TIL MASALASI MAVSUMIY MAVZU EMAS
«Raqamlar dunyoni boshqarmaydi, ular dunyoning qanday boshqarilayotganini bildiradi». Nemis mutafakkiri Yohann Gyotening fikri bu. Raqam qutlug‘ qadam, faoliyat sarhisobiga ishora, aslida. O‘zbekiston Resublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonunining qabul qilinganiga 33 yil to‘ldi. Bu raqam xalq taqdiri, uning o‘zligi va so‘zligiga, milliy va ma’naviy qadriyatlarini asrab qolish kabi ijtimoiy-siyosiy mohiyat kasb etuvchi xalqimizning xalqaro maydondagi o‘rni va rutbasiga daxldordir.
Elning nufuzi tilining qiymati bilan belgilanishini hammamiz bilamiz. Qaysidir ma’noda ba’zi narsalarga shunchaki qarash mumkindir, lekin til masalasiga aslo befarq bo‘lish mumkin emas. Chunki, u xalqning borligi, boyligi va borlig‘idir. Millatning ruhi, ruhoniyatining oynasidir. Chunki u mavsumiy mavzu emas. Unga har damda, har qadamda ehtiyoj sezamiz.
Ochig‘ini aytish kerak, xalqimizning ayrim qatlamida e’tiborsizlik, tildan to‘g‘ri foydalana olmaslik holatidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu ularning og‘zaki nutqida ham, yozma nutqida ham yaqqol seziladi. To‘g‘ri yozish va to‘g‘ri so‘zlash qoidasiga amal qilishda yetarlicha savodxon emasmiz. Eng avvalo, davlat tilini bilish zarur, keyin esa chet tillarni o‘ranishimiz kerak.
Tilni bilish emas, balki unda yashash, u bilan nafas olish kerak. Bu bilan uning barcha jabhalarda, oilada, mahallada, ko‘cha-ko‘yda, o‘quv va mehnat muassasalarida, anjuman va yig‘ilishlardagi o‘rni va rolini nazarda tutayapmiz. Tilni his etish esa kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyati bilan bog‘liq. Badiiy kitob o‘qish esa so‘zni his etish bilan birga estetik didni o‘stirishga, tasavvur va tafakkur dunyomizning kengayishiga xizmat qiladi.
«Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi bo‘lmaydi»-deydi muhtaram prezidentimiz. Shuningdek, ularning tilning ijtimoiy qiymati va nafosati borasidagi ushbu mulohazalari katta e’tiborga molik. «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin». Tilning sehri unga mehr qo‘ygandagina namoyon bo‘ladi.
Endilikda shunchaki nomigagina tadbirlar o‘tkazilmasdan, davlat tilining ijtimoiy qatlamning barcha jabhalarida to‘la istifoda etilishi bilan bog‘liq konkret ishlarni amalga oshirilishi maqda muvofiq. Hisobotlar va turli hujjatlar ayrim vazirlik, idoralarda hozirgacha davlat tilida tayyorlanishini paysalga solinayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Buning uchun Davlat tili haqidagi Qonunni qayta ko‘rib chiqish asosida xalq muhokamasidan o‘tkazish, Vazirlar mahkamasi huzurida bir paytlari tashkil etilgan Atamaqo‘mni qayta tiklash, tuman, shahar va viloyatlarda davlat tilining barcha jarayonlari to‘la va to‘g‘ri amal qilishini muntazam ravishda nazorat qilib boruvchi, monitoring qiluvchi jamoatchilik komissiyalarini tuzish davr talabi.
To‘g‘ri, Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Bu hali yetarli emas. Tilning taqdirini bitta departamentga topshirib qo‘yish ham yaramaydi. Uning qismati haqida hammamiz birdek qayg‘urishimiz kerak. Faqat ta’lim dargohlaridagina emas balki, eng avvalo, oilada, mehnat jam
oasida, xullas ko‘cha-ko‘yda ham befarq bo‘lmasligimiz kerak. Biz bugun beparvo bo‘lsak ertaga tilimizni yo‘qotamiz. Milliy tilning yo‘qolishi millatni va uning ruhini yo‘qotish ekanligini yodda tutish zarur.
«Qaysi tilda ariza yozishning nima ahamiyati bor, ishga kirsam bo‘ldi yoki qaysi tilda bo‘lsa ham reklama qilsam yetarli, mahsulotim sotilsa bo‘ldi-da» — degan kishida millatparvarlik, qolaversa, vatanparvarlik tuyg‘usi ham bo‘lmaydi. Ayrim yoshlarning internet tarmoqlaridagi yozishmalarini ko‘rib yuragingiz orqaga tortib ketadi. Savod masalasi nahotki, shu holatga kelib qolgan bo‘lsa.
O‘zbek tili AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi bir qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilayotgan bir paytda biz qurilgan binolarimizning nomini ingliz yoki rus tillarida nomlab o‘tirishimiz aqlga sig‘maydigan hol.
Xalqimiz, hatto, chet eldagi vatandoshlarimiz ham Prezidentimizning BMT ning oliy minbaridan turib o‘zbek tilida so‘zlaganlarida qanchalik g‘ururlanib qalbimizda iftixor tuyg‘usini junbush urganini bir tasavvur qiling-a.
Nega o‘zbek tilida bu ishlarni amalga oshirolmaymiz yoki bizning boy va nafis, ma’nodor tilimiz bu vazifani bajarishga qobil emasmi? Tilimiz, so‘zimiz qobil, o‘zimiz noqobil. Buni achchiq bo‘lsa ham aytish kerak. Qachongacha xaspo‘shlash yo‘lidan boramiz. Haqiqatni tan olish va xatoni tuzatishni ham o‘rganaylik, axir. Bu haqda ko‘p yozganmiz, xo‘p gapirganmiz.
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori Gulchehra Rixsieva ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlaridan birida ana shu muammolarga to‘xtalib o‘rinli mulohazalarni keltirgandi. «Davlat tilini o‘rganish EHTIYoJ darajasiga chiqmas ekan, ta’lim tizimida ham kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Buning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Yoshlarning o‘zbek tilini o‘rgana olmayotganiga asosiy sabab — bu oiladagi muhit va tarbiyadir. Ota-onaning ona tiliga bo‘lgan bepisandligi farzandining boshqa tilda gaplashib muloqot qila olishidan «faxrlanish» hissi bilan yanada kuchayadi. Holbuki, oilada ona tilini hurmat qilishga o‘rgangan yoshlar o‘zga tilga ham hurmat bilan qarashi, chet tillarini qiynalmay o‘zlashtira olishi ko‘p kuzatiladi», — deya fikr bildiradi olima.
Daniel Defo ehtiyoj kishini buyuk kashfiyotchiga aylantiradi, degan mazmundagi fikrni keltiradi. Tasavvur qiling: Robinzon Kruzo bir o‘zi (Jumaboyni istisno qilganda) 28 yildan ziyod muddat mobaynida kimsasiz orolda yashadi. U o‘sha orolning qiroli, qaroli ham, suvchisi, ovchisi ham, bog‘boni, dehqoni, chorvadori ham bo‘ldi. Chunki, uni bu ko‘yga solgan narsa yashash uchun kurash ehtiyoji, tirik qolish, jonini saqlash zaruriyati ekanligi ayon. Istifoda etilmagan narsa asta-asta unutiladi. To‘la iste’molda bo‘lmagan til o‘limga mahkum.
Prezidentimiz 2017 yil 23 dekabr kuni O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurgan paytlarida ziyolilarga qarata aytgan da’vatini nahotki, unutgan bo‘lsak. «Ona tilimizning boyligini, unga hurmatingiz va muhabbatingizni tilimizni dunyoga tarannum etish bilan ko‘rsatishingiz kerak». Shuningdek, nufuzli elchilar ishtirokidagi tadbirda «O‘zbekistonning chet eldagi elchisi bo‘lsa-yu, o‘zbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi?!» — degan fikri bizni jiddiy o‘ylantirishi kerak.
Oliy Majlis Senatining bir nechta yalpi majlislarida «Davlat tili haqida»gi qonun ijrosi tanqidiy baholab o‘tilgani, tilimizni abgor holatga tushib qolgani e’tirof etilgani bejiz emas. Nafaqat nodavlat teleradiokanallari, balki O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida ham boshlovchilar tomonidan adabiy til qoidalariga zid ravishda turli shevalarda so‘zlash salbiy odat tusiga aylanyapti. To‘g‘ri, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tili asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida OAV ijodiy xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi. Kamina ham u yerda bir muncha dars mashg‘ulotlarini olib bordi. Lekin bu harakatni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish kerak. Shundagina natija va samara bo‘ladi.
Notiqlik san’ati, voizlik madaniyatidan dars berish jarayonida tinglovchilarimga ba’zan murojaat qilib «Sizlar tillarda so‘zlaysiz, ammo tilda fikrlaysiz», desam, «nima deganingiz bu, domla» deb so‘rashadi. Keyin tushuntirgan bo‘laman. Masalan, men fors, rus, nemis tilida gapirsam ham, o‘zbek tilida fikrlayman. O‘zbekcha qurilishini yasab olib o‘sha tillarga tarjima qilib keyin gapiraman.
Rus tilining mashhur izohli lug‘atini yaratgan iste’dodli leksikograf Vladimir Dalning ushbu fikriga bee’tibor bo‘lmaylik: «Na mayl-istak, na diniy ishonch, na ajdodlar qoni insonning u yoki bu xalqqa mansubligini tayin etadi. Kim qaysi tilda o‘ylasa, u o‘sha xalqqa mansubdir. Men rus tilida o‘ylayman». Vaholanki, Dalning otasi daniyalik, onasi esa olmon bo‘lgan. Demak, taxayyul, tasavvur va tafakkur tarzi ona tilida bo‘lmasa, davlat tiliga munosabat, murojaat ko‘ngildagidek bo‘lmaydi.
Buning uchun ta’lim muassasalarida til qoidalarini chuqurlashtirishdan ko‘ra, o‘quvchilarda fikrni ravon yetkazish, ko‘nikma va malakasini hosil qilish yo‘llari haqida bosh qotirish o‘rinlidir. Demak, nazariy filologiyadan ko‘ra, amaliy filologiyaga o‘tish va uni hayot tarziga aylantirish, o‘quv va ish jarayonlarida to‘la qo‘llashni joriy etish shart. Uning tartibi va tarkibini zudlik bilan ishlab chiqish zarur.
Tasavvur qiling, ko‘cha bo‘ylab hassasini do‘qillatib ketayotgan choldan «Ota, qayoqqa ketyapsiz», deb so‘rasangiz, «Bozorga, nos opkelishga ketyapman, bolam», deyishi mumkin. Shunda siz mabodo, «Ota, «bozorga» so‘zi qaysi so‘z turkumiga mansub, «ga» qaysi kelishikning qo‘shimchasi» deb so‘raydigan bo‘lsangiz, «Yaqinroq kel, bolam, qulog‘im og‘irroq», deb yoniga chorlaydi-da, «Sen meni mazax qilyapsanmi», deb qo‘lidagi tayog‘i bilan boshingizga tushiradi.
Chol o‘zbek tilining fonetika va grammatikasini bilmasa ham fikrini qanday qilib aytish yo‘llarini yaxshi uddalaydi.
Ta’lim va muloqotning kaliti nutq bilan, tarbiya va muomalaning kaliti xulq bilan bog‘liqligini bilmaslik fojiaga olib boradi. Iqtidorli olim va tarjimon Zuhriddin Isomiddinov ijtimoiy tarmoqlarda chiqib e’tirof etganiday, «Manqurt — har bir idora va korxonada, tashkilot va mahkamada topiladigan, millati bor, ammo milliy g‘ururi yo‘q kimsa. Qornining g‘amini orining g‘amidan ustun qo‘yadigan, sirtdan o‘ta ziyoli, ammo o‘zbek bo‘lib tug‘ilganidan faxrlanmay, o‘kinadigan nafs bandasi. Manqurtning belgisi shuki, uning uchun el-xalq, millat degan narsa yo‘q, aholi bor, xolos».
Muammoning sababi ayon. Biz o‘zbek tilida fikr ifodalash va uni yetkazish bilan bog‘liq masalalarda oqsayapmiz. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tilni o‘zlashtirishda amaliy mashg‘ulotdan ko‘ra, nazariy ma’lumotni zo‘rma-zo‘raki singdirish yo‘lidan borib o‘quvchini bezdirdik. O‘quvchi bugun fandan bezsa ertaga vatandan bezadi, indinga vatangado bo‘ladi. O‘z tilimizning barcha jarayonlarda faol qo‘llanilishiga erishmagunimizcha hech qanday sifat va samara bo‘lmaydi.
Til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmidir. Omma tushunadigan xalqchil tilda gapirib, ularni istiqbolli maqsad va rejalarimizga ishontira olsakkina dadil qadamlar bilan oldinga intilamiz.
Yoshlarda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish va ehtiyoj uyg‘otilishi shart. Buning muhim omili masofaviy ta’lim, mustaqil o‘rganishga yo‘naltirilgan videodarslarni ham ko‘paytirish va internet tarmoqlariga joylashtirishdir. Ayni paytda pedagogning kommunikativ kompetensiyasi, muomala madaniyati, ta’sirchan ta’lim usullarini singdiradigan Ritorik mahorat maktabi va notiqlik san’ati markazi yoxud instituti ochilganida edi, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan o‘zaro muloqotimizdagi noxush holatlarga, ko‘pgina muammolarga allaqachon yechim topilgan bo‘lardi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi, «Firmalarning nomlari to‘g‘risida»gi kabi til bilan bog‘liq qonunlari takomillashtirilsa va qonun buzilishi holatlarida chora ko‘rish belgilansa jamoatchilik diqqatini jalb etadigan ko‘cha-ko‘ydagi ayrim savodsizlarcha yozilgan bitiklarning oldi olingan bo‘larmidi.
Tasavvur qiling, AQSh, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya va Ukraina kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili yo‘nalishi ochilib, elimiz va tilimizga e’tibor kuchayayotgan bir paytda biz befarq va loqayd bo‘lsak, kulgili emasmi?!
Insonning o‘zligi uchun ko‘zgu uning so‘zligidir. Kimning kimligini bildiruvchi oynai jahoni ham uning tili. Insonning ikki og‘iz so‘zidanoq uning ongi, saviyasi, bilimi, qiziqish olami, tabiati va tiynatini anglab olish qiyin emas. Xalqimizning «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar» degan maqolida ham ana shu haqiqat yashirin.
Har yili til bayrami tadbirlarini o‘tkazamiz, OAV orqali yoritamiz ham. Amalda qanday? Har birimiz o‘z — o‘zimizga shunday savol berib ko‘raylik. «Ha» degan javobni bersak, shundagina davlat tili amalda bo‘ladi. «Men ko‘rgan, bilgan, eshitgan, guvoh bo‘lgan narsa-hodisa haqida o‘z fikrimni emin-erkin, mustaqil tarzda og‘zaki va yozma nutq orqali yetkaza olamani?» Afsuski, bu savolga ijobiy javob yo‘q.
Endi, bugungi holatga huquqiy jihatdan bir nazar tashlab ko‘raylik. baholaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Reklama to‘g‘risidagi Qonunining 5-moddasiga ko‘ra, davlatimiz hududida reklama davlat tilida berilishi bilan birga, reklama beruvchining xohishiga ko‘ra boshqa tillarda ham e’lon qilinishi mumkin. Xo‘sh, bunga amal qilinyaptimi? Yozuv taxtalari va bannerlaridagi reklama matnlaridagi xatolarga kim mas’ul, nazorati bormi, javobgarlikchi? To‘g‘ri, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 42-moddasiga ko‘ra, davlat tilini mensimaganlar eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin deyilgan. Xo‘sh, bu borada nechta mansab egasi javobgarlikka tortildi va sabablari tahlil qilindi? Nadomatlar bo‘lsinkim, javob yo‘q.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarining hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qarorining 16-bandiga ko‘ra, «sotuvchi, tovarlar va ularni tayyorlovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar xaridorlar e’tiboriga davlat tilida yetkaziladi, shuningdek, boshqa tillarda takrorlanishi mumkin». Taassuflar bo‘lsinkim, bu ham amalda emas. Reklamaning davlat tilida berilishi talab etilmaydi. Zarurat nuqtai nazaridan boshqa til bilan birga davlat tilida ham yozilishi shartku.
O‘zbek tili sohasi mutaxassislaridan xuddi CEFR, IELTS yoki boshqa chet tili sertifikatlari shu til mutaxassislaridan so‘ralgani kabi O‘zbek tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat olish tartibini ishlab chiqish vaqti yetdi, nazarimda.
Ana shundagina Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligi borasidagi da’vatlarining mohiyatini anglab yetgan bo‘lamiz.
«Yangi Namangan»da Yangi O‘zbekiston shukuhi
Rag‘bati yuqori bo‘lgan inson targ‘ibotchi bo‘lsa, so‘zini shavqu zavq bilan yetkazar ekan unda tashviqotchilik namoyon bo‘ladi. Targ‘ibot va tashviqotning mohiyati ham ana shunda. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan «Ma’naviyat festivali» doirasidagi «Madaniyat karvoni» o‘zining ma’rifiy harakatini Namangan viloyati bo‘ylab amalga oshira boshlagandi.
Mashhur san’atkorlarning chiqishlari, taniqli aktyorlarning ijrolari, ziyoli insonlar, ma’rifatparvar olimlarning mulohazalari, hofizlarning xonishlari, namoyish etilayotgan kinolar namanganliklarni aslo befarq qoldirmadi. Targ‘ibotchilarning mahalliy aholi bilan muloqotlarida «Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz» shiorining shukuhi, mamlakatimiz inson qadri ulug‘lanadigan yurt ekani shundoqqina sezilib turardi.
Bizning guruh «Yangi Namangan» tumaniga biriktirilgan bo‘lib undagi O‘zbekiston xalq artistlari Gulchehra Sa’dullaeva, Dilfuza Rahimova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, iqtidorli shoir G‘ayrat Majid, i’te’dodli olima va shoira Shahlo Ahrorova, taniqli teatr aktyorlari Bozorbek Xolmo‘minov va Faxriniso Hayitmurodova, xushovoz xonandalardan Habibullo Shamsiev, Faxriddin Xolnazarovlarning chiqishlari namanganliklarning qalbiga esh bo‘lgani rost. Ayniqsa, taniqli san’atkorlarning ovozi, ijro manerasini o‘xshatishga qaratilgan taqlid san’ati namoyandasi muqallid Bahodir Fozilovning ichakuzdi hangomalari muxlislarini lol qoldirdi. Xalq artistlari Tesha Mo‘minov, Erkin Komilov, G‘ulomjon Yoqubovlarga, rahmatlik so‘z ustasi Obid Asomovga, shuningdek, Alfiya rolini ijro etgan san’atkorga taqlid qilishlarini aytmaysizmi? Muqallidlik noziktab’ san’at, o‘zini o‘zgaga ko‘chirish orqali ovoz o‘xshatishdk murakkab san’at turi. Ma’rifiy maqsad singdirilgan tomosha dasturlari rang — barangligi bilan e’tiborga molik bo‘ldi.
Yangi Namangan misolida aytish mumkinki, viloyatning boshqa tumanlarida ham targ‘ibotchilar alohida hurmat va ehtirom bilan qarshilandi.
O‘zbekiston respublikasi Madaniyat vazirligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining hamkorlikdagi «guldasta»lari gullar shahri bo‘lgan Namanganga yanada chiroy va huzur baxsh etdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tarqatilgan 7 mingdan ziyod kitoblar ma’rifatga oshna va tashna qalblar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Nodirbek Xolbo‘taev tabrik nutqida Madaniyat, san’at va ma’rifatning shifosi ruhiyat ozig‘i ekanini, ajnabiy davlatlardan keltiriladigan qandaydir dorilardanda shifobaxsh ekanligini ta’kidladi.
Ma’rifiy safarimiz davomida Yangi Namangan hududidagi yangi qurilgan uylarning kalitini topshirish tadbirida ham ishtirok etdik. 120 ta o‘rinli besh qavatli uylar boquvchisini yo‘qotgan ayollar, nogironlar, ijtimoiy kam ta’minlangan oilalarga kalitlarini topshirish tadbiri bo‘ldi. Tadbirda viloyat hokimining o‘zlari Abdurazzoqov Shavkatjon Shokirovich ishtirok etib ushbu harakatlar inson manfaati, qadri har narsadan ulug‘ligi, el dardi bilan yashash odamiylikning eng muhim mezoni ekani borasidagi davlatimiz rahbarining g‘oyalarining amaldagi ifodasi ekanini alohida uqtirib o‘tdi. Uylarni egalariga topshirish uchun ramziy tasma qirqilgach, har tomonlama qulay, shinam, yasatilgan uylarga viloyat va tuman faollari bian birgalikda kirib ko‘rib tabriklash sharafiga muyassar bo‘ldik. O‘sha tadbirdan so‘ng xalqimizning suyukli san’atkorlari ijrosida dilbar qo‘shiqlar yangradi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha xushnud kayfiyatda tarqalishdi keyin o‘sha hududdagi «Bunyodkor» mahalla guzarini, bog‘cha hamda maktabni, u yerda yaratilgan sharoitlar hammamizni mamnun qildi.
Ertasiga xuddi shu tumanda, yana bunyodkorlik hududida «Yoshlik suv inshooti»ning ochilishida bo‘ldik. Bu yerda ham viloyat hokimi o‘zining tizimi, tarkibi bilan ishtirok etdi va bu joyga 43 yil mobaynida toza ichimlik suvi kelmaganligini aytdi. Prezidentimizning navbatdan tashqari bu hududga kirib kelgani va bergan topshiriqlari va 1 yil 2 yilning ichida amalga oshirilgan ishlar haqida fikr bildirdi. Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, Namangan viloyatiga kelganimiz hamonoq tizimli ravishda mahalliy aholi bilan muloqotlarning reja asosida uyushtirilishi, tashkilotchilik tomoni bizga juda ma’qul keldi. Yangi Namanganda yangi O‘zbekistonning shukuhi va davlat rahbarining xitobi yangrayotganligini va amal qilinayotganligini to‘la ishonch hosil qildik. Namangan viloyatining barcha tumanlarida xuddi shunday o‘zgarishlar ijobiy ma’nodagi evrilishlar va qurilishlar mahalliy ong tafakkuridagi burilishlar bilan bog‘liq ekanligini e’tirof etgim keladi.
Ayniqsa, maktablarga borganimizda, o‘quvchilarning ko‘pchiligi ko‘ksiga taqilgan orden va medallar bilan bizlarni ham g‘ururlantirdi. Maktab direktorlari farzandlarini o‘zlarining o‘quvchilarini bunday nishonga ega ekanligini ko‘rib qalbida iftixor tuyg‘usi junbush urgani aniq. Mazkur tumandagi 2 — 68 — hamda 93 — sonli umumta’lim maktablarida bo‘lib u yerdagi ta’limiy — tarbiyaviy jarayon va sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. 68 — sonli maktabning direktori Burhonova Saida Umarovna benihoya shod bo‘lib o‘z o‘quvchilarini sport va san’at sohasida dunyo miqyosida yutuqlarga erishganlarini to‘lqinlanib so‘zlashdi. 2 — sonli umumta’lim maktabiga kirganimizda direktor Umidaxon To‘xtaboeva g‘ururlanish asnosida viloyat hokimining o‘zlari ham xuddi shu maktabda o‘qiganini aytishdi. Ayniqsa, bir paytlari San’at institutida saboq berganim bugungi kunda taniqli san’atkor bo‘lib el-yurtga xizmat qilayotgan aka-ukalar Iskandar va Samandar Hamroqulovlar ham aynan shu maktabda tahsil olganlari kaminani g‘ururlantirdi. Maktab nihoyatda did bilan zamonaviy yo‘sinda ta’mirlanganining guvohi bo‘ldik. Biz bilan hamroh bo‘lib yurgan Yangi Namangan tumani hokim muovini A’zamjon Isoqov va O‘zbkiston Yozuvchilar uyushmasining Namangan bo‘limi rahbari Ziyovuddin Mansurlar ham bunday o‘zgarishlarni islohotlarning mantiqan asosi va isboti ekanini aytib, xalq ongu tafakkurida qurilishlarga yarasha burilishlar ham bo‘layotgani, barchani yaratuvchanlik, bunyodkorlik kayfiyati bilan yashayotganini e’tirof etishdi. Iqtidorli shoir G‘ayrat Majid tadbirlardan birida yig‘ilganlarga «Biz qaysi viloyatga bormaylik, bizni ochiq chehra karnay-surnaylar bilan, non — tuz bilan kutib olishini ko‘rib zavqlanamiz. Yaqinda xizmat safari bilan Afg‘onistonda bo‘ldik. Shunda samolyotdan tushganimiz zahoti yuragimiz orqaga tortib ketdi. Sababi bizni qurollangan askarlar, tanklar bilan kutib olishdi. Keyin o‘ylab qoldim, bu qanday holat, nima bo‘ldi desam, biz sizlarni qo‘riqlab omon — eson manzilga olib borishimiz kerak notichlik bo‘lgani uchun shunday qilmasak bo‘lmaydi deyishdi. O‘shanda tinchlikning qadriga yetish zaruratini o‘sha yerda yana bir bor hisetdim. Endi non-tuz bilan kutib olingan O‘zbekistonimizning va tanklar, sovuq qurollar bilan peshvoz chiqqan Afg‘onistonni bir muqoyasa etib ko‘ring. Yana bir narsani eslatmoqchiman, onaizorim menga bir duo qiling desam, qisqa, lo‘nda qilib «tinchlik bo‘lsin, tani sihatlik, xotirjamlik bo‘lsin» degan duoni qilardi. Onajon, men sizga bir kengroq duo o‘rgataymi, deb hazillashardim. Onaizorim miyig‘ida kulimsirb qo‘yar va indamasdilar. Aslida, el-yurtga tinchlik va osoyishtalik tilashdan qadrliroq va ulug‘roq duo yo‘q ekan. Keyin onaizorimga aytgan e’tiroznamo gapimdan hijolat chekkandek bo‘ldim».
Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli Ibrat nomidagi Ijod maktabida sevimli shoiramiz Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid va «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining Bosh muharriri Salim Ashurlar bilan birgalikda ijodiy muloqot uyushtirdik. Chet tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan ushbu ijod maktabida o‘quvchilarning o‘zbek shoirlarining she’rlarini ingliz, fransuz, nemis, turk tillariga tarjima qiib o‘qiganlari bizlarni havaslantirdi. So‘ngra mehmon sifatida ishtirok etganlar ham ona til, ona vatan tuyg‘usi va kitobsevarlikka da’vat ruhidagi she’rlaridan namunalar o‘qib o‘zlarining maslahatlarini izhor qilish asnosida mualliflik kitoblarini bilimdon o‘quvchilarga dastxatlari bilan taqdim etishdi. O‘z tiliga bo‘lgan mehr -muhabbatni yo‘qotmasdan xorijiy tillarni o‘rganish kerakligini, ona tilimizning boyligi va nafosatini aslo unutmasliklari uqtirildi. Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizning Davlat tili haqidagi Qonunning qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan bayram tabriklarida keltirilgan Is’hoqxon to‘ra Ibratning ushbu mulohazalari va xitobi yana bir bor eslandi. «Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir!”
Yangi O‘zbekiston ruhi yangi Namangan shukuhi bilan uyg‘unligi bizni ruhlantirgani, bu esa islohot va siyosatlarning hosilasi mevasi ekanini aytmaslik insofdan emas.