OGAHIY ASARLARINING TILI MAVZUSIDA YANA BIR OCHIQ OSMON OSTIDAGI DARS MASHG`ULOTI BO`LIB O`TDI
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi muassisligidagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashabbusi bilan 6-oktabr Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida “Ogahiy asarlarining tili” mavzusida ochiq osmon ostidagi dars o`tkazildi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashabbusi bilan ochiq dars xiyobonda qad rostlagan muazzam shaxs — Ogahiy haykali qarshisida olib borildi.
Tadbirda p.f.d., prof. Niyozmetova Roza o`zining “Ogahiyning hayoti va ijodining ilmiy chizgilari” mavzusida ma’ruza qildilar. Xususan, Niyozmetova Roza o`z ma’ruzalarida adabiyotshunoslarimiz Ogahiyni oʻzbek adabiyotida Alisher Navoiydan soʻng samarali va sermahsul ijod qilgan adiblardan biri sifatida eʼtirof etishini ta’kidlab o`tdilar.
Ochiq darsda f.f.d., prof. Nusratilla Jumaxo’ja Atoulla o’g’li o`zining “Ogahiy ijodining g’oyaviy mazmuni” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruza orqali tadbir ishtirokchilariga ko`plab, qiziqarli ma’lumotlarni yodga soldi.
Tadbirda Hamid Olimjon madaniyat markazi xodimi, “Navbahor” to`garak rahbari Turdiyev Paxlavon Ogahiyning “Ko‘rmisham” g`azali ijro etib, barcha tadbir ishtirokchilarni xushnud etdi. Ma’daniyat xodimi Madrahimova Dilbarxonning ijrosida “Ogahiyning g’azallari bilan kuylangan qo’shiqlariga taqdim qilingan raqslar guldastasi ishtirokchilarni Ogahiyning she’riyat olamiga hayolan olib bordi desak mubolag`a bo`lmaydi. Ochiq dars davomida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi ona tili va adabiyot o`qituvchisi Berdiyeva Malikaning Ogahiyning hayoti va ijodini o`rganish yuzasidan interaktiv dars mashg`ulotidan metodik lavha taqdim etildi. Interaktiv dars tadbir ishtirokchilariga manzur bo`ldi. Ishtirokchilar juda qiziqarli, kerakli bo`lgan ma’lumotlarni qo`lga kiritishdi.
Tadbirda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi “Qodiriy izdoshlari” to`garagi a’zolarining ijodiy chiqishlari bo`lib o`tdi. O`quvchilarning sahna ko`rinishlari tadbir ishtirokchilarini Ogahiyni to`laqonli yod etishiga turtki bo`ldi.
Tadbir yakunida pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko`krak nishoni sovrindori, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi direktori Yuldasheva Nilufar Abdullayevna tadbir ishtirokchilarini o`z ma’ruzasi bilan xushnud etdi. “Mutafakkir shoir Ogahiy
oltita tarixiy asar yozgan. Ularda oʻz davrining asl tarixiy haqiqati bayon etilgan. Shuning uchun ham adabiy merosimizni oʻrganishga, tariximizni xolisona anglashga intilayotgan yoshlar, albatta, uning asarlariga murojaat qilishi zarur” — deya ta’kidladilar Nilufar Abdullayevna.