9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

IQTISODCHI SIYOSATDAN CHETDA EMAS

notiq.uz > Yangiliklar  > IQTISODCHI SIYOSATDAN CHETDA EMAS

IQTISODCHI SIYOSATDAN CHETDA EMAS

Mamlakat taqdiri fidoyi, keng dunyoqarashga ega, ilmparvar, siyosiy ziyrak insonlar bilan chambarchas bog‘liq. Chunki ularda yurt qismatiga daxldorlik tuyg‘usi va fuqarolik burchini anglash hissi ustuvorlik kasb etadi. Rahbar sifatida ijtimoiy — siyosiy jarayondan chetda turish mumkin emas. Shuning uchun ham Umurzakov O‘ktam Pardaevichning deputat sifatidagi faoliyati e’tiborga molik.

Ijtimoiy — siyosiy jarayonlarida faollik har bir rahbarning mas’uliyati va majburiyat burchiga tegishli ekanini fahmlash asnosida O‘ktam Pardaevich 2019 yil dekabrdagi xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga o‘tkazilgan saylovlarda O‘zbekiston liberal demokratik partiya tomonidan nomzod sifatida ishtirok etishni maqbul ko‘rdi.

Aniqrog‘i,  ta’lim dargohimiz jamoasi atrofidagi mahallalar bilan yaqindan turib olib borilgan hamkorliklarimiz tufayli mahalla faollari tomonidan O‘ktam Pardaevich deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatildi.

 O‘sha jarayonlarda faol va mas’ul bo‘lgan institut dekani Qodirjon Shovvazov shunday hikoya qiladi. «O‘ktam Pardaevich meni chaqirtirib, “Sizning bu borada tajribangiz bor. 2018-2019 yillarda Toshkent shahar xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tumani Kengashidan deputat bo‘lgansiz. Shuning uchun institutimizdan  saylov jarayonlarida mening ishonchli vakilim bo‘lishga sizdan boshqa nomzodni munosib ko‘rmadim, nima deysiz,”- dedilar. Shu zahoti men rozi bo‘ldim. Ish jarayonlari boshlanib ketdi.”

Har qanday iqtisodni siyosatdan, siyosatni iqtisoddan ayro tasavvur etish mumkin emas. Qolaversa, bu shaxsning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va jamiyatdagi faolligining belgisidir.

Muayyan partiyaga a’zo bo‘lish yoxud uning nomidan deputat bo‘lish shunchaki ish emas. O‘ktam Pardaevich o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lgan deputatlardan. Maqsad, harakat, natija va samarani talab etadigan da’vatkor kuch bor edi ularda. Harakatlar strategiyasining 5 ta bosqichiga O‘zLiDeP nuqtai nazari bilan yondashishda ko‘pchilikka ibrat bo‘ldi.

O‘zLiDeP Toshkentning jahondagi rivojlangan megapolislar safidan munosib o‘rin egallashini ta’minlashni o‘z oldiga bosh maqsad, vazifa sifatida qo‘yar ekan, shu maqsadda Toshkent shahrini rivojlantirishning uzoq muddatli dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishdek vazifaga bel bog‘laganligini ustoz amalda isbot etdi.

Axborot sohasini erkinlashtirish-jamiyatni haqiqiy demokratlashtirish garovi ekanini, O‘zbekistonning kelajagi o‘zini o‘zi boshqarish organlari – fuqarolik jamiyati poydevori bilan to‘g‘ridan — to‘g‘ri bog‘liqligini, nodavlat notijorat tashkilotlarining keng tarmoqli tizimini shakllantirishga ko‘maklashishni his etarkan, sud-huquq tizimida qonuniylikni mustahkamlash, yuridik yordam va xizmatlar ko‘rsatilishi tizimini takomillashtirish bilan bog‘liqligini partiya a’zosi sifatida anglab yetdi.

O‘ktam Pardaevich o‘z partiyasi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Ya’ni, Toshkentni iqtisodiyoti samarali, jadal va barqaror rivojlanayotgan, iqtisodiyoti yangicha shakl — “ilmga asoslangan iqtisodiyot”, “innovatsiyaga asoslangan iqtisodiyot”ga va qudratli “axborot hamjamiyati”ga tayanuvchi shaharga aylantirishni asosiy maqsad deb bildi. Buning uchun esa tadbirkorlik faoliyatiga monelik qilayotgan barcha to‘siqlarni bartaraf etish hamda tadbirkorlik rivoji uchun qulay sharoit yaratish, iqtisodiyotning yuksak texnologiyalar va innovatsiyaga asoslangan sektorlarida biznesni qo‘llab-quvvatlash, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish hududlaridagi sanoat zonalarini rivojlantirish va qayta tashkil etish, investitsiyalarni jalb etish maqsadga muvofiqligini ustoz teran idrok etdi va buni saylovchilar bilan muloqotida dalillar bilan asoslab berdi.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan “tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish – bu davlat siyosatiga to‘sqinlik qilish”dir degan tamoyilga tayangan holda ish olib bordilar.

O‘zLiDeP  tomonidan ilgari surilgan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – poytaxtning kuchli va yangi iqtisodiyoti asosi”, “Toshkent — innovatsion iqtisodiyot taraqqiy etgan shahar”, “Toshkent — intellektual shahar”, “Toshkent — salomatlik jamiyatning muhim boyligi va aholining turmush tarzi sifatida qadrlanadigan shahar”, “Toshkent – yoshlar shahri”, nomli shiorlar ostidagi rejali maqsadlar bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini keskin tarzda aytdi va bu jarayonga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.

O‘zLiDeP ning burch, vazifa va maqsad haqidagi shiorlari avvalombor davlatimiz rahbari, keyin esa O‘ktam Pardaevichning qalb prizmasidan o‘tgan va amal qilgan qarashlaridir desak, xato bo‘lmasa kerak. Burch — xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish! Vazifa — fuqarolarimiz manfaatlari yo‘lida harakat qilish! Maqsad — Toshkentning dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan megapolislar safidan munosib o‘rin egallashini ta’minlash!

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga qarashli Toshkent shahar Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida O‘zLiDeP  tomonidan nomzodi ko‘rsatilgan O‘ktam Pardaevich Umurzakov bilan saylovchilarning kursant va ofitserlarning o‘zaro muloqoti belgilangan. Ustozning o‘sha kuni Oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida ham tadbiri bo‘layotgandi. Kelolmasliklari ayon bo‘lgach, ishonchli vakil sifatida mening ishtirok etishimga to‘g‘ri keldi. Boshqa partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ham respublika miqyosida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan insonlar edi. O‘ktam Pardaevich haqida so‘z ochganim hamonoq, qarsaklar yangradi. Kursantlar har bir nomzodning hayotiy faoliyati bilan allaqachon tanish ekanlar. Kamina hammaga ham ishonchli vakil bo‘lavermaydi degan ma’noda, jo‘shib ularning ta’lim tizimidagi jasorati va amalga oshirgan ishlari borasida ilhomlanib nutq irod etdi. Kursant va ofitserlarga har qanday qo‘mondon strateg bo‘lolmasa, taktika qo‘llay olmasa jangda g‘olib bo‘lmasligini aytib O‘ktam Pardaevichda uzoqni ko‘ra bilish va bergan va’dasini albatta uddasidan chiqa olish iqtidori borligini ta’kidlaganimda gulduros qarsaklar yangradi. Ishonasizmi, yo‘qmi, bilmadim, 15 daqiqa so‘zlagan bo‘lsam, ta’lim muassasamizning “Gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov olti marta qarsaklar bilan olqishlashganini e’tirof etdi. Savol-javoblar ham ana shunday jonli va samimiy tarzda kechdi. Bu ustozning rahbar va inson sifatidagi qilgan xizmatlarini qadrlash edi.

Va nihoyat o‘tkazilgan saylov natijalari bo‘yicha 96% lik ko‘rsatkich bilan O‘ktam Pardaevich nomzodi xalq deputatlari Toshkent shaxar Kengashiga deputat etib saylandi. Keyinchalik, bu yo‘nalishda ham birgalikda faoliyat olib borildi. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Mustaqillik”, “Oqibat”, “Shahrisabz”, “Lashkarbegi” va “Mirzakalon Ismoiliy” nomli mahallalarida shaxsan O‘ktam Pardaevichning tashabbuslari bilan bunyodkorlik va obodonchilik loyihalari amalga oshirilib qayd etilgan mahallalarda bolalar va sport maydonlari, stadionlar barpo etildi, ehtiyojmand oilalar, faxriylar qo‘llab — quvvatlanib ularga ijtimoiy yordamlari ko‘rsatib kelindi.

Oliy ta’lim muassasasi va mahalla hamkorligi masalasida ham O‘ktam Pardaevichning ibratli ishlarni amalga oshirganlari alohida e’tiborga molik.  Jamiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan mahallada turli yoshdagi, turli kasbda faoliyat yurituvchi, har xil soha vakillari istiqomat qilishadi. Mahalladagilar ham jamiyat istiqboli aqlan va jismonan sog‘lom avlodga qaratilgan e’tibor hamda yaratilgan imkoniyatlarga, sharoitlarga bog‘liqligini yaxshi bilishadi. O‘ktam Pardaevichning rahbarligi va tashabbusi bilan  Mirzo Ulug‘bek tumani “Lashkarbegi” mahallasida yoshlar uchun tashkil etilgan yugurish, futbol va basketbol maydonchasidan iborat sport majmuasining bunyod etilishi yoshlar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. Bugungi kunda yashil tusda bejirim bezatilgan futbol maydonchasiga oshiqayotgan bolalarning xursandchiligi va minnatdorchiligi cheksiz. Shularga qararkanman, beixtiyor O‘ktam Pardaevichning ikkita jamoaga koptokni tepib o‘yinning boshlanishiga izn bergani ko‘z o‘ngimga keladi.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” dasturi asosidagi vazifa va talablarga amaliy javob bo‘lgan ushbu sport majmuasining ochilishida mahalla faollari, mehnat faxriylari, tuman deputatlari hamda TIQXMMIning professor o‘qituvchilari ishtirok etishgandi.

Boshlovchi sifatida mazkur tadbirni olib borarkanman, uning ahamiyati borasida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, TIQXMMIning rektori, professor O‘ktam Umurzoqov, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Ergashev va mahalla faxriylaridan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Muqaddas Abdusamatovalarning so‘zga chiqib o‘z fikrlarini o‘rtoqlashganlari hamon yodimda turibdi.

Davlat va hukumatimizning e’tiborida bo‘lgan jamiyatning katta, kichik yacheykalari — oila, mahalla muammolariga ham befarq bo‘lmasdan imkoniyati doirasida moddiy va ma’naviy yordamini ayamadi.

O‘ktam Pardaevich bunday xayrli ishlarni oliy ta’lim muassasasi rektori yoki deputatlik vakolati yuzasidangina amalga oshirmadi, xalqchil, xokisor, oddiy insonning burchi, qalb qo‘ri sifatida qaradi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.