O‘quv uquvdir
O‘qish uqishdan boshlanishini, unda muayyan maqsad borligini bilish zarur. Maqsad aniq bo‘lishi kerak. Gyote ta’biri bilan aytganda, “qayoqqa ketayotganingni bilmasang, uzoqqa borolmaysan.” SHunday ekan, mahalla o‘quvining tashkil etilishi, fuqarolar yig‘inlari raislari, diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar, mahalla posbonlari va kotiblarining malakasini oshirishning yo‘lga qo‘yilishi ayni muddao bo‘ldi. CHunki, eng katta asosiy maqsad bu yurtimizning tinchligi, xalqimizning osoyishtaligi, mahalla va oilalardagi xotirjamlikdir. Tinchlik bo‘lmasa, to‘y ham, bayram ham tatimaydi. SHuning uchun ham “bir kun janjal bo‘lgan joyda qirq kun baraka uchadi, — deydi dono xalqimiz. Prezidentimizning “oila tinch demak, mahalla tinch, mahalla tinch demak, yurtimizda tinchlik, osoyishtalik hukmron bo‘ladi” — degan mazmundagi o‘gitlari bejiz emas. Mahalla faollari va a’zolari bir jon, bir tan bo‘lib bu ishga bosh qo‘shsa, xalqimiz yanada farovon va tinchligimiz mustahkam bo‘ladi. Ijtimoiy hayotimizning rivojini mahalla, oila, maktab uch birligisiz tasavvur qilish qiyin. SHunday ekan, mahalla azaldan ma’naviyat va tarbiya o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Uning o‘ziga xos boy tarixi va an’analari bor. Ushbu mulohazalar yurtboshimizning quyidagi fikrlariga hamohangdir. «O‘zbekistonda mahalla bo‘lib, jamoa bo‘lib yashashning ming yillik tarixi bor. Biz bu an’analarni yangi mazmun bilan boyitmoqdamiz. Bugungi davrda mahalla joylardagi o‘zini o‘zi boshqarish tizimining tayanchi sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi. Bu jamiyatimiz bugungi hayotining eng samarali, ayni paytda milliy va xalqchil ko‘rinishidir».
Tarixga bir nazar tashlash bildirilgan mulohazalarning asosli va haqqoniyligini to‘la isbotlaydi. «Avesto»da ilk jamoaviylikning paydo bo‘lish va rivojlanish bosqichlari qayd etilgan. Jumladan, nmana katta patriarxal oilani, bir necha nmanalarning birikuvi, ya’ni urug‘ jamoasi — visni tashkil etgan. Muayyan hududdagi qo‘shni vislar birikuvidan varzana – hududiy qo‘shnichilik jamoasi, ularning uyushuvidan zanti — qabila yuzaga kelgan. Qabilalarning o‘zaro birlashuvi esa daxiyuni, ya’ni qabilalar ittifoqini vujudga keltirgan. IX asr tarixchisi Narshaxiyning «Buxoro tarixi» kitobida Buxoroi SHarifda bundan 1100 yil oldin ham mahalla, guzarlar mavjudligi qayd etiladi. Leonid Levitin ta’kidlaganidek, «Hozirgi O‘zbekiston hududida bo‘lgan shaharlardagi mahallalarning ayrim mavzelari o‘sha paytlardayoq shu qadar katta ediki, ularni shaharning mustaqil qismi desa bo‘ladi. Mahallaga obro‘li shaxslar-umumiy yig‘ilishda saylanadigan shayx yoxud yuzboshi rahbarlik qilar edi. Har bir mahalla o‘zining ko‘kalamzor hududida masjid va choyxona joylashgan jamoatchilik markaziga ega bo‘lgan. Mahalladagilar har xil turdagi jamoat ishlari o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan umumiy asbob-anjomlarga ega bo‘lishgan».
Samarqand, Toshkent, Andijon, Qo‘qon va boshqa yirik shaharlar dahalarga, ular esa, o‘z navbatida mahallalarga bo‘linib, mahallalarga oqsoqollar boshchilik qilgan. Har bir mahallada masjid bo‘lib, odamlar hayotidagi barcha muhim voqealar shu erda hal qilingan. Dafn marosimini masjid imomi bilan so‘fi tashkil etgan. Farzand tug‘ilganda, nikoh to‘ylarida oilaning moddiy ahvoliga qarab, dasturxon qanday bo‘lishi, qancha odam chaqirilishi belgilangan.
Xo‘sh, mahalla mustaqillik davrida qanday vazifa va maqsadlarni amalga oshirishi zarur?
Birinchisi ma’naviy vazifa bo‘lib, u o‘zbek xalqining ming yillik tarixidagi noyob, eng aziz an’analarni, qadriyatlarni qaytadan tiklash va rivojlantirishdan iborat.
Ikkinchisi siyosiy vazifa bo‘lib, mahalla institutini bugungi zamon talablariga muvofiq tarzda tiklash va uning vakolatlarini kengaytirishdan iborat.
Ta’bir joiz bo‘lsa, mahalla timsolida sharqona demokratiya shakli ko‘rilmoqda. Bu narsa birinchi marta oliy Kengash tomonidan 1993 yilning 2 sentyabrida qabul qilingan «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida o‘z ifodasini topgan edi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining aniq huquqiy asoslari yaratildi. Mustaqillik tufayli «mahalla» atamasi yurtimiz tarixida birinchi marta Konstitutsiyaga kiritildi. 1993 yilda «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonun ilk bor qabul qilindi. 1999, 2004 yillarda unga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, 2013 yilda esa Oliy Majlis tomonidan ushbu Qonun yanada takomillashtirilib, yangi tahrirda qabul qilindi.
YUqorida keltirilgan ma’lumotlar zamirida mahalla tarixi, milliy qadriyatlar va an’analarimizga muhabbat tuyg‘usi vatanga bo‘lgan mehr-u sadoqat bilan uyg‘unlashuvi masalasi mavjud.
Bugun Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish o‘quv kursining dotsenti sifatida dars mashg‘ulotlariga kirdim. Darsda diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar o‘tirishardi. Ular o‘zlarining bilimdonligi va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotganlarini berilgan savollarga to‘la va to‘g‘ri javob berganlari bilan namoyish etdi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Har biri ulkan orzu-umidlar bilan yashamoqdaki, bu ularning o‘z oilasi va mahallasiga bo‘lgan mehru muhabbatdan kelib chiqadi.