NAVBATDAGI TELEFON ORQALI MULOQOT
Davlat rahbarlarining o‘zaro muloqotlarida butun bir xalqning taqdiri, buguni va ertasi bilan bog‘liq turli sohalardagi muammolarning yechimi va shu boradagi hamkorliklar, o‘zaro tajriba almashuvlar niyati bo‘ladi. Yaqin kunlarda bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalari Prezidentlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning telefon orqali muloqotlarida ham ana shu maqsadlar o‘z ifodasini topgandi.
Muhtaram Prezidentimizning 5 — may kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqotlari ham samimiy va istiqbolli rejalarga qaratilgani bilan xarakterlandi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqib, amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Epidemiologik vaziyat rivojini nazorat qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat hukumatlariga ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashishda o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Pandemiyaning avvalo O‘zbekiston-Tojikiston savdo-iqtisodiy aloqalari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida oldindan chora ko‘rish va yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish zarurligi qayd etildi. O‘zaro savdoda yuqori o‘sish sur’atlarini ushlab qolish, transport qatnovlarini ta’minlash, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, moliya va boshqa sohalarda ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar tartibini birgalikda ishlab chiqish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida muntazam videoanjumanlar o‘tkazib turish muhim ekani ta’kidlandi. Shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Telefon muloqoti chog‘ida O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.Suhbat har doimgidek samimiy, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.
Qo‘shni davlatlarning o‘zaro hamkorligi har ikkala xalq uchun ham manfaatli bo‘lishidan tashqari uzoq asrlar davom etib kelgan madaniy va savdo sohasidagi munosabatlarning, do‘stlik imoratining yanada mustahkam bo‘lishiga zamin hozirlashi tayin.
Manba: https://prezident.uz/oz/lists/view/3542 asosida tayyorlandi