ZARARLAR ZAFARLAR BILAN QOPLANAJAK
Vaziyatni o‘z ko’zlari bilan ko‘rib ishonch hosil qilish asnosida tegishli tadbir va keskin choralar ko‘rish davlatimiz rahbariga xos. Chunki ishonch sa’yi harakatga, g‘ayrat va shijoatga undaydi. Ushbu sinovlar qaysidir ma’noda xalqimizning Prezidentga va ayni paytda Yurtboshimizning o‘z xalqiga mehri va ishonchini namoyon etish uchun mezon ham bo‘ldi desak, mubolag‘a emas. Kimning kimligi boshga og‘ir tashvish tushganda bilinadi. Jonini jabborga berib, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, el-yurt g‘amida kuyib yonish matonatli insonlarga xos.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omborida yuz bergan favqulodda vaziyat sababli Sirdaryo viloyatida bo‘ldi. Davlatimiz rahbari suv toshqiniga birinchi bo‘lib duch kelgan Sardoba tumanidagi Navoiy mahallasini borib ko‘rdi. Hukumat komissiyasi mutasaddilari amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.
Prezidentimiz mahalla bo‘ylab yurib, yuzaga kelgan ahvol bilan yaqindan tanishdi. Hududni puxta tozalab, dezinfeksiya qilish, qat’iy sanitar-epidemiologik nazoratni ta’minlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tez fursatlarda, lekin sifatli tiklash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shavkat Mirziyoyev suv chekinganidan keyin o‘z mahallasiga qaytgan odamlar bilan muloqotda bo‘lib, talafot ko‘rgan joylarda turmush sharoitlari tez kunlarda tiklanishi, aholiga har tomonlama ko‘mak berilishini ta’kidladi.
– Shunday og‘ir paytda hammamiz sizlarning yoningizdamiz. Avvalo, har bir mahallaga kirib, o‘t o‘chirish mashinalari yordamida suvni qochiramiz. Qurilish, ta’mirlash va yangi uylar barpo etish bo‘yicha xalq bilan maslahatlashib ish tutamiz. Hammasini sekin-sekin joyiga qo‘yamiz. Fermerlarning masalasi ham dalasiga chiqqan holda hal etiladi. Eng muhimi, o‘zlaringiz sog‘-salomat, bolalaringiz yoningizda ekan. Ko‘ngilni to‘q qilinglar. Xudoga iltijo qilamizki, bizga madadkor bo‘lsin, oxirgi ko‘rganimiz shu bo‘lsin, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari Oqoltin tumanidagi Shodlik mahallasi va Mirzaobod tumanidagi Haqiqat mahallasi tutash hududda ham bo‘ldi.
Ochig‘ini aytish kerakki, Prezident tashrifidan so‘ng mahalliy aholining kayfiyati ko‘tarinki bo‘lib o‘zlarida dadillik va ishonch ruhi paydo bo‘lganini ularning yuz-u ko‘zlaridan sezmaslik aslo, mumkin emas.
Manba: https://president.uz/oz/lists/view/3533 asosida tayyorlandi.