O’ZBEKISTON VA TURKMANISTON PREZIDENTLARI TELEFON ORQALI MULOQOT QILDILAR
Oldin ham e’tirof etganimizdek, turkman va o‘zbek xalqlarining sevimli adibi Maxtumquli – Firog‘iyning she’riy bitiki nechog‘lik mohiyatga ega. “Yaqindagi jon qo‘shning turganda, uzoqdagi qarindoshdan ne foyda?” Qo‘shnilarning bordi-keldisi, o‘zaro hamkorlik aloqalari ustuvor bo‘lsa, mehr-oqibat ham shu darajada mustahkamlanib boradi. Muammolar ko‘ndalang turganda yoxud muammolarni birgalikda barataraf etish masalalari yuzaga chiqqanda, qarsak ikki qo‘ldan chiqadi qabilida ish tutilsa, barcha masalalar osonlikcha hal etadi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining yon qo‘shni davlatlar bilan do‘stligi, hamkorligi butun jahonga ibratdir. 6 — may kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti ham ana shu ehtiyojning hosilasidir.
Suhbat chog‘ida strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining joriy holati va ularni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Prezidentlar o‘zbek va turkman xalqlarining taqdirida umumiy jihatlar juda ko‘pligi, ularni qadimiy tarix, an’ana va urf-odatlar bog‘lab turganini alohida qayd etdilar. Xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va birodarlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bugungi kunda o‘z rivojining yangi, tarixiy bosqichiga ko‘tarildi. Davlat rahbarlari savdo, energetika, transport va tranzit, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani va samarali idoralararo aloqalar yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Hamkorlikka oid ustuvor loyihalarni, shu jumladan, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni faol davom ettirishga kelishib olindi.
Muloqotda, shuningdek, mamlakatimizda Sardoba suv omboridagi favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat xususida ham fikr almashildi. Ushbu xavfli kasallikning oldini olish, shuningdek, bugungi murakkab davrda milliy iqtisodiyot va aholini qo‘llab-quvvatlash borasida birodar mamlakatlarimizda ko‘rilayotgan choralar to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Prezidentlar tegishli vazirlik va idoralarga virusga qarshi samarali kurashni tashkil etish masalalarida o‘zaro muvofiqlashuv va hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdilar.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikka oid qator dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
Samimiy, ochiq va do’stona ruhda o’tgan suhbatda Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida ishlarning amalga oshirilishi masalasining ko’ndalang qo’yilishi katta ahamiyatga ega bo’ldi.
Manbaa: https://prezident.uz/uz/lists/view/3545 asosida tayyorlandi