9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

YETTI “I” NING SIRI

notiq.uz > Yangiliklar  > YETTI “I” NING SIRI

YETTI “I” NING SIRI

     Ustoz Umurzakov O‘ktam Pardaevich bir kuni meni o‘z kabinetlariga  chorladilar, «Rahimboy aka» dedilar (yoshlari mendan katta bo‘lsa ham negadir kaminaga shunday murojaat qilardilar) «Sizni televidenie orqali ma’naviyat va ma’rifat  masalalarida ham o‘z harakatlaringiz bor. Bir necha ko‘rsatuvlarni olib borgansiz. O‘z vazifangizdan tashqari mana shu yo‘nalishdagi qobiliyatingizni ham ishga solsangiz» — deb qoldilar. «Respublikada taniqli tajribali yoshi ulug‘ olimlar, san’atkorlar, turli sohaning yirik insonlari bor, shulardan yoshlar saboq olishsa, o‘rganishsa ma’qul bo‘larmidi, deyman» — dedilar. Chunki ularda juda katta hayotiy tajriba bor. Toki talabalar bilishsin, muvaffaqiyatga birdaniga erishish mumkin emas, uning orqasida sabot-matonat va bilim bor.”

Turmush dovonlaridan, qiyinchiliklardan aql — idrok bilan o‘tgan insonlar kechani biladi, bugunning qadriga yetadi va inson  kamolot yoshiga yetishi uchun, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun qanday bo‘lishi kerak, nimalarga e’tibor berishi kerak degan savollarni yoshlarning ongu shuuriga singdirsak, shu tartibda uchrashuvlar qilsak maqsadga muvofiq bo‘larmidi» — deb qoldilar. 

O‘ylab yurganim ham shu edi, bajonidil qabul qildim va ertasigayoq «Iste’dodli, ijodkor, iqtidorli, ibratli insonlar irrigatsiya institutida” deb nomlangan turkum tadbirning ssenariysini olib kirdim. Ssenariyga birrov nazar tashlab o‘qish asnosida ko‘z yugurtirib chiqdilarda miyig‘ida kulimsirab shunday dedilar. «Hamma yog‘i «IIIIIII» bo‘lib ketibdi-ku. Menga yoqdi, ma’qul. Juda yaxshi boshlang, madaniyat saroyida o‘tkazing»- dedilar. Shu bilan bu ushbu ma’rifiy loyiha boshlandi.

O‘ttizga yaqin taniqli olim va siyosatdonlar, mashhur yozuvchi va shoirlar, mahoratli san’atkor va aktyorlar ushbu loyihaning mehmoni bo‘lishdi. Ularning ishtiroki shu darajada jonli kechardiki, savol-javoblarning keti uzilmasdi.

Unda o‘z sohasining yirik bilimdonlari o‘z hayotiy tajribalarini o‘rtoqlasharkan, umri mobaynida yo‘l qo‘ygan xatolariyu, erishgan muvaffaqiyatlari xususida maroq bilan so‘zlardiki, talaba va professor o‘qituvchilar esa berilib tinglashardi. Chunki taniqli insonlarning, buyuk va suyuk shaxslarning hayoti silliq kechmagan. Hayotda o‘suvchining hamisha to‘suvchisi bo‘lganini ularning o‘z taqdirlari misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin. Tarix bunga shohid.

          O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov bilan uchrashuv ham ko‘pchilikning yodida qolgan. Teshavoy aka o‘ziga berilgan rolni, uning ruhiy holati va kechinmalarini sinchiklab o‘rganadi. Qaysi vaziyatda o‘zini qanday tutishi va so‘zini qanday aytishigacha obdon o‘rganadigan, tahlil qiladigan analitik aktyorlardandir. Shuning uchun ham u ijro etgan rollar tabiiy chiqadi, tomoshabinni bir zumda o‘ziga tortib oladi. U o‘zining o‘ktam ovozi va o‘tkir nafasi bilan rolga jilo beradi. U o‘zi ijro etgan rollardan ayrim monologlarni mahorat bilan ijro etish asnosida darhol tomoshabinni o‘ziga jalb eta oladigan kuch, energiya bor edi ularda.

Ustoz O‘ktam Pardaevich bunday tadbirlarda odatda, zalga kirib orqa o‘rindiqlardan birida o‘tirib zimdan kuzatardilar. Talabalarni ham, chaqirilgan mehmonni ham bezovta qilmasdilar. Agar ular ko‘rinish bersalar, talabalar iymanib, professor o‘qituvchilar esa istihola qilib, savol — javoblarni kamaytirishlari mumkin edi. Toki, o‘zlarini erkin tutib tortinmasinlar degan ma’noda orqa o‘rindiqda o‘tirib, diqqat bilan kuzatar edilar. Tadbir yakunida esa sahna yoniga borib mehmonga ta’lim muassasasi nomidan minnatdorchilik bildirardi. Tesha Mo‘minovning uchrashuvdagi bir fikrlari ularga juda ma’qul kelganini keyinchalik ham eslab yurdilar. «Men mustaqillikdan oldin gado edim, mustaqillik meni shoh qildi.» Bu o‘rinda Tesha Mo‘minov, dastavval, taniqli adib Oybekning «Qutlug‘ qon» romani asosida ishlangan videofilmda qashshoq Yo‘lchi obrazini, keyin esa sohibqiron Amir Temur rolini sahnada jonlantirganiga ishora qilgandi.

Siyosatshunos olimlardan Narzulla Jo‘raev va To‘lqin Alimardonov hamda shoir Azim Suyun bilan uchrashuv ham ko‘p jihatdan yodda qolgan. Narzulla Jo‘raev nemis adibi Nitshe g‘oyalarini serqirra, o‘ta isyonkor, o‘ta haroratli, o‘ta jozibador ekanini ta’riflab, uning har qanday inson qalbini junbushga keltiradigan, favqulodda katta va qudratli ta’sir kuchiga ega ekanini asoslab berardi. Nitshening so‘zi “dinamit” g‘oyalar ekanini aytib, uning g‘oyalari taxayyuldagi dinamit, tasavvurdagi dinamit, tafakkurdagi dinamit, deya fikrlarini ifoda etgandi Narzulla aka. 

O‘ktam Pardaevich mantiqiy mushohaaga moyil, har narsadan mantiq va falsafiy fikr izlashni xush ko‘rardilar. Shuni bilganim holda Narzulla Jo‘raev e’tirof etgan Nitshening qarashlaridan ayrim iqtiboslarni telegrammdagi raqamlariga tashlab qo‘yardim.

Nitshe: “Doimo kuchlilarni kuchsizlardan himoya qilish lozim!”                                                                                                   

Ustoz kuchlilar hamisha ozchilikni tashkil etishini, kuchsizlar, ojizlar, ma’naviy zaiflar esa ko‘pchilikdan iborat bo‘lishini idrok etardilar. Siyosatshunos Narzulla Jo‘raev ta’biri bilan aytganda,  «Har qanday sharoitda ko‘pchilik ozchilikni yengadi, g‘alaba qiladi. Ojizlar, notavon va noshudlar qumursqa misoli yopiriladi, talaydi. Oxir-oqibatda kuchlilarni abgor qiladi. Kuchlilar o‘z kuchi va irodasiga ishonib, yakka-yakka tartibda yashashadi. Ojizlar esa birlashib, to‘da-to‘da bo‘lib, g‘uj yashashadi. Kuchlarni birlashtirishadi va oxir-oqibatda kuchlilardan ustun kelishadi.»                                                                                                                                                                               

Narzulla akaning “Avesto” falsafasi haqidagi mulohazalari ham  ma’qul kelganini e’tirof eta turib ilmning qiymati va olimning qadrini ustun qo‘yadigan zot edilar ustoz.

Xuddi shuningdek, siyosatshunos olim To‘lqin Alimardonovning Sharof Rashidovning hayotiy va ijodiy yo‘li haqidagi fikrlariga e’tibor qilarkanlar, ko‘pchilikka qorong‘u bo‘lgan Sharof Rashidov faoliyatining muhim qirralarini ochib berganiga tan bermasdan iloj yo‘qligini ta’kidladilar. Tadqiqotning qiymati ilm yo‘lida izlangan, zahmat chekkan olimning mehnati bilan belgilanishini ham qayd qilib qo‘yardilar.

Kezi kelganda shuni aytish joizki, ustozning otalari Parda Umurzoqov garchi bor yo‘g‘i 48 yil umr ko‘rgan bo‘lsalarda, qisqa umri mobaynida fidoyi, jonkuyar tashkilotchi rahbar sifatida el-yurt e’tiboriga tushganlar. Ular Samarqand viloyati (hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Jizzax viloyati) Zomin tumani Mo‘g‘ol qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand viloyatining 3 ta tumanida partiya tuman qo‘mitasining 1-kotibi bo‘lib ishlagan. 1948 yilgacha — Zomin tumanining birinchi kotibi, 1948-55 yillarda – Oqdaryo tumanining 1-kotibi vazifalarida sidqidildan ishlaganlar. Ularning olijanob xizmatlaridan biri shuki, o‘sha paytda oddiy jurnalist, Samarqanddagi gazetalardan birida muharrir bo‘lib ishlagan yosh Sharof Rashidovga homiylik qilib uning kasbiy kamolotiga hissa qo‘shganlar. Parda ota tabiatida bor bo‘lgan beg‘araz yordam, saxovatpeshalik, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash farzandlari hayotiga ko‘chgani ham bejiz emas.

 O‘ktam Pardaevich biron muhim hukumat tadbirlarida ishtirok etishi zarur bo‘lib mabodo o‘zlari qatnasha olmay qolsalar, ijodiy uchrashuvning qanday o‘tgani, mehmonning hurmatini joyiga qo‘yib kuzatilgunigacha obdon sinchiklab so‘rab olardilar. Imkoni bo‘lsa, ularga telefon qilib jamoa nomidan minnatdorchilik bildirishni ham kanda qilmasdilar. Ma’naviyatli insonning fazilati ham aslida, shu emasmi.

 Bunday yo‘sindagi ijodiy muloqotlar bir jihatdan talabalarning yodida qolsa, ikkinchi tomondan mashaqqatli hayot dovonlaridan oshib o‘tgan, tajribali ziyoli insonlarning hayotda zarur ekanliklarini his ettirar va yanada ilhombaxsh zavq bilan ijod etishiga imkon tug‘dirardi. Har gal meni kabinetlariga chorlab keyingi hafta kim bilan uchrashuvlar bo‘lishini so‘rar, tayyorgarlik ko‘rish kerakligini, imkon darajada barcha fakultetlar talabalarining galma-gal ishtirok etishini talab etardi.

Unutilmas uchrashuvlardan yana biri «Davlat tili haqida»gi qonunning qabul qilinganining 30 yilligi oldidan tashkil etildi.

Bu galgi uchrashuv ona tilimizning jonkuyari, fidoyi olim Omonulla Madaev bilan rejalashtirilgan edi. Ertasiga bo‘ladigan suhbatdan oldin O‘ktam Pardaevich biron topshiriq chiqib qolmasa, albatta o‘zlari ishtirok etishini tayinladilar.

Ertasiga Omonulla Madaev bilan uchrashuv o‘z vaqtida boshlandi. O‘ktam Pardaevich ham yetib keldilar. Ustozlarning har ikkalalarida ham fanga va ta’lim — tarbiya masalalariga qarashda uyg‘unlik bor edi. Odatda, ta’lim va tarbiya haqida so‘z ketsa, bevosita uning sifati va samarasi haqida bahs boshlanadi. Bu tabiiy hol. Chunki ta’limning mohiyati barkamol avlodni, ertangi kunning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarni vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz manfaati yo‘lida kengqamrovli bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lishini ta’minlashdir. Tarbiyalangan inson tarbiyalaydi, ta’lim olgangina ta’lim bera oladi. Bu ham ayni haqiqat. O‘quvchi, talabalar bilimga qiziqmaydi, ular yalqov bo‘lib ketgan, aksariyati fanlarni o‘zlashtira olmaydi, loqayd degan savollar bilan o‘zimizni aldaymiz, xolos. Gap ilm oluvchi talabadami, yo bilim beruvchi muallimdami?

“Pedagog” so‘zining lug‘aviy ma’nosi bola yetaklovchi demakdir. O‘ziga va so‘ziga qiziqtiradigan, ishontira oladigan insongina ergashtira oladi. Chinakam muallim faniga, vataniga, shogirdlariga mehr — oqibatli bo‘ladi.

Tadbir mehmoni sifatida ustoz Omonulla Madaevning ishtiroki talaba, magistrant va professor-o‘qituvchilarning yodida bir umrga muhrlanib qolgani aniq. Ma’naviy tadbirda qatnashganlar olgan taassurotlarini to hanuz bir-biriga aytib yurishadi. Ona til millatning boyligi va borligi ekanini, uni sevish kitob mutolaasi bilan bog‘liq ekanligini qayta-qayta e’tirof etgandilar ustoz. O‘qishdan maqsad uqish, mutolaadan maqsad mushohada ekanligini uqtira turib, har bir so‘zning o‘z ma’nosi, vazni, hidi borligini, uni didi bor insonlargina to‘g‘ri qo‘llashi mumkinligi borasida kuyunib so‘zlagandilar o‘shanda. «Oliygoh» so‘zi sun’iy yasalganini, hech qanday ma’nosi yo‘qligini, «anjuman», «bejizga», «lutfan taklif» kabi so‘z va iboralarning ma’no doirasini bilmasdan qo‘llash kabilar til sofligi, to‘g‘riligi hamda aniqligiga zid ekanini misollar bilan dalilladilar.

Tadbir nihoyasiga yetgach, ustoz muallim institutning esdalik sovg‘alarini qabul qilib olarkanlar, ushbu mulohazalarni ham qo‘shib qo‘ydilar. «Suvning qadrini har bir mirob qay darajada bilsa, tilning qadrini ham vatanparvar inson shu darajada e’zozlaydi. Suv – hosilning, tiriklikning manbai bo‘lgani kabi til va nutq ham millatning jon tomiri va qon tomiridir. Hali biz ko‘p uchrashamiz.»  Afsuski, qayta uchrashish nasib etmadi.

 60 yilga yaqin muddat mobaynida o‘z umrini ona tili va adabiyoti fani ta’limiga bag‘ishlagan ustoz, filologiya fanlari nomzodi Omonulla Madaev ko‘z oldimizga kelaveradi. Alloh bizga uni ko‘p ko‘rdi. To‘g‘ri so‘z, fidoyi, jonkuyar ustoz 76 yoshida dunyodan ko‘z yumdilar. Bu adabiyot ahli uchun chinakam yo‘qotish bo‘ldi. Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin ustozni.

O‘shanda pedagoglar jamoasi ham, ustoz Omonulla muallim ham ijodiy muloqotdan g‘oyatda mamnun va rozi bo‘lishgandi. Tadbirning ertasi kuni O‘ktam Pardaevich meni huzurlariga chorladi.

– Ustozingiz 2 soat mobaynida talabalarning qimir ettirmasdan diqqatini ushlab turishiga, pashsha uchsa eshitiladigan darajada jimjitlikni saqlay olishiga sabab nima deb o‘ylaysiz?

Javob aytishga og‘iz juftlamasimdanoq o‘zlari javob qaytardilar.

– Ko‘rdingizmi, katta bilim zaxirasi, san’atkorona mahorat, muhimi, ona tili, davlat tili uchun jonbozligi bilan salkam ming kishilik madaniyat saroyimizdagi qatnashchilarning e’tiborini torta oldi. Pedagoglik mas’uliyati va matonati ham, aslida, shunda. Xuddi shunday fidoyi o‘qituvchilar ko‘p bo‘lganda edi, fan-ta’lim yanada rivoj topgan bo‘lardi. Nutqimizda qo‘llaydigan ko‘pgina so‘zlarning asl ma’nolarini bilmas ekanmiz, qarang. Sizga maslahatim ularning ishini davom ettiring.

 Men «ma’qul» ishorasini qilib, bosh irg‘ab tasdiqlaganim kechagidek yodimda. Darhaqiqat, matbuotda bo‘lsin, adabiyotda bo‘lsin albatta, Omonulla ustoz o‘z fikrini qandaydir usulda aytishga harakat qiladilar. Davlat tili borasidagi fikrlari tillarda doston bo‘lib ketdi. Ayniqsa, test savollarni tuzishdagi test markaziga e’tiroznoma e’tiroflari hammani lol qoldirgan edi, «Bu test tuzadiganlarning farzandi bo‘lmasa kerak» — degan gaplarini har bir ziyoli eslab yurdi. Chunki murakkab savollar bilan miyani aynitadigan, achitadigan tarzdagi ko‘ngilni behuzur qiladigan savollarning onqadar bilimga, shu fanga daxli yo‘qligini ro‘yi rost aytib chiqdilar.

Omonulla Madaevning vafoti haqidagi xabar ko‘pchilik qatori O‘ktam Pardaevichni ham g‘amga cho‘ktirdi.

Keyinchalik, Omonulla Madaevning xotirasiga bag‘ishlangan shogirdlarining ehtiromi aks etgan “Insonlik unvoniga sadoqat” nomli kitob qizlari — falsafa fanlari doktori, professor Shahnozaxon Madaevaning sa’yi harakatlari bilan to‘plab nashr etildi. Jumladan, kitobdan mening xotirotlarim ham o‘rin olgan edi. To‘plamning 84-sahifasida O‘ktam Pardaevich haqida, ularning tashabbusi bilan tashkil etilgan yettita «I» harfi bilan boshlanuvchi turkum tadbir xususida ham so‘z ketgandi.

Kitobdan bir nusxa olib O‘ktam Pardaevichga topshirganimda xomush holatda shunday dedilar: Bu dunyoga hammamiz ham omonatmiz. Kelish bormi, ketish ham bor, Tug‘ilmoq o‘limga qo‘yilgan ilk qadamdir, deya bejiz aytishmagan.

O‘ktam Pardaevich bir xo‘rsinib qo‘ydilar va kitobga ushbu mulohazalarni ko‘zdan kechira boshladilar. “Darhaqiqat, barcha harakatlarimizning, niyat va amallarimizning ibtidosi, hatto, innovatsion va investitsion faoliyatning alifbosi – nutqiy ko‘nikma va malaka, aniqrog‘i, kommunikativ kompetensiyaga borib bog‘lanadi.”

O‘qituvchining auditoriya diqqatini tortmasdan aytgan so‘zi ko‘zni yumib turib ko‘kka o‘q uzayotgan ovchining holatini eslatadi. Ovchining maqsadi o‘qdonni bo‘shatish emas, balki o‘ljani mo‘ljalga, nishonga olishdir. Buning uchun aytilgan so‘z nishonga otilgan o‘qdek bo‘lishi zarur. Bu esa so‘zlarning ma’nolarini bilish asnosida to‘g‘ri qo‘llashni taqozo qiladi.

Umrining oxirlarida qaysi ma’rifiy tadbirga borsalar, albatta, qo‘llarida atoqli, ma’rifatparvar shoir Erkin Vohidovning «So‘z latofati» nomli kitobi bo‘lar, undan e’tiborga molik jihatlarni o‘qib, izohlardilar. Har bir millatparvar bu kitobni o‘qishi zarurligini ta’kidlardilar. Sirtdan qaraganda, cho‘rtkesardek bo‘lib ko‘rinsa ham ular haqiqat va adolatni barcha narsadan ustun qo‘yardilar. Betga aytishning zahri yo‘q qabilida ish tutib kishi yuziga dangal aytishni xush ko‘rardilar. Kimgadir yaxshi, yo yomon ko‘rinish uchun emas, balki haq roziligi uchun shunday qilardilar. Ushbu aqidaga ular muqaddas Ka’ba ziyoratiga borib hoji bo‘lib qaytishdan oldin ham, keyin ham to‘la amal qildilar.

Shu o‘rinda universitetda folklordan saboq berib yurgan paytlarida aytib turadigan rivoyatlari yodga keladi. Emishki, Aflotun zamonida uning shogirdlaridan biri cho‘rtkesar, haq gapni yuz-xotir qilmasdan dangal aytadigan tabiatli ekan. Barcha unga «sening donishmand bo‘lib yetishishingda ustozingning o‘rnini, bergan ta’limini inkor etasanmi? Nega unday emas, bunday qabilida ish tutasan, ranjishi mumkinligini o‘ylamasdan gap aytasan. Bu ustozga behurmatlik, shakkoklik emasmi?»,- deyishsa ham yana o‘z so‘zida qat’iy turar, miyig‘ida kulimsirab qo‘yaverarkan.

Axiyri, bir kun shogird shunday debdi: “To‘g‘ri, ustozim meni ulug‘ darajaga yetishimga zamin hozirladi. Uning ta’limi bois yuksak martabaga erishdim. Buni inkor qilish – nonko‘rlik. Ustozim ulug‘, lekin ne qilayki, haqiqat undan ham ulug‘!”

Shu tobda beixtiyor rus klassiklaridan F.M. Dostoevskiyning «Rossiya ulug‘, haqiqat undan ham ulug‘», – degan fikri yodga keladi.

Yarim asrlik umri mobaynida tizimdagi ayrim adolatsizliklarni ko‘rganda tishini tishiga qo‘yib sukut qildi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas edi. Gapirish befoyda bo‘lgan davrda uning tarafini oluvchilar ko‘p emasligini ham yaxshi bilardi. Umrining oxirgi o‘n yilligida ulug‘ bir haqiqatni idrok etdi. Ta’lim tizimidagi ayrim o‘yinlarni ko‘ra bila turib indamaslik, haqiqatni aytmaslik kelajakka xiyonat ekanligini anglab etdi. Men aytmasam, u aytmasa jamiyat tobora boshi berk ko‘chaga kirib boraveradi deya ustoz yosh bolalardek ichikkaniga, ko‘zlarida kuyunch yoshlari qalqiganiga guvoh bo‘lganman. Test sinovlari kuni ta’lim muassasalarining aksariyatidagi «bunker» usuli, bilimsiz, lekin otasining dunyosiga kekkaygan do‘ngbo‘yin abiturientlarning kirib ketishiga sabab bo‘lganini achchiq haqiqat bo‘lsa-da, televidenie orqali aytganida hamma mum tishlab qolgani ham rost. Shoir haqli e’tirof etganidek, «yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon», yoxud kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi qabilida ish tuta boshladi.

Bor haqiqatni ayta bilmaslik, jim turish, indamaslik niqobga aylansa, jamiyat ham, inson ham o‘zgarmaydi. Aybi borning hadigi bo‘ladi. Mansabdan ayrilib qolish yoxud birovga yomon ko‘rinib nima qilaman, qora qozon qaynab turibdiku deb o‘zni ovutish jamiyatimizning ertasiga loqaydlikdan boshqa narsa emas. Nahotki, oqni oq, qorani qora deyish qiyin bo‘lsa.

Muhtaram Prezidentimizning xalq, davlat oldida ulkan va dolzarb vazifalar turganda, chetda tomoshabin bo‘lib turish yoki o‘zini kasallikka solish vatanga xiyonatdir mazmunida so‘zlab hammani g‘aflat uyqusidan uyg‘onishiga chorlashlari bejiz emas. Shunga monand holda aytish mumkinki, kimning qo‘lidan nima ish kelishini, qobiliyatini bila turib o‘zni ko‘rib ko‘rmaslikka olish, undan el-yurt manfaati yo‘lida foydalantirmaslik esa ikki karra xiyonatdir. Shaxsiy manfaatdorlik, tanish – bilishchilik yo‘lini tutib qo‘lidan kelmaydiganlarni tavsiya etish, taraqqiyot karvonini orqaga tortishdir. Omonulla aka bularning zamirida nimalar yotishini yaxshi bilardi. Ularning achchiq gaplarini eshitish ayrimlarga to‘g‘ri kelmasligini ham tushunardi. Shunda ham yuz xotir qilmasdan haq gapni aytdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab chiqishlar bo‘ldi.»

O‘ktam Pardaevich shu yergacha ichdan ko‘z yugurtirib o‘qib chiqqandan so‘ng boshlarini ko‘tardilar-da, «Ustozingiz haqida haq gapni yaxshi yozibsiz», deb qo‘ydilar. Mana, o‘zlari ham tirik timsol sifatida yashasalarda, xotiraga aylandilar. So‘ngra mahzun holda menga qarab turdilarda yana davom etdilar. “Yaqinda bitta she’rni o‘qib qoldim, mana, yaxshisi, telegrammdagi profilingizga jo‘nataman. Men unga “Taskin yoki tasalli” deb sarlavha qo‘ygim keldi. Muallifi yo‘q ekan, nomi ham yo‘q. Lekin bu hazrati Sulaymonning uzugidagi “Bu ham o‘tguvchidur” degan bitigidan kam ta’sir etmas ekan. Shuni  kanalingizga tashlayman”.

Qanday she’r ekan deb ichim qiza boshladi.  Suhbatimiz adog‘iga yetgach, xayrlashib birinchi qavatdagi mo‘jazgina matbuot kotibi xonasiga tezda tushib darrov telegrammni ochdim. Ular jo‘natgan she’r ushbu edi.

Mangu hayot berilib go‘yo,

Tushlar kabi evrilsa ro‘yo.

Baribir vafo qilmasdi dunyo,

Haqnikimiz Haqqa qaytamiz.

O‘tar kim boy, kimdir kambag‘al,

Kim pand yeydi, kim quchar zafar.

Umr — yerda uch kunlik safar,

Haqnikimiz Haqqa qaytamiz.

Noming loyga qorsa qaysi kas,

Og‘rinmagin, qilmagin araz.

Kimligingni Xudo bilsa, bas,

Haqnikimiz Haqqa qaytamiz.

         O‘qib bo‘lganim zahoti telegramdan yoza boshladim. “O‘ktam Pardaevich, uzr, albatta,  nega endi, aynan shu she’rni tanladingiz, tashladingiz?” Javob bo‘lmadi. O‘tkinchi dunyoning hoyu havaslariga qattiq berilmaslik kerak degan ma’noni uqdim, xolos.

                              ****

Xorazm san’ati, uning ohanrabosi borligiga befarq bo‘lmagan O‘ktam Pardaevich 90 yoshga qadam qo‘yayotgan Otaxon baxshining tadbirga tashrifi haqida so‘z ochganimda rosa xursand bo‘ldilar. “Sinfdoshlarimiz bilan biz Xorazm san’atini berilib tinglab raqsga tushishdan zavq olardik. Hatto, sinfdoshlarimizdan biri tibbiyot institutini bitkazib ma’lum muddat ishlab berish uchun yo‘llanma bilan borib o‘sha yerda Xorazmning kuyovi bo‘lib butunlay qolib  ketgan”,- dedilar. Men ayni damlarda Urganchda istiqomat qilayotgan taniqli kardiolog Anvar Sagirovni nazarda tutayotganlarini tezda fahmladim.

O‘ttizdan ziyod dostonlarni yod bilgan quvvai hofizasi baland bo‘lgan taniqli baxshi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otaxon baxshi Matyoqubov o‘z shogirdlari bilan ta’lim muassasamizning Madaniyat saroyiga kirib keldilar. O‘ktam Pardaevichning shaxsan o‘zlari quchoq ochib kutib oldilar. «Kim aytadi sizni 90 ga kirayapti deb qirchillama yigitdeksiz-ku»-deya hazillashdilar.

Otaxon aka rektorning ehtiromli xushomadlaridan ilhomlanib zavqqa ham, kuchga ham to‘lib ketdilar. «Oshiq G‘arib va Shohsanam» dostonidan parchalarni shunday maroq bilan kuylardilarki, hech kim baxshi boboni 90 yashar deb o‘ylamasdi.

U tinib-tinchishni bilmaydigan, g‘ayrat  va shijoatga to‘la inson. O‘z maqsadi yo‘lida aslo chekinmaydigan, sobitqadam, fidoyi ustoz. Ochiq ovoz bilan ijro etiladigan Xorazm dostonchilik maktabining ilg‘or peshqadamlaridan biri. U hozirda ham Xorazm dostonchilik an’anasining rivojiga munosib hissasini qo‘shib kelayotgan va ayni paytda shu maktabning yangi vakillarini kashf etishda ham ildam bo‘lgan ustazoda san’atkor.

 O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Madaniyat va san’at fidoyisi”, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari sovrindori Otaxon baxshi Matyoqubov  yoshlarga ibrat bo‘lib kelayotgan Otaxon akaga havasingiz keladi. Aksariyat bu yoshda sog‘lig‘ini sabab qilib nafaqaga chiqib o‘tirgan bo‘ladi. Ularning qiziq bir gapi bor «epaqaga kelmagan nafaqaga chiqadi» — deya hazillashib yuradilar doim.

Dastavval, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida, hozirda esa Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati institutida «Dostonchilik» kafedrasida Xorazm dostonchilik maktabi an’anasi bo‘yicha doston ijrochilarini tayyorlash bobida vujudi g‘ayratga to‘la.

Otaxon og‘aning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shgan, kuchiga kuch qo‘shgan muhim omillardan biri Davlatimiz rahbarining baxshichilik san’atiga bo‘lgan e’tibori va qabul qilgan qarori desak, xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 maydagi «Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (PQ-4320-son) Qarori tom ma’noda ushbu san’atning ravnaqi borasida istiqbolli yo‘l xaritasi bo‘ldi deyish mumkin. Otaxon og‘a ko‘nglidagi orzularining ro‘yobga chiqishiga imkon yaratilganidan shod.

 U yanada avjlanib, mavjlanib o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Dostonchilik madaniy merosimizning muhim bir bo‘lagi, tilagi ekanligini bilib ustoz qadimiy dostonlarni umriga umr qo‘shishdek sharafni ham savob, ham saboq deb bildi.

Jirov, baxshi, o‘zan, oqin, manaschi atamalari bilan yuritiluvchi bu san’at o‘z sohibidan serqirra iste’dodni, aktyorlik mahorati bilan birga musiqiy qobiliyat va yuksak quvvai hofizani talab etadi. O‘zbekistonda bir nechta dostonchilik an’analari, dostonchilik maktablari mavjud. Har birining dong qozongan dostonchilari bor. Ulardan farqli o‘laroq, bo‘g‘izda emas, balki ochiq ovoz bilan kuylash, butun bir ansambl bilan doston ijro etish va eshitish ham huzur bag‘ishlaydi.

Muhtaram Prezidentimiz qayd etib o‘tganidek, “Folklor san’atini bu insoniyatning bolalik qo‘shig‘idir“ deyishlarida ayni haqiqat bor.

Dostonlarga umr baxsh etuvchi baxshi ayni paytda o‘zining  umrini ham mangulikka muhrlab boradi. Baxshi mehrida xalq muhridan yaralgan dostonlarni ijro etishga zavq bor.

Yuqoridagi ma’lumotlar va ijrodan zavqlangan O‘ktam Pardaevich menga yuzlanib «Otaxon otani yana bir marta chaqirasiz, hali biz dostondan to‘ymadik»- dedilar. Afsuski, baxshining 90 yilligini ko‘rish ustozga nasib etmadi.

O‘ktam Pardaevich baxshining ijrosini ko‘rib zal bilan birga qarsak chalib tinimsiz olqishlardilar. Baxshining doston qahramonlarining ruhiga kirib ajabtovur harakatlari bilan ijro etishidan rosa huzurlangandilar o‘shanda. «Bu xuddi «Bir aktyor teatrining o‘ziku. Bir damda u qahramonga, bir damda bu obrazga aylanishiga qarang, bir damda ota — ona, bir damda farzand, bir pasnng o‘zida sevgiliga aylanib qolishning o‘zi bo‘lmaydi. Butun bir dostonni xuddi og‘ir karvonni boshqarayotgan karvonboshiga o‘xshaydiey.» Bu ustozning taajjubli hayrati va baxshiga bergan bahosi ham edi.                

Bunday ijodiy muloqotlar talabalar uchun maqsadga inson birdan erisha qolmasligi, bu tinimsiz izlanish va intilishlarni talab etishi haqidagi ulug‘ haqiqatni singdirish bobida motivatsiya bo‘lardi. Tadbirlarni shunchaki «O‘tdi-ketdi» bo‘lmasin, esda qolsin deb foto va videoga oldirishlardan tashqari kasaba qo‘mitaga – Farrux Irisovga sovg‘alar berib, ularni xursand qilish zarurligini uqtirganlari ham yodimda.

Har qanday avlod o‘z ajdodlaridan nimanidir o‘rganmasa uning istiqboli bo‘lmasligi aniq. Shuning uchun ham bu ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan uchrashuvlar, talabalarning ongiga, dunyoqarashiga ta’sir qilmasdan qolmas edi. Ustozning maslahati bilan tashkil etilgan bu muloqot nafaqat magistr talabalarga balki professor o‘qituvchilarning ham qiziqishini orttirgan edi. Ular erinmasdan kelib, tinglab, o‘z mulohazalarini bildirishni aslo kanda qilmas edilar. Aslida, bu ham noan’anaviy dars o‘rnida ahamiyatga molik edi.

Qolaversa, bu uchrashuvlar axborot soati o‘rnida ham ma’naviy-ma’rifiy oziq edi.

 Ayniqsa, Prezidentimizning har bir sohaning o‘z ilmi bo‘ladi o‘z siri bo‘ladi uni bilish idrok etish uchun hayotiy tajribadan tashqari bilim va ko‘nikma zarur ekanligini uqtirishlarida ham katta haqiqat bor edi.

O‘ktam Pardaevich Prezidentimizning fazilatlari borasida e’tiborga molik misollarni keltirganlari hamon yodimda. Inson odatda bir joyda o‘qib ishlashgan bo‘lsa ularning o‘qishga, ishga, kishilarga munosabatlari fonidagi fazilatlarni yaxshi biladi  ana shu jarayonda o‘zaro samimiyatga qurilgan ishonchli munosabat tug‘iladi.

«Bir kun, — deb hikoya qilgandi O‘ktam Pardaevich, — qandaydir masala yuzasidan vazirlikka yig‘ilishga boradigan bo‘lib qoldik. Rulda Shavkat Miromonovich men esa ularning o‘ng tomonida, avtomobilning oldingi o‘rindig‘ida edim. Shu payt mashina magnitofonining murvatini buradilar. Ohanrabo tasmadan mumtoz merosimizga mansub bo‘lgan maqom yo‘lidagi ashula taraldi. Shunda men «bularni ham eshitasizmi,” — deb o‘smoqchilab so‘raganimda ularning javobi shunday bo‘ldi. «Milliy ashulalarimizga mehri bo‘lmagan odam millatparvar ham, qolaversa, vatanparvar ham bo‘lmaydi.»

Keyinchalik anglab yetdimki, deb so‘zida davom etdi O‘ktam Pardaevich, — o‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qabul qilingan Prezident qarori tasodifiy emas ekan. Adabiyot va san’atga e’tibor sifatida «Adiblar xiyoboni»ning tashkil etilishi, qator san’atkor va xalq shoirlarining yubiley sanalarini nishonlash to‘g‘risida qabul qilgan tarixiy hujjatlari bejiz emasligini yana bir bor his etdim.”

Ayniqsa, ma’naviyat va ma’rifat masalalariga e’tiborlari yuqori darajada bo‘ldi. Buning isboti o‘rnida Bosh vazir bo‘lib ishlaganlarida ham Ma’naviyat va ma’rifat kengashining raisi bo‘lib ishlaganlari, hozirda Prezidentlik faoliyatida ham ana shu vazifaga rahbarlik qilib kelayaptilarki, bu inson ruhiyatini anglash va qadrini e’zozlashdir.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.