9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

QADR TOPGAN INSON AZIZ

notiq.uz > Yangiliklar  > QADR TOPGAN INSON AZIZ

QADR TOPGAN INSON AZIZ

Jamiyatning ham, adabiyotning ham bosh mavzusi inson. Aslida, ijtimoiy hayot, taraqqiyot va farovonlikning ham o‘zak muammosi insonshunoslik va uning manfaatlari masalasidir. Xuddi shu ma’noda, insonshunoslik ham ilm, uning tashvishlari, orzu-umidlari, maqsad-intilishlarini bilish, xalq farovonligi bilan bog‘liq muammolarning yechimini topish harakati ana shu ilmning ibtidosidir. Mutaxassislar jamiyatda ham, adabiyotda ham insonning chiqiti bo‘lmaydi deyishadi. Xuddi badiiy adabiyotda katta, kichik yoki ijobiy, salbiy murakkab obraz bo‘lmasin,  u adibning g‘oyaviy niyatini akslantirishga xizmat qilgani kabi, ijtimoiy hayotda ham har bir insonning o‘z o‘rni, o‘z maqomi, ijtimoiy-siyosiy, xuquqiy mezonlari bo‘ladi. Gap uni to‘g‘ri bilib, to‘g‘ri baholashda. Davlat rahbari bir necha yillar mobaynida sinchi sifatida jamiyatimizning og‘riqli nuqtalarini bilib, uni mohir shifokordek his etib kelanlari sir emas. Bu vazifani tizimli va izchil ravishda ish tutuvchi strateg hal etishi aniq.

Shuning uchun ham insonning qadri, uning xavfsizligi, farovonligini bosh masala sifatida qo‘yish Prezidentimizning saylov oldi g‘oya va maqsadlarning ifodasi bo‘lgani bejiz emas. Inson qadrini his etish, uning qalbini anglash va egallashdan boshlanadi. Obodlikning ko‘ngildan boshlanishi bejiz emas. Insonning qadr-qimmatini ulug‘lash va e’zozlash istiqbolga ishonchi bo‘lgan mamlakatga xos. Mustaqil davlatimizning mohiyati, shukuhi aynan inson so‘zi bilan bog‘lanishi, uning manfaatlari, sog‘lomligi, uning o‘rni, nufuzi, qadri bilan chambarchas bog‘liqligi ayon. Yillarga berilgan nomlarning ham bevosita va bilvosita inson tushunchasiga borib ham  bog‘lanishi bejiz emas. Inson qadrini ulug‘lagan jamiyat, o‘z mamlakatini e’zozlagan va qadriga yetadigan, uning ertasi uchun kuyunuvchi davlat hisoblanadi. Inson — jamiyat — davlat tamoyilining ilgari surilishi ham shu fikrning ifodasidir.

Yangi yilni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taklifi bilan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nomlanishida ham ana shu haqiqat, zalvorli maqsad bor.

Yangi yil tabriklarida ham aynan aholining salomatligi, uning farovonligi, ta’lim — tarbiya masalalari, sog‘lom turmush tarzi ustuvor masala ekani ta’kidlandi. Insonning o‘zligini namoyon etuvchi, ijtimoiy tuzilmalar muhim. Ular oila, mahalla mehnat jamoasi va hokazo. Mahalla insonning kimligini ko‘rsatuvchi ko‘zgu. U qaerda, qanday lavozimda ishlamasin, uning aslini ko‘rsatuvchi, oila, qo‘ni-qo‘shnilariga munosabatlarini bildiruvchi, muqaddas dargoh desak, xato bo‘lmaydi. Shuning uchun ham inson va mahalla so‘zi bir butunlikni tashkil qiladi. Oila va mahalla qayg‘usi bo‘lmagan insonda vatan tuyg‘usi bo‘lishiga ishonish qiyin. Fuqarolarning faolligi mahallaning faolligi demakdir. Mahalla muhim ijtimoiy tuzilma, faol degani «ma, ol» degani emas. Buning uchun mahalla fuqarolar yig‘ini raislaridan tortib barcha jamoatchilik tashkiloti a’zolari bir tan, bir jon bo‘lib, ta’bir joiz bo‘lsa, bir yoqadan bosh chiqarib ish tutishlari maqsadga muvofiq. Faol mahalla muammolarga oqilona va odilona yechim topish demakdir. Oilada faol bo‘lgan inson, mahallada ham, jamoa korxonasida ham, albatta faol bo‘ladi. Shuning uchun mahallaning faol bo‘lishi shu hududda istiqomat qiladigan faol fuqarolarning ong-u tafakkuri va dunyoqarashiga bog‘liq. Qaysi joyda mahalla a’zolari yakdillikda, barcha muammolarga yechim topish bobida jips bo‘lsa, maqsadlarning ro‘yobi va muammolar yechimini ko‘ramiz. Chunki, kuylakning bichimini bir odam hal qilishi mumkin, muammoning yechimini esa jamoa hal qiladi.  Aks holda, muammolar ketidan muammolar tug‘ilaverishi mumkin. Bu esa mahallada yashovchi har bir fuqaro, o‘zinig grajdanlik pozitsiyasini, burchini, himoya qila olishi, bu uning vatan va mamlakat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini his etishiga bog‘liq.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mohiyati insonning xizmati va hurmatini joyiga qo‘yish, mamlakat oldidagi pirovard maqsadlar, rivojlanish konsepsiyasidan og‘ishmasdan ildam intilish, Uchinchi Renessansning tamal toshini quyish, harakatlar strategiyasidan taraqqiyot strategiyasi sari intilish bilan izohlash o‘rinlidir. Istaylik-istamaylik, Prezident rahnamoligidagi mamlakatning rivoji bilan bog‘liq, turli sohalardagi islohotlar va olib borilayotgan siyosat ham, beosita ana shu ikkita tushunchaga — insonning va mahallaning nufuziga tegishlidir. Inson ehtiyoji va manfaatlari uchun harakat, uning qadri uchun, oilasi va mahallasi manfaatlari uchun kuyinish demakdir. Xalqining qalbi va qadri ulug‘langan, mahallasi obod bo‘lgan mamlakat istiqbolli davlatdir. Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili sifatida yangi yilni e’tirof etishdan maqsad ham ana shu ulug‘ va ma’lum haqiqatni yana bir karra eslatishdir. Chunki bu harakatlarimizning mezoni, istiqbolimizning asosi va harakatlar strategiyasidan, taraqqiyot strategiyasi tomon tashlangan odimlarimizning qutlug‘ ekanligining belgisidir.

Poydevor mustahkam bo‘lsa…

Ko‘kka bo‘y cho‘zgan imoratning hashamati va ko‘rkamligi, eng muhimi, mustahkamligi uning poydevoriga bog‘liqligi ayni haqiqat. Demak, mustahkam bo‘lgan imorat uzoq yillarga, asrlarga xizmat qiladi. Unga har xil tashqi ta’sirlar kor qilmaydi. Xuddi shu ma’noda taraqqiyot strategiyasiga ega bo‘lgan, tagzamini mustahkam bo‘lgan jamiyat albatta, ilm-ma’rifat va ma’naviyatga tayanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 26 yanvar kuni O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ham xuddi shu fikr ustuvor bo‘ldi.

«Ma’naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shuncha kuchli bo‘ladi», — dedi davlatimiz rahbari.

Ma’naviyat masalasi oila, mahalladan tortib ta’lim muassasasi-yu mehnat jamoa tashkilotlarigacha birdek taaaluqlidir.  Bu borada davlat rahbarining fikri qat’iy. «Kimki ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat va ma’rifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb o‘ylasa, xato qiladi«. 

Darhaqiqat, bu mening ishim emas, buning menga taalluqli tomoni yo‘q, mas’ullik mutasaddilarning o‘ziga xos deyish loqaydlik va beparvolikni keltirib chiqaradi. Bu esa masalaga panja orasidan qarashdan boshqa narsa emas. To‘g‘ri, bir paytlari ayrim idora va tashkilot rahbarlari ma’naviyat va ma’rifat deyilsa ensasi qotardi. Enlilikda ular ma’naviyat va ma’rifat masalasini muqaddas tutish zaruriyatini anglab yetishdi. Davlatimiz rahbari Bosh vazir sifatida faoliyat olib borgan paytlarida ham, Prezident sifatida ish yuritayotgan ayni damlarda ham Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining raisi vazifasini o‘z qo‘liga olganlari bejiz emas. Shuning uchun ham ularning ma’naviyatga «eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz», — deya ta’rif berganlari e’tiborga molik. Bu esa ma’naviyatning ta’sirchan kuchidan foydalanish orqali g‘aflatdan uyg‘onish va o‘zgalarni ham uyg‘otishni talab etadi. Aqlan va vijdonan uyg‘oq, qalbida oila qayg‘usi va vatan tuyg‘usi bor bo‘lgan inson bunga aslo befarq bo‘lmaydi. To‘g‘ri, iqtisodiyotni jamiyatning tanasiga qiyoslash o‘rinli, lekin jon va ruhsiz tana oddiy jasad. Jonsiz jasad esa tiriklik belgisi emas. O‘tgan yili 19 yanvarda Prezident raisligida o‘tgan ma’naviy va ma’rifiy masalalar tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektorda ham xuddi shu fikrga urg‘u qilingandi. Targ‘ibot va tashviqotning ta’sirchan kuchi ma’naviyat mezonlariga quriladi.

Kuni kecha «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetiga  Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti Boshqaruv Kengashi raisi Umurzakov Sardor Uktamovich tashrif buyurish asnosida xuddi shu masalalarga ham to‘xtalib o‘tdilar. 

Ular Prezidentimizning uzoqni ko‘zlovchi strateg sifatidagi faoliyati va kuni kecha O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishi xususida gapirib «Hamma islohotlarni, hamma harakatlarni jamiyat bilan birga qilamiz» degan da’vatlariga muvofiq o‘zgarishimiz va burchimizni his etishimiz, bundan keyin hammamiz o‘z vazifamizga sidqidildan yondoshishimiz zarurligini ta’kidladilar.      

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Toshqulov Abduqodir Hamidovich hamda “TIQXMMI“ Milliy tadqiqot universiteti rektori Mirzaev Bahodir Suyunovichlar ham shu xususda o‘z mulohazalarini bildirdilar.

Harakatlar strategiyasidan taraqqiyot strategiyasi sari ildam qadam keng dunyoqarash, zamonaviy bilim ritorik mahorat bilan bog‘liqligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Ma’naviyat usullari targ‘ibot va tashviqot bo‘lsa uning omma ongiga singdirish mexanizmi, «quroli» esa ritorika, notiqlik san’ati, muloqot etiketidir. Xuddi shu sifatlar bilan qurollangan insongina maqsadiga erishadi, muvaffaqiyat quchadi. Zeroki, til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmidir. Kommunikativ kompetentligi bo‘lmagan ma’naviyat targ‘ibotchisining murodi hosil bo‘lmaydi.

Prezidentimiz strategiyaning ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishi bo‘yicha kutubxona va kitobxonlikni ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi aholi sonini ko‘paytirish, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish kabi vazifalarga keng jamoatchilikning diqqatini qaratdi.

Mustahkam poydevori bo‘lgan mamlakatning iqboli va istiqboli porloq. Bu yo‘lda hamjihatlik va birgalikda ish tutish islohot va siyosatlarimiz ro‘yobidir.

Navoiyning nuqtai nazari va nuktasida nutq

O‘zining g‘oyaviy niyatini til imkoniyatlari, ta’sirchan nutq vositalari bilan ifodalashda Navoiyning zakosi ustuvorlik qiladi. Uning tilga bag‘ishlangan maxsus asarlaridan tashqari devonlari-yu “Xamsa”si ham tilning boyligi, nafosati va ma’no qudratining amaliy ifodasidir.

Til, so‘z, nutq, tovush, harf singari lisoniy birliklarni his etish, uning ta’sir kuchini anglash va anglatish, ularni g‘oyaviy maqsad nuqtai nazaridan mohirona qo‘llash doimo adiblarning diqqat markazida turgan. Biron so‘z san’atkori yo‘qki, til, so‘z, nutqqa e’tibor qilmagan bo‘lsin.

Hatto, diniy va dunyoviy ta’limotda dunyoning yaralishi va tugashini, ya’ni ibtido va intihoni ham so‘z bilan bog‘lash mavjud. Parvardigori olamning «Bo‘l!» degan xitobi bilan o‘n sakkiz ming olam yaralgan. Uning kunfayakun bo‘lishi ham so‘z bilan deyiladi. Hazrat Navoiy bejiz «So‘z kelib avvalu jahon so‘ngra, Ne jahonki kavn ila makon so‘ngra», demagan.

Demak, so‘z – ilohiy ne’mat. Uni muqaddas tutish, kalom ahlini e’zozlash azaldan mavjud. So‘zning sehrini unga mehr qo‘yganlar yaxshi anglashadi.

Xo‘sh, mutafakkir shoir Alisher Navoiyning xuddi shu masalaga munosabati qanday? Shu haqda mulohaza bildirmoqchimiz.

U ayrim asarlarida so‘z haqida, uning xosiyati va nutqning mohiyati borasida alohida to‘xtalib o‘tgai. So‘zning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va insonning o‘zligi so‘zi bilan bog‘liqligini shoirona tashbehlar bilan izohlaydi.

So‘zdurki, nishon berur o‘lukka jondin,

So‘zdurki, berur jonga xabar jonondin.

Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,

Bilkim, guhari sharifroq, yo‘q ondin.

Shoir boshqa bir o‘rinda «Ko‘ngul durji ichra guhar so‘z durur. Bashar gulshanida samar so‘z durur» – deydi. «Guhari sharif»lik darajasida ta’riflangan so‘zga Navoiyning munosabati ayricha. Insonning so‘zlagan so‘ziga qarab, uning ma’naviyati, ruhiy olamini anglash mumkin. Shuning uchun ham xalqning «o‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar» degan naqli behuda aytilmagan. Har kim so‘zlashi, nutq irod etishi mumkin. Lekin uning saviyasi, bilimi, dunyoqarashi, qiziqishi, botiniy dunyosi go‘zal bo‘lmasa, so‘zi mazmunli, nutqi jozibali bo‘lishi qiyin. “So‘zdan so‘zning farqi bor o‘ttiz ikki narxi bor” degan maqol mazmunida bu fikrning so‘zlovchiga ham daxli borligi anglashiladi. Demak, til umumiy, nutq esa individual vosita. Har kim undan o‘z didi va tab’iga muvofiq foydalanadi.

Navoiy nutqni bahorga, so‘z ma’nosini esa, gulga qiyos qiladi. Gul bahorning kelgani, iforiy islarga boyligini anglatadi. Gulning bo‘yidan bahramand bo‘lish dilda ajib hislarni uyg‘otadi. Bahor anvoyi gullar bilan go‘zal. Qog‘oz gul ko‘zni quvontirar, lekin u xushbo‘y hiddan bebahra. Xuddi jimjimador so‘z ma’nodan yiroq bo‘lgani kabi, Demak, nutqdan, so‘zdan maqsad ma’no. Ma’no ‒ so‘z toji. «So‘zlash ixtiyori menda» qabilida ish tutish ham har doim yaxshilik keltiravermaydi. Serso‘zlik — laqmalik nodonlik alomati. «Aytuvchi dono bo‘lmasa ham, eshituvchi dono bo‘lsin» degan gap zamirida ham shu ma’no bor. Ahli donishlarning biridan so‘rashibdi: «Qanday qilib donishmand bo‘ldingiz?» U debdi: ‒ Eshitib, eshitib va yana tinglab.

Qolaversa, qisqa, lekin ma’noli so‘zlash odob belgisi. Mana, Navoiyning shu haqdagi fikri:

Har kimsaki, so‘z demak shiorida durur,

Ma’no guli nutqining bahorida durur.

So‘zkim, demasun ulki ixtiyorida durur,

So‘z yaxshiligi chu ixtisorida durur.

Qisqa so‘z va ko‘p ma’no anglatish badiiylik mezonlaridan. Navoiy nutqning qisqaligi va soddaligi notiq fazilati ekanini uqtirib qolmasdan, balki so‘zga munosabat borasida o‘tmish allomalarning shu haqdagi fikrlariga tayanadi ham. Kaykovusning «Qobusnoma»sida shularni o‘qiymiz: “Ko‘p bilib oz so‘zlagil va kam bilib ko‘p so‘z demagil. Nima uchunki, aqlsiz shundoq kishi bo‘ladur — u ko‘p so‘zlar. Debdurlarki, xomushlik salomatlik sababidur, chunki ko‘p so‘zlaguvchi oqil kishi bo‘lsa ham, avom uni aqlsiz derlar». («Meros» nashriyoti., 1992 y. 35-bet.)

Navoiy nazdida, so‘zga o‘ta ehtiyotkorlik zarurki, nojo‘ya so‘z noxush holatga sabab bo‘lishi, bir so‘z bilan kishi dili xira bo‘lishi mumkin. «So‘zlagandan so‘zlamagan yaxshiroq, so‘zlagandim tegdi boshimga tayoq» xalq naqlini Navoiy boshqacha tarzda ifoda etadi, tanbeh beradi, So‘zning o‘rni sir. Uni bilish, amalda qo‘llay olish zarur. So‘z san’atkorlari so‘zlashdan oldin o‘ylash, ya’ni topish, tanlash va qo‘llashda aql-idrok, fahm-farosat lozimligini doim e’tiborda tutishgan. So‘z bilan kishini shod etish, barbod etish ham mumkin. Navoiy nutq egasini tilga e’tibori va mas’uliyatini kuchaytirib, o‘rinsiz so‘z boshga balo bo‘lishi muqarrarligini e’tirof etadi.

So‘zdan kishining g‘amu balo hosilidur,

Har nuktada tili desa, balo doxilidur.

Besirfa degan kishiga tili qotilidur,

Alqissaki, kimsaning balosi tilidur.

Navoiy shu o‘rinda mazkur rivoyatga ishora qilgan bo‘lsa ajab emas. Bir kuni shoh o‘ng qo‘l vaziri bilan shikordan qaytib kelayotganida, pastqam bir uyning oldida beli bukchaygan, hassaga tayangan kezi bir qo‘li oldinda tilanchilik qilib turgan qariyaga ko‘zi tushadi. Shoh vazirga ishora qilib deydi: ‒ Hu anovi mo‘ysafidni ko‘rayapsanmi? Bizlarga yoshligimizda saboq bergan Ali Safiy degan ustozga juda o‘xsharkan-a?

Vazir: ‒ Ma’zur tuting, o‘sha qariya Ali Safiyning xuddi o‘zidur, dedi.

Shoh darg‘azab bo‘ldi: ‒ Men yurt hukmdori, sen vazir bo‘la turib, bizga alifbodan saboq bergan ustozimizning shunday ko‘yga tushishiga sabab ne?!

— Men ustozga ko‘p bor maslahat soldim, unamadi. Yaxshisi, o‘zingiz bir so‘rab ko‘rmaysizmi?- dedi vazir.

Shoh otdan sakrab tushib, Ali Safiy hazratlarining oldiga borib, ko‘rishdi.

— Ustoz, bu ahvolotingizning boisi nedur? – deb so‘radi.

-To‘g‘ri, ‒ o‘smoqchilab so‘z boshladi ustoz, ‒ men sizlarga chin dildan, chin so‘zdan saboq berdim. Menga ham saboq bergan ustozlar ko‘p bo‘lgan. Ular ichida ikkitasi meni xush ko‘rib, doim ardoqlab yurardi. Biri nima deyishni o‘rgatardi, ikkinchisi esa nima demaslikni. Nima demaslikni bilaman-u, nima deyishni o‘rganishim kerak, ‒ deb, birinchi ustozga qo‘l berdim, oqibatda shunday ko‘yga tushdim. Keyin anglab yetdim: nima deyishdan ko‘ra, nima demaslikni bilish donolik ekan.

Navoiy o‘gitlaridan biri shunday: «So‘zni ko‘ngulda pishqormaguncha tilga kelturma, har nekim ko‘ngulda bor, tilga surma». Anglashilayaptiki, zarur so‘zdan ham eng zarurini ayt, uning ham hojati bo‘lsa, degan mazmun Navoiyning talabi.

Ulug‘ mutafakkir nutqning xususiyatlari ‒ qisqalik, soddalik, mantiqiylik va ta’sirlilik haqida fikr bildirar ekan, uning qanday aytilishi, ya’ni qay so‘zni qay ohangda ifodalanishiga ham diqqat qiladi. Ma’lumki, «Nurnoma» risolasida parvardigorning yetti daryo yaratgani borasida so‘z ketadi. Ulardan biri ilm daryosi, ikkinchisi hilm daryosi deya e’tirof etiladi. Birinchisi anglash bo‘lsa, ikkinchisi mayin, muloyimlik demakdir. Halimtabiatli kishi yumshoq, kishi diliga ozor yetkazmaydigai so‘zni topib aytadi. Shuning uchun ham kimdir topib so‘zlaydi, kimdir qopib deyishadi. Bu, albatta, insonning fe’l-atvori, sajiyasi bilan bog‘liq. Kaykovus «sovuq so‘z bir tuxumdur, undin dushmanlik hosil bo‘lur» deyishi bilan haqli. Navoiy xuddi shu fikrlarni to‘rtlik shakliga keltirib quyidagicha taqdim yetadi.

Har kimki chuchuk so‘z elga izhor aylar,

Har nechaki ag‘yor durur, uni yor aylar.

So‘z qattug‘i el ko‘ngliga ozor aylar,

Yumshog‘i ko‘ngullarni giriftor aylar.

Ilonning inidan, pichoqning qinidan chiqishiga ham qaysi so‘zni qanday aytilishi sabab. Mashhur voizlarning biridan «el ichra e’tiboru ehtirom qozonishingizning boisi nimadan?» ‒ deb so‘raganlarida, u «qaysi mav’izani kimga, qaerda, qachon, qanday qilib eng muhimi, qancha aytishni bilganligim hamda amal qilganligim uchun bo‘lsa kerak», ‒ deb javob bergan ekan.

Nutq odobi va o‘rni masalasiga alohida e’tibor bilan qaraganini «Xamsa» dostonlarida ham sezish mumkin. «Farhod va Shirin»dan tashqari barchasida so‘z haqida alohida bob borligidan ham bilish mumkin. Xuddi shunday mulohazalarni «Nasoyim ul-muhabbat», «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Nazmu ul-javohir» kabi asarlarida ilgari surgan. So‘zni ilohiy xitob deya e’tirof yetadi.

Navoiy so‘zni mazmun va mohiyati jihatidan ikkiga bo‘lgan. Tangriga xos bo‘lgan so‘z va bashariyatga xos bo‘lgan so‘z. Qur’oni karimdagi balog‘at va fasohatli so‘zlarni, «Lavh ul-mahfuz»dagi taqdir bitiklarini, butun koinotning yaralishidagi tangri taoloning «kun!»(ya’ni, bo‘l!) degan amriga ishora qilib so‘zning qadimiyligi va ilohiyligini uqtiradi. Yuqorida keltirganimizdek, «So‘z kelib avval-u jahon so‘ngra, Ne jahonki kavn ila makon so‘ngra», — deb yozadi shoir.

Bashariyatga xos bo‘lgan so‘zni esa uchtaga bo‘ladi. So‘zni insonlarning aql darajasiga xoslab so‘zlang degan hadisga muvofiq uning quyidagi turlarini izohlab o‘tadi. 1. A’lo (eng oliy), 2. Avsat (o‘rta), 3. Adno ( eng past). Shoir e’tiroficha, eng birinchi qadimiy so‘z maliki qadim. Ya’ni Allohning so‘zi bo‘lsa, so‘ngra nubuvvat tili risolat lisoni, ya’ni payg‘ambar Muhammad alayhissalomning hadislari, keyin to‘rtinchi xalifa Hazrat Alining nazm-u nasrga oid so‘zlari, so‘ngra avliyo va mashoyixlarning so‘zlaridir. Avsatga esa fasohat bilan so‘z aytuvchi shoir va fuzalolar mansub. Avom takallumi va barcha omi odamlarning so‘zlari esa uchinchisi adno rutbasiga kiradi. Shoirning ushbu mulohazalari ham e’tiborlidir. So‘z bilan inson iymon sharofatiga ega bo‘ladi. So‘z so‘nggi nafasda ham najotkordir. So‘z tavhid kalimasi bo‘lib, kim so‘nggi nafasda aytsa abadiy najot topadi. Sehrli so‘z va ilohiy kalom ikki kishiga biri Muhammadi arabiy, ikkinchisi Iso masihga xosdir. Biri so‘zda mo‘jiza ko‘rsatadi va nozik ma’nolari bilan elni ojiz-u hayron qoldirdi. Ikkinchisi so‘z bilan o‘likka jon va tanga ruh kirgizadi. Iste’dodli adabiyotshunos Sayfiddin Sayfulloh o‘g‘li Navoiyning so‘zga munosabati borasida o‘z mulohazalarini bildirarkan, yana quyidagilarni e’tirof etadi. Navoiy so‘zni ta’riflab jism bo‘stonidagi daraxt, ruh daraxtlardagi mevadir. ‒ deydi. Tanida ruhi bor odam so‘zga muhtojdir. So‘z barchaning ko‘ngillar qutisidagi javhar, og‘iz qutisidagi gavhardir. Yaxshi so‘z o‘lgan odamning taniga ruh bag‘ishlasa, yomoni va zaharlisi tandagi ruhni o‘ldiradi.

So‘zdin o‘lukning tanida ruhi pok

Ruh dog‘i tan aro so‘zdin halok.

So‘z tufayli Xalil o‘zini o‘tga tashlagan, Jabroil ham so‘z yukiga hammol bo‘lgan.

Alisher Navoiy so‘zga munosabatni tirik jonzotga munosabat tarzida anglaydi. Tanlangan va aytilgan so‘z nishonga qanday borishi, qanday samara berishi u uchun muhim. O‘zining hayotiy va ijodiy faoliyatida shunga amal qilib yashagan she’riyat sultoni mulohazalari biz uchun ibratlidir.

Jahon bo‘ylab xalq qalbi, ongi uchun kurash keskin davom etayotgan ayni paytda mafkuraning manbai bo‘lgan til, nutq, so‘z hodisasiga o‘rinli munosabat zarur. Mustaqillik g‘oyalarini targ‘ib-tashviq etishga intilgan har qanday voiz, notiq uni puxta bilishi, unga amal qilishi bugunning talabi.

Zero, Navoiy hazratlari aytganlaridek, «Ko‘ngul maxzanining qulfi til va ul maxzanining kalitin so‘z bil».

Mirzo Boburning harbiy notiqlik mahorati

Notiqlikning bir qancha turlari bor. Bular ijtimoiy-siyosiy, akademik, diniy, sud notiqligi, harbiy va ijtimoiy-maishiy notiqlikdir. Bular ichida alohida ajralib turadigani harbiy notiqlikdir. Tinchlik sharoitida ham, davlat boshqaruvi, hatto urush sharoitida ham qo‘shinni boshqarishda notiqlik san’atining alohida o‘rni bo‘lganligiga uzoq asrlik tarix guvoh. Chunki ko‘zlangan maqsad bu strategiya bo‘lsa, uni amalga oshirish yo‘llari bu taktikadir. Demak, har qanday strategiyaning ta’sirchan mexanizmi bu til taktikasidir. Harbiy notiqlik mohiyat e’tibori bilan  jangovarlikni, xitob va da’vatni anglatadi. Shuning uchun ham mashhur Rim notig‘i Mark Tulliy sitseron «Tarixda yo yaxshi harbiy sarkarda yoki notiq bo‘lish kerak» — demagan. U ko‘rib kuzatgani va anglab yetganidan so‘ng shu fikrga kelgani aniq. Demak, notiqlik va harbiy sohadagi faoliyat o‘zaro uzviy bog‘liqdir. Har qanday g‘alabani ta’minlash mezoni bevosita notiqlik mahorati bilan bog‘liq. Sohibqiron Amir Temur ham jang san’atida, boshqaruv tizimida notiqlikning alohida o‘rnini e’tirof etgani va amal qilgani bejiz emas. Jangda g‘alabaning garovi o‘ziga ishonch bilan bog‘liq bo‘lgani kabi so‘zga ham bevosita bog‘liq. Qo‘mondon qo‘shiniga o‘z nutqi orqali ishonch ruhini bersa, u dadil harakat qiladi va zafar quchadi, aks holda, mag‘lubiyatga uchraydi. Shuning uchun ham notiqlikning asl mohiyati ishontirish orqali ta’sirlantirish san’atidir. Harbiy sohada dushmanni qancha qo‘shini, qancha qurol-yarog‘i, qancha otlig‘ yoki piyoda askari borligini bilib, hujum quruqlikdami, suvdami yoki havo orqalimi ekanini aniqlab olingandan keyingi harakatgina muvaffaqiyat keltiradi. Notiqlik ham shunga monand. Unda ham tinglovchilarning kasbi-kori, qiziqishi, dunyoqarashi, tafakkuri, bilim darajasi, saviyasi, jinsi, e’tiqodini bilib turib so‘z aytish muvaffaqiyat keltiradi. Notiqlik ham xuddi harbiy jangovarlikka o‘xshab o‘ziga xos strategiyaga, o‘ziga xos taktikaga egadir.

«Temur tuzuklari»ni nutq san’atining noyob namunasi deyish mumkin. Keyingi avlod temuriyzodalardan bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur  sohibqiron Amir Temurning jang san’ati va boshqaruv mahoratidan tashqari, o‘z so‘zi, nutqi va voizlik mahoratiga ega bo‘lganini ham eshitgan, bilgan. «…har kim o‘z so‘ziga ega bo‘lsin, ishini bilib o‘zi qilsin, ya’ni raiyat podshosi aytgan so‘zini, qilgan ishini o‘zi aytadi, o‘zi qiladi…» degan “Temur tuzuklari”dagi bitiklar ham o‘sha davrda notiqlik san’atining rutbasi yuqori bo‘lganini bildiradi.

“Yaxshi nutq egasi – uquvli, qat’iyatli, o‘ziga ishongan bo‘lishi darkor, chunki va’zxonlik – kuch. Voiz bo‘lish uchun, so‘zning qudrati va sehrini egalash lozim. Amir Temurning qudrati, avvalo, uning donishmand fikrlarida, maslahatli kengashlardagi so‘zlangan nutqlarida namoyondir, chunki XIV asrda markazlashgan feodal davlatni tuzish, ulkan qo‘shinga sarkardalik qilish uchun har taraflama bilimdon, qat’iyatli, voiz-shaxs bo‘lish lozim edi”, — deb yozadi A. Aripova o‘zining “Iqtisodiy nutq asoslari” o‘quv qo‘llanmasida.

 Ushbu sifatlarni hech ikkilanmasdan Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ham aytish mumkin. Hind xalqining buyuk davlat arboblaridan Javoharlal Neruning ushbu mulohazasi ham yuqoridagi fikrimizga dalildir.  “Bobur dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan. U san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko‘rardi…”

Mard va tadbirkor,  san’atni sevgan kishigina qat’iy iroda, o‘z so‘ziga, fikriga ega inson bo‘lishi tayin. Jonli manzaralar yaratuvchi, da’vatkor kuchga ega so‘zning o‘rni katta. To‘p-u zambaraklar, behisob qo‘shin eplay olmagan ishni oddiy so‘z bajara olganiga tarix shohid.

Boburning nutqiy mahorati haqida mufassal ma’lumotni shoh va shoirning qizi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asaridan olish mumkin. 

1527 yili Boburning Hindistonda Rano Sango bilan jangi oldidan qo‘shinlari orasidagi vaziyat aziyatga sabab bo‘ladi. Boshi qovushmagan jangchilar orasida  ixtilof va tarqoqlik boshlanadi.

Shunda Bobur lashkarga qarata jonli, ta’sirchan nutq irod qiladi. Gulbadanbegim “bunga majlisdagilarning hammasi rozi bo‘lishib…, tomirimizda bir tomchi qonimiz qolguncha kurashamiz, deb qasam ichadilar…” degan dalilni keltiradi: “Har kimki hayot majlisiga kiribtur, oqibat ajal paymonasidin ichkusidir va har kishikim, tiriklik manziliga kiribtur, oxir dunyo g‘amxonasidin kechkusidur, yomon ot bilan tirilgandin, yaxshi ot bilan o‘lgan yaxshiroq… Tangri taolo bu nav’ saodatni bizga nasib qilibtur va mundoq davlatni bizga qariyb aylabtur. O‘lgan shahid va o‘ldurg‘on g‘oziy, barcha Tangrining kalomi bilan ont ichmak kerakkim, hech kim bu qatoldin yuz yondirur xayol qilmay, to badandin joni ayrilmag‘unicha, bu muhoriba va muqotiladin ayrilmag‘ay…”

Boburning ushbu otashin, jangovar nutqidan so‘ng barcha askarlar yakdil holda, jam bo‘lib, jangga kirishgan.

Jang oldidan lashkarni ruhlantirish, g‘alabaga nisbatan ishonch tuyg‘usini uyg‘otish tajribali qo‘mondonlarning faoliyatida sinashta bo‘lgan.  Napoleon Bonapart jangga kirishishga tayyor turgan qo‘shinga qarata shunday deyishi odat bo‘lgan. «Jangda o‘lishni hamma eplaydi. Mard va jasur jangchilargina tirik qoladi. Menga o‘ligingiz emas, tirigingiz kerak. Shunday ekan, barchangizga o‘lmaslikni buyuraman, olg‘a!»- deya xitob qilarkan.

Boburning notiqlik mahoratiga misol sifatida shunga o‘xshash yana bir holatni  kuzatish mumkin. Hindistonda davlatchilik siyosatini mustahkamlash, mayda-mayda feodal, rojaliklarga bo‘linib ketgan yurtni yaxlit davlatga aylantirish, o‘lka viloyatlarini markaziy saltanatga birlashtirishda ham u ritorik san’atning imkoniyatlaridan foydalangan. Bobur Mirzoning harbiy mahorati va notiqlik san’ati imkoniyatlarini bilishi jang-u jadallarda qo‘l kelganiga Hind va Afg‘on zamini sari harbiy yurishlarida yaqqol ko‘rinadi. 1525-yilda Bobur Rano Sango bilan ittifoq tuzib, Shimoliy Hindistonni egallash maqsadida Ibrohim Lo‘diyga qarshi jangga kirdi. 1525-yil kech kuzda Bobur Panjobni bo‘ysundirdi, 1526-yilda Panipat qishlog‘i yaqinidagi birinchi jangda Boburshoh qo‘shini Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning ukasi Mahmud Lo‘diy qo‘shini ustidan g‘alaba qozonib, Bengal shohi Nusratshoh bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatdi. 1526-yil apreldagi Panipat jangida Bobur asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming kishilik qo‘shinini o‘zining 12 minglik askari bilan tor-mor qilishi aqlga sig‘maydigan hol. O‘n ikki ming askar orasida yuz ming qo‘shinga qarshi jangga kirish mushkul ekanini o‘ylab, talmovsirash boshlanadi. Uy-joyini qo‘msab, oila va farzandlari diydorini ko‘rmasdan behuda o‘lib ketish xavfi askarlarni cho‘chitadi. Jangga kirishdan bo‘yin tovlaganlari ham bo‘ladi. Bundan achchiqlangan Mirzo Bobur o‘z jahlini sezdirmasdan ot ustida tikka turgani holda askarlariga shunday mazmunda murojaat qiladi. «Oralaringizda o‘lmaydigan, abadiy tirik qoladiganingiz bormi?» Hamma jim. U davom etadi. «Quyosh botish uchun chiqadi, odamzot o‘lish uchun tug‘iladi. Bu ayni haqiqat. It ham o‘ladi, yigit ham o‘ladi. Lekin ularning o‘limi orasida farq bor. It nafsi sabab o‘lsa, yigit hamiyatini, yurtini, or-nomusini himoya qilib jon taslim etadi. Yigit kishi o‘z elini, vatanini, shon-shavkatini, din-diyonatini, ona tuprog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrash yo‘lida vafot etsa bu sharafli o‘limdir. Avlodlarning erki, tinch va osoyishta yashashidan ulug‘ ne’mat bormi, o‘zi. Yengsak g‘oziymiz, mabodo, qazo qilsak shahid hukmidamiz.»  Buni tinglagan askarlar bir necha soniya jim turishadi. Birozdan keyin butun olamni tutgudek na’ra tortishadi. «Biz janggga tayyormiz, biz albat yengamiz!» Askarlar qilich va nayzalarini baland ko‘tarib jangga shayligini bildirishadi. Ana shu nutqiy xitob, jangovarlik ruhi bilan sug‘orilgan da’vatnoma nutq Dehlini egallashga, 1527-yil martda Bobur Sikri yaqinidagi jangda rajputlar sardori Rano Sango qo‘shinini tor-mor etib, butun Shimoliy Hindistonni bo‘ysundirishiga sabab bo‘ladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo notiqlik san’atini mukammal egallagan bo‘lib, u nafaqat harbiy notiqlikda, balki umuman voizlik san’atida yuqori cho‘qqiga erishgan mahorat sohibidir. Bobur o‘zi va so‘zi joiz bo‘lgan voizdir. U kimga, nima haqda, qachon, qaerda, qanday qilib, muhimi, qancha aytishni taqozo qiladigan san’at mohiyatini bilgan va amalda qo‘llay olgan shoh va shoirdir. Uning nazarida insonning o‘zligi uchun ko‘zgu uning so‘zligidir.

Co‘zingkim hizr suyidin nishondur,

Vale ul suv kibi mendin nihondur.

Har vaqtke ko‘rgasen mening so‘zumni,

So‘zumni uqub anglagaysen o‘zumni.

Anglashilayaptiki, kishining nutqi uning xulqining ko‘zgusidir. Chunki insonning o‘ziga qarab kutishni, so‘ziga qarab kuzatishni xalqimiz juda yaxshi biladi.

Bobur ta’biricha, “…o‘zni yondoshturub o‘zing birla, so‘zni chirmashturub so‘zung birla…”; o‘zgani o‘zingga “yondoshtirishing”  g‘alaba garovi, “insonlik nishoni so‘zlamoq”  ekanligini u .chuqur idrok etadi.

O‘zining ijodiy faoliyatida ham voizlik san’atining muhim bir bo‘g‘ini ritorik murojaat she’riy san’atidan ham unumli va o‘rinli foydalandi. Navoiy poetikasi bo‘yicha yirik mutaxassis Yoqubjon Isoqovning mazkur san’at haqidagi fikrlarida ham shunga ishora bor: “Ritorik murojaat – qadimgi davrlarda (Yunon-Rim) notiqlik san’atining muhim jihatlaridan biri bo‘lgan. Ritorik murojaat badiiy adabiyotda uslubning hissiyligini ta’minlovchi omillardan biriga aylangan.» Anglashilayaptiki, Ritorik murojaatdagi tinglovchiga qaratilgan nido, xitob tarzidagi poetik murojaatlar Bobur ijodiga ham jilo bergani rost.

Adabiy merosimizda qo‘llanilgan Olloh, Yo Rab, falak, soqiy, mug‘anniy, sabo, oshiq, ma’shuqa, ag‘yor kabi an’anaviy xarakterdagi ritorik murojaatlar fonida Bobur mirzo yurt sog‘inchi, ilmga da’vat, jangovar xitob, raqibga qarshi da’vat mazmunini ham singdirgan.

Jangovar va tinchlik sharoitida ham nutqning o‘rni borasida so‘z ketarkan, Bobur mirzoning hayotiy va ijodiy faoliyati bunga misoldir. Strategik maqsadlarni amalga oshirish tilni qo‘llash taktikasi bilan bog‘liq bo‘lgan ayni zamonda Bobur mirzo qarashlari ijtimoiy mohiyat kasb etishi tayin.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.