ZARAR ETILSA BARTARAF — YURT UCHUN OLIY SHARAF
Balolarga qarshi birdamlik bardamlik belgisi. Ahillik, mehr-oqibat, totuvlik tushunchalarining qiymati el boshiga ish tutganda yanada yaqqolroq namoyon bo’ladi. Ongli yondashuv va maslahat bitkarar kori dunyoni deyishadi. Yetkazilgan zararni qoplashda xalqning yuksak irodasi va ma’naviyati, olijanob fazilatlari zarur ekani tobora oydinlashmoqda. Mahalla nomlarida ham ana shu ezgu niyatni his etmaslik mumkin emas, ahillik va shodlik kabi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oqoltin tumanida ham bo‘ldi. Mutasaddi xodimlar favqulodda hodisa yetkazgan zarar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot berdi. Suv toshqini tumanning Shodlik va Ahillik mahallalari hududini ham bosgan edi. Ularda yashayotgan 11 mingdan ziyod aholi Guliston shahri hamda Jizzax viloyatining Mirzacho‘l va Do‘stlik tumanlariga evakuatsiya qilindi. Ushbu noxush voqea oqibatida tumandagi jami 13 ming 397 gektar paxta, g‘alla va poliz ekinlariga zarar yetgan.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga har bir xonadon egalari bilan gaplashib, ularning uy-joylarini ta’mirlash, yaxshi sharoiti mavjud xonadonlarga aholini qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Navbatdagi manzil – Mirzaobod tumani. Bu yerda nuroniylar, mahalla oqsoqollari va faollari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi. Bu hudud ham suv toshqini katta ta’sir ko‘rsatgan hududlardan biri. Navbahor, Haqiqat, Bahoriston hamda Yo‘ldoshobod mahllalarida yashovchi qariyb 15 ming aholi tumanning Yangiobod mahallasi hamda Yangiyer shahriga joylashtirilgan. Jami 7084 gektar qishloq xo‘jaligi maydoniga zarar yetgan. Prezidentimiz qurilish-ta’mirlash ishlarini xalq bilan maslahatlashib amalga oshirish, dehqon va fermerlar muammolarini joyiga chiqqan holda hal etish zarurligini ta’kidladi.
Aholi vakillari davlatimiz rahbariga shunday qiyin vaziyatda xalq bilan birga bo‘lgani, qisqa vaqtda katta ishlar qilinib, hayot izga tushayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shu yerda hukumat a’zolari, mutasaddi rahbarlar bilan qishloq xo‘jaligi maydonlarini qayta foydalanishga kiritish, shikast yetgan yo‘l va ko‘priklarni ta’mirlash masalalari muhokama qilinib, chora-tadbirlar belgilandi.
Biz yenggan xalqmiz, yengamiz va yengajakmiz. Bu qat’iy ishonch, maqsadlar sari ildamlik mayog‘idir.
Manba: https://president.uz/oz/lists/view/3539 asosida tayyorlandi