OMONULLA MUALLIMNI XOTIRLAB
Odatda, ta’lim va tarbiya haqida so‘z ketsa, bevosita uning sifati va samarasi haqida bahs boshlanadi. Bu tabiiy hol. Chunki ta’limning mohiyati barkamol avlodni, ertangi kunning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarni vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz manfaati yo‘lida kengqamrovli bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lishini ta’minlashdir. Tarbiyalangan inson tarbiyalaydi, ta’lim olgangina ta’lim bera oladi. Bu ham ayni haqiqat. O‘quvchi, talabalar bilimga qiziqmaydi, ular yalqov bo‘lib ketgan, aksariyati fanlarni o‘zlashtira olmaydi, loqayd degan savollar bilan o‘zimizni aldaymiz, xolos. Gap ilm oluvchi talabadami, yo bilim beruvchi muallimdami. Xo‘sh, ayb kimda?
Pedagog so‘zining lug‘aviy ma’nosi bola etaklovchi demakdir. O‘ziga va so‘ziga qiziqtiradigan, ishontira oladigan insongina ergashtira oladi. Chinakam muallim faniga, vataniga, shogirdlariga mehr oqibatli bo‘ladi. Shular haqida o‘ylasak, 60 yilga yaqin muddat mobaynida o‘z umrini ona tili va adabiyoti fani ta’limiga bag‘ishlagan ustoz, filologiya fanlari nomzodi Omonulla Madayev ko‘z oldimizga kelaveradi. Alloh bizga uni ko‘p ko‘rdi. To‘g‘ri so‘z, fidoyi, jonkuyar ustoz 76 yoshida dunyodan ko‘z yumdilar. Bu adabiyot ahli uchun chinakam yo‘qotish bo‘ldi. Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin ustozni. Ular bilan bog‘liq bir voqeani eslab o‘tmasak bo‘lmas.
Rektorimiz Umurzakov O‘ktam Pardayevich tashabbusi bilan har juma kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash intitutida o‘tkaziladigan «Ibratli, iqtidorli, ijodkor insonlar» ruknidagi tadbir mehmoni sifatida ustoz Omonulla Madayevning ishtiroki talaba, magistrant va professor-o‘qituvchilarning yodida bir umrga muhrlanib qolgani aniq. Ma’naviy tadbirda qatnashganlar olgan taassurotlarini to hanuz bir-biriga aytib yurishadi. Ona til millatning boyligi va borligi ekanini, uni sevish kitob mutolaasi bilan bog‘liq ekanligini qayta-qayta e’tirof etgandilar ustoz. O‘qishdan maqsad uqish, mutolaadan maqsad mushohada ekanligini uqtira turib, har bir so‘zning o‘z ma’nosi, vazni, hidi borligini, uni didi bor insonlargina to‘g‘ri qo‘llashi mumkinligi borasida kuyunib so‘zlagandilar o‘shanda. «Oliygoh» so‘zi sun’iy yasalganini, hech qanday ma’nosi yo‘qligini, «anjuman», «bejizga», «lutfan taklif» kabi so‘z va iboralarning ma’no doirasini bilmasdan qo‘llash kabilar til sofligi, to‘g‘riligi hamda aniqligiga zid ekanini misollar bilan dalilladilar. Tadbir nihoyasiga etgach ustoz muallim institutning esdalik sovg‘alarini qabul qilib olarkanlar, ushbu mulohazalarni ham qo‘shib qo‘ydilar. «Suvning qadrini har bir mirob qay darajada bilsa, tilning qadrini ham vatanparvar inson shu darajada e’zozlaydi. Suv – hosilning, tiriklikning manbai bo‘lgani kabi til va nutq ham millatning jon tomiri va qon tomiridir. Hali biz ko‘p uchrashamiz.» Afsuski, qayta uchrashish nasib etmadi.
Institutning jamoasi ham, ustoz Omonulla muallim ham ijodiy muloqotdan g‘oyatda mamnun va rozi bo‘lishdi. Tadbirdan keyin institut rektori kaminani huzuriga chorladilar:
– Ustozingiz 2 soat mobaynida talabalarning qimir ettirmasdan diqqatini ushlab turishiga, pashsha uchsa eshitiladigan darajada jimjitlikni saqlay olishiga sabab nima deb o‘ylaysiz?
Javob aytishga og‘iz juftlamasimdanoq o‘zlari javob qaytardilar.
– Ko‘rdingizmi, katta bilim zahirasi, aktyorlik mahorati, muhimi, ona tili, davlat tili uchun jonbozligi bilan salkam ming kishilik madaniyat saroyimizdagi qatnashchilarning e’tiborini torta oldi. Pedagoglik mas’uliyati va matonati ham, aslida, shunda. Xuddi shunday fidoyi o‘qituvchilar ko‘p bo‘lganda edi, fan-ta’lim yanada rivoj topgan bo‘lardi. Nutqimizda qo‘llaydigan ko‘pgina so‘zlarning asl ma’nolarini bilmas ekanmiz, qarang. Sizga maslahatim ularning ishini davom ettiring. Men ma’qul ishorasini qilib, bosh irg‘ab tasdiqladim.
Darhaqiqat, barcha harakatlarimizning, niyat va amallarimizning ibtidosi, hatto, innovatsion va investitsion faoliyatning alifbosi – nutqiy ko‘nikma va malaka, aniqrog‘i, kommunikativ kompetensiyaga borib bog‘lanadi. O‘qituvchining auditoriya diqqatini tortmasdan aytgan so‘zi ko‘zni yumib turib ko‘kka o‘q uzayotgan ovchining holatini eslatadi. Ovchining maqsadi o‘qdonni bo‘shatish emas, balki o‘ljani mo‘ljalga, nishonga olishdir. Buning uchun aytilgan so‘z nishonga otilgan o‘qdek bo‘lishi zarur. Bu esa so‘zlarning ma’nolarini bilish asnosida to‘g‘ri qo‘llashni taqozo qiladi.
Umrining oxirlarida qaysi ma’rifiy tadbirga borsalar, albatta, qo‘llarida atoqli, ma’rifatparvar shoir erkin Vohidovning «So‘z latofati» nomli kitobi bo‘lar, undan e’tiborga molik jihatlarni o‘qib, izohlardilar. Har bir millatparvar bu kitobni o‘qishi zarurligini ta’kidlardilar.
Sirtdan qaraganda, cho‘rtkesardek bo‘lib ko‘rinsa ham ular haqiqat va adolatni barcha narsadan ustun qo‘yardilar. Betga aytishning zahri yo‘q qabilida ish tutib kishi yuziga dangal aytishni xush ko‘rardilar. Kimgadir yaxshi, yo yomon ko‘rinish uchun emas, balki haq roziligi uchun shunday qilardilar. Ushbu aqidaga ular muqaddas Ka’ba ziyoratiga borib hoji bo‘lib qaytishdan oldin ham, keyin ham to‘la amal qildilar.
Shu o‘rinda universitetda folklordan saboq berib yurgan paytlarida aytib turadigan rivoyatlari yodga keladi. Emishki, Aflotun zamonida uning shogirdlaridan biri cho‘rtkesar, haq gapni yuz-xotir qilmasdan dangal aytadigan tabiatli ekan. Barcha unga «sening donishmand bo‘lib etishishingda ustozingning qo‘li, bergan ta’limini inkor etasanmi? Nega unday emas, bunday qabilida ish tutasan, ranjishi mumkinligini o‘ylamasdan gap aytasan. Bu ustozga behurmatlik, shakkoklik emasmi?»,- deyishsa ham yana o‘z so‘zida qat’iy turar, miyig‘ida kulimsirab qo‘yaverarkan.
Axiyri, bir kun shogird shunday debdi: To‘g‘ri, ustozim meni ulug‘ darajaga etishimga zamin hozirladi. Uning ta’limi bois yuksak martabaga erishdim. Buni inkor qilish – nonko‘rlik. Ustozim ulug‘, lekin ne qilayki, haqiqat undan ham ulug‘!
Shu tobda beixtiyor rus klassiklaridan F.M. Dostoyevskiyning «Rossiya ulug‘, haqiqat undan ham ulug‘», – degan fikri yodga keladi.
Yarim asrlik umri mobaynida tizimdagi ayrim adolatsizliklarni ko‘rganda tishini tishiga qo‘yib sukut qildi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas edi. Gapirish befoyda bo‘lgan davrda uning tarafini oluvchilar ko‘p emasligini ham yaxshi bilardi. Umrining oxirgi o‘n yilligida ulug‘ bir haqiqatni idrok etdi. Ta’lim tizimidagi ayrim o‘yinlarni ko‘ra bila turib indamaslik, haqiqatni aytmaslik kelajakka xiyonat ekanligini anglab etdi. Men aytmasam, u aytmasa jamiyat tobora boshi berk ko‘chaga kirib boraveradi deya ustoz yosh bolalardek ichikkaniga, ko‘zlarida kuyunch yoshlari qalqiganiga guvoh bo‘lganman.
Test sinovlari kuni ta’lim muassasalarining aksariyatidagi «bunker» usuli, bilimsiz, lekin otasining dunyosiga kekkaygan do‘ngbo‘yin abituriyentlarning kirib ketishiga sabab bo‘lganini achchiq haqiqat bo‘lsa-da, televideniye orqali aytganida hamma mum tishlab qolgani ham rost. Shoir haqli e’tirof etganidek, «yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon», yoxud kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi qabilida ish tuta boshladi.
Ustoz qalbi qaynoq, shogirdlarining hech biriga befarq bo‘lmagan edilar. «Qalb harorati bilan sug‘orilmagan ehtirossiz nutq hech nima, notiq esa hech kimdir» – degan buyuk Rim notig‘i Mark Tulliy Sitseronnning fikri ustoz faoliyatiga asos bo‘la oladi. Mavzuni ochish, talaba ongiga singdirish bilan bog‘liq jarayonda ularning oldiga tushadiganlar kam topiladi. Dilida olovi, qo‘lida qalovi bor bo‘lgan yalovbardor muallim edilar, rahmatlik.
Ilmnikim vositai joh etar,
O‘zini-yu xalqini gumroh etar.
Buyuk Navoiyning ushbu hikmati mazmuni shunday: Ilmni mansab yoki unvon manbai, vositasi deb anglagan kimsa o‘zini ham, xalqini ham yo‘ldan adashtirgan bo‘ladi. Omonulla aka ilmni haq yo‘li deb tushundi. Uni moddiy manfaatdorlik manbai, boylik orttirish uchun vosita deb bilganlarga achinish nazari bilan qaradi.
Bor haqiqatni ayta bilmaslik, jim turish, indamaslik niqobga aylansa, jamiyat ham, inson ham o‘zgarmaydi. Aybi borning hadigi bo‘ladi. Mansabdan ayrilib qolish yoxud birovga yomon ko‘rinib nima qilaman, qora qozon qaynab turibdiku deb o‘zni ovutish jamiyatimizning ertasiga loqaydlikdan boshqa narsa emas. Nahotki, oqni oq, qorani qora deyish qiyin bo‘lsa. Xuddi shunday holatlardan zada bo‘lgan faylasuf shoir Pahlavon Mahmud piching va kesatiq bilan ushbu ruboiyni bitgan bo‘lsa ajab emas.
Filday kuching bo‘lsa ham mo‘r bo‘lib ko‘rin,
Moling oshib toshsa ham ur bo‘lib ko‘rin.
Hammaning aybini bilganing holda,
Hech narsa ko‘rmaganday ko‘r bo‘lib ko‘rin.
Muhtaram Prezidentimizning xalq, davlat oldida ulkan va dolzarb vazifalar turganda, chetda tomoshabin bo‘lib turish yoki o‘zini kasallikka solish vatanga xiyonatdir mazmunida so‘zlab hammani uyg‘onishga chorlashlari bejiz emas. Shunga monand holda aytish mumkinki, kimning qo‘lidan nima ish kelishini, qobiliyatini bila turib o‘zni ko‘rib ko‘rmaslikka olish, undan el-yurt manfaati yo‘lida foydalantirmaslik esa ikki karra xiyonatdir. Shaxsiy manfaatdorlik, tanish – bilishchilik yo‘lini tutib qo‘lidan kelmaydiganlarni tavsiya etish, taraqqiyot karvonini orqaga tortishdir. Omonulla aka bularning zamirida nimalar yotishini yaxshi bilardi. Ularning achchiq gaplarini eshitish ayrimlarga to‘g‘ri kelmasligini ham tushunardi. Shunda ham yuz xotir qilmasdan haq gapni aytdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab chiqishlar bo‘ldi.
«Domla Omonulla Madayevday har doim ham to‘g‘ri so‘z bo‘la olmadik, har doim ham oqni oq, qorani bu qora, deb ayta olmadik. Haqsizlikka, adolatsizlikka, ko‘zbo‘yamachilikka, mahalliychilikka indamay qarab turaverdik», – deb yozadi kuyunchaklik bilan etuk folklorshunos olim Jabbor eshonqulov. «Ilmni, qo‘shtirnoq ichidagi “olim”likni yuziga niqob qilib olganlar kabi buqalamun bo‘lishni o‘rgandik, ilmni o‘zimizning nafsimiz uchun bir vositaga aylantirdik,» – deb davom etadi u. Domla esa, hech qachon ilmni vositaga aylantirmagandi, ilmni pulga sotmagan, ilmni pul bilan baholamagan, ilmga nafsni aralashtirmagandi. Narsalarni o‘z nomi bilan atashni yaxshi ko‘rardi. Yaqindagina Omonulla Madayev to‘g‘ri so‘zligi, kengash yig‘ilishlaridagi keskin gaplari uchun folklorshunoslik ilmiy kengashidan chetga chiqarilgandi. Bir akamiz o‘zicha bunga izoh ham bergandek bo‘ldi, ilmiy kengashda “doktor nauk”lar bo‘lishi kerak emish. Biroq hech kim unga “doktor nauk”, “professor” bo‘lib folklorning «f» harfini tushunmay yurganlardan ko‘ra, “doktor nauk”, “professor”dan ziyod bilimga ega bo‘lgan, butun umrini shu ilmga sarflagan, har holda folklorshunoslikni boshqa fanlardan farqlay oladigan olimku, deb e’tiroz bildirmadi. Hamma jim, hamma sukutda. Hamma yana bu voqeaning tomoshabiniga aylangandi. Faqat savol tug‘iladi. Qachongacha tomoshabin bo‘lib yuraveramiz? Sergak tortishimiz uchun, oqni oq, qorani qora, har doim ham haq so‘zni ayta olishimiz uchun yana nechta Omonulla muallimga o‘xshaganlarni boy berishimiz kerak?» Mana, iqtidorli adabiyotshunosning haqli e’tirofi.
O‘zbekiston qahramoni Abdulla Oripov o‘z to‘rtliklaridan birida shunday yozgandi.
Shoirdan so‘rashdi siz baxtli inson,
Xalqingiz ardoqlar hamma taniydi.
Shoir javob berdi, menda bir armon –
Muallim deyishsa meni qaniydi.
Talabalik paytlarimizni eslayman. Omonulla aka auditoriyaga kirib kelganlarida motivatsiya qilib bizni mavzuga olib kirardi. Uning har bir darsi adabiy ssenariyga o‘xshardi. Xalq dostonlari tahliliga bag‘ishlangan darslarda biz ustoz ijrosida go‘yo bir aktyor teatrini tomosha qilgandek bo‘lardik. Ovozni har xil usulda jilolantira olishiga, ovoz tembriga mahliyo bo‘lardik. Mavzuni ongu shuurimizga joylashning o‘ziga xos usullarini obdon egallagan edilar ustoz. Kommunikativ kompetensiyani obdon o‘zlashtirgan va uni amalda to‘la qo‘llay oladigan ustoz sifatida e’tiborga molik edilar. Xususan, lingvistik va nutqiy kompetensiya qaysi fandan dars bermasin, barcha o‘qituvchilar bilishi va amalda qo‘llay olishi zarur. Bu ta’limning sifati, samarasi va natijadorligiga bog‘liq hodisa. Shunday o‘qituvchilar borki, ular dars o‘tganlarida bir soat xuddi bir kundek cho‘zilib ketayotgandek taassurot uyg‘otsa, shunday o‘qituvchilar borki, ularning ma’ruzasini qancha tinglasang ham yoxud vaqtni qanday o‘tganini ham bilmay qolasan. Omonulla ustoz pedagog emas, balki darsda muolajaga kirishayotgan tabib edilar go‘yo. O‘z fanini sevgan, kasbiga mehr qo‘ygan shaydoyi va fidoyi o‘qituvchilarga mos bu fazilat. Pedagogning bilim va ko‘nikmasi, malaka va kompetensiyasi kelajak avlod – yoshlarimizning ongi va tafakkuriga, mamlakatimizning istiqboliga daxldorligini ustoz unutmadilar. O‘z ustida ishlash, so‘z ustida ishlashdan boshlanishini, bu esa notiqlik san’ati, voizlik madaniyati, bir so‘z bilan aytganda, o‘qituvchi mahoratini belgilaydigan mezon. Har bir pedagog bugungi kunda ana shu kriteriyaga amal qilmas ekan. Globallashuv, ayni tahlikali zamonda ortda qolib ketaveradi. Yangi fikr, yangi g‘oyalar, zamonaviy texnologiyalar innovatsion qarashlar bilan qurollanmagan pedagog o‘z faniga, kasbiga befarq va loqayddir. Kun o‘tsa bo‘ldi qabilida ish tutish hech qanday natija bermaydi. El -yurt uchun kuyib – yonishi, uyg‘onishi zarurligini faqat prezident emas, balki yurt qismati, vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan fuqarolik burchini his etgan har bir inson to‘la anglashi va amal qilishi zarur.
Darhaqiqat, Omonulla aka ana shunday barcha havas qilgan, haqparvar ustoz sifatida xotiramizga abadiy muhrlanib qoladi.