IKKI ELNING YAKDILLIGI TARAQQIYOT TANTANASI
Faoliyatning ikki qanoti bo‘ladi, biri tashabbuskorlik bo‘lsa, ikkinchisi tashkilotchilik. Ana shu qo‘shqanotlik faoliyatga mezon bo‘lsa, mamlakatning ravnaqi, xalqning farovonligi haqida baralla gapirsa bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining kuni kecha Qoraqalpog‘istonga tashrifi paytida ana shu uyg‘unlik va munosabatlarning ifodasini ko‘rish mumkin. Yakdillik maqsadlarning mushtarakligidir. Og‘izbirlik ahillik, do‘stlik, eng muhimi, tinchlikning tayanchi, ellarning quvonchi. Ulug‘ shoir Maxtumquli iborasi bilan aytganda, «og‘iz olalik ayirar elni birlikdan.» Darhaqiqat, birgalik va birdamlik va bardamlikning hikmati ham shunda. Xalqning hayot tarzi, yashash sharoiti kundan — kunga yaxshilanib borarkan, bu avvalombor, islohot va olib borilayotgan siyosatlarning umidbaxshligidan nishondir.
Prezidentimiz Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda xuddi shunga monand mulohazalarni alohida ta’kidlaganlari bejiz emas.
– Ko‘rib turibsizlar, qoraqalpoq zaminida yashab, ishlayotgan odamlarning ertasi bugunidan yaxshi bo‘lishi uchun katta marralarni olganmiz. Buning uchun hamjihat bo‘lib, oldimizda turgan qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun birgalikda harakat qilishimiz shart va zarur. Maqsadimiz bitta – azaldan do‘st-qardosh, og‘a-ini, quda-anda bo‘lib yashayotgan o‘zbek va qoraqalpoq oilalarining tinch va farovon, baxtli hayotini ta’minlash. Qilayotgan barcha ishlarimiz, kelgusida amalga oshiradigan ulkan reja va dasturlarimiz zamirida ayni shu maqsad yotibdi.
Tabiiyki, bu ezgu g‘oya, tashabbus va intilishlarning qo‘llab-quvvatlanishi bilan chambarchas bog‘liq. Ikki elning yakdilligini Prezident teran va tutash tomirlari bir bo‘lgani bilan izohlab o‘tdi. «O‘zbek va qoraqalpoqning tarixi ham, taqdiri ham bir. Va men ishonaman, bizning yorug‘, baxtli kelajagimiz ham albatta bir bo‘ladi.»
Ushbu umid va ishonchni Prezidentimizning Kegeyli tumanidagi yoshlar bilan muloqotida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Yoshlar o‘z taklif va mulohazalarini dadillik bilan bildirishdi. Ayniqsa, suhbatning samimiyligini qoraqalpoq yoshlaridan birining to‘y taraddudi haqidagi mulohazalariga munosabat bildirib, mutasaddilarga to‘yni ko‘ngildagidek o‘tkazib, Prezident sovg‘asini taqdim etishlarini ham topshirganidan bilib olish mumkin.
Prezident yoshlardagi ishonch va jasoratni ko‘rib ruhlandi. Bular bilan Yangi O‘zbekistonni birgalikda qurish va Uchinchi renessans g‘oyasi to‘la amalga oshishiga yana bir karra ishonch hosil qildi.
Respublikamizning barcha hududlaridan 300 ga yaqin eng ko‘zga ko‘ringan tadbirkor va investorlarning Qoraqalpog‘istonda to‘planishi, xorijda biznesini yo‘lga qo‘ygan yana 40 dan ziyod vatandoshlarimiz kelib, Qoraqalpog‘iston sharoiti bilan tanishishi, hududiy studiyalarda mingdan ortiq biznes vakillari ishtirok etishi zamirida ham ana shu haqiqat mavjud.
Shuningdek, tadbirkorlar bilan aniq takliflar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Har bir tuman kesimida “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturini ishlab chiqish topshirilgani ham ayni muddao bo‘ldi. Bu dastur Qoraqalpog‘istonda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlarni rivojlantirish uchun yangi nafas, kamida 10 milliard dollarlik investitsiya va 500 ming ish o‘rni uchun katta zamin bo‘lishi ham uqtirildi.
Tadirkorlar bilan uchrashishning aynan Qoraqalpog‘istonda tashkil etilishining, imkoniyatlarining uchta ustunligi qayd etildi.
Bular biznes uchun birorta hududda yo‘q imtiyozlar paketi qilib berilgani, ikkinchisi, yer ajratishning sodda tizimi joriy qilingani bo‘lsa, uchinchisi, Qoraqalpog‘iston – bu Yangi O‘zbekistonning darvozasi ekani, katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hudud ekanligidir.
Taassufki, tadbirkorlar bundan to‘liq foydalanmayotgani tanqid qilindi. Ishning ko‘zini biladigan inson yuqorida ta’kidlaganimizdek, tashabbuskorlik va tashkilotchilikni qo‘lida bayroq qiladi. Agar ular tashabbus ko‘rsatganda edi, xom ashyo «Dovud-ota» postidan olib o‘tilsa, Sariyog‘ochga nisbatan masofa 1 ming kilometrga, transport xarajati esa 25 foizga kamayishini anglab olgan bo‘lishardi. Xuddi shuningdek, agar import xom-ashyo Qoraqalpog‘istonni o‘zida qayta ishlanib, tayyor mahsulot qilib, eksportga chiqariladigan bo‘lsa, tashishdan iqtisod qilingan mablag‘ 2 karra oshgan bo‘lardi.
Ayrim tuman hokimlarida ham investorlar masalasida tashabbuskorlik va tashkilotchilik yetarli bo‘lmagani aniq. Tasavvur qiling, ana shu faoliyatning ikki qanoti ishlaganda edi, yil boshidan Bo‘zatov, Beruniy, Qorao‘zak, Kegeyli, Mo‘ynoq, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Xo‘jayli va Shumanayda investitsiya 5 million dollarga ham yetmay qolmas edi.
Biz yaqinda bir guruh ma’rifat targ‘ibotchilari bilan «Ma’naviyat festivali» doirasida Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlarida, ovullarida bo‘lib mehnatkash xalq bilan muloqotlar tashkil etdik. Davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi oldidan o‘tkazilgan ushbu tadbirlarda qoraqalpoqlik qadrdonlarning xush tabiati, olijanob fazilati va ko‘tarinki kayfiyatini ko‘rib ruhlandik. Bunyodkorlik ishlari va qurilishlar xalq ongidagi burilishlar bilan uyg‘unligidan mamnun bo‘lib qaytgandik.
Qoraqalpoq xalqining manzur adiblari Ajiniyozning o‘tli she’rlari, Berdaqning «Yigit bo‘lsang arslon kabi tug‘ilgan doimo sen xizmat qilgin xalq uchun» degan da’vatlari, To‘lipbergan Qayipberganov, Ibroyim Yusupovlarning tarbiyaviy-ma’rifiy o‘gitlari biz bilan hamroh bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Qoraqalpoq madaniyati va san’atiga e’tibori yuqori bo‘lgan davlatimiz rahbari ijodkor, taniqli jurnalist Nazira Matyoqubovaning takliflarini qo‘llab — quvvatladi. Ajiniyozning 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi joriy yil boshida qabul qilgan qarorlari ham buning isbotidir. Ayniqsa, uch respublika xalq artisti o‘tkir nafas, o‘ktam ovoz sohibi Otajon Xudoyshukurov haqidagi Prezidentimizning mulohazalari gulduros qarsaklar bilan olqishlandi. San’atkor bilan qalin do‘st bo‘lganlari, ular ijrosidagi qo‘shiqlarga befarq bo‘lmaganini davlatimiz rahbari alohida e’tirof etdi. Uning 80 yilligini keng miqyosda nishonlanishini ham ta’kidladi.
Ma’naviyat va ma’rifat tushunchalari xalqlarning birligini ta’minlaydigan ta’sirchan mexanizm ekani haq. Ikki elning yakdil ohanglarining o‘zaro yaqinligi bir tomondan, ularning orzu-umidlari, teran tomirlari birligini anglatsa, ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishdagi maqsadlari mushtarakligini bildiradi.
Yakdil ikki elning maqsadi va an’anasi taraqqiyot tantanasi desak, o‘rinli bo‘ladi.