El erki e’tiqodda
Ulug‘ yurtning qutlug‘ niyatli xalqi yurt tinchligi va osoyishtaligini muqaddas biladi, shukronalik va qanoat hissi bilan yashaydi. Jannatmakon yurtimizning kundan-kunga, yildan-yilga ravnaq topa borishining mohiyati ham aslida shunda. Alloh nazar qilgan ulug‘ allomalari, ilmi nujum va fiqh ilmining yirik mutafakkirlarining kindik qoni to‘kilgan ona diyorimiz bilan har qanchalik faxrlansak arziydi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan qorilar ko‘rik – tanlovi milliy va diniy qadriyatlarimiz e’zozlanishining yorqin namunasidir. Ona yurtimizda Islom olamining ko‘zgusi, madaniyat va axloqiy fazilatlar timsoli bo‘lgan Qur’oni karimni yodlash, o‘qish, tinglash va anglash maqsadi ham ma’rifiy, ruhiy ehtiyojdir.
Ertaga 20 aprel kuni soat 9.00da 26 – Qorilar ko‘rik — tanlovining navbatdagi yakuniy bosqichi poytaxtimizning “Kamolon” dahasidagi muhtasham «Xo‘ja Alambardor» jome’ masjidida boshlanadi. Masjidga kirib borganimizda, saranjom sarishtalik hukmronligini ko‘rdik. Bayramona bezaklar, turli xil bannerlar bilan ziynatlangan masjid yanada shukuhlidir. Bu esa beixtiyor kishi ko‘zini quvnatib, dilini yayratadi. Masjidning imom xatibi Rahimberdi qori Rahmonov tadbir ko‘ngildagidek o‘tishi uchun allaqachon qizg‘in tayyorgarliklarni boshlab yuborganlar. SHu sababli masjid jamoasiga shuningdek, boshqa mutasaddi muassasa xodimlariga oldindan samimiy minnatdorchiligimizni izhor qilamiz.
Musobaqada Toshkent Islom universiteti hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomli Toshkent Islom instituti va 9 ta o‘rta maxsus Islom bilim yurtlari talabalari. Ishtirokchilarning chiqish navbati qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlandi. Musobaqa O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tasdiqlangan NIZOM asosida, ikki tur bo‘yicha o‘tkaziladi:
- Qur’oni karimni to‘la yod olgan murattab qorilar musobaqasi.
- Qur’oni karimdan kamida 10 pora yod olgan mujavvid qorilar musobaqasi
Ishtirokchilarni baholash hakamlar hay’ati tomonidan ishlab chiqilgan maksimal 100 ballik sistema asosida olib boriladi. Murattab qori va qoriyalar uchun ballar quyidagi miqdorda belgilandi: Hifz uchun 40 ball, tajvid uchun 40 ball, tarannum uchun 10 ball, savt (ovoz) uchun 10 ball. Mujavvid qori va qoriyalar uchun ballar quyidagi miqdorda belgilandi: Tajvidi 30 ball, tajvid qoidalarini bilishi uchun 20 ball, yoddan o‘qigani uchun 20 ball, savt va tarannum uchun 30 ball. SHuni alohida ta’kidlash kerakki, homiylarimizning musobaqa g‘oliblariga qimmatbaho mukofotlari, diplomlari hamda esdalik sovg‘alari topshiriladi.
Barcha ishtirokchilarga omad va tangri yoru madadkor bo‘lishini tilab qolamiz.
Tadbirning aynan 20 aprelda tashkil etilishida o‘ziga xosu mos ham ramziy ma’no bor. CHunki payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam milodiy hisob bilan 570 yilda aynan 20 aprel kuni tavallud topganlar. CHunki o‘sha yili Muharram oyi aynan aprelga to‘g‘ri kelgan.