9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

BMT BOSH KOTIBINING O’ZBEKISTON PREZIDENTIGA MAKTUBI

notiq.uz > Yangiliklar  > BMT BOSH KOTIBINING O’ZBEKISTON PREZIDENTIGA MAKTUBI

BMT BOSH KOTIBINING O’ZBEKISTON PREZIDENTIGA MAKTUBI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Global miqyosda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha men e’lon qilgan da’vatni qo‘llab-quvvatlab yo‘llagan maktubingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ushbu da’vat butun dunyo bo‘ylab davlat va hukumat rahbarlari tomonidan, shuningdek, mintaqaviy sheriklar, fuqarolik jamiyati va din rahbarlari tomonidan ijobiy qabul qilingani meni ruhlantirdi. Eng muhimi, ushbu da’vatga bir qator o‘zaro nizolashayotgan tomonlar boshlang‘ich ijobiy munosabat bildirdi.

Mojarolardan nomutanosib jabr ko‘rgan va pandemiya oldida yanada zaif bo‘lib qolganlar uchun men hali ham xavotirdaman, tinch aholi, ayniqsa xotin-qizlar, bolalar va marginal guruhlarni himoya qilish uchun barchamiz mas’ul ekanimizni hamisha ta’kidlayman. Shu munosabat bilan Siz rahbarlik qilayotgan mamlakatning mintaqada jabr ko‘rgan davlatlarga, shu jumladan Afg‘oniston Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari uchun g‘oyat minnatdorman.

Sizning Hukumatingiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasida virusning tarqalishini jilovlash, shuningdek, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan aholining eng ehtiyojmand qatlamlari uchun oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy choralarni yuksak baholayman. Hukumatingiz va rezident-koordinator boshchiligida BMTning Mamlakat guruhi o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekani meni ruhlantiradi.

BMT qarama-qarshi tomonlar ezgu niyatlari yoki o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risidagi bayonotlardan urushni yakunlashga, uzoq muddatli siyosiy yechimlar va barqaror tinchlikka erishishga o‘tishiga ko‘maklashish uchun barcha hukumat muassasalari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikni davom ettiradi. Siz sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlashda davom etasiz, deb umid qilaman.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida to‘g‘on yorilgani to‘g‘risidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilganimni ta’kidlashni istardim. Uning oqibatidagi suv toshqinidan jabrlangan O‘zbekiston xalqi va qo‘shni Qozog‘iston xalqiga hamdardlik bildiraman. Muhtoj odamlarga yordam ko‘rsatishda O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari yaqindan o‘zaro hamkorlik qilayotganini yuksak baholayman.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Eng ezgu tilaklar ila,

Antoniu Guterrish

BMT Bosh kotibi

 

Мanba: https://prezident.uz/uz/lists/view/3567

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.