El va til mudofaasi
Ona vatan va ona til himoyasi yo‘lida kurashish bu qo‘lga qurol olib chiqish degani emas. Oila, mahalla, jamoat joyida, ishxona yoki o‘quv muassassasida tilning sofligi, to‘g‘riligi uchun kurashish va adabiy til me’yoriga rioya etgan holda so‘zlashish chinakam himoya, chin ma’nodagi mudofaadir. CHunki tilning o‘zi qurol. Undan to‘g‘ri va oqilona foydalanishning o‘zi el-yurtga munosabat ramzi hamdir.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari davlat muzeyida ona vatanimizning himoyasi uchun kamarbasta zobit va kursantlar hamda 171 — sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘quvchi va o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir ham O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlandi.
Tadbir oldidan muzey direktori Mahmudaxon Ishxodjaeva yig‘ilish ishtirokchilarini qutlagach, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari qoshidagi ansamblning badiiy rahbari Zafar Bobojonov boshchiligidagi ijodiy guruh o‘zlarining musiqiy tabriklari bilan davraga fayz kiritib turdi. So‘ngra boshlovchi Zebo Xolboeva tadbir haqida kirish so‘zi qilib bo‘lgach, mikrofon qarshisiga taniqli tilshunos olim, “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozovni taklif etdi. U davlat tilining mavjudligi va uning rasman tan olinishi Respublikamiz mustaqilligining ilk qadamlaridan biri bo‘lganligini alohida uqtirdi. Bu g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilmaganligini ichki va tashqi muxoliflarning qarshiligiga qaramasdan dadillik va sobitqadamlik bilan tashlangan qadam sabab amalga oshirilganligini ta’kidlab o‘tdi.
So‘ngra O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutining doktoranti Robiya Rajabova, Mirzo Ulug‘bek tuman Informatika kollejining o‘qituvchisi Oyjamol Norqo‘zieva, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkib bilan ishlash boshqarmasi ofitseri mayor Zohidjon Isakovlar so‘zga chiqishib ona tilimizning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni borasida mazmunli va qiziqarli mulohazalarni bildirishdi. Maktab o‘quvchilarining chiqishlari, til haqidagi she’rlari barchaga hayajon va quvonch baxsh etdi. Ayniqsa, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakultet kursantlari, 39/290-sonli harbiy qism askarlarining quvonchlari yuz ko‘zlari va qarsaklaridan ham sezilib turardi. Tadbir ishtirokchilarining ona tilimizga bo‘lgan mehri aslo so‘nmasligini tilab ular bilan xayrlashdik.