MANFAATLI MASHVARAT
(Nutqdan keyingi o‘ylar)
Turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan dostonlarda «Maslahat bitkarur kori dunyoni» degan terma bot-bot uchraydi. Bu xalqimizda mashhur va manzur bo‘lgan «Maslahatli to‘n tor kelmas», «Maslahatli to‘y tarqamas» kabi maqollarni yodga soladi. Darhaqiqat, maslahatga yo‘g‘rilgan mashvarat ko‘pgina muammolarning yechimiga kalit bo‘la oladi. Tarix bunga shohid.
Shu haqda so‘z ketganda, Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan Maslahat uchrashuvidagi nutqi diqqatni tortmasdan qolmaydi.
Notiq, nutq va mantiq so‘zlari uyg‘un, bir o‘zakdan yasalgan tushunchalardir. Nutq maqsadni, mantiq mohiyatni anglatarkan, notiq buni o‘rinli tarzda ifoda etishi bilan alohida o‘rin tutadi.
Xuddi shu ma’noda millatimiz sardorining o‘sha nufuzli anjumandagi nutqi ko‘p jihatdan e’tiborga molik bo‘ldi.
Olti yil oldin Ostonadagi birinchi maslahat uchrashuvi oltin sahifalarga muhrlangan bo‘lsa, bu galgisi ham ana shunday mohiyat kasb etdi.
Davlatimiz rahbarining ushbu nutqi da’vatkorona ohangda, zamon yuzaga chiqazgan muammolar va ularning yechimlari borasidagi xitobat nutq bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Kemelevich Toqaevga, ayniqsa, uning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlarini ilgari surish yo‘lidagi faol sa’y-harakatlarini ta’kidladi.
Mezbonning hamkorlikda olib borilayotgan ishlar va yangi bosqichda mintaqaviy kooperatsiya istiqbollari chuqur tahlil qilingan “Markaziy Osiyo Renessansi: barqaror taraqqiyot va farovonlik sari” dasturiy maqolasini ham tilga olib o‘tdi.
Darhaqiqat, o‘sha muddat mobaynida o‘tkazilgan uchrashuv va sammitlar do‘stlik zamiriga qurilgan qo‘shnichilik solnomasining yangi va muhim sahifasi bo‘lgani rost.
Prezident o‘z nutqida, zalvorli, dolzarb masalalarga diqqatni qaratib, umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish jarayoni boshlanganini ishonch bilan qayd etdi.
Mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik kun tartibini boyitish uchun Maslahat uchrashuvi formatini yanada takomillashtirish masalalari haqida so‘z yuritdi. Jumladan, oqsayotgan masalalarni ham e’tirof etib, mintaqamiz barqarorligining muhim omili hisoblangan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar xalqaro kun tartibida ikkinchi darajaga tushib qolganini e’tirof eta turib, buning uchun yaqindan hamkorlik qilish, qat’iy choralar ko‘rish va mintaqa manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyor bo‘lish oynadek ravshan.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida amaliy mintaqaviy hamkorlikning ustuvor hisoblangan yo‘nalishlarga ham to‘xtaldi.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo xalqlarining o‘zaro mushtarak tarixi, an’analari, tutash taqdirlari bor. Bu ularning o‘tmishda o‘zaro yaqin, birdam bo‘lganini, turli sohalarda yakdil o‘zaro hamkor bo‘lganliklarini tasdiqlaydi. Xuddi shu jarayonlarini tarixiy ildizlarini, ilmiy nazariy asoslarini o‘rganish muhimdir. Bundan ko‘zlangan maqsad madaniy-tarixiy merosning umumiyligini hisobga olgan holda, xalqlarimizning mintaqa kelajagi uchun daxldorligi, birdamligi, umumiy mas’uliyatni anglashini kuchaytirishdir. O‘tmish kelajakning ustozidir degan hikmatga muvofiq qilinadigan harakat juda ko‘plab istiqbolli rejalarni amalga oshirishga zamin hozirlaydi.
Shuning uchun ham nutqda aks etgan kelgusi oyda ko‘hna Xiva shahrida mintaqa mamlakatlarining navbatdagi Parlamentlararo forumini o‘tkazish, “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini tezroq ishga tushirilishi maqsadga muvofiqdir. Prezidentning bu borada bildirgan taklifi shunday: Mintaqa xalqlarining o‘zaro bir-birini tushunishi va birdamligini yanada mustahkamlash maqsadida mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy forum o‘tkazish.
O‘ylaymizki, ushbu tashabbus va taklif yuqoridagi vazifalarning amalga oshishi uchun imkoniyatlar eshigini keng ochadi.
Markaziy Osiyo ta’lim va akademik almashuv dasturini qabul qilish va mamlakatlarimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishni muhim deb hisoblaymiz.
Shuningdek, ilm-fan va ta’lim masalalariga e’tiborning qaratilgani, mintaqa davlatlarining iqtidorli talabalari o‘qishi uchun o‘zaro kelishuvlar asosida stipendiyalar ajratish masalasi, shu yo‘sindagi loyihalarni batafsil muhokama qilish uchun Toshkent shahrida oktyabr oyida Markaziy Osiyo birinchi ta’lim forumini o‘tkazish rejasi Davlatimiz rahbari nutqida aks etgani ahamiyatlidir.
Bu boradagi ilk qadamlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev Olmaota shahrida «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti filialini tantanali ravishda ochilishidir. Bu o‘z-o‘zidan har ikkala tomonlama o‘zaro manfaatli faoliyatning boshlanishidir.
Endilikda, ta’lim vazirlari, yetakchi universitetlari rektorlari, olimlar va ekspertlarning hamkorlikdagi faoliyati ta’lim va fanning rivojiga hissa qo‘shishi shubhasiz.
Prezidentimiz faoliyatida uchta tushuncha doim muhim. Bular sifat, samara va natijadir. Shuning uchun ham rejalar qog‘ozlarda qolib ketishini xush ko‘rmaydi, albatta natijadorligi bilan qiziqadi va unga konkret yondashadi.
«Munosabatlarimizning — deyiladi nutqda, — shartnomaviy-huquqiy bazasini mustahkamlash va uni yanada rivojlantirish uchun Markaziy Osiyoda strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimni imzolashga tayyorlashni taklif qilamiz. Ishonchim komil, bugungi uchrashuvning sermahsul natijalari mintaqada do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik yanada mustahkamlanishiga, xalqlarimizning farovonligi yo‘lida o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.»
Ishonch va qat’iylik ruhi, strategik nazar bilan sug‘orilgan ushbu nutq Yangi O‘zbekiston shukuhi va Uchinchi renessansning tamal toshiga hamohangdir. Ushbu nutq Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchun ham motivatsion ruh baxsh etdi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.