TAYANCH VA SUYANCH USTUNI
Xalq bilan taniqli ijodkorlarning, san’at va madaniyat ahlining muloqoti ruhiyatning tetik va kayfiyatning ko‘tarinki bo‘lishiga zamin hozirlashi aniq. Mana, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangan ushbu xayrli va ma’rifiy harakat o‘z samarasini berayotgani aniq. Bugungi kundagi sa’yi harakatlarimiz, olib borilayotgan siyosat va islohotlarning mazmun-mohiyatini anglash va anglatish bobida katta ahamiyat kasb etayotgani ham rost. Ma’naviyat festivali doirasidagi Madaniyat karvonining ayni muddaosi ham shunda.
Bu gal sirdayoliklar bilan boshlangan samimiy muloqot va ijodiy suhbatlar ham barchamizga zavq baxsh etayotganidan mamnunmiz.
O‘zining uzoq tarixiga ega, yunonlar Yaksart deb atagan, arablar Sayhun nomi bilan yuritgan Sirdaryoning siri, sirdaryoliklar ta’siri bu qutlug‘ go‘shaning asiri, maftuni bo‘lishga chorlaydi. Qo‘li qadoq, qalbi qaynoq sirdaryoliklarning jo‘mardligi, zahmatkashligi barcha jarayonlarda namoyon bo‘layotganining guvohi bo‘ldik. Talabalik paytlarimizda paxta yig‘im-terimida bo‘lganimiz «Oqoltin» tumaniga kelish yana bir bor musharraf bo‘lganidan shodligimiz cheksiz. Ayniqsa, oqoltinliklarning yuzu ko‘zlaridagi nur qalbimizga g‘urur bag‘ishlaganini ta’kidlash joiz. Bizning guruh tarkibida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shamsuqamar Mansurova, O‘zbekiston Davlat drama teatri aktrisasi Go‘zal Payzieva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova, «Nihol» mukofoti sovrindori Dilmurod Qurbonov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari Ozoda Yorova, Sunnatilla Fazliddinov, so‘z ustasi Sayfiddin Fayziev, estrada xonandasi Sherbek Shodievlar oqoltinliklarning xushnudligiga bois bo‘layotgani quvonarlidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning qishloq xo‘jaligidagi ishlar holati, aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 6 oktabr kuni Sirdaryo viloyatida bo‘lishi mahalliy aholini ancha ruhlantib yuborgani aniq. Biz aholi bilan suhbat jarayonida ana shunga amin bo‘ldik. Yerga munosabat elga munosabat bo‘lib xalqning ehtiyojlarini qoplash, ular uchun imkoniyat va sharoitlar yaratish ishonchni mustahkamlashdan tashqari xalqqa kuch va qudrat baxsh etishi ham muqarrar.
«Yer — xalqimiz rizq-ro‘zi manbai. Bir paytlar paxta maydonidan bir gektar ajratish jinoyat edi, takroriy ekin ekkan ta’qib qilinardi. Mana, hozir 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini aholiga berdik, hali yana beramiz. Ulardan olingan mahsulot ham xalqimizniki-ku. Bozorga mahsulot, oilalarga daromad bo‘ladi-ku,» — deydi Prezidentimiz.
Ushbu oqilona tashabbus endilikda xalqni to‘kin, farovon hayot uchun harakatlantiradi va turmushlarini yaxshilashiga sabab bo‘ladi. Topgan daromadidan uy-joy qilish, mashina sotib olish, to‘ylar qilish taraddudida bo‘ladi. Bu esa ularnig hayotga bo‘lgan muhabbati va ishtiyoqini yanada kuchaytirmasdan qolmaydi. Qolaversa, farzandlari sarson-sargardon bo‘lib ish izlab xorijga chiqishiga endilikda asos ham bo‘lmaydi.
Tadbir davomida san’atkorlarning dilgir, sho‘x qo‘shiqlariga raqsga tushib, hammaning havasini keltirib, charchoq nimaligini bilmagan, yoshlari saksondan oshgan buvijonlardan tarkib topgan «Oltin meros» folklor — etnografik jamoasiining badiiy rahbari Habiba ona Mirzaeva Prezidentning tashrifi, nutqlari hamda takliflarini tinglay turib o‘zida qandaydir kuch paydo bo‘lganini to‘lqinlanib gapirdi. Hatto, ushbu manfaatli harakatga o‘z farzand va nevaralarini ham safarbar etganini aytib o‘tdi. Jumladan, uning ushbu so‘zlari butun sirdaryolik qadrdonlarimizni qalbidan sizib chiqqan mulohazalar deyish mumkin.
«Bor kuch-g‘ayratini, fikri zikrini o‘z xalqini boy qilishga qaratgan va shu yo‘lda tinim bilmay izlanayotgan Yurtboshimizga tahsin aytgim keladi. Tasavvur qiling, o‘tgan haftaning o‘zida bizning viloyatimizga kelishlaridan tashqari Vengriyaga, so‘ngra Sankt-Peterburgga borib muzokaralar olib borishlari uchun qancha energiya va kuch-g‘ayrat kerak. Umrlari ziyoda bo‘lsin, baxtimizga doim sog‘u omon bo‘lsinlar. O‘zlari aytib o‘tganidek, viloyatimizda 35 ming nafar ishsiz, 42 ming nafar chet elga ishga ketganlar borligi, buning oldini olish uchun mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni ham hisobga olib, 100 ming ish o‘rni yaratish zarurligi, buning uchun paxta maydonlari qisqartirilib, bu yerlar aholiga bo‘lib berilishi haqigi takliflaridan benihoya shod bo‘ldim. Bu mamlakatning taraqqiyoti, o‘z xalqini boy qilish, rozi qilish yo‘lidagi harakatlar ularga kuch berayapti, desam xato bo‘lmasa kerak, Xalqini yaxshi ko‘rgan davlat rahbariga Alloh taloning o‘zi kuch — g‘ayrat bag‘ishlasa keragov, deb o‘ylayman. Ayniqsa, viloyatimizni ishsizlik yo‘q bo‘lgan hududga aylantirish haqidagi fikrlariga, rejalariga lol qoldim.»
Tushdan keyin 9-sonli umumiy ta’lim maktabidagi uchrashuv o‘quvchi va o‘qituvchilarini birdek xursand qildi. Alisher Jo‘raqulov direktorlik qilayotgan ushbu maktab jamoasining, o‘quvchilarning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishi, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning ijrosi borasidagi keng ko‘lamli ishlaridan mamnun bo‘ldik.
Tadbirlarni uyushtirish va tashkillashtirishda bizga hamkorlik qilayotgan Respublika Madaniyat vazirligidan Jasurbek Xurramov, Ma’naviyat va ma’rifat markazidan biriktirilgan Alisher Azimov va Oqoltin tumani ma’naviyat markazi rahbari Nuriddin Yo‘ldoshevlar mamnun holda, kelgusi yil Sirdaryo ahli viloyatning 60 yilligini barcha jabhadagi yutuqlar bilan, mehnatdagi ibrati va shijoati bilan kutib olishlariga to‘la ishonch hosil qilganlarini e’tirof etishdi.
O‘z faoliyati bilan xalqiga tayanch va suyanch bo‘lishdek sharaf va mas’uliyat davlatimiz rahbarining strategik maqsadlari bilan uyg‘unligi barchamizga yangi kuch va yangi ilhom bag‘ishlashi, shubhasiz.