9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

OLIMPIYA SHAHARCHASI — CHEMPIONLAR BESHIGI

notiq.uz > Yangiliklar  > OLIMPIYA SHAHARCHASI — CHEMPIONLAR BESHIGI

OLIMPIYA SHAHARCHASI — CHEMPIONLAR BESHIGI

 O‘zbekistonda sport deganda, ko‘z oldimizga faqat mashg‘ulot zallari emas, balki yuraklardagi orzu, iroda va g‘alabaga intilish keladi. Bu yo‘lda yurtimizda barpo etilgan zamonaviy “Olimpiya” sport shaharchasi haqli ravishda sportchilarimiz uchun ilmiy va amaliy qo‘llab-quvvatlash manbai, haqiqiy chempionlar beshigiga aylandi. Bu boshqacha aytganda, sportning ilmiy, amaliy markazi demakdir.  Bugungi kunda “Olimpiya” nafaqat sport maydonlari, balki ilm va amaliyot uyg‘unlashgan maskan sifatida e’tirof etiladi. Bu yerda yosh sportchilar zamonaviy sharoitlarda mashg‘ulot olib borish bilan birga, olimlar va mutaxassislar tomonidan ilmiy tahlildan o‘tkaziladi. Har bir natija, har bir yutuq – teran tahlil, qat’iy mashq va ilmiy yondashuv mahsulidir.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Toshkent shahrida qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi. Uning qurilishiga 2022 yil 9 noyabrda tamal toshi qo‘yilgan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishi, me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua bo‘lishini ta’kidlagandi.

  Shunday ham bo‘ldi – qisqa vaqt ichida 100 gektardan ziyod maydonda muhtasham majmua qad rostladi. Qariyb 290 million dollarlik ushbu noyob loyiha “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan xalqaro talablarga muvofiq amalga oshirildi. 

  Markazning eng katta afzalligi – sportchini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan tizimning mavjudligi. Bu yerda stadionlar, suzish havzalari, kurash zallari, zamonaviy tibbiy-reabilitatsiya markazlari, sport psixologiyasi va biomexanika laboratoriyalari faoliyat yuritadi. Bir so‘z bilan aytganda, sportchiga g‘alabaga yetish uchun zarur barcha imkoniyatlar yaratilgan.

  “Olimpiya” shaharchasi yoshlar uchun orzu maskani. Bu yerda mashg‘ulot o‘tayotgan har bir yigit-qiz ko‘zlarida yorqin kelajak, Vatan sharafini yuksak parchalamoqchi bo‘lgan g‘urur porlaydi. Har bir mashqda iroda, har bir bellashuvda g‘alabaga ishonch seziladi.

Shu bois “Olimpiya” shaharchasini shunchaki sport maydoni deb emas, balki ilm, mehnat va orzular uyg‘unlashgan maskan sifatida qabul qilish kerak. Chunki bu yerdan chiqadigan har bir chempion – yurtimiz sharafini olamga tanituvchi elchi hisoblanadi.

  O‘shanda davlatimiz rahbari “Bu yerda mashg‘ulotlar bilan birga sport ta’limi, ilmi, tibbiyoti mujassam bo‘lishi zarur. Ya’ni, bu joy mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, o‘quv-mashg‘ulot markazi bo‘ladi, – degan edi. 

  Prezidentimiz shu yerda soha mutasaddilari va sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldi.

  – Avvalo, sportchilarimiz va federatsiyalarni mana shunday maskan bilan tabriklayman. Bu bilan yosh avlod salomatligiga, bo‘lajak yutuqlarga katta poydevor qurdik. Lekin bu ishning eng osoni. Qiyini — sport turlarini ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash. Biz sportni ham salomatlik, ham natijadorlik nuqtayi nazaridan rivojlantirib boramiz. Xudo xohlasa, bunday Olimpiya shaharchalari viloyatlarda ham quriladi. Asosiy maqsad — yoshlarimizning sog‘lom va barkamolligi, – dedi davlat rahbari.

  Asosiy maqsad yuqori sport natijalariga faqat bitta Olimpiada emas, doimiy va mustahkam zamin yaratishdir. Prezidentimiz sport turlarini ommalashtirish masalasiga alohida urg‘u berdi.

  Shuni alohida qayd etish zarurki, “Olimpiya” shaharchasi – ilm va amaliyot uyg‘unlashgan chempionlar maromida aylanishi haq. 

  Sport – insonning kuch-qudratini, irodasini, intilish va matonatini tarannum etuvchi yo‘ldir. Bu yo‘lda nafaqat mashq, balki ilm ham muhim ahamiyatga ega. Yurtimizda barpo etilgan zamonaviy “Olimpiya” sport shaharchasi aynan shu ikki qudrat – ilm va amaliyot uyg‘unlashgan markaz sifatida mamlakat sport harakatining yuragiga aylandi.

  Bunda ilm va sport uyg‘unligi nazarda tutilgan. “Olimpiya”da sportchi faqat mashqlar bilan cheklanib qolmaydi. Bu yerda: biomexanika laboratoriyalari orqali harakat texnikasi tahlil qilinadi; sport fiziologiyasi tadqiqotlari orqali yuklamalarning sog‘liqqa ta’siri o‘rganiladi; psixologik markazlarda sportchi ruhiy jihatdan musobaqaga tayyorlanadi va hokazo. 

  Bunday ilmiy yondashuv sportchining shaxsiy imkoniyatlarini to‘laqonli ochib berish, natijalarni yuqori pog‘onaga ko‘tarishga xizmat qiladi.

  Shaharcha xalqaro mezonlarga javob beradigan sport maydonlari bilan jihozlangan. Unda: yengil atletika uchun zamonaviy stadion, suzish havzalari, kurash va boks zallari, futbol, gimnastika va tennis kortlari mavjud.

  Bu imkoniyatlar yoshlarning qiziqishi va qizg‘in mehnati orqali Olimpiya va jahon chempionlarini yetishtirishga zamin yaratadi, yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. Yana boshqacha aytadigan bo‘lsak, ta’bir joiz bo‘lsa, “Olimpiya” shaharchasi – bu orzular fabrikasi. Bu yerda mashq qilayotgan har bir yosh ko‘zlarida g‘urur va kelajak porlaydi. Ular nafaqat sportchi, balki sog‘lom, ma’naviy yetuk, Vatanparvar shaxs sifatida kamol topadi. 

  Zeroki, Prezidentimiz e’tirof etganiday, ”Mardlik, kurashchanlik xalqimizning qonida bor. Odamlarimiz sportni yaxshi ko‘radi. Buni qo‘llab-quvvatlab, mahallalarda sportni yanada ommalashtirish kerak.» 

  “Olimpiya” shaharchasi – bu shunchaki sport majmuasi emas. U – ilm, amaliyot va orzular uyg‘unlashgan zamonaviy maktab. Bu yerdan yetishib chiqqan chempionlar nafaqat yurtimiz, balki butun jahon sport arenasida Vatan sharafini yuksaltirishga xizmat qiladi. U – g‘alaba zavodi, kuch-g‘ayrat, sabr va ilm uyg‘unlashgan yuksak maktab. Bu yerdan yetishib chiqqan har bir sportchi kelajakda o‘z xalqi iftixori, Vatanning yuksak sharafi bo‘lib gavdalanishi shubhasiz.

Rahimboy Jumaniyozov, Professor,

O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.