ILM — MAʼRIFAT VA HAQIQAT TALQINI

(Mumtoz adabiy merosimizning yirik bilimdoni,Vahob Rahmon bilan suhbat)
Sobiq ToshDUning o’zbek filologiyasi fakultetini bitkazganimizdan keyin, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining (u paytda Aleksandr Sergeyevich Pushkin nomidagi) Til va adabiyot institutida ish boshladik.
O‘sha paytda institutda mashhur va manzur ustoz, akademik Matyoqub Qo’shjonov direktor sifatida faoliyat yuritardilar. Arab yozuvida bitilgan qo‘lyozma manbalarni yaxshi o‘qiy oladigan talabalardan ikkita bitiruvchi sifatida kamina va Habibulla O‘zganboyev professor Sodir Erkinov rahbarlik qilayotgan «Matnshunoslik» bo‘limiga laborant sifatida ishga qabul qilindik.
Bo‘limda faoliyat yuritayotgan Dilbar Rahmatova, Nazira G‘anixo‘jayeva, Osim Boqiyevlar «Vahob Rahmon, hozir keladilar», Vahob Rahmon keladilar» deb taraddudlanib turishardi. Men u inson bilan ilk bor o’sha paytda ko’rishgan edim va nihoyatda xursand bo’lgandim. Qarangki, «Do’rmon ijod uyi»da mumtoz merosimizning yirik bilimdoni Vahob aka bilan yana suhbatlashish sharafiga muyassar bo’ldim.

R. J. Ustoz, assalomu alaykum, Yevgeniy Eduardovich Bertelsning bir gapini ko’proq aytib yurishadi. «Qo’lyozma asardan bitta so’zni to’g’ri o’qish, chinakam kashfiyot, uni qayta yozish, yaratish, yoki muallifga bir qadar yaqinlikday gap».
Universitetda bizga manbashunoslikdan dars bergan, «Otaniyoz Oxun Niyoziy g‘azallarining tekstologik tadqiqoti» mavzuidagi diplom ishimga rahbarlik qilgan Subutoy Dolimov Bertelsning ana shu fikrini bot-bot eslatib turardilar. Xuddi shu maʼnoda matnshunoslikka kirib kelishini bilan bog‘liq xotiralarni bir tilga olsangiz, degandim.
V. R. Maʼqul Rahimjon. Mening hayotimda matnshunoschilikning boshlanishi juda oddiy tasodif bilan boshlangan, gap shundaki, 1968 yili fan nomzodi bo’lganimda mutaxassisligim, garchi o’zbek mumtoz adabiyoti bo‘yicha bo’lsa ham, ishim tarjimashunoslikka tegishli bo‘lgan. Sa’diy Sheroziyning «Guliston» asarini o’zbekcha tarjimalari yuzasidan tadqiqot ishlari olib borganman.
Buni qarangki, 1970-yilgacha men nashr etilgan kitoblarda umuman xato bo’lmaydi degan fikr bilan yashardim, yosh olim edim, ya’ni 70-yilda men 30 yashar bo’lganman.
Bir kuni tasodufan meni odatdagi oshxona egasi bir qadrdonini uyiga taklif qildi. U kishining ismlari Mirzatoj edi, menga aytdilarki, domla, men siz haqingizda bir ulfatimga og’zimdan gullab qo’ygandim, shu kishi sizni suhbatingizni orzu qilyaptilar, u oddiy xo‘jandlik kitobxon, bir piyola choyga taklif etayaptilar — dedi.
Men rozi bo‘ldim, o’sha hovliga boshlab borishdi, uy egasi Mirzotoj degan kishi ekan. U bilan suhbatlashgach taajjubga tushdim. Agar bilim sohasida avliyo bo’lishi mumkin bo’lsa, bu kishini avliyo degan bo‘lardum. Bu inson sobiq Leninobodda 20 yil viloyat prokurori bo’lib ishlagan. Prokuratura sohasida ishlagan odam qanday qilib avliyo, adabiyotshunos odam bo’lishi mumkin deb o‘ylardim. Buni qarangki, bu kishinig bobosi Chor Rossiyasi davrida tilmochlik qilgan ekan. Bularning oilasi sovet davrida boy oila bo‘lgani bois Ozarbayjonga surgun qilingan ekan. Bu kishi Bokuda ozar tili va adabiyoti fakultetini bitirgan ekan. Nihoyat ularga vatanga qaytishga ruxsat bo’libdi. Xo‘jandga kelganida ozar tili va adabiyoti mutaxassisligi bizga kerak emas deyishgan. Axiyri, Toshkentga kelib Xalq xo’jaligi institutining o’sha paytdagi yuridik bo’limiga kirgan. Tahsil tugagandan so‘ng, Xo‘jandga qaytib turli muassasalarda ishlagan, keyin 20 yil viloyat prokurori bo’lgan. Toji Usmonov degan kishining «23 shoira» degan kitobchasi yuzasidan suhbatlashildi.
«Bizda To’xtasin Jalolov degan zo’r adabiyotshunos bor, «O’zbek shoiralari» degan katta kitob yozgan, mana shu kitobga beshta keladi deganimda, qarang, mezbon ichkari uydan xuddi o‘sha kitobni chiqarib meni qo’limga tutqazdilar. Kitobni varaqlasam, har bir sahifada uchta, to’rtta, beshta, oltita, baʼzi sahifalarda o‘ntagacha matnda tuzatishlar bor. Nahotki, kitobda shunchalik xato bor. O’ylab qarasam, hamma tuzatishlar to’g’ri, hayron qoldim. 50 betni o’rgandimda, keyin mezbonga yuzlandim.» Men tuzativchilaringizga qoyil qoldim, sizda buni asliyati yo’qku, qanday qilib buni tuzatdingiz, chunki bizda matnshunoslik degan fan bor. Matnni qiyosiy o‘rganish uchun arab yozuvidagi nusxasi bo’ladi, shunga qarab tuzatiladi»- dedim. Keyin bilsam, matnda qayerda shubha tug‘ilsa, o‘sha joyni arab yozuviga o‘girib keyin tahrir qilar ekan.
«Bu bahor ayyomi bo’ldi kelinglar ahboblar,» to’g’rimi dedi, men to’g’ri dedim, u kishi esa noto’g’ri dedi. Olimingiz filologiya fanlari doktori Xolid Rasulov nashrga tayyorlagan ekan, «bu» degan so’zda nuqta o’chib ketgan, nuqta asli yuqorida bo’lgan. Furqat «navbahor» deganmi yo «bu bahor» deganmi dedilar. Men taajjublandim.
Navoiydan misol keltirdi. «Istamasang, izlamasang bizni, men o’yaram yo’ling uza izni». Bunda qasoskor, yaramas oshiq mashuqasiga po’pisa qilyapti, qani mantiq? Bitta nuqta tushib qolgan. «O‘yaram» emas,»o‘param» bo‘lishi kerak dedi.
«Domla, siz bir kunda qancha. kitob o’qiysiz,»- deb so‘radi. Har kuni 150 bet kitob o’qirdim, kamtarlik qilib 70-80 bet kitob o’qiyman dedim. U dedi: men 10 bet kitob o’qisam, o’zimni tergayman, Mirzatoj, sen kitob o’qib ma’rifat olyapsanmi, yo uloqchi otmisan deb o’z tizginimni tortib qo’yaman, dedi. U uqib o‘qish kerak demoqchi edi.
R. J. Mutolaadan maqsad — mushohada. Mushohadasiz mutolaa — tashxissiz muolaja.
V. R. Xuddi shunday. Mirzatoj aytdiki, ko’proq xatolar nuqtalarda bo’ladi, deb qo‘ydi. Shundan keyin men o’shalardan shu bilimni olganimdan keyin mumtoz merosimiz nashrlaridan juda ko‘p xatolarni topdim va o‘yladimki, Ozarbayjonda adabiy meros bizga nisbatan chuqurroq o‘rgatilarkan.
1971-72 yillarda Toshkent davlat universitetining professori kafedra mudiri G‘ulom Karimov domla va dotsent, ogahiyshunos Subutoy Dolimovlar Ogahiyning 1-2-jildlarini chiqarishdi. Ustoz Mirzatojni o’rgatgan usullari bilan man o’sha ikkala kitobni o’qib har bir kitobdan o’rta hisobda bir yarim mingtadan xato topdim va o’yladimki, meni o’zbek adabiyotida hayot-mamot masalasi bu matnshunoslik ekan degan fikrga keldim.
72- yilda 32 yoshdagi yigitchaman, ancha narsani bilib qolibman. Kitobni ko’tarib Toshkentga G‘afur G‘ulom nashriyotiga bordim. Ayrim xatolarni ko‘rsatdim.
«Ey, malomatdin bo’lgan ozarda, tutma o’zni bu nav afsarda» Mazmuni shunday. «Ey malomatdan olovning ustida o’tirgan odam, o’zingni bunday tojda tutma». Bu yerda fikr, mantiq yo‘q. Xayolan arab yozuviga o‘girib qaytadan o‘qiyman. «Ey malomatdin o’lg’an ozurda, tutma o’zni bu nav afsurda». Mana bunisi to‘g‘ri.
Yana bitta misol. » Tabʼim, hasudlar so’zidin tiyra bo’lmag’ay, murdor o’lurmi, yetursa bahra gulob lab» deb ko’chirishgan. Bu nima degani? Tabʼim hasadchilar so’zidan xira bo’lmaydi, gulobni labi dengizga tekkani bilan dengiz harom bo’ladimi? «
Qani mantiq bu yerda? Gulobda qanday lab bo’ladi? Qanday qilib gulob labini dengizga tegizadi va nega dengiz harom bo’ladi?
Nega shu signalni ikkita olimiz sezmadi ekan. Arab yozuvida «kof» bilan «gof» bitta shaklda bo’ladi, mazmuniga qarab ularni farqlash mumkin. Arablar itni «kalb» deyishadi, ko’plikda bu «kilop» bo’ladi. Demak, itlarning labi dengizga tekkan bilan dengiz harom bo’lmaydi. Ogahiyni so’zidan ogoh bo’lmagan ham o’zidan ham ogoh bo’lmaydi.
Yana bitta misol. Men Avazning beshta mukammal devonini sharqshunoslik institutining qo‘lyozma fondidan o’rganib, 74-yilga kelganimda kurs boshligʻi Gʼulom Karimov domla edilar. Huzurlariga kirib malaka oshirishga keldim desam, sizning malakangiz oshib bo’lgan, endi ilmga xizmat qilish vaqtingiz keldi, ilmiy ish qiling, shu to’rt oy davomida yaxshi bir narsa qiling, — dedilar.
Domla, men shu badiyatga qiziqaman, she’riy san’atlar sohasida ish qilsam, biror san’atni kengroq o‘rgansam,-dedim.
«Badiiy san’atlar, u ilm emas, qo’ying unaqa narsani, u hammasi quruq shaklbozlik»,- deya jerkib berdlar.
Avaz O‘tar asarlari, 56- yil chiqqani bilan qolib ketgan, bo’lmasa shu bo‘yicha ishlasam dedim kamsuqumlik bilan. Bu boshqa gap, bu ilm dedilar va oq fotiha berdilar.
Shu bilan Avaz O‘tar o‘g‘lining devonlari ustida ish boshladim. Malaka oshirishdan besh baho qo‘yib berdilar gina kuduratni unutib. Keyinchalik, 1976 — yilda Avaz devoni bosilib chiqdi. Domla xursand bo‘ldi.
1972 yilda «She’riy san’atlar» kitobim chiqdi. Bu borada Yoqubjon Ishoqovni o‘zimga chin ustoz deb bilaman.
Yana bir qiziq holatni eslatmasam bo‘lmas. Hamid Sulaymon tayyorlagan «Navoiy sheʼriyati» degan kitobda shunday bir bayt xato ketgan. «Ey Navoiy, gar vafosiz chiqdi ul sulton Husayn, topding eldin kim tilar sen emdi sultondin vafo». Mana shu xato 10 ming nusxasida chop etilib ketdi. Ularning talqinicha, «Sulton vafosiz chiqdi, xalqida vafo bo’lmagandan keyin podshosida vafo bo’ladimi?» Demak, ko’ryapsizki, Navoiy Sulton Husayini vafosiz deb haqorat qilyapti. Keyinchalik, bu ishtiboh 150 ming nusxada Shoislom Shohmuhamedov tayyorlagan «Navoiy she’riyatidan» nomli kitobda ham takrorlandi. Hamid Sulaymonning kabinetiga kirib o‘sha baytni ko‘rsatib, «Domlajon, Navoiy o’limiga rozi bo’ladi, lekin bunaqa deb yozmaydi desam,» «qo‘lyozmada shunday bo’lsa, man nima qilay»- deb eʼtiroz bildirdilar.
Mana, «Ilk devon» ni chiqarib qo’ydingiz, o’shanda bor, 14-betni oching dedim. Domla o‘sha sahifani ochib, shunaqa tez o’qidilarki, «Ey Navoiy gar vafosiz chiqdi, ul sultoni husn» shunday deya taqqa to’xtaldi. Bor ovozi bilan «yo’q, sulton Husayn qayerdan keldi» deb baqirib yubordi.
Nega shunday bo‘ldi, nega xato o‘tib ketgan? Yoqubjon Isʼhoqovning aytishicha, «Domla muzeyning xodimlarini hammasini o’z hovlisiga qamab yakshanba kundan tashqari har kuni ertadan kechgacha «Xazoyin ul-maoniy»ni kirill alifbosiga o‘girishli topshirgan. Onasi esa xodimlarga ovqat qilib berar ekan. Mumtoz adabiyot asarlarida yuzlab bunaqa xatoliklarga yo’l qo’yadigan odamlarga nisbatan juda ham murosasizman, nega, chunki klassikani loyga qorish, klassikaga hurmatsizlik, buni adabiyotni tepkilash deb hisoblayman.
R. J.: Navoiy ijodi bo’lsin, Navoiygacha bo’lgan davr adabiy merosiga nazar tashlab chiqazgan xulosam shu bo‘ldikim, Qur’oni Karim va undagi sura va oyatlarning mazmun-mohiyati va Hadisi sharifda aytilgan hikmatlarni she’rga solish musobaqasi ekan.» Rahmatli matnshunos olima Suyima G‘aniyeva «Navoiy dasxati» deb kitob e’lon qildi. Biz o’sha paytda aynan OʼzFAning Til va adabiyot institutida ishlardik. O‘sha dastxat haqiqatan ham Navoiynikimi?
V. R. Mening shubham bor. Kitobda biron joyda tuzatishlar yo‘q. Nahotki, Navoiy biron joyiga tahrirlash maʼnosida qalam tekizmagan bo‘lsa. Uni boshqa bir xattot ko‘chirgan.
Ilk devonni olib qarasangiz, «G’urbatda g’arib shodimon bo’lmas emish, El anga shafiqu mehribon bo’lmas emish» deb boshlanadigan ruboiyda «shafiqi» o’rnida «rafiqi» deyilgan, «oltin qafas ichra qizil gul butsa» o‘rniga u yerda «oltin qadah ichra gar qizil gul butsa» bo‘lib ketgan.
R. J. Go‘zal yozilgan xatlarda xato ham bo‘ladi. Har to‘kisda bir ayb deganlari shu bo‘lsa kerak. Sulton Ali Mashhadiy qilqalam xattot bo‘lgan, hatto uni xattotlar qiblasi deya tariflashgan ham. Lekin u ko‘chirgan «Ilk devon» xatolarga liq to‘la.
V. R. Jaʼfar Qurʼonni ko’chira boshlaganda tugata olmasdan o‘zi dunyodan o‘tib ketadi. Davom ettirish uchun xattot Sulton Alini chaqirishadi. Ikki varaq yozib sultonga ko‘rsatadi. Hukmdor xatni ko‘rgan zahoti uni do’pposlashni buyuradi va bir hafta qamab qo’yadi. Chiqqanidan kein hukmdorim, meni nima qamab qo’ydingiz desa, hay nodon, Jaʼfarda uslub bor, qani seni xating, uslubing degan. Ana shundan keyin Sulton Ali Mashhadiy bo‘lib ketgan. Hatto, Husayn Boyqaro uni o’zining shaxsiy kutubxonasiga mudir qilish uchun buyruq chiqargan.
Navoiyona baytlar matnshunoslik talabini bilmaganlar tomonidan noto‘g‘ri sharhlangan. «lahnida dudiy bila kelmas Masih anfosi» Dud tutun, xush lahn-xush ovoz, Masih anfos — Iso payg‘ambar laqabi, nafasi bilan o‘likni tirgizuvchi demakdir.
Xo‘sh, «dud»ning nima daxli bor bunga? Dud aslida Dovud (payg‘ambar), dovudiy ovoz sohibi demoqchi Navoiy.
R. J. Manbani o‘qiyotganda muallifning g‘oyaviy niyatidan kelib chiqqan holda, uqish va o‘qish shart. Aniqrog‘i, uning ruhiga kira olishingiz kerak. Aks holda to‘g‘ri o‘qiy olmaysiz.
V. R. Xuddi shunday, yashang Rahimjon.
R. J. Ustoz, baxtimizga, milliy adabiy merosimiz ixlosmandlari baxtiga doimo omon bo‘ling.