Qoraqalpog‘istonlik qadrdonlar bilan
Hayotning ma’no, mazmuni aslida, ma’naviyatga munosabatdan boshlanadi. Bir hafta mobaynida Qoraqalpog‘iston respublikasining turli tumanlarida bo‘lib «Ma’naviyat festivali» doirasida qizg‘in uchrashuvlar uyushtirdik. Ushbu muloqotlar qaysidir ma’noda davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi oldidan bayramona kayfiyat ulashish jihatdan ham ahamiyatli bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonlk qadrdonlar davrasida bo‘larkanmiz, Prezidentimizning «O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak, Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» degan o‘gitlarining hayotbaxsh qudratini yana bir bora his etdik.
Targ‘ibotning oldingi ko‘rinishlaridan farqli o‘laroq, tarkib ixcham tarzda tuilgn bo‘lib samaradorlik va natijadorlikka qaratilgani bilan e’tiborga molik bo‘lganligini ta’kidlash o‘rinlidir. Interfaol uslublardan foydalangan holda aniq fikr, real dallillar bilan, bunyodkorlik ishlari, qurilishlar va xalq tafakkuridagi yangicha burilishlar bilan bog‘liq holda tashkil etilgani ma’rifiy tadbirning mazmuni va qiymatini yanada oshirdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tuzilgan maxsus guruh rejali jadval asosida Qoraqalpog‘istonning olis joylarida, ovullarda, madaniyat muassasalarida bo‘lishdi. Iqtidorli olimlardan Narzulla Jo‘raev, Shahlo Ahrorova va kamina bugungi kunda olib borilayotgan islohot va siyosatning mohiyati haqida tushuncha bersa, iqtidorli shoirlar Chorsham’ Ro‘ziev, Rustam Musurmon, Farog‘at Xudoyqulovalar o‘zlarining o‘tli va haroratli she’rlari bilan keng jamoatchilikning qalbiga yo‘l topgan bo‘lsa, taniqli aktyorlar Tohir Rahimov, Bahodir Mamarasulov, Shukurjon So‘pievlar o‘zlarining ta’sirchan chiqishlari bilan, mahoratli qo‘shiqchi san’atkorlardan Baxtiyor Sultonov, Iroda Iskandarova, Rustam Mirminov, Jasur Ahmedovlar esa dilbar qo‘shiqlari bilan davraga fayz kiritdi.
Qoraqalpog‘istonlik qardoshlar uchrashuvlarda olimona mulohazalar, she’r zavqi va shavqi hamda musiqiy san’atkorlarning chiqishlaridan xursand bo‘lishdi.
Amudaryo, Kegeyli, Shumanay,
Beruniy, Xo‘jayli, Ellikqal’a singari tumanlardagi uchrashuvlar unitilmas xotiralarga boy bo‘ldi.
Ayniqsa, Amudaryo tumanida bo‘lganimizda davlatimiz tashabbusi bilan qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdik. Ko‘prik odatda qirg‘oqlarni qirg‘oq bilan bog‘laydi bordi — keldini mustahkamlaydi.
U ramziy ma’noda elni ell bilan, tilni til bilan, dilni dil bilan bog‘laydi. Shubhasizki, mustaqilligimizning mustahkamligi birdamlik va bardamlik, ahillik va do‘stlik zaminiga qurilgani rost. Biz bugun bir haftalik ma’rifiy safarimizni ma’naviy zafarimizga aylantirgan holda poytaxtimizga qaytib keldik.