Shoir haqida so‘z
2014 yil 6 mart soat 13.00. Toshkent viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bog‘i. Bog‘ tinglovchi pedagoglar va institut jamoasi bilan gavjum. SHoir Muhammad Ismoilning yarim asrlik yubileyi munosabati bilan “Ko‘ngil mulkiga safar” nomli ma’rifiy-ma’naviy tadbirga hamma jamuljam bo‘lishgan.
Dasturni kamina Rahimboy Jumaniyozov olib borarkan, so‘zga, she’rga, shoirga hurmat qadimiy qadriyatlardan ekanini yana bir bor his etdi. Tadbirni ochib berish uchun TVPKQTMOI rektori, pedagogika fanlari nomzodi Ro‘zimurod Qo‘ng‘irotovich CHorievga so‘z berildi. Rektor kirish so‘zida shoirning adabiy jarayondagi o‘rni haqida so‘zlab uning she’rlari taniqli san’atkorlar orqali ham xalqqa etib borganini ta’kidlab o‘tdi. O‘z nutqida “Bugungi tadbir kitobsevarlar bayrami shukuhida o‘tmoqda, shoir qalamiga mansub bo‘lgan turli nashriyotlarda chop etilgan qator she’riy kitoblarni keltirib qo‘yganmiz, bemalol ko‘rishingiz, olishingiz, shoirga dastxat qo‘ydirishingiz ham mumkin” deb tadbir ishtirokchilariga murojaat etdi. So‘ng shoirning ijodiy faoliyatiga chizgilar yo‘sinida filologiya fanlari doktori Nasimxon Rahmonov ma’ruza qildi. SHoir she’rlaridan ayrim namunalarni badiiy o‘qish ustasi Nurmuhammad Isroilov ijro etdi. So‘ngra taniqli adib Abusaid Ko‘chimov, shoirning kursdosh do‘sti, “Oltin qalam” xalqaro mukofoti laureati To‘lqin Eshbeklar o‘z fikr mulohazalari bilan so‘zga chiqishdi. O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti Bobomurod Hamdamov, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Karimboy Rahmonov, Baxtiyor Sultonovlar diltortar taronalari bilan davraga yanada fayz kiritishdi. Sayfiddin Fayziev muqallidlik san’ati namunalarini ijro etib hammani olqishiga sazovor bo‘ldi. ana shundan keyin shoir Muhammad Ismoil tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligini izhor qila turib she’rlaridan ayrimlarini o‘qib berdi. Tadbir ancha jonli va qiziqarli tarzda eng muhimi, samimiy ruhda o‘tdi.
Bolaligi Mirzacho‘l dalalarida kechgan, poytaxtga kelib jurnalistika fakultetida tahsil olib el nazariga tushgan shoir va jurnalist Muhammad Ismoil bugun institut mehmoni. SHe’riyatni sevmagan, shogirdlariga she’r aytib bermagan, uning ma’nosini tushuntirib bermagan o‘qituvchi bo‘lmasa kerak. Institutimizdagi o‘qituvchilar shoirni yaxshi bilishadi, kitoblarini mutolaa etib, she’rlarini yod olishgan. SHoirning qisqacha tarjimai holi: 1964 yilining 13 martida Sirdaryo viloyatining Xovos qo‘rg‘onida tug‘ilgan. 1971 – 1981 yillarda 85 – o‘rta maktabda, 1981 – 1986 yillarda hozirgi O‘zMU jurnalistika fakultetida tahsil olgan.Ilk she’riy to‘plami “Tazarru saodati” 1991 yil chop etilgan. SHundan so‘ng “Tasavvur chiziqlari” (1998), “Ko‘ngil mulkiga safar” (2001), “Sahroyi gullar” (2001), “Siz hamon o‘shasiz” (2003), “Sizni sevmay bo‘ladimi” (2005), “Bahorning eng so‘nggi lolasi” (2006), “CHiroylisan, tengi yo‘q” (2007), “Ko‘ksimni kuydirgan alanga” (2008), “Osmon to‘la orzular” (2011), “Meni kuchliroq sev” (2012) kitoblari chop etilgan. Adibning hikoyalari asosida “Luchezarnaya” (2011) kitobi rus tilida nashr etildi. Adib mohir tarjimon hamdir. Marina Svetaeva, Boris Pasternak G.G. Markes ijodidan sara namunalarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Uning asarlari asosida “Izg‘irinli kunlarning biri”, “Qismat”, “Oy chiqmagan oqshom”, “YAngi oy chiqqan kecha”, “Mohinur”, “Atirgul”, ”Antiqa debyut”, “Balog‘at bekati”, “YUlduzsiz osmon”, “Qalbim ardog‘i” kabi videofilmlar ekranlashtirilgan. Ikki yuzdan ortiq she’rlari mashhur xonandalar tomonidan kuyga solinib qo‘shiq qilingan. O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi Adabiyotni targ‘ib qilish byurosi bosh muharriri (1987-1989), O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi Adabiy konsultanti (1989-1993), “YOshlik” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari (1993-1996), “Oila va jamiyat” gazetasi bosh muharriri (1996-1998), O‘zbekiston Milliy teleradiokampaniyasi, “O‘zbekiston” telekanali bosh direktori o‘rinbosari (1998-2006), G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU direktor o‘rinbosari – bosh muharrir (2006-2009) lavozimlarida ishlab kelgan. Hozirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektoratida faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi a’zosi. “Istiqlol tonggi” mukofoti sovrindori.