BIRDAMLIK GʻOYASI TIMSOLI
Kuni kecha Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligi munosabati bilan buyuk sarkarda haykali poyida gulchambar qoʻyish tadbirida ishtirok etdik. Yomgʻir sharros quyib turishiga qaramasdan, biz bir guruh Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari gulchambar qoʻyish tadbirida ishtirok etib, telekanallarga intervyular berdik.
Turli davrlarda, turli makonlarda xalqi qudrati va ulugʻvorligini oʻzida mujassam etadigan buyuk siymolari boʻladi. Ular oʻzi mansub boʻlgan xalqning ramziga, davlatning timsoliga aylanishi muqarrar. “Bizning kuch qudratimizni bilmoqchi boʻlsangiz, biz qurdirgan imoratlarga nazar soling” degan mazmunidagi bitiklari, markazlashgan davlat barpo etishdek buyuk xizmatlari bilan dong qozongan sohibqiron Amir Temur ana shunday shaxslardandir. Uning oʻz xalqi orzu-maqsadlari, ulugʻ va qutlugʻ gʻoyalar yoʻlidagi sobitqadamligi va kamarbastaligiga tarix shohid.
Amir Temur va temuriylarning davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik, boshqa sohalardagi ulkan va boy merosini oʻrganishga qiziqish jahon miqyosida tobora ortib bormoqda. Yurtimizda va xorijda temuriylarning dunyo tamadduniga qoʻshgan ulkan hissasiga oid koʻplab asarlar yaratilmoqda, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Bular Sohibqiron shaxsiyati va uni shakllantirgan zamin, tarixiy shart-sharoitga doir yangi-yangi qirralarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, kimki oʻzbek nomini, oʻzbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qoʻshgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchni anglamoqchi boʻlsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak. Bobokolonimizning qudratli davlat, adolatli jamiyat barpo etish, oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik, barqarorlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, xalq farovonligini taʼminlashga oid ezgu tamoyillari bugun Vatanimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini asosiy mezoniga aylangan.
“Amir Temur davri bashar tarixi inkishofining eng oliy nuqtasidir. Dunyo yaratilgandan buyon Temurnikiday davlat barpo boʻlmagan. Bobil va Eron hukmdorlari, hatto Iskandar ham bu buyuk jahongir qarshisida bir soya kabidir”. (Ibn Xaldun)
“Ovrupalik muarrixlar vahshiy, johil deb tasvirlagan bu zot aslida unday emas edi. Ovrupaliklar Temurning Oʻrta Osiyoda davlat arbobi sifatidagi faoliyati bilan umuman tanishmasdan, uning hukmronligini oʻta adolatsizlik bilan tasvirlaganlar. Axir, u xalqini taraqqiyotning yuqori bosqichiga olib chiqqan davrning oʻta madaniyatli vakili edi… Ovrupo konstitutsiya haqida oddiy tushunchaga ham ega boʻlmagan kezlarda ana shu “vaxshiy”ning davlatida konstitutsiyaviy qonunlar majmuasi – tuzuklar mavjud boʻlgan va amalda qoʻllanilgan”. (Dmitriy Lagofet)
“Amir Temurni Chingiz ila bir safga qoʻyib, uni vahshiy, zolim, qaroqchi deb atagan kishilarning fikrlari ikki bor xatodir. U, avvalo, Osiyo sarkardasi edi. U gʻolib askarlari va qurollaridan zamonasining taomilicha foydalangan. (Herman Vamberi).
“Tarixda shunday insonlar boʻladiki, ular hali hayotligidayoq milliy doiradan chiqib, butun insoniyat eʼtibori qaratilgan shaxsga aylanadilar. Buyuk Amir Temur insoniyat tarixidagi ana shunday buyuk zotlardan biri edi” (Jan Pol Ru)
“… Agarki nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazmu-nasrni andoq xub mahalu mavqeʼda oʻqubturlarkim, aningdek bir bayt oʻqugʻani ming yaxshi bayt aytqoncha bor.” (Alisher Navoiy)
Mutafakkirlarning bu mulohazalari sohibqiron siymosi borasida muayyan tasavvurotning paydo boʻlishida muhim omil boʻlishi haq. Sohibqiron Amir Temur faoliyatidagi vatanparvarlik tuygʻusining oʻziyoq, gʻoya targʻibotida muhim faktor boʻlishini inkor etib boʻlmaydi. U kerak paytda qahrli va mehrli, kerak paytda muhabbatli va muruvvatli hukmdor sifatida tarixga xalqimiz qalbu ongiga muhrlangan siymodir.
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati