Eski arobaning yangi xizmati
Har qanday jamiyatda va tabiatda ham amal qiladigan falsafaning o‘z qonun va tushunchalari bor bo‘lgan. Bulardan biri inkorni inkor qonunidir. 1000 yildan ziyod muddat mobaynida o‘z vazifasini o‘tab kelgan hozirda ham qisman o‘rniga ega bo‘lgan she’riy o‘lchov aruz haqida gap ketsa, shu fikr xayolimdan kechadi. SHe’riy vaznlardan sanalgan aruz vazni imkoniyatlari borasida turli qarama-qarshi fikrlar oldin ham mavjud bo‘lgan. Emishki, aruz eski vazn, u o‘z vazifasini ado etib bo‘lgan, shoirlar unda o‘z g‘oyaviy niyatlarini aks ettirishi qiyin, ifoda imkoniyatlari cheklangan she’riy o‘lchov u va hokazo. Bunday fikr bilan yurganlar so‘ziga quloq tutsangiz, tabiyki, CHustiy, Habibiylar ham, bugungi kunda ayrim she’rlarini xuddi shu vaznda yozib sizu bizning ishonchimizni qozongan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Erkin Samandar, Erkin Madrahimovlarning ham dili og‘riydi.
Unday holda, sharq she’riyati mulkining sultonlari Nizomiy, Dehlaviy, SHeroziy, Jomiy, Navoiy, Ogahiylar qanday qilib ulkan va o‘lmas nazm durdonalarini bitib qoldirganlar? Nazarimizda, har bir vazn o‘zining ifodaviy xususiyatlari, ohangdorligiyu musiqiyligi, vazn tuzilishi bilan o‘z o‘rniga, mohiyatiga ega. Gap fikrni qaysi vaznda bo‘lmasin, qanday shaklda qanday qilib ifoda eta olish iqtidorida.
Oramizda mumtoz merosimizga katta ixlos bilan qaragan, arabiy imlodagi bitiklarni, xususan, Navoiy va Boburlarni asl nusxada o‘qib idrok eta oladigan, sharq she’riy durdonalariga etarlicha sharh bera oladigan, ularga ergashib o‘zlariyam mashqlar qilib yaxshi va yangi devonlar tuza olgan ilmli adiblarimiz bor. Ularning aksariyati oliy o‘quv yurtlarida saboq beradilar, shogirdlariga ilm sirlarini o‘rgatib keladilar. SHulardan biri Sulton Mirzo Rahimovdir. Ko‘p yillardan beri voqelikka, mustaqil davlatimiz erishayotgan yutuqlarga aruziy nigoh bilan qarab qator g‘azallar bitgan, mashhur shoirlarimizga taxmis va tazminlar bog‘lab kelayotgan pedagog do‘stimiz, manbashunos olim, filologiya fanlari nomzodi u.
“Tong tabassumi”, “SHifo maskani ilhomlari” kabi she’riy to‘plamlari uning ana shu iqtidorining hosilasi. Ba’zan dilkash, ba’zan tajang, ba’zan mahzun, ba’zan masrur yuradigan murakkab tabiatli inson. Yo‘tali ko‘p, cho‘tali yo‘q shaxs. Har yili bir marotaba muolaja olib chiqadi. O‘sha onda ham o‘n-o‘n beshta g‘azalni qog‘oz yuziga tushirib qo‘yishni kanda qilmaydi. O‘rinsiz xanda ham qilmaydi. Hammaga yaxshilikni ravo ko‘radi, shifotalablarga davo ko‘radi, qalbi dilgir navo suyadi.
Mana, qo‘limizda uning yangi devoni. Uni “Ishq aro mastonalar” deb nomlagan. Nomlanishidanoq, mashrabona ruh va ohangni sezish qiyin emas. Mumtoz merosga ixlosi yuqori bo‘lgani bois devon tarzida tuzilgan. G‘azallar, muxammas, masnaviy va ruboiylar.
YUrt go‘zalligini tarannum etish, uning tarixi bilan g‘ururlanish, jahon fani va madaniyatiga tamal toshini qo‘ygan o‘tmish ajdodlarimiz bilan faxrlanish, xalq xizmatiga kamarbasta o‘tgan fidoyi insonlarga baxshiyona she’rlar, istiqlol bergan ne’matlarga shukronalik tuyg‘usi uning devonidan qizil ip bo‘lib o‘tadi.
Odatda, mumtoz she’riyat talabiga muvofiq devonlar hamd va na’t bilan boshlanadi. U esa tangrining in’omi, yaratganning nazari tushgan jannatmonand yurtimizning go‘zalliklarini faxr bilan tilga olishdan boshlaydi.
Kelajak egasi – yoshlarimiz bor,
Har bir ezgu ishda boshlarimiz bor,
Hasadgo‘yga otgudek toshlarimiz bor,
Rustami dostondur sohib gulshanim.
Mustaqillik eli esar, yayrar dil,
Ko‘plar etti, ko‘plar etgan emas bil,
Bu oliy ne’matga doim shukur qil,
Nurafshondur yurtim – oliy gulshanim.
Istiqlol ne’mati, erk quyoshi tabiatni ham, jamiyatni ham jonlantirishi tayin. Davlatimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida Sulton Mirzoning ijodi avj pardalarga chiqdi. Bu fuqarolik burchini dildan tuyish, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan daxldordir.