ISH UNUMI, SOG’LOM MUHIT KOMMUNIKATIV KOMPETENTLIK BILAN
(Muloqot maktabi va muomala madaniyati)
(Hamkorlik rishtalari yoxud so‘zlash, tinglash va anglash madaniyati)
Xayrli va manfaatli harakat, ma’rifiy maqsad va tashabbuskorlik taraqqiyot tushunchasining mazmun va mohiyatini ochib beradi. Faoliyatning ikki qanoti bor — biri tashabbuskorlik bo‘lsa, ikkinchisi tashkilotchilikdir. Shunday ekan, mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligiga xizmat qiladigan har qanday g‘oya va tashabbuslar davlat va hukumatimiz tomonidan qo‘llab — quvvatlanayotgani Yangi O‘zbekistonning ruhi va shukuhiga monand.
Barcha pirovard maqsadlarning ro‘yobiga xizmat qiladigan harakatlar bevosita va bilvosita uchta tushunchaga borib bog‘lanadi. Bular, so‘zlash, tinglash va anglashdir. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash esa ma’naviyatdandir. Bular jamlangan holda muloqot etiketi va muomala madaniyati, boshqacha aytganda, notiqlik san’atining tarkibiy qismlaridir.
Tasavvur qiling, ko‘rgan, bilgan, tinglagan narsa-hodisa haqidagi fikrimizni emin-erkin, mustaqil tarzda og‘zaki hamda yozma yo‘sinda yetkaza olmasak, o‘zimizni chin ma’noda savodxon, qolaversa, ma’naviyatli deya olamizmi? Albatta, yo‘q.
Shuning uchun ham xalq bilan muloqot va muomala madaniyati, kommunikativ kompetentlik tushunchasi nihoyatda muhim, chunki u oddiy so‘zlashuvdan tortib ilmiy, ta’limiy, hatto siyosiy jarayonlargacha bo‘lgan voqelikni qamrab oladi.
Davlatimiz rahbari xalq ichiga kirib, ularning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng muhim mezoni ekanini e’tirof etib, inson manfaatlari hamda xalq roziligini har narsadan ustun qo‘yar ekanlar, bu masala doimo dolzarblik kasb etishi tayin.
Jadid ma’rifatparvar adibi Abdulhamid Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, «quchoq ochib xalq ichiga borishni» niyat qilgan har bir xodim bu masalaga befarq bo‘lmasligi ayon. Xalq bilan muloqot zamirida nutq, notiq, mantiq va muomala tushunchalari alohida mohiyat kasb etadi. Kitobiga birinchi haykal qo‘yilgan Antuan Sent Ekzyuperi «Bu dunyodagi birdan — bir haqiqiy ne’mat odamlarning bir-biri bilan muloqotidir» — deya bejiz uqtirmagan.
Chunki ijtimoiy — siyosiy jarayonlardagi muloqotlar zaminida bugungi kunda turli jabhalarda olib borilayotgan siyosat va islohotlarning mazmun-mohiyatini ommaga, keng jamoatchilikka sodda, ravon va aniq yetkaza olish har bir davlat xizmatchisining burchi va vijdon amridir.
Xuddi shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining (26.09.2022. № 02-PA 1-13607-sonli) xatiga asosan Davlat boshqaruvi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va «Notiqlik san’ati akademiyasi» NTM hamkorligida «NOTIQLIK SAN’ATI: KOMMUNIKATIV KOMPETENTLIK, MULOQOT VA MUOMALA MADANIYaTI ASOSLARI» o‘quv-amaliy kursi o‘z faoliyatini boshladi. Strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun o‘rinli qo‘llangan usul va yo‘l-yo‘riqlar hamisha muvaffaqiyatlar garovi bo‘lib kelgan.
Inson qadrini ulug‘lagan xalqchil bosh dasturimiz — Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish mexanizmini Davlat xizmatchilarining to‘la bilishi va amal qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada anglash va anglatish, tushunish va tushuntirishning muhim quroli — yetuk bilim, nutq madaniyati va notiqlikning o‘rni beqiyosdir. Ushbu nazariy va amaliy mohiyatga ega o‘quv kursi kasbiy faoliyatda kommunikativ kompetentlik, nutq madaniyati va notiqlik san’ati, muloqot etiketi va muomala madaniyati borasida Davlat xizmatchilarining barcha bo‘g‘inlariga manfaatli ekani bilan xarakterlanib turadi. Qaysi mavzuni yoki fikr va so‘zni kimga, qaerda, qachon, qanday qilib va qancha aytishni bilish, tabiiyki, bu notiqlik mahoratini, kommunikativ kompetentlik darajasini belgilaydi. Shu ma’noda, aytish joizki, til taktikasi — taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan mexanizmidir. Shundagina u Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ta’sirchan va qudratli qurol bo‘la oladi.
Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiydan «Bu dunyoga kelib nimani anglab bildingiz» -deb so‘raganlarida u «o‘z haddimni bildim» — deb javob bergan ekan. Had-hududni bilish haq-huquqni anglashdir. Demak, har qanday notiq, avvalo, qonuniy va huquqiy me’yorlarni bilishi kerak. Shuning uchun ham ushbu kursga o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun tajribali mutaxassislar, yetuk huquqshunos-notiqlar jalb etilgan.
Yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshevning «Davlat xizmatchisining og‘zaki yuridik muloqoti va hujjatlarni yozma rasmiylashtirish» mavzuidagi chiqishlari tinglovchilar uchun dasturulamal bo‘lgani sir emas.
Shuningdek, «Huquqiy va ijtimoiy munosabatlarda xulqiy, nutqiy va huquqiy madaniyatning ahamiyati» mavzudagi yuridik fanlar doktori, professor Firyuza Muxiddinovaning amaliy ma’ruzasi hamda taniqli siyosiy sharhlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qobilbek Karimovning «Siyosiy – ijtimoiy notiqlik va diplomatik munosabatlar mezoni» mavzuidagi suhbati tinglovchilarning e’tiboriga molik bo‘ldi. Kaminaning «Omma oldida nutq so‘zlash, fikrni erkin bayon etish uslublari, xalq bilan muloqot va muomala madaniyatini rivojlantirish, nutq xususiyatlarini bilish va amalda qo‘llash, minbar, mikrofon va videokamera orqali jamoatchilikka fikr yetkazish madaniyati, televidenie va radiokanallarga intervyu berish texnologiyasiga doir» mulohazalari ham tinglovchilarga juda ma’qul kelgani quvonarlidir.
Boshqaruv tizimida, turli rahbarlarning bloger va jurnalistlar bilan muloqot jarayonidagi muammolar borasida internet sahifalarida har xil ma’lumotlarga duch kelamiz. Xo‘sh, davlat xizmatchisi bunday hollarda qanday ish tutishi va o‘z vazifasini qonunan qanday bajarishi kerak qabilidagi savollarga taniqli va tajribali jurnalist, O‘zJOKU dotsenti, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Jamoatchilik Kengashining raisi Karim Bahriev «Davlat xizmatchilari va OAV munosabatlarining qonunchilik asoslari» nomli amaliy ma’ruzasi bilan to‘la, atroflicha va asosli javob berdi.
Davlat xizmatchilari nutqining mantiqiy va jozibali bo‘lishini ta’minlaydigan muhim omillardan biri til imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, hammabop tarzda ta’sirchan fikr yetkazishdir. Bu borada esa san’atshuslik fanlari nomzodi, dotsent Go‘zal Xaliqulovaning «Ommabop nutqning tili va uslubi, notiqlik mahoratini oshirishda badiiylik unsurlaridan foydalanish» mavzusidagi amaliy ma’ruzasi qay darajada tinglovchilar diqqatini jalb etgan bo‘lsa, «Spiker» notiqlik maktabining rahbari, iqtidorli, yosh notiq Ikrom Xudaybergenovning «Noverbal muloqot asoslari, nutqda imo — ishora va tana tilining o‘rni, notiq imiji va mahorati borasidagi amaliy mashg‘ulotlari ham shunchalik yo‘sinda tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, filologiya fanlari nomzodi, Davlat boshqaruv akademiyasining dotsenti Ulug‘bek Saidovning «Ijtimoiy muloqotning zamonaviy usullari» nomli videoma’ruzasi hamda amaliy mashg‘ulotlari e’tiborga molik bo‘ldi.
Tinglovchilarning o‘n sakkiz soatga mo‘ljallangan mavzular yuzasidan tuzilgan 115 ta savolga bergan javoblari audioviziual imkoniyatdan kelib chiqqan holda tasvirga olinib tahlil qilindi. Ularning og‘zaki nutqda qo‘rquv va hayajonni yenga olishi, adabiy til me’yorlariga rioya etishi, so‘z boyligi va tanlashi, fikrni erkin bayon eta olishi, mantiqiy mushohada etish darajasi, so‘z va tovushlarni yamlamasdan aniq va tiniq talaffuz qilishi hamda ovoz, nafas, diksiya, urg‘u, intonatsiya, to‘xtam va ohang kabi nutq texnikasi vositalariga to‘g‘ri amal qilishiga e’tibor qaratildi. Ta’bir joiz bo‘lsa, «yuzing qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama» maqoliga monand holda, «Nutqing aniq, fikring tiniq bo‘lmasa, mikrofon va videokameradan o‘pkalama» qabilida ish tutildi, tanqidiy va tahliliy nazardan o‘tkazildi.
Uch kunlik o‘quv yakunida tinglovchilarga «Notiqlik san’ati: kommunikativ kompetentlik, muloqot va muomala madaniyati asoslari» malaka oshirish o‘quv kursida 18 soatlik nazariy-amaliy mashg‘ulotlarni o‘zlashtirgani uchun «Sertifikat», «Spikerlik sirlari» o‘quv qo‘llanmasi hamda «Siz notiq bo‘lishni istaysizmi?» nomli videodarslik taqdim etildi.