OG’IR TUMANLARDA KAMBAG’ALLIKNI QISQARTIRISH BO’YICHA ALOHIDA YONDASHUV JORIY QILINADI — PREZIDENT
Og‘ir tumanlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida yondashuv joriy qilinadi.
Bu haqda bugungi yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Masalan, «Sanoat qurilish banki» Quvadagi yirik eksportyor bilan Qo‘ng‘irot tumanida brokkoli ekish va yog‘ochni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirgan va bunga past foizli kredit ham bergan.
Bu tajriba ma’qullanib, sharoiti og‘ir 71 ta tumanga boshqa hududlardan tadbirkorlarni taklif qilish uchun ularga qo‘shimcha kredit, 2025 yilda 1 mingta og‘ir mahalla infratuzilmasiga 3 trillion 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Umuman, tadbirkorlar qo‘shimcha 31 trillion so‘mlik 3,5 mingta loyiha va 200 mingta yangi ish o‘rni yaratishga tayyor.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ushbu loyihalar infratuzilmasiga 1 trillion so‘m ajratish topshirildi.
Yig‘ilishda 85 ming gektar yerda kam daromadli ekin ekilgani uchun samarasi pastligicha qolayotgani qayd etildi.
Bunday yerlar yirik konturga birlashtirilib, tajribali tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berilsa, daromad 2-3 karra oshadi.
Shu munosabat bilan yer egasiga ijara haqi va ekilgan mahsulotni sotishdan ulush to‘lanadi.
Har bir konturga urug‘, ko‘chat, o‘g‘it tarqatib, yetishtirilgan mahsulotni sotib oladigan tadbirkorlarni yer egalari bilan bog‘laydigan tizim yaratish topshirildi.
Banklar tumanlar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, xorijdan malakali agronom, zootexnik, texnolog, muhandis olib kelishga va loyihalar samarasini oshirishga yordamlashishi muhimligi ta’kidlandi.
Banklar ishtirokida 13 ta tumanda sanoatlashgan plantatsiya tashkil qilish boshlandi. Bu yerlarda «yetishtirish – qayta ishlash – sotish» zanjiri asosida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda.
Masalan, Jomboyda 15 gektarda malina yetishtiriladi. Tadbirkor 170 ta xonadonga ko‘chat tarqatib, yiliga 200 tonna mahsulot oladi.
Endi tadbirkor Milliy bank ko‘magida 200 tonnali muzlatkich o‘rnatib, yiliga 25 tonna tayyor murabbo ishlab chiqarmoqchi. Natijada aholi va tadbirkor daromadi 2 karra oshadi.
Ushbu tajriba asosida kelgusi yilda yana 50 ta tumanda shunday loyiha tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.