9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

MA’RIFAT MAYOQ BO‘LSA, MA’NAVIYAT MALHAMDIR

notiq.uz > Yangiliklar  > MA’RIFAT MAYOQ BO‘LSA, MA’NAVIYAT MALHAMDIR

MA’RIFAT MAYOQ BO‘LSA, MA’NAVIYAT MALHAMDIR

Har qanday qush qo‘sh qanoti bilan parvoz qilgani kabi jamiyatning ham ikki qanoti bor. Biri moddiyat bo‘lsa, ikkinchisi ma’naviyatdir. Busiz mamlakat taraqqiyotini tasavvur etish mushkul.

Ma’naviyat moddiyatdan, moddiyat esa ma’naviyatdan kuch oladi, ruh oladi. Bugungi kunda «Ma’naviyat festivali», «Madaniyat karvoni» tushunchalari respublikamiz bo‘ylab mahalla, ta’lim muassasalari  va mehnat jamoalarida alohida qiziqish va ahamiyat kasb etayotgani rost.

 Navoiy viloyatiga navbatdagi ma’naviyat safari ham ana shunday taassurotlarga boy bo‘layotgani e’tiborga molik.  Buyuk mutafakkir hazrat Navoiy nomi bilan yuritiluvchi viloyatga kelib «Tinchlik Plaza» mehmonxonasi restoranida barchamiz jamuljam bo‘lgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Nodir Jonuzoq ushbu ma’rifiy harakatning ahamiyati va targ‘ibotchilarning mas’uliyati borasida mulohazaalar bildirdi. Taom tanovulidan so‘ng targ‘ibotchilar tegishli hududlarga biriktirilgani e’lon qilindi.

 Ro‘yxatga muvofiq biz Xatirchi tumanida faoliyat yuritadigan bo‘ldik. Guruhimiz tarkibi O‘zbekstonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Ashur, Do‘stlik ordeni nishondori Husan Musaboev,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abumagruf Qodirov, Muqimiy nomli O‘zbekiston Musiqali teatrining mahoratli aktrisasi Muqaddas Mamadalieva, taniqli, xushovoz xonandalar Iroda Iskandarova, Sherbek Shodiev, Maftuna To‘raeva, Dilshodbek Yunusov, Surayyo Qosimovalar mahalliy aholi bilan uchrashuvlarda ancha fayz olishdi.

 Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi, O‘zbekiston Madaniyat Vazirligi, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tarkibida faoliyat yurituvchi iqtidorli targ‘ibotchilar chinakam ma’noda xalq bilan birga bo‘lib ijodiy muloqotlar qilib mahalliy aholining qalbiga yo‘l topgani sir emas.

Ilk uchrashuvimiz Xatirchi tumanidagi Agrotexnologiyalar texnikumida bo‘lib o‘tdi. O‘sha kuni muhtaram Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishia “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilangandi. Yurtimizda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 2022 yil 20 oktabrdan «dolzarb 40 kunlik» tadbirlari boshlangandi. Shu munosabat bilan yashil maydonlar hududi bo‘yicha bir qator ko‘kalamzorlashtirish, archa va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.  Xatirchi tumani hokimi Sayfiddin Nizomov tadbirni ochar ekan, yashil makon obodonlashtirish borasida yangi imkon ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

So‘ngra Xo‘jaqo‘rg‘on MFY hududidagi Tuman tibbiyot birlashmasida va Tamabahrin MFY hududidagi 22 — sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida,  Toshquloq MFY 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida, Bog‘ishamol mahallasidagi «Saxovat» madaniyat uyida bo‘lgan tadbirlar nihoyatda zavq-shavqli bo‘lib mahalliy aholini xursandchiligiga bois bo‘ldi.

Yoshlar ishlari agentligining Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan davolanishga muhtoj bo‘lgan ikki yoshning holidan xabar olinishi ham chinakam shodiyonaga aylandi. Farangiz Nasriddinova anchadan beri ko‘zi ojiz bo‘lib shifoga muhtoj edi. Shuningdek, Yorqinoy O‘rolova ham bo‘yin umurtqasi jarohatlangani bois davotalab edi. Ularning har ikkalasiga 15 million so‘mdan berilishi ularning ko‘nglini ko‘tardi. O‘sha jarayonda ishtirok etgan jurnalist Salim Ashur «davlatimiz rahbarining himoyaga muhtoj aholi qatlamiga mehr-muruvvat ko‘rsatish loyihasi doirasidagi harakatlar natijasi» Xatirchi tumanida ham amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shu tumandagi 24 — sonli maktab direktori Sherzod Bobonazarov jamoasi hamda mahalla faollari bilan o‘tkazilgan tadbirdan so‘ng bizlarni 3 mingdan ziyod kitoblari bor bo‘lgan maktab kutubxonasiga boshladi. Kitobga e’tibori yuqori bo‘lgan o‘quvchilar hatto, ta’til paytida ham kitob mutolaasi bilan mashg‘ulligi bizni mamnun etdi. Kutubxonadagi o‘quvchilar bilan suhbatlashib ularning bilimlarini, topqirligini sinovdan o‘tkazdik va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taqdim etilgan turli mavzudagi kitoblarni ulashdik.

«Ma’naviyat festivali» doirasida «Oila — ma’naviyat qo‘rg‘oni» loyihasi bo‘yicha ham birgalikda faoliyat olib borish asnosida turmushi parokanda bo‘layozgan bitta qiz farzandi bo‘lgan yosh oilani o‘zaro yarashtirdik. Oila muqaddasligi, yosh go‘daklarni yetim qilishga hech kimning haqi yo‘qligini uqtirdik. O‘tkinchi his-tuyg‘u bilan emas, balki aql — idrok bilan ish tutish insonni nurli manzillarga eltishi borasida so‘zladik.

So‘ngra «Do‘stlik» ordeni sohibi Husan Musaboev bilan iste’dodli rejissyor Rustam Sa’diev tomonidan suratga olingan «Baron-2» filmi namoyishi oldidan so‘zga chiqdik. Kino san’atlar ichida eng muhimi ekani va uni tomosha qilish orqali har bir inson o‘ziga yarasha xulosa chiqarishi va ezgulikka nazar, yovuzlikka hazar nigohi bilan qarashi kerak, — dedi Husan Musaboev. Xatirchi tumani hokimining muovini Jalil Rashidov hada targ‘ibot guruhimiz rahbari Jasur Burhonov  maxsus tuzilgan reja-jadval asosida uchrashuvlarni tizimli tashkil etib borgani ancha samarali bo‘ldi. O‘zbekiston kinematografiya agentligi badiiy filmlari orqali aholining turli qatlamlari orasida ma’naviyat va ma’rifatning zarrin nurlarini sochdi desak, xato bo‘lmaydi.

Xullas, tana va jon tiriklik belgisi bo‘lsa, ruh esa mukammallik timsolidir. Ana shu uch birlikning yaxlit uyg‘unligi komillik nishoni va barkamollik belgisidir. Xuddi shu ma’noda davlatimiz rahbari iqtisodiyotni jamiyat hayotining tanasiga, ma’naviyatni esa uning joni va ruhiga qiyos qilishlari bejiz emas.

Demak, ushbu harakatlarimiz xalq ongu tafakkurida yangicha evrilishlarni, qalbida elni va insonni aziz tutuvchi Yangi O‘zbekiston g‘oyalariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashi aniq.  Ruhiyat ozig‘i ma’naviyat ko‘ngil malhami bo‘lsa, ma’rifat esa  yo‘llarni va dillarni yorituvchi mayoqdir. Targ‘ibotchilar bu borada doim kamarbasta va sobitqadamdirlar.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.