Turindagi ta’limiy tadbir
Yаngi yil munosabati bilan talabalar qishki ta’tilda bo‘lsa ham oliy o‘quv yurtlarida ish qizg‘in. Professor-o‘qituvchilarning ayrimlari seminar mashg‘ulotlari bilan, ba’zilari esa ta’lim moduliga fanlar yuzasidan ma’ruzalar matnlarini joylashtirish yoki malaka oshirish kurslarida ta’lim olish bilan band.
Vaqtdan unumli foydalanish o‘quv tizimining sifatiga manfaatli bir ish bilan shug‘ullanish xayrlikdir. Xuddi shu maqsadda, “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasi tomonidan tashkil qilingan Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti professor-o‘qituvchilarining ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalish bo‘yicha o‘quv-seminari alohida mohiyatga ega bo‘lgani sir emas. Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti ma’muriy binosining 105-xonasi 2016 yilning 5 – 7 yanvar kunlari o‘z sohasining yirik bilimdonlari bo‘lgan olim va jurnalistlar ishtirokida o‘quv seminari tashkil etildi.
“Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”ning mazmun-mohiyati” mavzusi bo‘yicha Toshkent Davlat yuridik universiteti dotsenti Igor Kudryavsev, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “YUksak ma’naviyat — engilmas kuch”, “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” asarlarida ma’naviy tarbiya masalalarining mazmun-mohiyati to‘g‘risida” O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Ahmadjon Meliboev, “O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”larining mazmun-mohiyati to‘g‘risida yuridika fanlari doktori Toshkent Davlat yuridik universiteti dotsenti Feruza Muhitdinova, “Nutq madaniyati va notiqlik san’atining targ‘ibotchilar faoliyatidagi o‘rni” mavzusi yuzasidan Toshkent viloyati Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov, “O‘n ikki yillik majburiy ta’limning ahamiyati, erta nikohlarning oldini olishda ma’naviyat targ‘ibotchilari oldida turgan dolzarb vazifalar”, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyati, uning ijrosini ta’minlashda ijtimoiy hamkorlik”ning ahamiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi o‘rinbosari Mavluda Xodjaeva, “ISHID – diniy ekstremizm, missionerlikning jamiyat, xususan, yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’siri” mavzui bo‘yicha Toshkent Islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurovlar o‘quv seminarlarini olib bordilar.
“Ushbu seminar mashg‘ulotlari Respublikamiz miqyosida katta nufuzga ega bo‘lgan Turin politexnika universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan yaxshi qabul qilindi, ularda iliq taassurot qoldirdi,” — deya universitetning birinchi prorektori, texnika fanlari doktori, professor Qo‘ng‘irotbay Avezimbetovich SHaripov pedagoglar jamoasi nomidan o‘z minnatdorchiligini izhor qildilar.