9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

GERMENEVTIKA, E’TIQOD VA NUTQ – MA’NAVIY TARBIYA POYDEVORI

notiq.uz > Yangiliklar  > GERMENEVTIKA, E’TIQOD VA NUTQ – MA’NAVIY TARBIYA POYDEVORI

GERMENEVTIKA, E’TIQOD VA NUTQ – MA’NAVIY TARBIYA POYDEVORI

Insoniyat taraqqiyoti tarixida falsafa va e’tiqod doimo jamiyatning ma’naviy poydevori bo‘lib kelgan. Falsafa – inson tafakkurining mahsuli sifatida olamni anglash, inson borligi, uning jamiyatdagi o‘rni va mas’uliyati haqida chuqur mushohada yuritishga undasa, e’tiqod – qalb ehtiyoji sifatida ruhiy muvozanat va axloqiy me’yorlarni mustahkamlaydi. Bu ikki tushuncha ko‘p asrlik tajriba davomida bir-birini to‘ldirib, inson hayotiga ma’naviy asos bo‘lib xizmat qilgan.

Zamonaviy jamiyatda falsafa va e’tiqodning o‘zaro aloqasi tobora chuqurlashib borayotgan bir paytda, ularni germenevtik yondashuv orqali tahlil etish zaruriyati vujudga kelmoqda. Germenevtika – tushunish, talqin qilish san’ati bo‘lib, nafaqat matnlar, balki insonning nutqi, qadriyatlari va xatti-harakatlarini ham mazmunan anglashni ko‘zda tutadi. Aynan mana shu nuqtai nazardan, falsafa va e’tiqodni nutq madaniyati va ma’naviy tarbiya bilan uyg‘un holda o‘rganish dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Dastavval, so‘z falsafa va e’tiqodning germenevtik talqini haqida.

Germenevtika qadim yunon falsafasidan boshlangan bo‘lib, dastlab matnlarni, ayniqsa diniy va falsafiy matnlarni to‘g‘ri tushunish va talqin qilish san’ati sifatida shakllangan. Keyinchalik u umumiy tafakkur tizimiga, inson ongini, dunyoqarashini va qadriyatlarini talqin qilish metodologiyasiga aylangan.

Falsafa inson tafakkurining eng yuksak shakli bo‘lib, mavjudlikning mohiyatini, insoniy borliqning ma’nosini ochib berishga intiladi. E’tiqod esa inson qalbining ruhiy holatlarini, Allohga bo‘lgan bog‘liqlikni va ezgulikka ishonchni o‘zida mujassam etadi. Germenevtik yondashuv esa aynan shu ikki sohani chuqur mushohada bilan tahlil qilish, ularning yashirin qatlamlarini ochib berish imkonini yaratadi.

E’tiqodiy matnlar – Qur’on oyatlari, hadislar, donishmandlar hikmatlari – bularning barchasi faqat zohiriy ma’no bilan emas, balki botiniy ma’no bilan ham boy. Ularni anglashda germenevtika – kontekstual, ijtimoiy va shaxsiy tajribaga asoslangan talqin – muhim rol o‘ynaydi. Shu tariqa, falsafiy tafakkur bilan e’tiqodiy tushunchalar o‘rtasidagi bog‘liqlik insonning ma’naviy kamolot sari yo‘lini ochadi.

Zamonaviy germenevtiklar, jumladan, Gadamer, Riker va boshqalar talqin jarayonida subyektiv tushunish muhimligini ta’kidlaydilar. Bu jihatdan qaraganda, har bir insonning falsafiy va e’tiqodiy matnga bo‘lgan munosabati, uni qanday anglash va qo‘llash uslubi individual va ijodiy jarayon bo‘lib, bu nutq madaniyatiga, muloqot shakllariga va tarbiyaviy yo‘nalishlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Nutq madaniyati va e’tiqodiy muloqot o‘zaro chambarchas bog‘liq.

Nutq – insonning ichki dunyosini, tafakkurini, e’tiqodini va qadriyatlarini ifodalovchi eng asosiy vositalardan biridir. E’tiqodiy asoslangan nutq esa o‘zida nafaqat fikr va tuyg‘uni, balki axloqiy mezonlar, muqaddaslik va ma’naviyatni ham mujassam etadi. Shunday ekan, nutq madaniyati e’tiqodning tashqi ifodasi sifatida ham qaraladi.

E’tiqodiy muloqotda so‘zlashuv, eshitish, tushunish va talqin qilish jarayoni chuqur ma’naviy mas’uliyatni talab etadi. Qur’oni Karimda insonning so‘zlariga alohida e’tibor berilishi, «yaxshi so‘z – go‘yo yaxshi daraxtdir» (Ibrohim surasi, 24-oyat) degan oyat orqali nutqning ma’naviy-axloqiy ahamiyati ko‘rsatilgan. Bu oyatdagi talqin germenevtik yondashuv orqali qaralganda, inson nutqining jamiyatdagi ruhiy-madaniy iqlimga bevosita ta’sir qilishi ochiqlanadi.

So‘z tuzadi, so‘z buzadi, olqish ham,  qarg‘ish ham u bilan, obodlik va barbodlik ham,  omonlik va yomonlik ham,  nazar va hazar ham, boshqacha aytganda, bunyodkor g‘oyalar ham, vayronkor g‘oyalar ham so‘z bilan. Dunyoni, ilmu fanni ushlab turadigan tayanch ham so‘z. Shuning uchun ham allomalardan biri So‘z bir kun o‘z ishini to‘xtarsa, bildirgi, ertasiga to‘plar, zambaraklar ishga tushadi»- deyishi bilan haq edi.

Demak, so‘z falsafaning mayog‘i eʼtiqodning chirog‘i, ellarning yarog‘i desak, xato bo‘lmasa kerak. U qaysi tilda jaranglamasin, funksiyasi bir xil.

E’tiqod asoslangan nutq qanday tomonlari bilan ajralib turadi:

Samimiyat va halollik: So‘z va amal birligining ifodasi muhim.

Faqat bilim bilan balandmas odam

Ahdu vafo bilan past odam

So‘zi bilan ishi bir bo‘lsa agar

Har  narsadan muqaddas odam.

Sheʼrda  taʼkidlanganidek, so‘z va ish birligi, til va dil, suvratu siyrat uyg‘unligi, botiniy zohiriy olamning birligi muhim.

Shuningdek,  muloqotning hurmat va bag‘rikenglik zamiriga qurilishi, so‘z orqali ilm, hikmat va axloqni targ‘ib qilish ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy jamiyatda diniy va falsafiy muloqot shakllari – ma’ruzalar, bahs-munozaralar, targ‘ibot chiqishlari – aynan nutq madaniyati orqali jamoatchilik ongiga ta’sir ko‘rsatadi. Biroq bu muloqotlarda nutq faqat fasohat va balog‘at bilan emas, balki mazmuni, niyati va ruhiy darajasi bilan baholanadi. Shuning uchun ham, e’tiqodiy g‘oyalarni yetkazishda so‘zlovchi shaxsning nutq madaniyati – uning ma’naviy darajasining ko‘zgusidir.

Nutqing xulqing oinasi, insonning o‘zligi uchun ko‘zgu uning so‘zligidir. Germenevtik yondashuv esa bu nutqni oddiy muloqot emas, balki talqin jarayoni sifatida anglashga undaydi. Har bir aytilgan so‘z – tinglovchining shaxsiy dunyoqarashi, ijtimoiy tajribasi va e’tiqodiy saviyasiga ko‘ra qabul qilinadi. Demak, e’tiqodiy nutqda faqat aytish emas, balki qanday tushunilish masalasi ham dolzarbdir.

Ma’naviy tarbiya – inson qalbi, ongini ezgulikka yo‘naltiruvchi, axloqiy, estetik va e’tiqodiy qadriyatlar asosida shakllanuvchi murakkab va uzluksiz jarayondir. Bu tarbiya shakli shaxsning ruhiy poklanishi, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlari va axloqiy mas’uliyatini belgilovchi poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Aynan shu sababli, ma’naviy tarbiya bugungi kunda falsafiy tafakkur, diniy qarashlar va nutq madaniyati bilan uzviy bog‘lanmoqda.

Germenevtik yondashuv asosida ma’naviy tarbiyani tahlil qilganda, u shunchaki targ‘ibot yoki nasihat emas, balki tushunishga, his qilishga va ichki o‘zgarishga olib keluvchi talqin jarayoni sifatida qaraladi. Bu esa tarbiya beruvchining shaxsiy fazilatlari, nutq madaniyati va qalb boyligiga bog‘liq bo‘ladi.

Aytish mumkinki, ma’naviy tarbiyaning asosiy komponentlari quyidagilardir.

Halollik, adolat, sabr, vijdon, fidoyilik kabi – bu fazilatlar e’tiqod asosida shakllanadi va ijtimoiy munosabatlarda o‘z aksini topadi. Ruhiy poklik: Ichki dunyo bilan ishlash, niyatning sof bo‘lishi, yurakdagi yomon niyatlar va hasad kabi illatlardan xalos bo‘lish.

Sog‘lom muloqot: Nutq madaniyatining amaliy ifodasi sifatida boshqalar bilan muloyim, hurmatli va samimiy muloqot qilish ko‘nikmasi.

 Ijodiy tafakkur: Insonni o‘ylashga, mushohada yuritishga va yangicha qarashga o‘rgatuvchi falsafiy yondashuvlar.

Ta’lim tizimida ma’naviy tarbiya ko‘pincha darsdan tashqari tadbirlar, madaniy-ma’rifiy loyihalar yoki diniy ma’ruzalar orqali beriladi. Ammo bu jarayonni yanada samarali qilish uchun uni germenevtik asosda tashkil qilish, ya’ni yoshlar bilan samimiy, tushunarli va chuqur muloqot orqali ularning qalbiga yetib borish zarur. Shuningdek, har bir insonning e’tiqodi, ruhiy tajribasi, saviyasi va shaxsiy qadriyatlari bilan hisoblashgan holda tarbiya jarayonini yuritish, ularning ichki dunyosida chuqur rezonans uyg‘otadi. Bunda pedagog, murabbiy yoki notiqning nutqi – o‘quvchi yoki tinglovchining qalbida aks-sado beruvchi asosiy vositadir.

Xulosa o‘rnida shularni qayd etish mumkinki, zamonaviy globallashuv davrida insoniyat ko‘plab ma’naviy, axloqiy va madaniy sinovlarga duch kelmoqda. Ana shunday sharoitda falsafa va e’tiqodning uyg‘un talqini, ularning nutq madaniyati orqali ifodalanishi va ma’naviy tarbiyada qo‘llanilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada germenevtika – talqin va tushunishga asoslangan yondashuv – bu uch asosiy tushunchaning o‘zaro aloqasini aniqlashda ilmiy vosita sifatida samarali qo‘llanildi.

Falsafa inson tafakkurining kengligi va teranligini, e’tiqod esa inson qalbining yuksakligini bildiradi. Ularning uyg‘unligi ma’naviy barkamollik sari yetaklaydi. Nutq madaniyati esa bu qadriyatlarni jamiyatga, shaxsga yetkazuvchi asosiy vositadir. Germenevtik yondashuv aynan shu jarayonni anglash, tahlil qilish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Ushbu maqolada germenevtika – talqin va tushunishga asoslangan yondashuv – bu uch asosiy tushunchaning o‘zaro aloqasini aniqlashda ilmiy vosita sifatida samarali qo‘llanildi. Shuningdek, maqolada ma’naviy tarbiyaning asoslari, e’tiqodiy muloqotning nutq madaniyati bilan bog‘liqligi va bu jarayonlarning germenevtik talqini ilmiy asosda yoritildi. O‘rganilgan masalalar shuni ko‘rsatadiki, yosh avlodni barkamol inson sifatida tarbiyalashda faqat tashqi bilim va malaka emas, balki chuqur falsafiy va e’tiqodiy asosga ega, to‘g‘ri talqin qilingan, ma’naviyatga boy nutq ham muhim rol o‘ynaydi.

Shu asosda aytish mumkinki, bugungi davrda germenevtika, e’tiqod va nutq madaniyati – ma’naviy tarbiyaning zamonaviy poydevori sifatida o‘z ahamiyatini tobora oshirmoqda.

Maʼnaviyat insonga ona suti, ota ibrati, ajdodlar o‘giti bilan birga singar ekan, notiqlik va germenevtik talqin maʼnaviyat asoslarini, ijtimoiy-falsafiy mezonlarni yetkazishning yo‘llanmasi va qo‘llanmasi bo‘lib qolaveradi.

Rahimboy Jumaniyozov

Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.