9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

BILIM BILAN MA’RIFATNING TUTQICHI,

notiq.uz > Yangiliklar  > BILIM BILAN MA’RIFATNING TUTQICHI,

BILIM BILAN MA’RIFATNING TUTQICHI,

ILM ILA IKKI DUNYO OCHQICHI

Teatr san’ati haqida gap ketsa, tomoshabinning nigohi tushadigan, jamoaning bahosi beriladigan asosan ikkita tushuncha muhim ahamiyat kasb etadi. Biri joyni anglatsa, ikkinchisi chiroyni anglatadi. Boshqacha aytganda, buning birinchisi sahna bo‘lsa, ikkinchisi nutqdir. Ko‘rinish va kiyinish, nutq va xulq bir so‘z bilan aytganda, o‘zlik va so‘zligingiz go‘zallik qonuniyatlariga qurilishi chinakam nafosatni, inja san’at mohiyatini bildiradi.

Sahnadagi personajning holati, his-tuyg‘usi, ruhiy kechinmalari, nutqi va libosining o‘zaro uyg‘unligi va tabiiyligi asarning ta’sir kuchini oshirishi muqarrar. Xoh aktyor bo‘lsin, xoh diktor bo‘lsin, u avvalo, xalq tilining jozibasi va nazokatini, ohangi va jarangini, so‘zning ma’no tarovatini yetkazadigan, namoyish etishga mas’ul shaxsdir.  Nutqing — xulqing oynasi. Bu bejiz emas. Sahna madaniyati, nutq mahorati avvalombor, axloqiy mezonlarga, yuksak ma’naviyatga tayanadi. Ta’limning tayanchi nutq bilan, tarbiyaning tayanchi esa xulq bilan. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, muloqotning ochqichi nutq, muomalaning tutqichi xulq. Nutqiy va xulqiy madaniyatga ega bo‘lmagan insonni komil deb, avlodni barkamol deb bo‘lmasligi ayon. 

Yuqoridagi mulohazalar bir jihatdan san’at yo‘lini tanlagan, shu orqali elning e’tiboru ehtiromiga tushishni niyat qilgan ijodkorlarga daxldor bo‘lsa, ikkinchi tomondan sahna madaniyati va nutq mahoratini tadqiq etuvchi chin pedagog va olimlarga ham xos.

Sahnaning ma’naviyat o‘chog‘i, targ‘ibotning ta’sirchan mayog‘i ekanini bilish, san’atkorning xalq qalbiga yo‘l olishi, dardiga malham bo‘lishini hamda sahnaviy nutq bilan xalq adabiy tilining go‘zalligini tadqiq etish va shu ilmdan dars berishni o‘zining umr mazmuniga aylantirgan fidoyi olima, jonkuyar muallima, oilaparvar ona, xokisor inson san’atshunoslik fanlari nomzodi, O‘zbekiston Teatr ijodkorlari uyushmasining a’zosi, professor Adiba opa Nosirova edilar.

Ularning ilmiy, nazariy va pedagogik qarashlarini bir necha bor nashr etilgan “Jonli so‘z san’ati asoslari”, “Sahna nutqi”, “Madaniy dam olish pedagogikasi”, “Shaxs o‘yin madaniyati” singari kitoblarini ko‘zdan kechirish orqali ham anglab olish qiyin emas.

Adiba opa o‘z sohasining, kasbining fidoyilaridan edi. Ulardagi kuyunchaklik sahna madaniyati va sahna nutqi faniga qaratilgan bo‘lsa-da, shu sohaning ertasini ilm bilan bog‘lash, shu fanni istiqbolini belgilay oladigan bilimdon shogirdlarning yetishib chiqishi uchun qayg‘urishdandir. Xuddi shu ruh ularning vaqtli matbuotdagi adabiy-tanqidiy, tahliliy maqolalari, turli ilmiy-nazariy anjumanlardagi chiqishlari va qator uslubiy qo‘llanma va darsliklarida ham aks etib turadi.

O‘z ustida ishlash san’atkor uchun mohiyat e’tibori bilan so‘z ustida ishlash demakdir. Chunki, so‘zlik insonning o‘zligi uchun ko‘zgudir. Adiba opa, nafaqat matn, yoxud so‘z ustida ishlash, balki har bir tovushning talaffuzi ustida ishlash masalasi ham muhimligini shogirdlariga qayta-qayta e’tirof etardilar.

Talant, so‘z, avvalombor,  xalq mulki. Unga xiyonat qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Adabiy til me’yori, talaffuz darajasi personajning holati va u tushgan vaziyat bilan bog‘liqligini birdek e’tiborda tutish muhim. Buning uchun san’atkorning diqqat-e’tibori va quvvai hofizasi alohida ahamiyatga ega.  Buning uchun uning ona tiliga bo‘lgan mehri ustuvor bo‘lishi tabiiy holdir. So‘zlash tillarda, o‘ylash tilda bo‘ladi. Biz qaysi xorijiy tillarni o‘rganmaylik, avvalombor o‘z tilimiz bilan qiyoslab o‘rganamiz. Ushbu iboralar bejiz emas: Vatan ostonadan boshlanadi yoxud “teatr garderobdan boshlanadi”. O‘z tilingni mukammal bilish o‘zga tillarni ham chuqur bilishga yo‘l ochadi. Shuning uchun ham so‘zning vazni, ma’no tarovati, o‘lchovi, qamrovi, hidi bor, uni didi bor bo‘lgan ijodkor his etadi va o‘z o‘rnida qo‘llay oladi. Adiba opa jonli so‘zning manbai ta’sirchanlik, samimiyat va xalqchillikda ekanini ta’kidlardilar doim.

Adiba Nosirova dars jarayonida ana shularga e’tibor qilish asnosida nazariy ma’lumotning qudrati amaliy mashg‘ulotning samarasi bilan ekanini talabalarga uqtirishdan aslo, charchamas edilar.

Har bir xalqning ma’naviyati, milliy qadriyati uning tarixi, etnik qatlami, tili va estetik qarashlari bilan uyg‘un ekanligini bilish zaruratini ular teran his etardilar. O‘tkinchi, yaltiroq narsalarga qiziqib xalqning milliy qadriyatlariga e’tiborni susaytirish istiqbolni ko‘rolmaslik ekanini ustozning ushbu mulohazalaridan bilib olish qiyin emas. “Jonli so‘z san’ati asoslari” kitobida ta’lim jarayonida xalqning istiqboli tarixiy, milliy zaminga, o‘tmish ajdodlar qoldirgan bebaho meros bilan bog‘liq ekanini his etish zarurati borasida fikr yurita turib, shunday yozadilar: “Jonli so‘z ijrochiligi san’ati nechog‘li umumjahoniy xarakterga ega bo‘lmasin, u eng avval, chuqur milliy zaminga tayanishi zarur va shart. Shuning uchun o‘qish va o‘qitish jarayonida milliy materiallarga asoslangan holda, bo‘lajak mutaxassislar yo‘ldan adashmaydigan mustahkam oyoqqa turib oladigan bo‘lgach, milliy ildizlari mustahkam qaror topgandan so‘ng ularni asta-sekinlik bilan dunyoning turli mintaqalari, turli iqlimlari va turli ma’naviyat olami sari yetaklash lozim. Aks holda, uzoqdagi biror yaltiroq narsani ko‘rib qolib o‘zinikidan voz kechadigan, o‘z milliy qadriyatiga nopisandlik bilan qaraydigan, chetga butkul cho‘qinadigan bo‘lib qolishi ham mumkin.”(108-bet)

Adiba Nosirova pedagog mas’uliyati va majburiyatini shunday idrok etib mazkur tashbehiy ifodani keltirishlari bejiz emas. “Ustod xuddi katta simfonik orkestrni boshqarayotgan zukko dirijor kabi 90 minutlik dars jarayonining qaysi qismlarida qaysi komponentlar ko‘proq samara berishini zakovat bilan his etishi, turli toifadagi texnik mashqlar va turli janrdagi rang-barang badialar qaysi me’yorda o‘rin olishini ongli ravishda boshqarib borishi zarur.”(110-bet).

E’tibor bergan bo‘lsangiz, ustoz shu o‘rinda ijro va ijod uyg‘unligi bo‘lmasa sahnadagi, auditoriyadagi harakat behuda ekanini uqtirayotganlari sir emas. Ijro amal bo‘lsa, ijod yaratishdir. Har ikkalasi talantni shakllantiradi. Ijodkorlik o‘z-o‘zidan fikrlashga, talabaning kreativ salohiyatini shakllantirishga, muhimi yangi fikr va g‘oyaga, innovatsion ixtirolarga undaydi. Prezidentimiz e’tirof etganlaridek, yangi fikr, yangi g‘oya bo‘lmasa, taraqqiyot ham, millatning kelajagi ham bo‘lmaydi. Aniq soatdek ishlaydigan mexanizmning natijador va samaradorligi ta’limning ta’sirchanligiga bog‘liq. Buning zamirida esa innovatsion g‘oya va texnologiya mavjud.

Adiba opa nazariy va amaliy faoliyatida xuddi shu maqsad muhim ahamiyat kasb etadi. Ular taomning ta’mi tuz bilan, suvning ta’mi muz bilan, odamning tab’i so‘z bilan ekanini yaxshi idrok etardilar.  Bu borada san’at yo‘nalishdagi talabalar bilishi va amal qilishi zarur bo‘lgan jihatlarga e’tibor qaratardi. So‘z ustida ishlash so‘zni his etishdan boshlanishi, kimning qanday o‘qishi uning shunday tushunishi, nutqning aniqligi tafakkur va talaffuzning tiniqligiga daxldor bo‘lishini ta’kidlardilar.        Bu esa o‘z-o‘zidan ta’lim-tarbiyaning sifati va samarasi masalasiga bog‘liq. Tabiiyki, sifat va samara mezoni esa bilim va tushunchalarni talaba ongu shuuriga aniq, to‘g‘ri, to‘la, tezkor va eng muhimi, ta’sirli yetkazish omili bilan bog‘liqdir. Ta’lim va tarbiya o‘zaro uyg‘un tushunchalar. Ular aslida, ajralmas. Bamisoli insonning vena va arterial qon aylanish tizimiga o‘xshaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni bir tanganing orqa va oldi yoki et va tirnoqqa qiyos qilish mumkin. Shunday ekan, ana shu uzviy birlik barkamollikning belgisi hamdir. Abdulla Avloniy uning jon va jasad birligiga qiyos qilgani bejiz emas.

Tasavvur qiling, o‘qituvchi o‘z fanini, o‘quv predmetini to‘la o‘zlashtirgan bilimli shaxs ham deylik, lekin unda bilimlarini, fikrini talabalarga yetkazish borasida malaka, tajriba, ko‘nikma hosil qilinmagan bo‘lsa, maqsad to‘la amalga oshmaydi. Shuning uchun ham o‘qituvchidan bu borada tinimsiz mehnat, mashaqqatli mashq va izlanish, tashabbus va tashkilotchilik talab etiladi. Zamon bilan hamnafas va hamqadam odimlash o‘qituvchidan yuksak mas’uliyatni va majburiyatni talab etadi. Bugungi talaba o‘qituvchidan ko‘ra kengroq axborotga ega bo‘layotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bunga bois ko‘plab internet tarmoqlari va boshqa texnologiyalar orqali yetib kelayotgan informatsiyalardir.

Ta’lim va tarbiya inson kamolotida qo‘sh qanot ekan, uning ta’sirli bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Har bir pedagog yuqoridagi fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqara olishi va amalda to‘g‘ri qo‘llay bilishi kerak.

O‘qituvchining o‘quvchi bilan munosabatidagi nutqi va xulqi muhim masaladir. Nutq madaniyatining har ikkala shaklini, og‘zaki va yozma nutqni to‘la va to‘g‘ri amalda qo‘llay olmagan pedagogning maqsadi sarobdir. Nutq madaniyatining har ikkala ko‘rinishi, ya’ni og‘zaki va yozma nutq qoidalarini bilishi va amalda qo‘llay olishi zarur. Bu bir oylik yoki bir yillik emas, doimiy izlanish va mashq qilish orqali ro‘yobga chiqadi.  Qanday yosh va qanday kasbda bo‘lishdan qat’iy nazar, har birimiz kishilar bilan nutqiy munosabatda bo‘lamiz-so‘zlaymiz, tinglaymiz, fikrlashamiz. Har kimning o‘z didi, saviyasi, dunyoqarashi, sajiyasi, fe’l-atvori, ko‘rinishi, kiyinishi bo‘lganidek, uning ovozi, so‘zlashish uslubi, til va nutqiy madaniyatni egallash darajasi ham o‘ziga xos. «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar»- degan naql bor. Kishining fahm-farosati va saviyasi ikki og‘iz so‘zidayoq namoyon bo‘ladi. Kishi fikrining aniq, samimiy va ta’sirli yetib borishi so‘zlovchining  til va uning harakatdagi ifodasi bo‘lgan nutq qoidalarini qanchalik bilishi va amal qilishiga bog‘liq. Notiq yoxud aktyor nutqining mantiqiy qudrati, ta’sir kuchi, jozibasi ham, aslida shu bilan. Notiq nutqi, voiz va’zi har bir davrlarda, har bir makonlarda joiz bo‘lgani haq. Demak, nutqiy mahoratni egallashga intilish nutq odobi, aniqrog‘i, til va nutq vositalarini puxta bilishni taqozo etadi. Nazariy ma’lumotlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashmas ekan, bunga erishish mushkul. Og‘zaki va yozma nutqning o‘zaro bog‘liqligi ularning shakllanish jarayonidagina emas, balki taraqqiy etishida, sayqal topishida muhim ham muqimdir. Og‘zaki nutqning qator vazifaviy ko‘rinishlari mavjudki, ular kezi kelganda, yozma nutqqa jilo beradi. Uning ta’sirchanligini oshiradi. Kundalik so‘zlashuv nutqi, lektorlar nutqi, radio va televidenie nutqi, sahna nutqi bularning har biri alohida  tadqiqni talab etadi. Har qanday so‘zning xosiyati nutqning mohiyati bilan aloqadorgina emas, balki mantiqiy tafakkur mezoni hamdir. Nutq, notiq, mantiq, notiqlik atamalarining bir o‘zakdan yasalgani ham bu til birliklarining o‘zaro uzviy bog‘liqlikda namoyon bo‘lishini anglatadi. Biri birisiz ro‘yobga chiqmasligini, biri ikkinchisini taqozo etishini bildiradi. Demak,  so‘z xosiyatli bo‘lganidek, nutq ham mohiyatli bo‘lishini uni istifoda etuvchilar, xususan, o‘qituvchilar, notiq, diktor, didjey va lektorlar doimo yodda tutishlari, amalda o‘rinli qo‘llay bilishlari zarur. Nutqiy mahoratning ikki omili bor. Biri nutq xususiyatlarini bilish bo‘lsa, ikkinchisi nutq texnikasini egallashdir. Nutqning to‘g‘riligi, aniqligi, mantiqiyligi, sofligi, boyligi, ifodaviyligi, ta’sirliligi, jo‘yaliligi, maqsadga muvofiqliligi uning xususiyatlarini tashkil etsa, og‘zaki nutqdagi ovoz, diksiya, pauza, urg‘u, ohang, intonatsiya, yozma nutqdagi tinish belgilari silsilasi nutqiy texnikadir. Fikrlash texnikangiz kuchli, ammo ovozingiz past, ta’sirsiz bo‘lsa, yoki aksincha o‘ktam ovoz, o‘tkir nafasga ega bo‘la turib tafakkuringiz bo‘lmasa, bari behuda. Har ikkalasi omixta bo‘lishi maqsadga muvofiq. Tinglovchi e’tiborini, dastavval, notiqning ko‘rinishi, so‘ngra uning ovozi tortadi. Ovoz o‘qituvchining ham, notiqning ham birinchi quroli. Shuning uchun ham italyan aktyorlaridan biri Tomazzo Salvinidan «Aktyor uchun nima birlamchi?»-deb so‘raganlarida, u «birinchidan ovoz, ikkinchidan ovoz, uchinchidan ovoz, to‘rtinchidan boshqa narsalar»- deb javob bergani bejiz emas.

Teatr aktyori, diktor yoxud notiq bo‘lsin, uning avvalo, diqqat-e’tibori muhim masaladir. Nimagadir chalg‘ish bo‘lsa, o‘zlashtirish darajasi sust va past bo‘lishi oynadek ravshan. Shuning uchun ham mashhur adib Dante “Diqqatdir suhbatning asl asosi” deyishi bilan haqlidir. O‘quvchi diqqat-e’tiborini tortmasdan aytilgan so‘z bamisoli nishonga olmasdan o‘q uzayotgan ovchininng holatini eslatadi.

Ta’lim-tarbiyaning ta’sirchanligiga tegishli talablarni bilish o‘quvchilarning fanga bo‘lgan mehri va qiziqishini tobora orttiradi. Shunday ekan, o‘qituvchi izlanish va intilishdan aslo to‘xtamasligi, o‘zining nutq mahoratini oshirib borishi va o‘z ustida ishlashni kanda qilmasligi kerak. Ilm, izlanish, intilish insonni oliy maqsadlar sari yetaklashi mumkinligiga, ma’rifatning tutqichi bilim bilan, ikki dunyo ochqichi ilm bilan ekaniga iqror bo‘lgan g‘amda amal qilgan zoti sharifa edi ular.

 Yuqoridagi mulohazalar Adiba opa Nosirovaning pedagogik jarayonda doimiy diqqat markazida bo‘lganini ular bilan oldin Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat institutida so‘ngra O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida ma’lum muddat faoliyat yuritgan paytlarimizdayoq sezib bilganmiz. Fidoyilik, jonkuyarlik va insonparvarlik fazilati bilan Adiba opa hamisha yodimizga muhrlangan.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.