“AVAZA” NING OVOZASI

“Oʻzingga ravo koʻrganni oʻzgaga ham ravo koʻr“ — degan hadisnamo oʻgit bor. Faqat oʻz xalqiga, oʻz mamlakatigagina emas, balki dunyo xalqlarga, oʻzga davlatlarga ham ezgulik va manfaatni koʻzlash olijanoblikdir. Xuddi shu maʼnoda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari orasida lider prezident sifatida faoliyat olib borayotgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ana shunday nisbatga ega desak, xato boʻlmaydi. Ilk Prezidentlik faoliyatini boshlagan damlaridayoq BMT ning Oliy minbaridan turib dunyo xalqlariga tinchlik, doʻstlik va hamkorlik gʻoyalarini ilgari surdi va turli davlatlarning eʼtiboriga tushdi.
Buning isbotini kuni kecha Turkmanistonda oʻtkazilgan xalqaro anjuman doirasidagi eʼtiboru eʼtirofdan ham koʻrish mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning ”Hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun“ ordenini tantanali topshirilishi millatimiz yetakchisining faoliyatiga berilgan yuksak baho hamdir.
— Ushbu mukofotni Oʻzbekiston va uning koʻp millatli xalqiga alohida eʼtibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy saʼy-harakatlarimizning eʼtirofi sifatida qabul qilaman, — dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston yetakchisi Arqadagʻ va mintaqaning barcha davlatlari rahbarlari Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishga ulkan hissa qoʻshayotganini alohida qayd etdi. Bugun butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va oʻzlikning yangi modelini barpo etishdagi umumiy muvaffaqiyatlarimizni eʼtirof etayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekiston Prezidenti dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish boʻyicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida oʻtgan tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, boshqa qator davlat va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida oʻtgan ushbu tadbir har tomonlama ahamiyatli boʻldi.
– Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini taʼminlashdir, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Bular barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarining oldini olish maqsadida oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish va global teng huquqlilikning asosiy elementi boʻlgan rivojlanish huquqini taʼminlashdir.
Amalga oshirilayotgan tarkibiy iqtisodiy islohotlar, savdo tizimini liberallashtirish va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash sezilarli natijalar bermoqda: raqobatbardoshlik oshdi, innovatsion rivojlanish jadallashdi. Bu natijalarning asosi nimalar bilan belgilanishini ham Prezidentimiz alohida eʼtirof etdi.
– Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch va sheriklik yangi darajaga koʻtarilgani esa jadal oʻzgarishlarga kuchli turtki bermoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yilda hamkorlar bilan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi boshlandi, “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yoʻlagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.
Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
”Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston“ temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan ”Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston“ temir yoʻl magistrali bilan tutashtirish muhimligi taʼkidlandi.
– Bu keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda agrar sohani rivojlantirish boʻyicha Innovatsion xabni tashkil etish taklifini amalga oshirish muhimligiga eʼtibor qaratildi. Bu moslashuvchan agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha innovatsion loyihalarni ilgari surish, bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Prezidenti yetakchi ekspertlar va ”aql markazlari“ni umumiy tahdidlarni yengib oʻtish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga faol jalb qilish, shu jumladan xalqaro anjuman va davra suhbatlari oʻtkazish muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qoʻshilish niyatida ekani maʼlum qilindi. Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari mamlakatimiz global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish boʻyicha konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka tayyor ekanini tasdiqladi.

Avaza siyosiy deklaratsiyasining qabul qilingani mushtarak maqsadlarning amalga oshuvidagi dadil qadam bo‘ldi deyish mumkin.
Ushbu uchinchi konferensiya doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi ham oʻzaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma loyihalarni ilgari surish masalalari borasida eʼtiborga molik boʻldi.
Xulosa oʻrnida shularni qayd etish mumkin.
BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar (DCHIRM) boʻyicha konferensiyasining ahamiyati va istiqboli juda katta, chunki ushbu mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni hal qilishga qaratilgan. Konferensiyaning asosiy ahamiyati va istiqbollari quyidagilarda namoyon boʻladi:
Birinchidan, konferensiya DCHIRMning oʻziga xos muammolariga jahon hamjamiyatining eʼtiborini jalb qiladi. Bu esa, ushbu mamlakatlarning rivojlanishi uchun zarur boʻlgan xalqaro yordam va hamkorlikni kuchaytirishga yordam beradi.
Ikkinchidan, konferensiya DCHIRM uchun oʻz manfaatlarini ilgari surish, umumiy muammolarni muhokama qilish va yechimlar topish uchun muhim siyosiy platforma vazifasini oʻtaydi.
Uchinchidan, DCHIRMning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tadbirlarni muhokama qilish va amalga oshirish uchun sharoit yaratadi. Bunga transport infratuzilmasini rivojlantirish, savdoni osonlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va boshqa choralar kiradi.
Toʻrtinchidan, DCHIRM oʻrtasidagi, shuningdek, rivojlangan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa, umumiy muammolarni birgalikda hal qilish va barqaror rivojlanishga erishish uchun muhimdir.
Beshinchidan, DCHIRMning rivojlanish tajribasi, muvaffaqiyatlari va muammolari haqida maʼlumot almashish uchun maydon yaratadi. Bu esa, boshqa mamlakatlar uchun foydali saboqlar olish va eng yaxshi amaliyotlarni qoʻllash imkonini beradi.
Ushbu konferensiyaning istiqbollari haqida shuni aytish kerakki, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, yaʼni qashshoqlikni tugatish, ochlikka barham berish, sifatli taʼlimni taʼminlash, gender tengligiga erishish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, jahon bozorlariga chiqishini osonlashtirishga yoʻl ochadi. Raqamli texnologiyalarni joriy etish: Konferensiya DCHIRMda raqamli texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirishga koʻmaklashadi. Bu esa, ularning iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, xizmatlar sifatini yaxshilash va aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.
Umuman olganda, BMTning DCHIRM boʻyicha ”Avaza“ milliy turizm hududida oʻtkazilgan uchinchi konferensiyasi ushbu mamlakatlarning barqaror rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega va ularning kelajagi uchun katta istiqbollarni ochadi.
Taʼbir joiz boʻlsa aytish mumkinki, ”Avaza“ning ovozasi hamkorlik va doʻstlikning bongi sifatida ishtirokchi davlatlarning manfaatlariga xizmat qilishi haq.

Rahimboy JUMANIYOZOV
”TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti matbuot kotibi, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi