DILLARDAGI DALDA VA DADILLIK
Dualistik ta’limotda har bir narsa-hodisaning ikki tomoni borligi e’tirof etiladi. Ezgulik va yovuzlik, urush va tinchlik, to’qlik va ochlik, mehr va qahr va hokazo. Qizig’i shundaki biron narsa yo’qotilgandan keyin uning qadriga yetiladi. Demak, xalqimizning “oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ bo’ladi” degan purhikmat maqoli ham bejiz emas. Muhimi, umidsizlanmaslik, qalbda ishonch tuyg’usining ustunligidur.
Oddiy hayot haqiqati bor. Bu dunyoda xursandchilik va tashvish, yutuq va qiyinchiliklar hamisha yonma-yon yuradi. Yurtimizning qadim tarixida bunday voqealar ko‘p bo‘lgan. Lekin ko‘pni ko‘rgan, azmu shijoatli xalqimiz bunday vaziyatlarni hamisha aql-idrok, sabr-toqat va jasorat bilan yengib o‘tgan. Kuni kecha Sirdaryo viloyatida yuz bergan hodisa bu haqiqatni yana bir bor tasdiqladi. Iqtisodiy taraqqiyot va ravnaq yo‘lida shiddat bilan ilgarilab borayotgan mamlakatimiz jiddiy sinovga duch keldi. Ammo irodasi mustahkam, matonatli elimiz bu safar ham hamjihatlik va ahillik namunasini ko‘rsatmoqda. Bu qat’iyat kun-u tun xalq manfaatini, yurtning tinchligi va osoyishtaligini o‘ylab yashayotgan davlatimiz rahbari boshchiligida qudratli to‘lqinga aylandi.
Prezidentimiz hodisa yuz bergan dastlabki soatlardayoq bu yerga zudlik bilan yetib kelib, odamlarga hamdard va yelkadosh bo‘lgani, “talafot oqibatlarini qisqa vaqtda bartaraf etamiz, jabr ko‘rgan har bir inson, har bir xonadonga albatta yordam beramiz”, — degan so‘zlari Sirdaryo ahliga juda katta madad va dalda berdi. Davlatimiz rahbari ikki kun davomida viloyatda qolib, vaziyatni barqarorlashtirish ishlariga shaxsan bosh-qosh bo‘ldi. Shu bois ham xalqimiz bu kutilmagan tabiiy ofat oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Hamma bir tanu bir jon bo‘lib, hududda normal hayotni tiklash borasida faollik va fidoyilik ko‘rsatmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugun ham Sirdaryo viloyatida bo‘lib, Sardoba suv ombori hududida amalga oshirilayotgan tiklash-ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi. O’ylaymizki, ular suv omborini ko’zdan kechirish asnosida kelajakda uning mustahkam holatining xayolan xaritasini chizib, ko’rsatmalar berishlari aniq.
Manba: https://president.uz/oz/lists/view/3537 asosida tayyorlandi