SOʻZDAGI SEHR VA DILDAGI MEHR
(Nobel mukofoti laureati pokistonlik Janna Dʼark — Malala Yusufzayning mashhur nutqi haqida mulohazalar)
Bashariyat oʻtmishida shunday tarixiy nutqlar boʻlganki, ular insoniyat tafakkurini oʻzgartirib yuborishga qodir. Bu nutq sohibining qalb rozi va mahorati bilan bogʻliq, albatta. Nutqdagi joziba va sehr hech kimni befarq qoldirmaydi. Iymonning jinsi boʻlmagani kabi nutqning ham jinsi yoʻq. Uni manzur ayollar ham, mashhur erkaklar ham oʻz chiqishlari bilan joyiga qoʻya olgan, maromiga yetkazgan. Tarix bunga shohid. Taʼsirchan va mantiqiy qudratga ega boʻlgan nutq, shubhasizki, omivaga taʼsir qilgan. Omiva — keng auditoriyaga murojaat qilish, fikrlarni ifoda etish va muhim masalalarni muhokama qilish uchun moʻljallangan nutq boʻlib, u taʼlim, siyosat yoki ijtimoiy masalalar boʻyicha fikrlarni tarqatish, yangilash, ilhomlantirish va odamlarni birlashtirishda muhim rol oʻynaydi. Shu haqda soʻz ketsa, beixtiyor Malalay Yusufzayning BMTdagi nutqi yodga keladi. Tasavvur qiling, BMTning oliy minbari tomon yaqinlashayapsiz. Sizni qandaydir qoʻrquv va hayajon chulgʻab oladi. Minbarga koʻtarilarkansiz, sizni buning oʻzi kim, soʻzi nima degan savolomiz nazarlar bilan kuzatib turgan nigohlarga koʻzingiz tushadi. Biroz tin olib nafasni rostlaysiz. Demoqchi boʻlgan fikrlaringiz sadafdek terilib kela boshlaydi. Tabiiyki, Malalay Yusufzay ham ana shunday holatga tushgan. Unga kuch bergan quvvat manbai — bolalikdagi iztiroblar, tolibonlar yetkazgan jarohatlar edi. U oʻz nutqini dastavval, ohista boshlab soʻngra ovozini baralla qoʻyib baland ovozda nutq irod eta boshlaydi. U shunchaki maʼruza oʻqimas, balki oʻz boshidan kechirganlarni, qiyinchilik damlarini oʻz yaqinlariga soʻzlayotganday, boʻzlayotganday tutardi. Uning nutqidagi emotsional taʼsir natijasida tinglayotganlarning aksariyati dong qotib qolgan, biri kiprik qoqmay, ikkinchisi ogʻzini ochgancha, yana biri barmogʻini tishlagancha tinglardi. Uning nutqida bayondan koʻra, hikoya uslubi ustuvorlik qilardi. Bunday nutq odatda, shunchaki quloq bilan emas, balki, yurak bilan qabul qilinardi. Chunki yurakdan chiqqan nutqgina yuraklarga yetib borishini u bilardi. Ommaviy nutqlar koʻpincha his-tuygʻularni uygʻotadi, bu esa odamlarning fikrlarini oʻzgartirishga yordam beradi.“Bu ekstremistlar kitob va qalamdan qoʻrqadilar, ular ayollardan qoʻrqadilar. Ular taʼlimdan choʻchiydilar, chunki ommaning savodxon boʻlishi ular uchun katta xavf“-deydi Malala oʻz nutqida.Har qanday nutq mantiqiy asoslar bilan mohiyatli. Yaxshi tuzilgan argumentlar va dalillar auditoriyaning fikrlarini oʻzgartirishi mumkinligini u chuchur idrok etadi, nutqida shunga toʻla amal qiladi. Chunki, kuch bilim va tafakkurda ekanini bilib, otasi Ziyoviddinning maktab ochish uchun qilgan harakatlari va unga qarshi zoʻravonlik va masxaraomiz harakatlarni tilga oladi. Har qanday davlatni ilmu maʼrifatgina yorugʻlikka olib chiqishiga ishonadi, zulmatdan ziyo sari talpinadi.Jonli nutq muammolarni koʻrsatish bilan izohlanadi. U nutq orqali muhim ijtimoiy masalalarga eʼtibor qaratish va ularni hal qilish uchun yechimlar taklif qilish mumkinligini bilib keng jamoatchilik ommasiga murojaat qiladi. Oʻz nutqiga jangovar ohang berib, “Kelinglar, qoʻlga qalam va kitob olaylik, ular bizning ishonchli va umidbaxsh qurolimizdir. Birgina bola, birgina oʻqituvchi, birgina kitob va birgina qalam butun dunyoni oʻzgartira oladi. Bilim keng ravishdagi maqsadlarimizning ifodasidir. “U taʼsirchan soʻzlar va qiziqarli uslublardan ham nutqida keng foydalanadi. “Men oʻgʻil tugʻilsa, quvonchdan osmonga oʻqlar yogʻdiriladigan, qiz tugʻilsa, esini tanishi bilan paranji ortiga yashiriladigan mamlakatda tugʻildim. Bu yerda ayollarning vazifasi faqat ovqat tayyorlash va farzand dunyoga keltirishdan iborat“- deya kuyunchaklik bilan fikrini taʼsirchan ifodalaydi, hammaning diqqatini tortadi. Albatta, 17 yashar qizning yuqori minbarlardan turib dadil gapirishi hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bu haqda u keyinchalik “Men Malalaman” nomli kitobida ham soʻz yuritadi. Shunday qilib, u omiva orqali fikrlar va qarashlarni oʻzgartirish mumkin boʻlgan uslublarni qoʻllaydi.
U nutq irod etar ekan, Tolibonlarning u oilasi bilan yashaydigan Svat vodiysida hukmronlik oʻrnatib, “ojiza”larning maktabga qatnashini taqiqlab qoʻyganlari, iztiroblar iskanjasiga tashlaganlari uning koʻz oʻngidan bir-bir oʻta boshlagan boʻlsa, ajab emas.
Malala “qaygʻuga botgan“ degan maʼnoni ifodalaydi. Uning otasi muallim Ziyovuddin Yusufzay Afgʻoniston qahramoni Malalay sharafiga qiziga shu ism qoʻygan. Dilida gʻam-alami borning qoʻlida qalami boʻladi. Uning qalbidagi ana shu tuygʻu oʻz xalqining gʻamlarini yetkazish uchun nutqiga koʻchgan boʻlsa ajab emas.
U xalq manfaati yoʻlida jonini qurbon qilishga ham tayyor boʻlgan. 2012-yil Malala va uning oilasi hayotini tamoman oʻzgartirib yuborgan voqea sodir boʻladi. Gap shundaki, aynan shu yili tolibonlar uni hayotiga nuqta qoʻyishga urinadi. Oʻquvchilar toʻla maktab avtobusi toʻxtatilib, Malala kimligini soʻragan jangari, “Solt-45” markali toʻpponchadan uch marta oʻq uzadi. Oʻqlardan biri, Yusufzayning chap koʻzi chanogʻini yalab oʻtib, chap yelkasining pastki qismiga tegadi. Hujum oqibatida dugonasi ham yaralanadi. Tolibonlar bir oʻq bilan ikki quyonni urmoqchi: Malalani oʻldirmoqchi, otasining ovozini esa abadiy oʻchirmoqchi boʻlishgandi. Bunga erisha olmaydilar.
U oʻz nutqida barchaga murojaat qilib ishtirokchilarning qalbini toʻlqinlantiradi. “Terrorchilar minglab odamlarni oʻldirdi, millionlab kishilarni yaraladi. Men jabrlanuvchilardan bittasiman, xolos. Mana qarshingizda turibman. Mana qoshingizdaman: koʻpchilik orasidagi yolgʻiz bir qizcha. Men oʻzim haqimda gapirayotganim yoʻq, mening ovozim tinch yashash huquqi uchun, insoniy haqlari uchun – ularga odamdek munosabatda boʻlishlari uchun, hammaga teng imkoniyat berilishi uchun, taʼlim olish huquqi uchun kurashganlarning ovozidir.“ Hamma xayrixohlik va achinish tuygʻusi bilan beixtiyor qarsak chalib yuboradi.
Malala Yousafzaining 2013 yildagi BMT ning Yoshlar assambleyasidagi nutqi orqali quyidagi natijalarga erishdi.
Shaxsiy tajribasi: U oʻz hayoti va hujumga uchraganida qanday kurashganini, bu voqea uning taʼlim haqidagi qatʼiyatini yanada kuchaytirganini aytdi.
U bu nutqi orqali ayollarni va butun insoniyatni taʼlim olishga undadi va oʻz hayotida oʻzgarishlar qilishga ilhomlantirdi. Shuningdek, Malala tugʻilgan kun – 12-iyul BMT qarori bilan “Malala kuni – bolalarning taʼlim olishi uchun kurash kuni” deb belgilangan.
Mana, endilikda aql-idrok, sabot va matonat, jurʼat va jasorat jo boʻlgan notiq nutqi qanday qudratga ega boʻlishini tasavvur qilish mumkin.
Rahimboy Jumaniyozov,
Professor, “Notiqlik sanʼati akademiyasi” taʼlim muassasasi rahbari
.