9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

XOTIRLASH — EHTIROM VA E’ZOZ ESHIGI

notiq.uz > Yangiliklar  > XOTIRLASH — EHTIROM VA E’ZOZ ESHIGI

XOTIRLASH — EHTIROM VA E’ZOZ ESHIGI

Har bir zamonning, har bir makonning o‘ziga yarasha muammolari bo‘ladi. Tabiiy ofatlar, turli ijtimoiy hodisalar, vabo, davlatlararo urushlar buning yaqqol ko‘rinishidir. Bular aslida, xalqlar oldidagi sinov, mashaqqatli dovonlardir. Qaysi xalq metin irodaga, temir intizomga, bag‘rikenglik va olijanob fazilatlarga ega bo‘lsa o‘sha xalqning g‘alabasi muqarrardir.

Bu fikrning isbotini ikkinchi jahon urushi misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Urush atalmish mudhish yovuzlikka qarshi kurashda xalqimiz tomoshabin bo‘lib turgani yo‘q birinchilardan bo‘lib yurt himoyasi uchun jangga otlandi. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada O‘zbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonatini inkor etish insofdan emas. Tasavvur qiling, o‘sha paytda O‘zbekiston aholisi 6 yarim million kishidan iborat edi. SHundan 1,5 milliondan ortig‘i jangga otlandi. O‘sha urushda o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘ldi, 133 mingga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytdi. Buning asoratlarini, mard o‘g‘lonlar va jangovar ayollarimizning matonati va qismatini aslo unutib bo‘lmaydi.

Ey g‘ofil, o‘ylama dunyoda sening

Qismatingni xalloq aylagan urush

O‘zi-ku umrimiz juda ham qisqa,

Tag‘in qisqartirmoq bu qanday yumush?

Abu Abdulloh Ro‘dakiyning ushbu ruboiysida urush va keskin nizolarga nafrat ruhi bor. Xalqimizning dil tubidan chiqqan ushbu nidoda ham ham ana shu tilak mujassam.

Er tayanch nuqtasin Arximed izlab,

Ketdiku topolmay armon etaklab,

Ona alla aytib umum basharga

Bu nuqta tinchlik deb berdi yo‘rgaklab.

Jahonning oliy minbaridan turib Prezidentimizning nafaqat o‘zbek xalqiga balki, butun dunyo ahlini tinchlik va hamjihatlikka chorlovi xalqimizga xos bag‘rikenglik va mehridaryolik nishonasidir. Biz davlat rahbarining ana shu da’vatlariga hamohang va kamarbasta bo‘lsak, o‘tmish ajdodlarimizni yod, ruhlarini shod etgan bo‘lamiz.

Urush qatnashchilarini bizning ajdodlarimiz deya taraflash va sharaflash fuqarolik burchimiz va vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usidir.

YOvuzlikning oqibati mag‘lubiyat bo‘lishini, bu bandaga ham, yaratganga ham xush kelmasligini ikkinchi jahon urushi misolida ham ko‘rish mumkin. Bugungi kunlarning qadriga etish uchun tinchlik va istiqlol sabab erishgan muvaffaqiyatlarni yoshlarimiz his etishlari uchun o‘sha davr keltirgan zararlar va xalqimizning mardonavorligini, matonatini misollar asosida keltirish o‘rinlidir. Oramizda urushning yolg‘iz yodgori bo‘lib qolayotganlar, bir oyog‘ini frontga tashlab kelgan urush faxriylari bor. Ularning qalbida urush qoldirgan asoratlar, taniga etkazilgan shikastlar aslo o‘chmasdir. Deyarlik har bir oilada, mehnat jamoasida, ta’lim muassasasida ularning o‘z o‘rni, muqaddas xotirasi mangu yashaydi. Mamlakatimizda urush va mehnat faxriylarini ziyorat qilish, holidan xabar olish ayniqsa, bayram oldidan an’anaviy tus olgani rost.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasi ham har yili institutda faoliyat ko‘rsatayotgan va hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan ikkinchi jahon urushi davrida mehnat fronti faxriylari va Afg‘onistonda xizmat qilgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ahvolidan xabar olish va ularni tabriklashni aslo kanda qilishmaydi.

Institut rahbar xodimlari 9 may umumxalq bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolaridan xabar olish va tabriklashni insoniylik burchi va vijdon amri deya anglab sovg‘ai salomlar bilan ularning xonadonlariga borishdi.

Millionlab odamlar umriga zomin bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan bu urush dahshatlarini ko‘rib tangri inoyati bilan mardonavor tarzda sog‘-omon yurtiga qaytib kelganlardan biri urush va mehnat faxriysi general-mayor Abdullajon bobo Artikbaevdir. Hozirda poytaxtimizdagi “Lashkarbegi” mahallasida istiqomat qilayotgan Abdullajon bobo 1943 yilda 18 yoshida armiyaga chaqirildi. U Turkiston harbiy okrugi 368-chi Samarqand o‘qchilar polkida oddiy askar bo‘lib xizmat qildi. U erdan uni Toshkent harbiy bilim yurtiga, 1945 yil fevralda esa bir necha safdoshlari bilan birga G‘arbiy Ukrainaga – avvaliga Lvovga, so‘ngra Mukachevoga yuborildi.

Institutimizning rahbar xodimlari sovg‘a-salomlar bilan ularni yo‘qlab borganda, holsiz tarzda karavotda yotgan Abdullajon boboning nursiz ko‘zlarida ajib bir chaqnash, yuzlarida tabassum va minnatdorlik ifodasi zohir bo‘ldi. SHunda e’tibor ehtiromga eshik va e’zozga chinakam beshik ekanligini his etdik. Iste’fodagi general-mayor A. Artikbaev Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi, og‘ir va mashaqqatli janglarda mard o‘zbek o‘g‘lonlarining ko‘rsatgan buyuk jasorati va qahramonliklari to‘g‘risida so‘zlab berdi. SHuningdek, tinchlikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini, uni asrab-avaylash har bir Vatan farzandining muqaddas burchi ekanligini alohida e’tirof etdi.

Institutimizning rahbar xodimlari oziq-ovqat mahsulotlari va elektr choynak kabi sovg‘alar bilan 10 dan ziyod xonadonlarga borib ko‘pchiligining oila a’zolarini ham xursand etishdi.

Ushbu urush bir xalq va bir mamlakatning boshiga tushgan ofat bo‘lmay, umumjahon hayoti va kelajagini barbod etuvchi dahshatli hodisa bo‘lgani aniq. 1939-1945 yillar, ya’ni ikkinchi jahon urushining iztiroblari, ofatlari o‘zbekistonliklarni ham chetlab o‘tgani yo‘q.

Xalqimiz jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shganini inkor etish qiyin. YUrt boshiga kulfat tushganda, boylik, mol-mulk ko‘zga ko‘rinmasligini sezish qiyin emas. Bosqinchilarga bo‘lgan nafrat xalqning g‘azabini keltiribgina qolmay, balki o‘zida bor bo‘lgan qimmatbaho taqinchoq-u boyliklarini o‘ylab o‘tirmasdan frontga, mard jangchilarga, jangovar texnika, urush qurollari, mudofaa jamg‘armasi uchun to‘plab safarbar etgani ham fakt.

Manbalarda, xususan internet tarmoqlarida keltirilgan quyidagi statistik ma’lumotlarga bir e’tibor berishning o‘zi kifoya bo‘lsa kerak. O‘zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta’minlashda oldingi saflarda turib, nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini ayamay sarfladi. CHunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamg‘armasiga 649,9 million so‘m naqd pul, 4 milliard 226 million so‘m zayom puli, 52,9 kilo oltin va kumush topshirildi. Armiyaga 7 518 800 gimnastyorka, 2 636 700 paxtalik, 2 221 200 etik va qo‘njli botinka yuborildi. Engil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga 246 918 700 so‘mlik mahsulot jo‘natilgan.
Qiyinchilik va xomashyo etishmasligiga qaramasdan, Toshkent to‘qimachilik kombinati front uchun 410 million metr gazlama ishlab chiqardi. SHuningdek, ko‘p miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natildi. CHunonchi, 1 282 000 tonna g‘alla, 482 000 tonna kartoshka va sabzavot, 1000 tonna poliz mahsuloti, quruq va ho‘l mevalar shular jumlasidandir. Faqat 1941 yilning ikkinchi yarmida 59 ming bosh ot frontga olib ketildi. Respublikaning har bir viloyati, shahar va tumani hamda ayrim shaxslar jangchilarga yordam qo‘llarini cho‘zdilar. Masalan, 1942 yilning boshlarida Buxoro viloyatidan 4059 juft issiq kiyim, 9380 juft jun paypoq va qo‘lqop, 5660 qalpoq, 2750 shim, 3000 po‘stin, 18,5 ming litr vino, quruq mevalar olindi. 1943 yilning boshlarida Leningradga Andijon viloyatidan 7884 kilo un va bug‘doy, 5496 kilo yorma bug‘doy, 1160 kilo guruch, 418 bosh qo‘y, 8510 kilo quruq meva, Qoraqalpog‘istondan 224916 so‘m naqd pul, 21614 kilo bug‘doy, 5819 kilo go‘sht, 3700 kilo guruch jo‘natildi. Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq baliq kombinatidan 20 million banka go‘sht va baliq konservasi olingan edi. Surxondaryo va Toshkent viloyatlari ham jangchilardan hech nimani ayamadilar. 1942 yilning kuzida Surxondaryodan 5998 bosh qoramol, 18 tonna asal, 28 tonna yog‘, 31 tonna quruq meva, 3000 litr vino olindi. Toshkentdan 52 vagonda oziq-ovqat mahsulotlari yuborildi. 1943 yili Surxondaryo viloyati front ehtiyojlari uchun 14 million so‘m naqd pul, 330 tonna go‘sht va yog‘, 530 tonna bug‘doy, 180 tonna quruq meva, 33168 dona teri topshirdi.

Kiyim-bosh va oziq-ovqat mahsulotlarini Samarqand, Namangan, Xorazm va boshqa viloyatlar ham frontga jo‘natib turganlar. SHuningdek, hukumat vakillari tomonidan vagonlarda katta miqdorda sovg‘alar olib ketilganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Masalan, 1942 yili respublikaning bir guruh vakillari Leningradga 600 vagon un va go‘sht, 100 vagon guruch, 60 vagon quruq meva olib borganlar.

Mana shu faktlarning o‘ziyoq, xalqimizga xos fidoyilik, elparvarlik, kabi olijanob fazilatlarini ifoda etishi aniq.  Bulardan tashqari ajdodlarimizga xos bo‘lgan bag‘rikenglik, mehridaryolik, bolajonlik fazilatlari ularning jon tomiri va qon tomiriga singishganini ko‘rish mumkin edi. O‘zaro yordam, saxovat ko‘rsatish kabi holatlarning avlodlar tabiatida barqarorligini yaqindagina ro‘y bergan tabiiy ofatlar — Buxoro bo‘roni va Sardobadagi suv toshqini misolida ham ilg‘ash mumkin.

Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 1 million nafardan ortiq kishi ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rib, ota-onasidan ajralgan bolalarni o‘z farzandlari qatori tarbiyasiga olib, butun dunyoga o‘zligini, tinchliksevarlik, insonparvarlik fazilatlarini namoyish etdi.

O‘sha g‘oyat og‘ir va suronli davrda yurtimiz frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi, bu erdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirilib, ularning faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni tiklashda fuqarolarimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.

SHuningdek, o‘zbek xalqi Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va boshqa joylardan ko‘chirib keltirilgan o‘n minglab kishilarga boshpana berib, mehribonlik va g‘amxo‘rlik namunalarini ko‘rsatdi. Jang bo‘layotgan hududlardan ko‘chirilgan bir million erkagu xotin va bola boshpana, kiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta’minlandi.

200 ming etim bolaning talay qismini o‘zbek oilalari o‘z qaramog‘lariga oldilar, farzandlaridan kam ko‘rmay tarbiyaladilar. O‘zbek xalqi jangga ketgan turli millat vakillarining oilalaridan ham moddiy yordamini ayamadi. Minglab bolalar Bolalar uylariga joylashtirildi. Davlat tomonidan berilgan yordam etarli bo‘lmagani uchun o‘zbek xalqi ularni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turdi. O‘zbekiston 113 harbiy kasalxona ­- gospitalni ham otaliqqa oldi.

Urushda minglab ayollar beva va bolalar etim bo‘lib qoldilar. Ota-onalar farzandlari dog‘ida qayg‘u-alam bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar. Urush yillarida chek-chegarasi yo‘q xarajatlar xalqni shu darajada qashshoqlashtirdiki, ta’riflashga qalam ojizlik qiladi. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasalliklardan o‘ldi. Urush o‘zbek xalqining bor-yo‘g‘idan tamomila ayirdi, ko‘rpa-yostig‘i, boshqa ro‘zg‘or anjomlaridan mosuvo bo‘ldi, uy-joyi xarobaga aylandi, och va yupun bo‘lib qoldi. Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, ko‘p odamlarning yostig‘ini quritdi. Bolalarning orasida ham o‘lim ko‘p uchrardi. Biroq sho‘ro davlatining e’tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati o‘rniga qo‘yilmay, ular o‘z holiga tashlab qo‘yildi.

Xullas, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani ko‘rmagan odamlarning ko‘pchiligi qayg‘u-alam girdobida jon berdilar. SHunga o‘xshash urush qatnashchilarining talay qismi yorug‘ kunlarni ko‘rmadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ota-bobolarimiz misli ko‘rilmagan azob-uqubatlar va talofatlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qo‘shib, jahon tarixida o‘chmas iz qoldirishdi.

Bugun Mustaqillik sharofati ila hayot gashtini surish sharafiga muyassar bo‘layapmiz. Tinchlik va tiriklikning qadriga etish, shukronalik va qanoat tuyg‘usi bilan yashash hayot mazmunidir. Ayni paytda mudhish urushning qoldirgan asoratlarini, mard xalqimizning jasoratlarini yosh avlod ongiga singdirish asnosida ularni vatanparvarlikka chorlash davr da’vati va insoniylik burchimizdir.

Ro‘zimurod CHoriev

TIQXMMI YOshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.