiling, jamoaga yangi yil munosabati bilan osh berish niyatida taom masalliqlarini keltirish uchun bir kishini yollasak va asl dehqon yetishtirgan mahsulotlardan keltirishni tayinlasak. Barcha masalliqlar — guruch, piyoz, sabzidan tortib yog‘u go‘shtigacha keltirilsa, oshpaz uni tayyorlashga kirishsa, lekin osh xom-xatala bo‘lib qolsa, xo‘sh, kim aybdor?

Bozorga borib kelganmi, yetishtirgan dehqonmi, yoki sotganmi? Albatta, oshpaz aybdor. Demak, uning osh tayyorlash kompetentligi, uquvi hali yetarli emas. Oshpaz hali tajribasi va malakasini oshirishi kerak. Ta’bir joiz bo‘lsa, oshpazni muallimga qiyos qilsak, keltirilgan masalliqlarni o‘quv — uslubiy qo‘llanma va darsliklarga o‘xshatish mumkin.

O‘qituvchining kommunikativ kompetentlik darajasi yetarli bo‘lmasa, ya’ni nutq  madaniyati, til imkoniyatlaridan o‘rinli va unumli foydalana olmasa, boshqacha aytganda, notiqlik mahorati yetarli bo‘lmasa, albatta, sifatli ta’lim talabi yuzaga chiqmaydi. Ishning ko‘zini bilish degan ibora bu borada bejiz emas. Ish faoliyatimiz, tajriba va kuzatuvlarimizdan shu narsa aniqki, o‘qituvchilar yetarli bilimga ega, lekin ular, fan mavzuini, olingan bilim, o‘zlashtirilgan malaka, hosil qilingan ko‘nikmani o‘quvchi yoki talabaning ongiga singdirish mexanizmini — kommunikativ kompetensiyani, nutq madaniyatini to‘la va chuqur egallamagan bo‘lishadi.  Natijada bu sifatli ta’limning samarasiga zid bo‘lgan holat sifatida izohlanadi.

Murojaatnomada ta’lim haqida, ilmning qiymati, olimning  o‘rni, muallimning rutbasi haqida e’tiborga molik mulohazalar bildirilgan. Jamiyatga e’tibor masalasi xalqning ertasi, sifatli ta’lim bilan bog‘liq degan fikr uqtirilgan.  Maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi o‘rta-maxsus va oliy ta’lim uzviy bosqichma-bosqich tizimli ravishda bo‘lishi, biri-birini to‘ldiradigan, boyitadigan bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. 

Shu o‘rinda aytish kerakki, Prezident o‘n yil davomida o‘qigan o‘quvchi nahotki,  ikkita xorijiy tilni bilmaydi, vaholanki, repetitorga borsa bir yilda o‘rganayapti, demak, bizni ta’lim berishimiz ko‘ngildagidek emas ekanligini uqtirdi Prezident. Ko‘pchilik darsliklar eski usulda ekanligi, bugungi o‘quvchini dunyoqarashiga mos emasligini, jahon andozalariga moslab tayyorlanmaganligi ham e’tirof etildi.  Shuningdek, tilning o‘rni barcha fanlarda, sohalarda muhim ahamiyat kasb etishi ham ta’kidlandi.  «Chet tillarni bilish  kerak, ammo xalq o‘z ona tilini bilishga majbur, majbur, majbur!»- deya kuyunchaklik bilan qayta-qayta uqtirdilar. Shu o‘rinda beixtiyor ma’rifatparvar adib Is’hoqxon Ibratning ushbu o‘gitlari yodga keladi: «Bizning yoshlar, albatta, boshqa tillarni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”. Aytish mumkinki, bu vataniy ishgina emas, balki vataniy ishqdir.

O‘ylab ko‘ring, o‘qituvchi tabiiy fanlardanmi yoki ijtimoy-siyosiy yoxud gumanitar fanlardan dars beradimi, albatta, tilning ifoda imkoniyatlarini, nutq madaniyatini  to‘la egallashi shart.

Aks holda, fanning, mavzuning mohiyati ro‘yobga chiqmaydi. Fizik qonuniyatlarni ham, kimyoviy reaksiyalarni ham, geometrik aksioma va teoremalarni ham, matematik sinus — kosinuslarni ham pedagog qaysi tilda tushuntiradi? Albatta, o‘z ona tilida — davlat tilida tushuntiradi. Demak, unda chalami? Fan ham, mavzu ham chala bo‘ladi.

Xorijiy tilni o‘rganishga bo‘lgan mehr o‘z ona tiliga bo‘lgan muhabbatdan boshlanadi, chunki til muqoyasa etib o‘rganiladi. Ona tili  chalami, o‘zga tillar ham chala bo‘lishi aniq. Demak, nutq mahoratiga ega, nutq hususiyatlarini bilib nutq texnikasiga amal qila oladigan, tili burro, tallafuz me’yori ham tafakkur darajasi ham aniq va tiniq bo‘lgan murabiylarni darsga jalb etilishi va ularning ritorik mahoratini oshirish ta’limning sifati va samarasiga bevosita daxldor masaladir.

Tarixda Rossiya imperatori  Pyotr 1 shu xususda maxsus farmon ham chiqargani ma’lum.  «Nutqiy nuqsoni bor bo‘lgan muallim garchi bilimli bo‘lsa ham sinfga qo‘yilmasin, chunki bolalar taqlidchi bo‘lishadi, unga ergashishadi». 

Har ikki gapida bir «tak», «znachit», «toys» deb turadigan o‘qituvchini tinglagan o‘quvchini g‘ashi kelishi aniq. Ajab emaski, unga «Takov  Znachit Toysovich» deb laqab qo‘yib yuborishsa! Nutqning  aniqligi tafakkur va talaffuzning tiniqligidanligini aslo unutmaslik kerak. Qaysi sohada, qaysi kasbda ishlamaylik, qaysi fandan dars bermaylik, avvallombor hammamiz nutq madaniyatini, notiqlik san’atini yaxshi egallagan bo‘lishimiz kerak. Shundagina o‘quvchi bizga ergashadi, shundagina u bizni fanimizni sevadi. Aks holda, uning bu qulog‘idan kirib unisidan chiqib ketadi, bundan esa hech qanaqa naf yo‘q!

Ta’limning sifatini ta’minlashda notiqlik san’atining o‘rni bo‘yicha yaqinda tajriba o‘tkazib ko‘rdik. O‘zining 32 soatlik o‘quv — amaliy dasturiga ega bo‘lgan «Notiqlik san’ati akademiyasi»ga 4 nafar o‘qituvchini chaqirtirdik. Ulardan ikki nafari litsey, ikki nafari kollej o‘qituvchilari edi. Ularga besh daqiqalik videorolikni qo‘yib berdik va diqqat bilan ko‘rib-kuzatganlarini gapirib berishni tayinladik. Birinchi o‘qituvchi xuddi antennasi yo‘q televizorda bijir-bijir tasvir ko‘rgandek taassurot uyg‘otib mujmal gapirdi, ikkinchisi oq — qora rangli televizorda ko‘rgandek fikr berdi. Uchinchisi rangli televizorda ko‘rgandek zavqu shavqli taassurot bergan bo‘lsa, to‘rtinchisi esa xuddi 3 D,  5 D qilib tashladi. Shuning uchun  ham Uilyam Uort “O‘rtacha o‘qituvchi bayon qiladi, yaxshi o‘qituvchi tushuntiradi, mashhur o‘qituvchi namoyish qiladi, buyuk o‘qituvchi esa ilhomlantiradi.»- deb bejiz aytmagan edi.

Uchinchi va to‘rtinchi toifa o‘qituvchilarni tayyorlamas ekanmiz, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarni, xususan  Uchinchi Renessansni to‘la amalga oshirish mushkul. Biz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida pedagoglarni lingvistik kompetensiya bo‘yicha tayyorlashimiz kerak, chunki ta’lim olgan ta’lim bera olganidek, tarbiyalangangina tarbiyalashi mumkin. O‘qituvchining bilimi, kommunikativ kompetentligi va notiqlik san’ati ta’limning natijadorligi va samarasi masalasi eng muhim mezon ekanligini qayd etib vazirliklarga bir necha bor xatlar ham qildik. Natija bo‘lmagandi. Yaqindagina bu fikr quvvatlandi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining administratsiyasi rahbari tomonidan bu masala ma’qullandi va ijobiy hal etildi. Oliy ta’lim vazirligi tizimida professor o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordik. O‘quv kursida malakasini oshirayotgan tinglovchilar buning nechog‘lik zarurligini idrok etmoqdalar. To‘g‘ri, qisqa muddat ichida notiq — pedagog bo‘lish qiyin, uning uchun yillar kerak bo‘ladi. Lekin, o‘z ustida ishlash doimiy tarzda bo‘lishi shart.

Shuni ta’kidlash joizki, o‘z ustida ishlash avvalambor so‘z ustida ishlashdan boshlanadi. Ta’limning kaliti – nutq bilan, tarbiyaning kaliti — xulq bilan ekanini anglash muhim. Nutqiy va xulqiy madaniyatga ega bo‘lgan inson komil, avlod barkamol atalishi o‘rinli. Demak, chinakam notiq-o‘qituvchi o‘zi yoqimli, so‘zi yuqumli bo‘lishi, u shunchaki yetkazuvchi emas, balki o‘tkazuvchi bo‘lishi kerak. So‘zi bilan yondiruvchi, fikri bilan qondiruvchi nisbati ham ularga xosu mos libos. Prezidentimizning insonga e’tiborning muhim mezoni sifatli ta’lim bilan bog‘lanib ketishini va bu har ikkala so‘z birikmasi bir birini bog‘lab to‘ldirishini bu esa jamiyatni, mamlakatni, xalqni o‘z maqsadlariga yetkazishini sezmaslik aslo mumkin emas.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.