9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Xattot xati — xalq baxti, tarix taxti sifatida

notiq.uz > xattot xati  > Xattot xati — xalq baxti, tarix taxti sifatida

Xattot xati — xalq baxti, tarix taxti sifatida

 

[/vc_column_text]

Xattotlarning xat mashqlari ularning qo’lini ham, aqlini ham charxlagan. Alifbo hatrflariga o’zgacha nazar bilan qarab ularga ijodiy yondashgan. Qilqalam xattot qalam, qog’oz va siyohdan iborat uch birlikni qo’l izmiga bo’ysundirib go’zal bitiklarni yarata olgan. Buning uchun ular albatta, xat turlari va uslublarini hamda qalamni xat turiga monand tarzda yo’nadi, tayyorlaydi. Ustozlar yo’lidan borib xatga o’z mehrini berib kelayotgan xattotlar ilhombaxsh va ijodkorlik ruhi bilan yondoshish asnosida innovatsion uslublarni qo’llab innovator xattot sifatida yangilik kiritibgina qolmay, balki yangi xat turlarini ham yaratishgan. Bu tendensiya hozirda ham davom etayotgani quvonarlidir. Yaqinda o’tkazilgan xattotlar festivalida 100dan ziyod xattotlar qatnashib o’zlarining xat namunalarini namoyish etishdi. Ularning ichida 10dan ziyod innovator xattotlar borligi ham ma’lum bo’ldi. Demak, yildan yilga xattotlar soni va sifatining ko’payib borishiga kafolat bor.
Xo’sh, qanday xat turlari bor, xattotlar maktablarida amal qilgan xat yozishni besh bosqichi qaysilar? Shu haqda to’xtalganimizdan so’nggina xattotlardagi innovatsion uslublarning shakllanish omillari borasida jo’yali fikr aytish mumkin.
Bular mufradot – birlik harflar bilan ishlash; so’ngra murakkabot – harfni harfga qo’shib yozish, undan keyin qit’aot – chorbayt, masnaviy, ruboiylarni yirik jaliy qalamda yozish, keyingi bosqich munshaot – xafiy qalamda xat yozish, insho yozish va so’nggi bosqich kitobat — xafiy va jaliy qalamlarda kitoblar ko’chirish. Harflar nuqtalar bilan o’lchangan. O’tmishda xattotlar qo’lyozmani husnixat bilan ko’chirishda ikki xil xatni egallash zarur bo’lgan. Biri oddiy mayda xafiy xat, ikkinchisi yirik jaliy xat
Xattot matni uch tur xatda, ya’ni oyat, hadislarni «nasx», oddiy matnlarni «nasta’liq», bob va sarlavhalarni «suls» xati bilan ko’chirilishi shart bo’lgan.
28 harfdan tarkib topgan arab alifbosining dastlabki shakli Nasxi Hijoziy qadimdir.
Mushafi Usmon ham mana shu xatda bitilgan. Keyinchalik shu asosda ko’plab nusxalarda ko’chirilgan. Yaratilgan barcha usliublarning asosini 7 xildagi xat turi ifoda etgan. Shuning uchun ham ular haqida muxtasar ma’lumot berish maqsadga muvofiq.
1. Muhaqqaq xati – bu xatning ko’proq qismi tekis, qolgan bo’laklari dumaloq shaklda yoziladi. Bu xat hijoziy va ko’fiy xatiga ko’proq o’xshaydi. Shu bois Ibn Muqla bu xatni «muhaqqaq» deb nomlab, uni boshqa xatlardan birinchi deb atagan.

2. Suls – bir narsaning uchdan bir hissasi yoki uchinchi hissasi demakdir. «Suls xati» deyilishiga sabab shuki, bunda qalamning uchinchi hissasi ishlatiladi yoki qalamning uchdan bir hissasi ko’proq ishga solinadi. Ibn Bavvob birinchi bo’lib nuqta o’lchovlariga tayangan holda, suls xati harflari shaklining grafik asoslarini ixtiro etgan.

3. Rayhoniy xati suls xatidan kelib chiqqan bo’lib, bunday nom ushbu xatning yozilish shakli rayhon barglariga o’xshashligi uchun berilgan.

4. Nasx xatining ixtirochisi mashhur san’atkor xattot Ibn Muqladir. Bu xat yuzaga chiqqandan keyin boshqa xatlar mansux bo’lib ishlatilmay qoldi. Ilmiy adabiyot va qo’lyozmalarda ko’p uchraydigan «g’ubor xati» nasx xatining mayda qalamda yozilishidir. Raqamlarga o’xshash mayda shaklda yozilgani uchun shunday nom berilgan.
Mashhur xattotlardan biri Said Qosim bitta guruch donasiga g’ubor xatida «Ixlos» surasini yozgan va shu xatning ixtirochisiga aylangan.

5. Tavqi’ xatining yarmi tekis, yarmi yumaloq chiziqdan tashkil topgan. Hijoziy xatiga o’xshashligi bor. O’ tmishda qozilar va hokimlar hujjatlarni aynan tavqi’ xati bilan imzolagan bo’lib, idora va mahkamalarda farmonlarga, maktub va qo’lyozmalarga tavqi’ uslibida imzo qo’yilgan.

6. Riqo’ xatining xususiyatlaridan biri, unda aksariyat harflar bir-biriga qurama qilib yoziladi. Riqo’ «ruq’a» so’zining ko’pligi bo’lib, «qog’oz parchasi» degan ma’noni anglatadi.

7. Ta’liq xati aslida, riqo’dir. Uning har xil shakllarga solib yozilishidan ta’liq xati yuzaga kelgan. Xoja Tojiddin Sulaymon va Abul Oliy ismli xattotlar bu xatga asos solganlar.
Xattotlar tilida «Al-xutut as-sab’a» ya’ni «yetti xat» deb yuritiladi

Xattotlik asta-asta tasviriy san’at, musavvirlik, naqqoshlik, o’ymakorlik, ganchkorlik bilan ham uyg’unlashib borgan. Natijada arab yozuvi asosida, uning bejirim harflari zamirida nafis bir san’at yaralgan. Kalligrafiya boshqa xalq yozuvlarida ham bo’lgani kabi arab yozuvi singari keng tarmoqlanmagan.
Chunki, arab yozuvida uning boshqa xalqlar alifbolari singari ijimoiy vosita quroli ekanligidan tashqari qator funksiyalari borki, bu uning tobora ommalashgani hamda 1300 yildan ziyod muddat mobaynida xalqimizning istifoda etib kelgani bejiz emasligidan dalolatdir.
Arab alifbosi teran tafakkur, mantiqiy mushohada, yuksak did va nafosatni talab etishi bilan birgalikda u quvvai hofizani taqozo etuvchi xotira, topishmoq yozuvi hamdir. To’g’ri o’ylab fikr yurita olmasangiz, biron matn tugul, biron so’zni ham to’g’ri o’qiy olmaysiz. Unda naqsh, riyoziyot, ya’ni matematika (abjad hisobi), badiiy-tasviriy vositalar (harfiy va lafziy san’atlar), rasm barchasi mujassam.
Shuning uchun ham uning ruhiy va aqliy ta’siri, hissiyotlaringizni junbushga keltirish, go’zallikka oshno etish jihati e’tiborni tortmasdan qolmaydi.
Oldin Turkiyada keyin Arabistonda tahsil olib xattotlik san’atini yuqori nuqtalarga ko’tarilishiga o’zining munosib hissa qo’shgan taniqli ayol xattotlardan biri Surayyo Said o’z suhbatida shunday deydi. «Birinchi xayolimga kelgani — san’at yarmarkasi bo’layotgandi, bir musulmon bo’lmagan odam oldimga keldi-da, «bu narsalarga qarab, men o’zimni xuddi avval namoz o’qigandek his qildim», — deb aytdi. Tashqi tomondan bo’lgan ta’sirni, u odamdan qanday kechinmalar o’tganini har doim ham so’z bilan ifodalab berolmaysiz, ammo nimadir bo’lgani aniq.»
Shu fikrning o’ziyoq, arab alifbosidagi beqiyos imkoniyatni tasdiqlaydi. Ba’zan o’ylab qolasan kishi. Sharq mutafakkirlarining aksariyati bitta fanning yoki sohaning emas, balki bir nechta ilm-u hunarlarning ham sohibi bo’lishgan. Beruniyni olasizmi, Umar Xayyom, Forobiy yoki Ibn Sinoni olasizmi, tabiiy va ijtimoiy fanlarning bir nechtasini yirik darg’asi bo’lishgan. Demak, insonni fikrlashga undaydigan, mantiqiy mushohada orqali olamni idrok etishga bo’lgan harakatida arab alifbosining imkoniyatlari katta bo’lganidan ko’z yumib bo’lmaydi. Chunki mazkur yozuvda ma’no tashish vazifasidan tashqari insonga estetilk zavq baxsh etish jihati ham ahamiyatlidir.
Ana shu tomonlarini e’tiborga olgan holda, xattotlar, kotiblar arab yozuvining turli xil uslub va turlarining yaratilishiga hissa qo’shganlar.
Tasavvur qiling. Uyingizga mehmon tashrif buyurishini bilganingizdan keyin dasturxonni imkoniyatingizdan kelib chiqib, qurbingiz yetganicha va didingizga muvofiq holda bezash taraddudiga tushasiz. Har xil pishiriqlar, shirinlik va taomlar bilan xursand qilish istagida bo’lasiz. Toki, mehmon sizdan rozi va mamnun bo’lsin uchun.
Xattot ham ana shu yo’ldan boradi. Qog’oz yuziga xatnii chiroyli tarzda, husnixat bilan tushirish taraddudida bo’ladi. Harf va so’zlarni qog’ozga mohirona joylashtirish orqali kalomni, matnni ziynatlaydi. Albatta, har bir harfning umumiy yo’sindagi, risoladagidek yozilish qoidalariga amal qilishi shart. Xattot shu tarzda kitobxonning estetik zavqini oshiradi, go’zallikka oshno qiladi. Shuning uchun ham tibbiyot olamining darg’asi Abu Ali ibn Sino «Nafis va go’zal yozuv ko’zni munavvar qiladi va qalbni quvontiradi», — deb bejiz yozmagandi.

Mahoratli xattotlar ushbu xatlarning barchasini bilishi lozim.
Nasta’liq «nasx» va «ta’liq» atamalarining birikuvidan tashkil topgan. Mir Ali Hiraviy hamda Mir Ali Tabriziylar ana shu ikki xat asosida nasta’liq xatini yaratishgan. Buni forsiy xat ham deyishadi. Diyorimizda ko’plab kitoblar aynan shu xatda yozilgan.
Xattotlar o’z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, ruboiy va to’rtliklarni ruboiy, g’azal va nasihatomuz she’rlarni jaliy qalamda abri bahor qog’oziga turfarang gullar, tilla suvli naqshlar bilan bezatilib yozilgan. Muraqqa (albom) holida saqlangan yoki shishali chorcho’p (ramka)larda mehminxona devorlariga ilib qo’yilgan. Bir necha yuz tilla tanga narxida baholangan.
Xattotlik san’ati yuqorida ta’kidlab o’tganimizdek, faqatgina kitobat bilan chegaralanmagan, ajdodlarimiz me’morchilik va xalq amaliy san’atning barcha jabhalarida husnixatdan foydalanishgan. Inshootlarning ichki (interyer) va tashqi (eksteryer) qiyofasini hikmatomuz, muqaddas so’z yoxud Qur’on sura va oyatlari bilan bezatishgan. Ushbu san’atga hukumatimiz tomonidan e’tibor yuksak darajada bo’lmoqda.
Taniqli, qilqalam xattot Habibullo Solih tomonidan yangi husnixat uslubining yaratilishi e’tiborga molik. Bu xatga “Хаtti Zuxruf Habibiy” yoki “Xаtti Habibiy” deb nom berilgan.
Ushbu naqshin bezak xatning o’zgalaridan farqi unda fusunkor naqshlar, harflar, nuqtalarning qo’shiluvidan bezakli tasvir hosil qilingan.
Albatta, xattotlar qalam, qog’oz va siyoh tabiatini his qilib arabiy xatga yangiliklar kiritish ehtiyoji ularga ilhombaxsh kuch baxsh etgan.
Xalqimizda «Qozonchida ixtiyor qaydan quloq chiqazsa» — degan maqol bor. Bu fikr xattotlarga qay darajada daxldor? Qozon yasayotgan degrez unga to’rtta quloq qo’yishi tabiiy. Qaysi tomondan qo’yish uning ixtiyorida. Lekin u quloqlar orasidagi masofa va ularning katta-kichikligiga albatta rioya qiladi. Shunga monand holda, xattotlar ham munfasil va muttasil harfning asl shaklini buzmagan holda qiya yoki cho’ziq shaklda ifoda etishi mumkin. Har bir yozuvga xos bo’lgan yozuv qoidalari, bog’lanish usullari saqlanishi shart.
Xat ilminig yirik ustozlari kotiblarga qarata «Sen harflarni emas, ular seni tanlaydilar», — deyisharkan. Demak, xattotning xatida uning o’zligi, tabiati va tiynati aks etadi.
Xat hadisi sharifda «nisbul-ilm», ya’ni yarim ilm deyiladi. Buni bilish va amalda qo’llay olish uchun ijrochi emas, balki ijodkor xattot bo’lish zarur. Odatda, xattotlar ikki xil bo’ladi, biri musavvir-xattot, ikkinchisi esa xattot-musavvir. Birinchisida muayyan suratni chizib yoki tayyorini olgan holda, uning ichiga ma’lum bir muqaddas bitikni joylashtirish asosiy vazifa hisoblanadi. Ikkinchisida esa harflar va harf birikmalarining o’zining tabiiy holatidan kelib chiqish asnosida «zo’rlamasdan» tasvir yaratish maqsad qilinadi. Bunisi esa katta mahorat va noziktab’likni talab etadi. Kabutar shakllidagi «Assalomu alaykum», gul shaklidagi «Bismillohir — rahmonir — rahim», ko’za suvratidagi «Muhammad alayhissalom», qo’shdarvozali imorat shaklidagi shahodat kaimasini bitishlar shunga misol bo’la oladi.
Yuqoridagi mulohazalarga tayangan holda, xattotlar yozuvida innovatsion uslublarning shakllanish omillari sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin.
1. Xattotlarning arab yozuvining 7 xil turini bilishlari va to’la mashqiy jarayonni amalga oshirishi;

2. Xattotlarning kreativ xususiyatlarining ustunligi va har bir harf va so’zga ijodiy yondasha olish salohiyati;

3. Turli bitiklarda xalq istaklarini, ehtiyojlarini chuqur his etishlari va ularni chiroyli tazda ifoda etishga rag’batlari kuchliligi;

4. Davr ruhi va vatan g’oyalarini arab alifbosi harflariga tayangan holda tasvirli tarzda mujassam etish istagi;

5. Xattotlik anjomlarini tayyorlay olish va yozuv uchun sozlashni uddasidan chiqa olishi va yaratuvchilik ishtiyoqining ustunligi;

6. Muqaddas kalimalarning ishlangan tasvirlariga zeb berish yoxud yana yangicha ko’rinishlarini o’ylab topishga intilishi;
Innovator xattotlarning innovatsion uslublarini yanada takomillashtirishning muhim mezonidir.

[/vc_column][/vc_row]

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.