9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Ulug‘larni ulug‘lab

notiq.uz > Arxiv  > Ulug‘larni ulug‘lab

Ulug‘larni ulug‘lab

2013 yilning 14 – sentyabr kuni. Huvaydo marosimlar koshonasi. O‘zbekiston qahramoni, sobiq ittifoq xalq artisti, atoqli san’atkorimiz Zikir Muhammadjonovni xotirlab farzandlari  tomonidan xayru ehson oshidamiz. Kuni kecha o‘g‘illari tadqiqotchi olim, huquqshunos Omonulla aka qo‘ng‘iroq qilib xabar berganlarida, qaysidir ma’noda, Zikir akaga ma’lum muddat shogird bo‘lgan paytlarim yodimga keldi. Hamon yodimda… 1979-1980 yilda o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qiyapmiz. Universitet qoshidagi drama to‘garagiga rahbarlik qilish uchun ardoqli san’atkor Zikir Muhammadjonov taklif etilgan edi. Universitetda ta’lim olayotgan turli fakultetlardan qiziquvchi talabalar kelishgan edi. Buxorolik qadrdon do‘stlarim Qahramon va Rahmatjon (ular Roman-german fakultetida o‘qishardi) bilan ustoz e’tiborini qozongandik. Turli viloyatlardan kelgan talabalar iymanibgina, istihola bilan ustoz san’atkorga ko‘z tikishar edi. Drama to‘garagi a’zolari bilan birma-bir tanishishni boshlagan Zikir aka “qaerdansiz”, deb mendan so‘radilar. Xorazmdan, Qo‘shko‘pirdanligimni aytganimda, “biz u erda bo‘lganmiz, zahmatkash insonlar ko‘p u erda” o‘ziga xos ohangdor ovozi bilan aytgan gaplari hamon qulog‘im ostida jaranglaydi. Ustoz san’atkorning xokisorligini ko‘rib ularga mehrim iygandi o‘shanda. Ko‘p o‘tmay ustoz – shogirdlik hamkorligi boshlandi. Izzat Sultonning “Imon” pesasi asosidagi spektaklni sahnalashtirishga kirishdik. Menga professor Komilovningning o‘g‘li Orif rolini ijro etish yuklandi. SHunda Zikir aka “teatrda men xuddi shu rolni ijro etganman” – deb qo‘shib qo‘ydilar. Drama to‘garagi tomonidan spektakl to‘la sahnalashtirilib Universitetning Madaniyat saroyida namoyish etildi. Drama to‘garagida ustoz san’atkordan shu narsani uqdimki, har qanday aktyor holatni va so‘zni his etmas ekan, uning harakatida  sun’iylik va notabiiylik bo‘ladi. O‘zingni o‘zgaga, obraz ruhiga ko‘chira olmasang, sendan yaxshi aktyor chiqmaydi deb bot-bot takrorlashni xush ko‘rardilar ustoz. Professor Komilov rolini ijro etayotgan talabaga tanbeh berdilar: hayotda shunday kelbatli, ziyoli inson aynan shunday yoshda qanday harakat qilishi, qanday so‘zlarni aytishi mumkin degan savol bilan obrazni tahlil qiling. U shunday qilishi mumkinmi? O‘sha holatda o‘zini qanday tutadi? Tomoshabin shunga ishonadimi? SHu kabi savollar bilan o‘z rolingizni tahlil qiling. Aqlingiz chig‘irig‘idan o‘tkazing. O‘ynayotgan rolingizga o‘xshagan ko‘rgan kuzatgan kishilaringizni ko‘z oldingizga keltiring. Sahnadagi har bir obraz maqsad sari intiladi. Uning har bir so‘zi, xatti-harakati ana shunga xizmat qiladi.

Drama to‘garagi mashg‘ulotlaridan charchab biroz tin olib o‘tirgan paytlarida so‘radim. Ustoz, san’atkorlarning ovoziga, xatti-harakatiga o‘xshatishadi. Hatto, sizning ijro usulingiz, ovozingizga taqlid qilishadi, o‘shanday holatlarda xafa bo‘lmaysizmi?

Nega ranjishim kerak. Muqallidlik qadimiy san’at. Birovning xatti-harakatini o‘xshatish, ovozini taqlid qilish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Aslida, tomosha san’atining ibtidosida taqlid yotadi. Faqat insonlargagina emas, balki parranda va darrandalarga o‘zini o‘xshatish orqali tomosha ko‘rsatuvchi muqallidlar ham bo‘lishgan, ular o‘tmishda olqish olishgan. Duch kelgan san’atkorga taqlid qilinmaydi. O‘z ijod manerasiga ega bo‘lgan, ovozi, xarakteri bilan ajralib turuvchi san’atkorlarga taqlid qilishadi. Abror Hidoyatov, SHukur Burhonov, Sora Eshonto‘raeva, Hamza Umarov, Soyib Xo‘jaev, Turg‘un Azizov kabi mashhur va manzur san’atkorlarga taqlid qilishlari ham aslida, shundan. Taqlidchilik nozik san’at san’atkorga aynan o‘xshataolmasangiz masxara qilayotgan bo‘lasiz, o‘zingizni ham, san’atkorni ham. Muqallidlik qolaversa, biz uchun ko‘zgu. O‘zimizni roslashimizga, so‘zimizni sozlashimizga ham xizmat qiladi. Muqallidlik san’atida taqlidni aynan o‘ziga etkazmasangiz, yoki o‘tkazib yuborsangiz kulgili holatga tushib, mulzam bo‘lishingiz hech gap emas. Muqallidlik keyinchalik qiziqchilik, qo‘g‘irchoqbozlik, askiyachilik san’atiga singishib ketgan. Tasavvuf ilmida muqallid, qo‘g‘irchoqboz atamalari ba’zan yaratuvchi nisbati o‘rnida ham keladi. Mumtoz she’riyatda “ey muqallid” deb murojaat qilingan g‘azallarning uchrashi ham bejiz emas. Umar Xayyomning ushbu ruboiysi shunga misoldir.

Bizlar qo‘g‘irchog‘u falak qurjoqboz

Bu so‘zim chin so‘zdir emasdur majoz

Yo‘qlik sandig‘iga bir bor kiramiz

Vujud palosida o‘ynagach biroz.

Taqlid qilishsa, men ranjimayman qaytanga xursand bo‘laman. Kimdir sizga taqlid qildimi, u sizga ergashayapti, havas qilayapti, sizdan ta’sirlanayapti, sizni takrorlayapti. Lekin chinakam san’at taraqqiyotida taqlidchilik g‘ov va egovdir. Umr bo‘yi birovga taqlid qilib o‘tish, o‘z yo‘lingni topmasdan o‘tish fojia. San’atkorning baxti hayotda ham, sahnada ham o‘zligini topa bilishidir.

Ustoz mulohazalarini tinglarkanmiz, u insonda shunchaki aktyor qarashi emas, balki teran tafakkurga ega olimona nigoh, tanqidiy nazar borligini, o‘z fikrlarini aktyorlik mahorati bilan ifodalashlarini ko‘rib, hayratdan dong qotardik.

SHu payt ustozning “jigargo‘sham, bolam, pushti kamarimdan bo‘lgan zurriyotim” degan nidosi xayolimni bo‘ldi. Bu taniqli adib Odil YOqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani asosida ishlangan videofilmdan Mirzo Ulug‘bek rolini ijro etgan onlaridan qo‘yilgan videolavha edi. Hamma diqqat bilan kuzatar, ayrimlarining ko‘zlarida yosh qalqar edi.

Huvaydo marosimlar koshonasining har ikkala  qavatida odamlar tirband edi. O‘rtaga monitor qo‘yilgan odamlar yig‘ilgan zahoti ekranda atoqli san’atkorimizning umri mobaynida o‘ynagan rollari aks etgan lavhalar namoyon bo‘la boshladi. Jumladan, “Navoiy” videofilmidagi Husayn Boyqaro, “Ulug‘bek xazinasi” dagi Mirzo Ulug‘bek, “General Rahimov“dagi Sobir Rahimov rollari namoyish etildi. 92 yoshida dunyodan o‘tgan san’atkor xuddi yonimizdagidek o‘z rollari bilan kelajak avlodga nimadir deyotgandek bo‘ldi. SHu payt SHayx  Abdulaziz Mansur ustoz ruhiga tilovat qila turib Amri ma’ruf qilishga tutindilar. Abdulaziz Mansurning yonida tadqiqotchi olim Abduqahhor Ibrohimov o‘tirardi. Zikir Muhammadjonov tomonidan yozilgan “Ulug‘lar orasida” deb nomlangan kitobga A. Ibrohimovning so‘z boshisi yozilgan edi. Abdulaziz Mansur o‘z mav’izasida shu haqda ham gapirib, san’atkorlar o‘z san’ati bilan mangulikka muhrlanishi qayd etib o‘tdi. Diniy ulamolarning aksariyatida san’atkorlik xosiyati bo‘lmasa, ular o‘z vazifasini mahorat bilan uddalay olmasligini aytdi. Har bir imom xatibda so‘zni ta’sirli aytish va so‘zning ma’nosi, ohangini etkazishi uchun ular san’atkorlik qobiliyatini egallagan bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Butun bir Qur’onni yodlay olgan Hafizul –Qur’on quvvayi hofizasi baland bo‘lgan qori yoxud imom bilan butun bir asardagi obraz so‘zlarini to‘la yodlab olgan aktyor orasida mushtaraklik borligini aytdi. Qori Qur’onni qiroat bilan ta’sirchan o‘qiyolmas ekan, demak, tinglovchini ham hayajonga sola bilmaydi. Alloh bilan so‘zlashgan Muso, ma’lumki, chuchuk til bo‘lgan. Fir’avn  qavmini  Olloh suvga g‘arq qilishni buyuradi. SHunda Muso(a.s)ning nazari  suvdan eson – omon emaklab chiqayotgan ikkita kishiga tushadi.

Payg‘ambarimiz so‘raydi “nega butun qavmni suvga g‘arq qilding-u, ikkitasini mening qavmim tomonga qo‘shyapsan? “Javob shunday bo‘ladi: “Ular Fir’avn oldida turib sening qiliqlaringni, so‘zlaringni, takrorlar edilar. Ular sening sur’atinga kirib Fir’avnga o‘z dardlarini aytar edilar. SHuning uchun ularning jonini omonda saqladim.”  SHayx Abdulaziz Mansur ustoz xotirasi borasida qator ibratli fikrlarni aytdilar.

SHunday ekan, san’atkorda yoqimlilik va yuqumlilik bo‘lishi kerak. SHunisi ayonki, san’at ahli bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi. U ilohiy ne’mat bo‘lib, ato etilgan va yuqtirilgan bo‘ladi. O‘zi yoqimli, so‘zi yuqumli bo‘lish – san’atkorlarga xos sifat! Oxiratlari obod bo‘lsin Zikir aka ana shunday samimiy va yoqimli inson edilar.

SHunday insonlar borki, dunyodan o‘tganlaridan keyin qarindosh urug‘i eslamasa, nomlari tilga ham olinmaydi. Inson o‘zi mehanati, chekkan zahmati bilan rahmatga yor bo‘ladi. O‘zining ikkinchi umrini boshlaydi. Demak, ikkinchi umr yashashdan murod. SHoirlikka da’vogarligim bo‘lmasa ham fikrlarimni she’rnamo qilib qog‘ozga tushirgandim. Sizga ham ilindim, ustoz ruhiga baxshida bo‘lsin deb.

«Ming yil umr ko‘rgil»,-dedi bir oqil,

Taajjubla hayron boqdim men unga.

Aytishar-ku, «etti o‘lchab bir kesgil»

«Qaysi odam kirgan emishdur mingga?»

Donishmand tikildi, o‘ychan bir nafas,

So‘ngra so‘z qotdilar, ma’nidan kalom.

«Inson tirikligi jismi bilanmas,

Ming yilning mezoni-qolsa yaxshi nom.

Ezgu ishlaringni eling qilsa yod,

Ikkinchi umrdur yashashdan murod.»

Ikkinchi umrini boshlagan, ulug‘larni ulug‘lab ulug‘ bo‘lgan ustozning ruhi doim shod, oxiratlari obod bo‘lsin!

Rahimboy Jumaniyozov. Filologiya fanlari nomzodi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.