Ayollarning yetakchilik salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbir boshlandi
Toshkentda siyosiy partiyalar ayol vakillarining yetakchilik salohiyatini oshirish boʻyicha besh kunlik oʻquv-amaliy mashgʻulotlarga start berildi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etildi.
Aytib oʻtish kerakki, keyingi yillarda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan 50 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi.
Yangilangan Konstitutsiyaning 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashi kafolatlangan.
Qonun bilan saylovlarda ayollarning ishtiroki siyosiy partiyadan koʻrsatiladigan deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizini tashkil etishi belgilandi.
Oʻzbekiston BMT nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umumeʼtirof etilgan normalariga sodiq ekanini doimo koʻrsatib kelgan.
2023 yil 1 yanvarda Parlamentlararo ittifoq tomonidan eʼlon qilingan “Ayollar siyosatda” jahon reytingida dunyoning 190 milliy parlamenti orasida mamlakatimiz 45-oʻrinni egalladi.
Oʻtgan yil sentyabr oyida eʼlon qilingan ochiq gender maʼlumotlari indeksida Oʻzbekiston 69,7 ball bilan dunyoning eng yaxshi 20 mamlakati qatoriga kirdi.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari tarmogʻi hisobotiga koʻra Oʻzbekiston 8 pogʻonaga koʻtarildi, 166 mamlakat orasida 69-oʻrinni egalladi (2022 yilda 77-oʻrinda edi).
Tadbirdan koʻzlangan maqsad gender tamoyillarini siyosiy hayotda targʻib qiluvchilar boʻlmish milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, siyosiy partiyalarning xotin-qizlar qanotlari va mahalliy Kengashlar aʼzolarining salohiyatini yanada oshirishdir.
Zero, jamiyatni demokratlashtirish ayollarning mamlakat siyosiy hayotida faol ishtirok etishini taqozo etadi. Shiddatli va murakkab globallashuv jarayonlari davom etayotgan bir sharoitda esa inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash dolzarb ahamiyatga ega.
Siyosiy qarorlar qabul qilish nuqtai nazaridan ayol rahbarlar kamsitishlarga qarshi kurashish uchun qattiqroq choralar koʻrishi isbotlangan. Seminar davomida bu borada ularning imkoniyatlarini kengaytirish uchun zarur bilim, koʻnikmalar oʻrgatiladi.
Tadbir doirasida “Siyosat sohasidagi yetakchi ayol: oʻrnak boʻladigan inson” mavzusidagi eng yaxshi ssenariylar tanlovining gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtadi.
Mazkur tanlov joriy yilning mart oyida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan.
Tanlovning asosiy maqsadi xotin-qizlarning faol siyosiy hayotga qiziqishini oshirish, zamonaviy yetakchi ayol obrazini yaratish hamda ijtimoiy faol, yetakchi, siyosatchi ayollar haqida jamoatchilikda ijobiy fikrni shakllantirishga qaratilgan.
N.Abduraimova,
OʻzA