AKADEMIK AHMADALI ASQAROV OLTIN MEDAL SOHIBI
23-24 may kunlari Astana shahrida Xalqaro Turk Akademiyasining “Velikaya stepь” nomi ostida birinchi gumanitar forumi bo’lib o’tdi. Uning ishida dunyoning 20 davlatidan kelgan 200 ga yaqin olimlar, xorijiy diplomatiya vakillari, turkiy davlat va jamoat arboblari, shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Pokiston, Yaponiya, Mongoliyadan kelgan turkshunos mutaxassislar qatnashdilar.
Ushbu xalqaro anjuman turkiy tilli davlatlarda hozirgi kunda turkologiyaning ahvoli, muammolari, istiqboldagi rejalar, hamkorlikda qilinadigan ilmiy tadqiqot yo’nalishlari, shuningdek, jahon tsivilizatsiyasi olamida turkiy dunyoning tutgan o’rni va roli masalalariga bag’ishlandi. Forum Prezidentning “Dvorets Mira i Soglasiya” markazida bo’lib o’tdi. Prezident davlat sekretari Gulshara Abdukalikova forum ishini ochib, Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning anjuman qatnashchilariga yuborgan tabrik xatini o’qib eshittirdi. Tabrik xatida Buyuk Turk Dashti jahon tarixi va madaniy merosida umuminsoniy qadriyatlar simvolikasiga aylanganligi, turkiy tilli mustaqil davlatlar hamkorligida bunday nufuzli anjuman Xalqaro Turk Akademiyasi tomonidan birinchi bor o’tkazilayotganligi, ushbu forumda uning qatnashchilari – turkiy tarix va madaniy meros bilan shug’ullanayotgan olimlar, erkin ijod ahli, turkologiya fani vakillari o’rtasida o’zaro fikr almashishlar, ilmiy hamkorlikni fundamental asosga ega g’oyalar bilan amalga oshirishlariga ishonch bildirildi. Ushbu Forumda ko’tariladigan g’oyalar turkologiya fanining rivojiga, turkiy xalqlar tarixi va madaniyatini o’rganishda va bu sohani yanada yangi pog’onalarga ko’tarishda o’z hissalarini qo’shishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Forum kun tartibida turkologiya fani yo’nalishida, ya’ni turkiy tilli xalqlar tarixi, tili va madaniy merosini o’rganishda olib borgan samarali ilmiy izlanishlari va mehnat faoliyati hamda turkiy xalqlar o’rtasidagi o’zaro hamkorlikni mustahkamlashda, ular o’rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni chuqurlashtirishda qo’shgan ulkan hissalari uchun taniqli shoir va jamoat arbobi O’ljas Sulaymon, professor va jamoat arbobi Odil Ahmedov, taniqli turkolog olim Dmitriy Nasilov hamda O’zbekiston fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali Asqarov Xalqaro Turk Akademiyasining maxsus oltin medali bilan taqdirlandi.
Akademik Ahmadali Asqarov taniqli arxeolog-tarixchi olim. 450 dan ortiq ilmiy va ilmiy ommabop maqolalar, risolalar, shu jumladan, 17 ta monografiya, darslik va o’quv qo’llanmalar muallifi. SHulardan 50 dan ortig’i xorijiy tillarda (ingliz, frantsuz, nemis, yapon, xitoy, fors, turk), 200 ga yaqini rus tilida chop etilgan. Ilmiy ishlar yo’nalishining ko’lami keng: O’zbekistonda qadimgi shahar madaniyati va ilk davlatchilikning shakllanish jarayonlari, arxeologik manbalar, dolzarb tarixiy muammolar yechimi xizmatida, o’zbek xalqining kelib chiqish tarixi, Oriylar muammosi va uning arxeologik-tahlili, arxeologiya fanining uslubiy va nazariy masalalari va boshqalar. Ahmadali Asqarov akademik Ya.G’.G’ulomov arxeologik ilmiy maktabining izchil davomchisi. O’zbekiston FA Arxeologiya institutining ilmiy va ilmiy-tashkiliy jihatdan shakllanishida Ahmadali Asqarovning roli va xizmati beqiyos. U institut ilmiy tadqiqotlarini qardosh O’rta Osiyo ilmiy jamoalari bilan hamkorlikda, o’zaro do’stlik va hamjihatlik printsiplari asosida olib bordi. Undagi ilmiy tashkilotchilik qobiliyati, arxeologiya faniga bo’lgan fidoyilik, o’ziga va atrofdagilarga nisbatan talabchanlik, hayotda va ilmdagi printsipiallik, xalqaro va qardosh respublika ilmiy markazlari bilan ilmiy aloqalarni mustahkamlash tufayli institutni nafaqat O’rta Osiyo mintaqasida, balki dunyo miqyosida tan olingan ilmiy markaz darajasiga ko’tara oldi. Uning bevosita rahbarligida birdam, ahil arxeolog-olimlar jamoasi shakllandi, o’ziga xos “Samarqand ilmiy arxeologiya maktabi” tashkil etildi.
Ahmadali Asqarov ijodiy faoliyatining so’nggi 30-35 yili davomida asosiy e’tiborini o’zbek xalqining kelib chiqish tarixi, ayniqsa, uning etnogenezi muammolari yechimiga qaratdi. Bu muammoga bag’ishlangan o’nlab ilmiy maqolalar, “O’zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi” (2007 y.) nomli oliy o’quv yurtlari talabalari uchun o’quv qo’llanmasi, “O’zbek xalqining kelib chiqish tarixi” (2015 y.) bag’ishlangan fudamental monografiyani chop ettirdi. Ushbu maqola va asarlarda o’zbek xalqining tarixiy ildizlari turkiy xalqlar tarixi bilan uzviy bog’liq ekanligini isbotladi, eski qarashlarga qarshi yangi g’oyalarni ko’tarib chiqdi. Bu ilmiy ish mahsulotlari bilan tanish qardosh turkiy davlatlar olimlari Ahmadali Asqarovning huquqshunoslik sohasida olib borgan samarali ilmiy faoliyatini yuqori baholadilar, natijada milliy akademiyamizning akademigi Ahmadali Asqarov “Xalqaro Turk Akademiyasi”ning maxsus oltin medalini olishga sazovor bo’ldi. Akademik Ahmadali Asqarovni ilmiy jamoasi shaxsan o’z nomimizdan ushbu oltin medal bilan tabriklashdan mamnunmiz.
Erkin XUDOYBERDIEV
professor,
Rahimboy JUMANIYOZOV
dotsent,
Mamasoli TO’RAYEV
dotsent