9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

SAVODXONLIK MARKAZI ZARUR

notiq.uz > Yangiliklar  > SAVODXONLIK MARKAZI ZARUR

SAVODXONLIK MARKAZI ZARUR

Ma’naviyatning muhim mezoni bu savodxonlik. Savodxonlikning ikki qanoti bor, ya’ni u ikkita asosga  tayanadi. Bu og‘zaki va yozma nutqni to‘la egallashdir. U orqali o‘z  fikrini mustaqil tarzda, emin-erkin ifodalay olishni bilmasligimiz qo‘pol aytganda fojia. Bu esa tilshunoslikning orfografik va orfoepik xususiyatlarini bilish va amal qilishimizni taqozo qiladi.

Ochig‘ini aytish kerakki, savodxonlik darajamiz kiril alifbosida ham onqadar emas edi. Bu illat lotin yozuviga asoslangan alifboda ham davom etmasligi uchun qayg‘urishimiz kerak. Shuning uchun imloviy jihatdan to‘g‘ri yozish bu bir qancha mezonlarga tayanadi. Ma’lumingizkim, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyingi davrda bu borada qabul qilingan ilk hujjatlardan biri ham aynan davlatning rasmiy yozuvi to‘g‘risida bo‘lgan. Bu O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi (1993 yil, 2 sentabr, 931-X11 — son) Qonuni edi. Ushbu Qonun “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslanib va o‘zbek yozuvining lotin alifbosiga o‘tilgan 1929—1940 yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarini inobatga olgan holda respublikaning har taraflama  kamol topishini va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi,”- deya qayd qilingandi.

Ana shundan keyin barcha joylarda o‘quv kurslari tashkil etilib yangi alifbo bo‘yicha savodxonlikni oshirishga jadal kirishildi. Hokimiyatlar tizimida ham bunga e’tiborli bo‘lish maqsadga muvofiq edi. Turli tashkilot, idora, muassasa yoxud yangi ochilayotgan korxona, firma, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning nomlarini lotin yozuviga asoslangan alifboda bexato, to‘g‘ri yozib berish ham ana shu harakatning namunasi edi. Kezi kelganda, shuni e’tirof etish kerakki, poytaxt tumanlarining ichida eng birinchi bo‘lib Mirzo Ulug‘bek tumanida tizimli ravishda savodxonlik masalasi yo‘lga qo‘yilgandi. Binoning birinchi qavatidagi 6-xonada muhr va tamg‘ani tayyorlashga tuman Ichki ishlar bo‘limidan ruxsat olishdan oldin albatta, imloviy tomondan tasdiqlab berish vazifasi o‘sha savodxonlik markazida hal etilardi. Bu vazifa — faoliyatda bo‘lgan va yangi tashkil etilayotgan korxona va muassasalar peshtog‘iga yoziladigan bitiklardan tortib ularning muhr va tamg‘alarigacha imloviy jihatdan to‘g‘ri yozib berish vazifasi jamoatchilik asosida kaminaga yuklangandi. Chunki o‘sha paytda savodxonlik masalasi ma’naviyatning va ma’rifatning eng muhim bo‘g‘ini ekanligini anglab bu xizmatning tashkilotchisi va tashabbuskori o‘sha paytdagi tuman hokimi hozirgi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev edilar.

O‘shanda ularning tashabbuskorligi bilan tashkil etilgan savodxonlik markazi faoliyatidan ruhlanish asnosida lotin va arab alifbosiga asoslangan yozuvimizni o‘rgatishga qaratilgan «Sirli sandiq savodxonlik saroyi» nomli intellektual televizion ko‘rsatuvni tashkil etib bir necha yil mobaynida tomoshabinlar hukmiga havola etganimiz hamon yodimda.

Darhaqiqat, savodxonlik xalq ma’naviyati va ma’rifatining ko‘zgusi. Busiz inson ma’rifat mohiyati-yu, tafakkur olamini ham anglashi mushkul. Shuning uchun ham savodxonlik masalasiga e’tibor qilishimiz bir qancha muammolarning yechimiga ham imkon tug‘diradi.  

Davlatimiz rahbarining kitobxonlikni keng ommaviy ravishda da’vat etishi va shu xususda qabul qilgan ikkala qarorlari ham aslida xalqning ma’naviy dunyosiga, savodxonlik darajasiga, millatning qalb-u qiyofatiga daxldor o‘zak masalalardan ekanini his etishidir. Ularning ushbu fikri barchaga daxldor ma’rifiy xitob o‘rnida yangradi: «Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi bo‘lmaydi.» Chunki kitob mutolaasi, so‘z boyligini oshirish, nutqni o‘stirish va tafakkurni rivojlantirish, imloviy savodxonlikka xizmat qilishi aniq.

Afsuski,  bugungi kunda ko‘cha-ko‘ydagi yozuvlar ham, turli xil shiorlar, idora peshtoqlaridagi bitiklarda ham nuqsonlar uchrayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarning yozishmalari, alifboda mavjud bo‘lmagan allambalo belgilardan foydalanishlari bizni tobora savodsizlik qa’riga tortishi va buni salbiy odatga aylanib qolishi hech gap emas. Bunday kamchiliklarning aytarli va yetarli ekanini bila turib savodxonlik masalasiga panja orasidan qarasak, millat ma’naviyati va uning ma’rifatiga ham e’tiborsizlik qilgan bo‘lamiz.

Xalqaro tajribalar bu borada ham katta ahamiyat kasb etishi aniq. Rivojlangan davlatlarning aksariyatida savodxonlik markazlarining mavjudligi ham bejiz emas. Shu o‘rinda Rossiya, Buyuk Britaniya, AQShda aholining savodxonligini oshirish masalasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning doimiy faoliyat yuritishini misol sifatida keltirish mumkin.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asrorlarini o‘qitish va malakasini oshirish markazi tomonidan, iqtidorli tilshunos, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Inomjon Azimov mas’ul muharrirligida chop etilgan «O‘zbek adabiy tili ish daftari» o‘quv qo‘llanmasida ham shu xususda ma’lumot keltirib o‘tilgan.

Savodxonlikni singdirish mexanizmi taraqqiy etgan ko‘plab davlatlarning muhim muammolaridan sanalgani aniq. Bu faoliyat ularda turli yosh, soha va kasbiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi.  Xuddi shunday muassasalardan Buyuk Britaniyada “National Literacy Trust” (Milliy savodxonlik fondi) va AQShda “Key to Literacy” (Savodxonlik kaliti), Rossiyada “Sentr gramotnosti” (Savodxonlik markazi) tashkilotlari mavjud.

  Yuqorida qayd etilgan qo‘llanmada keltirilishicha, Buyuk Britaniyada “National Literacy Trust” (Milliy savodxonlik fondi) tashkilotining vazifasiga aholining iqtisodiy jihatdan nochor qatlamiga savodxonlik darajasini oshirish masalasida amaliy ko‘mak berish, o‘rta maktablar bilan hamkorlik qilib, o‘z tahlillari, dasturlari bilan o‘rtoqlashish, savodxonlik borasida ilmiy tadqiqotlar olib borish kabilar kiradi. O‘sha tashkilot siyosatchilar va ota-onalar uchun savodxonlik muhim ahamiyat kasb etishi uchun muttasil kurashadilar. Fond “Hayot uchun zarur so‘zlar” deb nomlangan veb-sayt orqali http://www/wordsforlife.org.uk/ turli yoshlarda o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan so‘zlarni turli mavzular doirasida birlashtirishi va turli mashg‘ulotlarni ota-onalarga tavsiya sifatida berib borishi ahamiyatlidir.

AQShda “Key to Literacy” (Savodxonlik kaliti) tashkiloti bo‘lib, u savodxonlikni oshirish masalalari bilan professional darajada shug‘ullanadi. Kasbiy rivojlanishga yo‘naltirilgan, tushunish, lug‘at boyligi, savodli yozish va savodli gapirish masalalari bo‘yicha alohida kurslar va treninglar taklif etadi. Tashkilot https://keystoliteracy.com/ saytida darslar, dasturlar va ilmiy tadqiqotdan namunalarni e’lon qilib boradi.

Rossiyada “Sentr gramotnosti” (Savodxonlik markazi) mavjud bo‘lib uning asosiy maqsadi savodxonlikni oshirish bo‘yicha masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish, savodxonlikning “onlayn trenajor” ini yaratish, shuningdek, rus tilini ommalashtiruvchi, rusiyzabon aholining yozma nutqi sifatini oshirish maqsadida turli ijtimoiy va internet loyihalarini ishlab chiqishdir. (O‘sha qo‘llanma, 8-bet)

Qo‘llanmada keltirilishicha, Buyuk Britaniyada “National Literacy Trust” (Milliy savodxonlik fondi) qiziquvchilarga bolalarga savodxonlini o‘rgatishda o‘rta ta’limda samarador usullarni o‘rgatuvchi kurslar taklif qiladi. Shu jumladan, “Questioning the News: Critical literacy in English” – Yangiliklarni tanqid qilish: ingliz tilida tanqidiy savodxonlik, “Improving Writing in Key Stage 2” – Tayanch ta’limda yozma nutq malakasini rivojlantirish, “Teaching Reading in Key Stage 2” – Tayanch ta’limda mutolaaga o‘rgatish, “Words for work” – Ish uchun zarur so‘zlar kabi kurslar bor. Mazkur kurslarda mavzular o‘qib tushunish, eshitib tushunish, fikrni yozma ifodalash va og‘zaki ifodalash kabi jihatlarga urg‘u bergan holda taqdim etilishi e’tiborga sazovor.

AQShda “Key to Literacy” (Savodxonlik kaliti) tashkilotida bir qator kurslar taklif qilinadi. Kurslarning nomi, qanday auditoriyaga mo‘ljallanganligi e’tiborga molik. Unda Tushunish, Lug‘at boyligi, Yozish orqali mazmunni anglash, Yozish bo‘yicha qo‘shimcha mavzular kabi kurslar tashkil etilgan.

Rossiyadagi “Sentr gramotnosti” (Savodxonlik markazi) esa to‘rt kursni taklif etadi:

1. Boshlang‘ich “Xatosiz yozish kursi” imlo va punktuatsiya asoslari, “Kundalik yozishmalar” darajasi.

2. Chuqurlashtirilgan “Xatosiz yozish kursi”. Chuqurlashtirilgan imlo va  punktuatsiya qoidalari, “Matn tahriri” darajasi.

3. Yuqori darajadagi “Xatosiz yozish kursi”. Imlo va punktuatsiyaning nozik jihatlari, “Matn tahriri” darajasi.

4. “Yozma nutq uslubiyati” kursi. Matnning tushunarliligi, bog‘liqligi va ishonarliligi, “Matn yozish va tahrir qilish” darajasi.

Yuqorida tilga olingan savodxonlik kurslarining barchasida tilni amaliy qo‘llash malakasini, fikr va ma’lumotni to‘g‘ri tushunish va yetkazish ko‘nikmasini shakllantirish maqsad qilingan.

Til umumiy, nutq individual hodisa. Demak, til elementlaridan foydalana olish nutq egasining bilim-saviyasi, so‘z boyligi, tanlash va qo‘llay olish darajasiga bog‘liq.

Afsuski, til ta’limi tizimida o‘quvchilarga qoidalarni o‘rgatish, yod oldirish, grammatikani chuqurlashtirish tendensiyasi avj olgan. Vaholanki, til imkoniyati va nutq vositalaridan foydalanish asnosida muloqot etiketi va muoamala madaniyatiga ega bo‘lish muhim. O‘rinsiz chuqurlashtirilgan nazariy qoidalar, grammatik talablar, muloqot jarayoni uchun zarur bo‘lmagan oborotli jumlalarning o‘rniga fikrni sodda va ravon eta olish malakasini shakllantirish borasida professorlar Qozoqboy Yo‘ldoshev va Baxtiyor Menglievlarning mulohazalari bejiz emas. B. Menglievning «ona tili ta’limini tilshunoslik iskanjasidan qutqaraylik» deyishida ham ma’lum haqiqat bor. Til va nutqdan maqsad muloqot mezonlari — tinglash, so‘zlash, murojaat orqali fikr almashishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdir.

Davlat tilining to‘la amalda bo‘lishi ham bevosita shu jarayonga daxldor. Og‘zaki va yozma nutq madaniyati bo‘yicha savodxonlikka erishish, avvalombor, davlat tiliga e’tibor qolaversa, Prezident iborasi bilan aytganda, «millatga, mustaqilligimizga, ona vatanga bo‘lgan ehtirom va sadoqat»dir.

Savodxonlik, aslida, insonning ko‘rgan, bilgan, o‘qigan, eshitgan va guvoh bo‘lgan narsa-hodisa haqidagi ma’lumotni mustaqil tarzda og‘zaki hamda yozma tarzda yetkaza olish uquvidir. Buni to‘la shakllantirish esa ta’lim tizimining muhim bosqichi Savodxonlik markazini tashkil etish zarur. Bu esa quyidagi muammolarning yechimiga imkon tug‘diradi.

Birinchidan, lotin yozuviga asoslangan alifboda aholining turli qatlamlarida savodxonlik darajasini yuksaltirish, diktant, bayon, insho, esse yozish malakasini shakllantirish;

Ikkinchidan, ko‘cha-ko‘ydagi, turli idora va muassasalar peshtog‘idagi bitik, shiorlar va reklamalarni imloviy jihatdan to‘g‘ri yozilishiga erishish;

Uchinchidan, o‘zbek adabiy tili me’yorlariga amal qilish, turli lahja, sheva va dialektlardan xoli bo‘lgan tilning sofligi uchun kurashish;

To‘rtinchidan, og‘zaki va yozma nutq madaniyatini amalda qo‘llanilishini, tilning orfoepik va orfografik qoidalarining ishlatilishini nazorat etish;

Beshinchidan, ta’lim tizimidagi sifat, samara va natijadorlikka erishishga yo‘l ochish, nutq va til taktikasi — taraqqiyot strategiyasinining ta’sirchan va innovatsion mexanizmi ekanini yodda tutish va amal qilish;

Oltinchidan, Ona tili ta’limida tildan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, til malakasi og‘zaki nutqni tushunish, yozma nutqni tushunish, fikrni og‘zaki va yozma nutq orqali ifodalashga erishish;

Yettinchidan, do‘stona muloqot va samimiy muomala etiketini shakllantirish, nutqni tushunish, o‘z fikrini to‘g‘ri va aniq ifodalashga o‘rgatish asnosida kommunikativ yondashuvni — tilning muloqot vositasi sifatidagi vazifasini to‘la shakllantirish;

Sakkizinchidan, og‘zaki nutqning turli ko‘rinishlarida — monolog, dialog, suhbat, intervyu, bahs-munozara kabi shakllarda so‘zlovchining o‘z fikrini chigallashtirmasdan, ochiq va ravon ifoda etish kompetentligiga qaratilgan ritorik mahoratni, notiqlik san’atini takomillashtirish;

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.