9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

MA’RIFATCHILAR SAFARI -MA’NAVIYAT ZAFARI

notiq.uz > Yangiliklar  > MA’RIFATCHILAR SAFARI -MA’NAVIYAT ZAFARI

MA’RIFATCHILAR SAFARI -MA’NAVIYAT ZAFARI

Ulug‘ maqsadlar sari talpingan xalqning ruhiyati tetik, kayfiyati ko‘tarinki bo‘lishi zarur. Davlatimiz rahbarining joriy yilning 21-22-aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga safari ayricha mazmun va mohiyat kasb etgani haq.

Tashrif paytida hududda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat korxonalari va xalq bilan muloqot qilish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash bilan bog‘liq muammo va vazifalarga e’tiborini qaratdilar.

Safarning ilk kuni yangi tuman Ko‘kdaladan boshlangani, Chiroqchi, Qarshi, Kasbi, Koson va G‘uzor tumanlarida bo‘lish va xalq bilan muloqotlar davlat rahbarining mahalliy aholiga bo‘lgan mehrini ifoda etsa, ma’naviyat va ma’rifat ahli, teatr va kino san’ati ijodkorlarining o‘z san’atini namoyish etish uchun safarbar etilishi xuddi shu mehrning muhri bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi. Prezidentning vohadagi muammolarga yechim bo‘ladigan ko‘rsatma va vazifalari ertangi kunga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash asnosida xalqning  ulug‘ maqsadlar sari dadil qadam tashlashida kuch-g‘ayrat, yaratuvchilik ishtiyoqi baxsh etgani aniq.

4 may kuni «Afrosiyob» poezdi orqali Qashqadaryoga yo‘l olgan, 300 oga yaqin bir guruh taniqli va tajribali ziyolilardan tarkib topgan «Ma’rifat karvoni» ham davlatimiz rahbarining  istaklari va izhori ifodasi o‘rnida katta ahamiyat kasb etgani rost.  Yozuvchi, shoir, olim, teatr va kino ijodkorlari, bir so‘z bilan aytganda, ma’rifat targ‘ibotchilari tushgan poezd Qarshi shahriga tushgani hamonoq mahalliy aholining karnay-surnay sadolari bilan kutib olishlari hammamizga bir olam quvonch baxsh etdi.  Ma’rifatchilar safarini ma’naviyat zafariga aylanishida bizga hamrohlik qilib kelgan Prezidentning Yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosarlari Nodirjon Xolbo‘taev, Abdurashid Jo‘raboev, Prezident devoni sho‘ba mudiri Nodirbek Sayfullaev, Prezident administratsiyasi mas’ul xodimi Otabek Bozorov, O‘zbekiston respublikasi Madaniyat vazirining o‘rinbosari  Murodjon Majidov, Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov va boshqa mutasaddi rahbarlarning xizmati va tashkilotchiligi alohida e’tiborga molik.

Kelgan kunimiz Nishon tumani hokimligi oldidagi sun’iy ko‘l atrofidagi maydonchada katta konsert namoyish etildi. Bu darsturda O‘zbekiston Respublikasi Davlat maslahatchisining o‘rinbosari, shoir  Nodir Jonuzoq so‘zga chiqib tashrifdan maqsad Davlatimiz rahbarining ishonchi, yerlik aholiga bo‘lgan mehrini ifoda etish va olib borilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarning mazmun — mohiyati, yangi O‘zbekiston inson qadri ulug‘lanadigan yurt ekanini hayotiy misollar asosida tushuntirish targ‘ibotchilarning vazifasi ekanini alohida uqtirib o‘tdi. Xuddi shu mazmun va ruh Nishon tumani hokimi Muxtorjon Hayitmurodovning chiqishida  ham aks etdi. Keyin esa san’atkorlarning chiqishi, dilrabo kuy va taronalar nishonliklarning qalbiga o‘zgacha bir shukuh soldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu borada taniqli qo‘giqilar Azim Mullaxonov, Anvar Sobirov, Dilfuza Rahimova, Alijon Isoqov va boshqa san’atkorlarning ijrosi ko‘pchilikka ma’qul keldi. Bu zavqu shavq ertasigayoq  3 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan Qashqadaryodagi 813 ta mahalla va qishloqlar bo‘ylab tarala boshladi. Ularning kayfiyatini ko‘tarish, ruhiyatini tetik qilish bilan bog‘liq xilma — xil dasturlar e’tiborni tortmasdan qolmasdi. Aslida, biz ularning kayfiyatini ko‘tarish, ruhiyatini tetik qilish maqsadida kelgan edik, lekin ular bizga xuddi shunday kayfiyatni baxsh etishdi. O‘z ma’rifatimizni, san’atimizni, qobiliyatlarimizni ijrolarimizni namoyish etishga imkon tug‘dirdi. Mahalliy aholining ulkan orzu-istaklar,  o‘zgacha kuch — g‘ayrat va shijoat bilan yashayotganini ularning so‘zlaridan, yuzu ko‘zlaridan, yuraklaridagi g‘ururdan sezmaslik aslo mumkin emas. Ertasiyoq barcha ma’rifat targ‘ibotchilari muayyan reja va dasturlar asosida o‘zlariga tegishli bo‘lgan tumandagi mahallalarga tarqalishdi va o‘zlarining vazifalarini sidqidildan ado etishga astoydil kirishib ketishdi. Uchrashuvlar chog‘ida ma’rifat targ‘ibotchilari o‘zlarining nashr etilgan kitoblarini savol va javoblar orqali faol, bilimdon o‘quvchi yoshlarga dastxat yozib taqdim qilib ularga olam-olam quvonch baxsh etishardi. Teatr, kino ijodkorlarini, taniqli san’atkorlar va mashhur aktyorlarni  televizor orqali ko‘rgan aholi ularni yuzma-yuz ko‘rib, birgalikda rasmga tushib rosa xursand bo‘lishardi.   Yoshlardagi kitobsevarlik ruhi, kitobga bo‘lgan muhabbatni ular qalbida uyg‘onganini ko‘rib ma’rifatga talpingan, ma’naviyatga intilgan yosh avlod chinakam ma’noda Uchinchi Renessansning bunyodkorlari bo‘lishiga, tamal toshini qo‘yishiga iqror bo‘ldik.  Ayniqsa, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan piru  badavlat bobo va momolarimizning o‘gitlari, hayotiy xulosalari  bizni yanada xursand etdi.

Bizlarning guruhimiz tarkibidagi O‘zbekiston xalq hofizi Beknazar Do‘stmurodov, teatr aktyori Rahmatjon Qurbonov, xushovoz xonanda Nigora Do‘stmurodova, iqtidorli shoiralardan Zilola Xo‘janiyozova, Nilufar Umarovalarning chiqishlarini aholi ayricha zavq bilan qabul qildi. Bizlarga biriktirilgan Kasbi tumanidagi “Yuksalish“,  “Qoraqo‘ng‘irot“, «Obod yurt», «Fazli», «Jizza», «Mesit, «Xo‘jaqarliq» mahallalarida, Xo‘jaxayron, Zarqunoq, Sarigujum qishloqlarida bo‘lib mahalliy aholi bilan dildan samimiy suhbatlarimiz rosa maroqli bo‘ldi. Bizlarga Kasbi tumani hokimi o‘rinbosari Bekzod Eshonqulov, Viloyat madaniyat boshqarmasidan mas’ul Dilshod Madievlar hamrohlik qilib tashkillashtirib yurishdi. Muhimi, har bir hududning o‘ziga xos tarixi, nomlanishi, mahalliy aholining urf-odatlari bilan tanishib, mo‘ysafidlardan, yoshi ulug‘ donishmand  oqsoqollardan ma’lumotlarni yozib olib YOUTUBE dagi «NOTIQ UZ“ kanaliga joylashtirib bordik. O‘zimiz ham atroflicha bilim va tushunchaga ega bo‘ldik. «Sulton Mir Haydar“  ziyoratgohida bo‘larkanmiz, har bir qishloqda muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarning mavjudligini ko‘rib Prezidentimizning ichki turizmni rivojlantirish borasidagi videoselektordagi mulohazalari nechog‘lik ahamiyatli ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik.

Ma’rifatchilarning safari ma’naviyat zafariga aylanarkan, yangi O‘zbekiston ulkan maqsadlar, hayotbaxsh orzu umidlarning ushaluviga imkon tug‘diruvchi yurt ekaniga shubha yo‘q. Inson qadri ulug‘langan yurt istiqbolli va iqbollidir. Qadrlash tuyg‘usi aholi muammolarini hal etish , ularning darliga malham bo‘lish bilan bog‘liq, Zeroki, davlatimiz rahbari o‘zlarining ilk prezidentlik faoliyatini boshlaganlarida haq roziligini xalq roziligidan topishni niyat qilish asnosida «odamlarning o‘y-tashvishlari bilan yashash odamiylikning eng muhim mezoni» ekanini uqtirganlari bejiz emas.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.