9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Harbiy qismda teleko‘prik yoxud videomuloqot  

notiq.uz > Arxiv  > Harbiy qismda teleko‘prik yoxud videomuloqot  

Harbiy qismda teleko‘prik yoxud videomuloqot  

Har bir xalqning jahon miqyosidagi o‘rnini, rutbasini bilish uchun faqat buguniga emas, balki uning tarixiga nazar tashlash orqali ham anglash mumkin. Ilm-fan va madaniyat bobida ulug‘ allomalarni etkazib bergan va nazarkarda sarkardalari, sohibqironlari bilan dong qozongan yurt jahon minbaridan turib bong urishga qodir. Jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini, mavqei va shuhratini endilikda jahon tan olgan yurt bu bizning O‘zbekistonimiz, turon zaminimizdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 9 dekabrdagi “14 yanvar — Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi F-4576-sonli Farmoyishi  talablari bo‘yicha joylarda turli ma’rifiy tadbirlar davom ettirilmoqda. Ana shulardan biri O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunakatsiyalarini rivojlantirish  vazirligi tizimidagi  Maxsus avariya tiklash boshqarmasi ga qarashli 15361 – sonli harbiy qismda bo‘lib o‘tdi. Telemuloqot oldidan Vatanimiz madhiyasi yangradi.

O‘z o‘g‘lonlarini Alpomishlarga, qizlarini Barchinoylarga qiyos qilib alla aytib voyaga etkazgan xalqning istiqboli porloq bo‘lishi, shubhasiz. O‘z farzandlarini Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi siymolarning nomlariga nisbat berib ism qo‘yishlarida, o‘z vatani bilan faxrlanish tuyg‘usi bor. Jangovarlik va vatanparvarlik bobida yovga bosh egmagan To‘marisdek onalari bor bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizning vorisi ekanligimiz bizni ruhlantirmasdan qo‘ymaydi. Ularga xos bo‘lgan vatanparvarlik tuyg‘usi bugungi avlodga ham xosligi, “kindik qon to‘kilg‘on makon”ni  ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash hissini hammamiz yaxshi idrok etamiz.

Bayram oldi bugun tashkil etilayotgan videomuloqot ham ana shunday bayramona ruhda o‘tmoqda. Turli viloyatlardan kelib bugun o‘zlarining yigitlik burchlarini o‘tayotgan askarlar va zobitlarning video orqali jonli muloqoti diydorlashuv va sevinch tuyg‘ulari bilan uyg‘unlashib ketdi. Ota-onalar o‘z farzandlarining yurt, xalq tinchligi va osoyishtaligi uchun harbiy xizmatda kamarbasta ekanligidan g‘ururlanadi. Vatan manfaati uchun el koriga yaraydigan farzandni ulg‘aytirgani uchun qalblarida iftixor tuyg‘usi jumbush uradi. Ular go‘yo,

SHunday xalqing boriga

YArab turgin koriga

Qarab tur bemoriga

SHukrona qil, shukrona!

Qayda bor ayt, bunday yurt,

Sen mehringni unga tut,

Tuprog‘ini ko‘zga surt ,

SHukrona qil, shukrona!

Haq bergan rizq ro‘z uchun,

Ko‘rib turgan ko‘z uchun,

O‘zbek degan so‘z uchun,

SHukrona qil, shukrona! – deyotgandek bo‘ladilar.

SHu o‘rinda bir rivoyat yodimizga keladi: Qadimgi turk hoqonlaridan biriga qo‘shni urushqoq mamlakatning shohidan elchi keladi. Elchi qo‘lidagi nomada shunday yozilgandi: “Biz sen bilan urushajakmiz, mard bo‘lsang maydonga chiq!” Hoqon urush bo‘lsa har ikkala tomondan qon to‘kilishini bolalar etim qolishini, ota-onalar farzandlari firoqida kuyib qolishini o‘ylab, unga javoban xat yozadi: “Biz mehrparvar, tinchliksevar xalqmiz, urushmaslik evaziga bizdan nima tilaysan?” YOvning javobi shunday: o‘zing minib yurgan suyukli chopqir otingni berasan. “Xalqim tinchligi uchun men roziman,” — deydi u. Oradan bir qancha vaqt o‘tgandan keyin, tarki odat amrimahol deganlaridek, u yana urushajagini bayon etadi. Ikkinchi bor yana nima so‘raysan deganida, saroyingdagi eng suluv kanizakni berasan, — deydi. YUrt tinchligi uchun hoqon bunga ham rozi bo‘ladi. Bir necha yildan keyin u yana oldingi iddaosini qiladi. Bu gal “o‘z vataningdan bir parcha erni berasan” — deydi. Buni eshitgan hoqon sherdek o‘kiradi va saroyni boshiga ko‘taradi. Noma keltirgan elchiga qarab, “Borib ayt, bu tuproqda o‘tib ketgan ota-bobolarimizning va kelajakda tug‘iladigan farzandlarimizning haq-huquqi bor, buni tortib olishga va poymol etishga hech kimning haqqi yo‘q. Biz urushga tayyormiz!

Bu rivoyat vatanparvarlikning yorqin namunasidir.

Musaffo osmonimiz, xalqimiz osoyishtaligi, Vatanimizning muqaddas chegaralari va hududiy yaxlitligini himoya qilishga tayyor bo‘lgan harbiylarimizni bayramlari bilan tabriklar ekanmiz, ulardagi yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi aslo so‘nmasligini tilaymiz.

Tadbirda Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Navoiy, Samarqand viloyatlaridan kelib poytaxtda o‘zlarining yigshitlik burchlarini o‘tayotgan askarlar videomuloqot orvali o‘z chqinlari, ota onalari bilane suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lishdi. Bir paytlari xat orqali hol ahvol so‘rashish uchun xatning borishi va javob maktubining kelishi uchun bir oy muddat ketardi. Texnika asri imkoniyatlari bois ular bir birlari bilan jonli muloqotda bo‘lishdi. Toshkent shahriga kelib harbiy xizmatni o‘tayotgan  askarlarning ota onalari yaratilgan sharoit uchun harbiy qism rahbari polkovnik Adenov Bekzod Erkaboevich rahbarligidagi boshqa ofitserlarga o‘zlarining katta minnatdorchiliklarini bildirdilar.

Videomuloqot tadbirida diydorlashuv uchun katta imkoniyat yaratdi. Tadbirni iste’dodli notiq, telejurnalist Rahimboy Jumaniyozov boshqarib bordi. Ushbu tadbirni atroflicha yoritish uchun “Toshkent” telekanali xodimlari hamda “Xabar” matbuot nashrining jurnalistlari o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar. Tadbir nihoyasida Harbiy qism kasaba qo‘mitasining raisi Afzalxon Sultonsaidov va xotin qizlar qo‘mitasi raisasi Bredixina Lyudmila Pavlovnalar barchani bayram bilan tabriklashdi. Askarlarning muddatli xizmat burchini o‘tab o‘z uylariga sog‘u omon etib borishlarini tilashdi.

Biz ham fursatdan foydalanib barcha harbiylarimizni kasb bayramlari bilan samimiy tabriklaymiz.

Biloliddin Matkarimov tayyorladi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.