9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Yangi jurnal: «Bolalar adabiyoti»

notiq.uz > Arxiv  > Yangi jurnal: «Bolalar adabiyoti»

Yangi jurnal: «Bolalar adabiyoti»

Kitobxonlik, kitobsevarlik tushunchalari yaqin bo‘lgan qalbda, ilmu ziyoga, ma’rifatga, kitobga, ta’limga tashnalik va oshnalikni his etish qiyin emas. Ommaviy axborot vositalari, internet va kino qanchalik ommaviylashmasin, lekin kitobning rolini inkor etish mushkul, uning o‘rnini bosolmaydi ham. Deni Didroning “Kimki kitob o‘qishdan to‘xtasa, bilingki, u fikrlashdan ham to‘xtabdi” — degan mulohazalari bejiz emas. Qadim zamonlardan beri o‘z isbotini topib kelayotgan haqiqat shuki, kitob insonning aql ko‘zini ochib, uni nurli manzillar sari eltadi. Istiqbolning mayog‘i, to‘g‘ri yo‘lning chirog‘idir u. Maksim Gorkiyning “O‘zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman, bilim manbai kitobni seving” – degan chorlovlarida, hatto Fir’avn hukmdorlaridan Ramzes-2 kitoblar xazinasini, hozirgi til bilan aytganda, ijtimoiy tuzilma, ya’ni kutubxonani “ruhiy darmon” deya qayd etgani huda behuda emas. Kitob fikrning moyasi, nutqning doyasi ekanligini aslo unutmaslik kerak.

SHunday ekan, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Respublika bolalar kutubxonasining, ularning maxsus sayti kitob.uzning alohida o‘rni va xizmatlari borligini e’tirof etmaslik insofdan emas. Kitob mutolaasiga chorlash va qiziqtirish xayrli ma’rifiy maqsaddir.  YAna bir quvonchli xabar shu borada amalga oshirilayotgan ishlarning samarasi va yuqori bosqichlaridan biri sifatida yangi O‘zbekiston bolalari va o‘smirlarining adabiy-badiiy jurnalining ta’sis etilishidir. “Bolalar adabiyoti” deb nomlangan ushbu jurnalda o‘zbek va jahon bolalar yozuvchilarining eng sara asarlarining berib borilishi e’tiborga molikdir. Buning esa bolalar va o‘smirlarning ongu tafakkurining o‘sishida, aqli va mantiqiy mushohada yuritish qobiliyatlarining takomillashuvida roli beqiyosdir.

Kuni kecha ushbu jurnalning bosh muharriri Doniyor O‘rolov qabulida bo‘ldim. Bir guruh xodimlari bilan jurnalning shaklan va mazmunan yanada boyishi uchun qanday ishlarni rejalashtirish kerakligi borasida suhbat qilib o‘tirishardi. Jurnalning ilk nishona sonini menga ko‘rsatishdi. Ularni samimiy tabriklagan bo‘ldim. Bu kitobga, gazeta va jurnal o‘qishga chanqoq yoshlarimiz uchun, ayni paytda umid va ishonch nazari bilan qarab  “Farzandllarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart” – degan YUrtboshimizning chaqiriqlariga xos va mos, munosib tuhfa bo‘lganligini aytib o‘tdim. So‘ngra Doniyor O‘rolov “jurnalimizdagi yana bir quvonchli yangilik, xushxabarni aytaymi,” — dedilar. Men ma’qul degandek bosh irg‘adim. “Jurnalga ilova tarzda DVD disk ham taqdim etiladigan bo‘ldi. Unda jurnal sahifalarida e’lon qilingan asarlarning elektron va ovozli shakli ham berib boriladi. Endi sizni tinch qo‘ymaymiz, bu borada sizning xizmatlaringiz bizga suvdek, havodek zarur, hamkorlikni yanada mustahkamlaydigan bo‘ldik”, — deganlarida quvonchdan boshim ko‘kka etdi.

Keyin kaminani o‘z xodimlari bilan birga ovoz yozish studiyasiga boshlab bordilar. Texnik va ijodiy guruh bilan tanishdim, ularga bunday xayrli va savobli ishlarida aslo charchamasliklarini tiladim. Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida audioqo‘llanma va videodarsliklar tayyorlash boravsidagi hamkorlikni allaqachon boshlab yuborganligimizni aytdim. Salkam ming yillik adabiy merosimizni o‘z ichiga olgan, mumtoz she’riyatimizning yirik darg‘alari tomonidan aruz vaznida yozilgan g‘azal, muxammas va masnaviylarni musiqa va ovoz uyg‘unligida o‘qib tayyorlagan audio va videodiskimni ularga sovg‘a qildim.

O‘zimning samimiy tilaklarimni izhor qilish asnosida ulkan, mas’uliyatli va majburiyatli ishlarida doimo sog‘lik va omad yor bo‘lishini tilab, hamkorligimiz bardavom bo‘lishini bildirib  ular bilan xayrlashdim.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.