Til – ma’naviy ehtiyoj, tarixiy zarurat
Usiz anglash ham, tinglash va so‘zlash ham mumkin emas. Tasavvur va tafakkurning ro‘yobi ham u bilandir. Bu ijtimoiy vosita tildir. TVXTXQTMOIda o‘tkazilgan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 26 yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Institutning ichki hovlisi -amfiteatr 600 dan ziyod pedagoglar bilan gavjum. Tadbirga ziynat baxsh etgan olim va san’atkorlarning tashrif alohida e’tiborga molik bo‘ldi. Tadbirda filologiya fanlari doktori, professor Saodatxon Boymirzaeva, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Bobomurod Hamdamov, iste’dodli nozikta’b shoiramiz Farida Afro‘z, iqtidorli shoir, yozuvchi, noshir va jurnalist Muhammad Ismoillar ishtirok etishdi. Davrani institutning o‘quv bo‘limi boshlig‘i Toshmurod Bo‘riev o‘z nutqini nazmiy liboslar bilan muzayyan qilgan holda, qiziqarli tarzda olib bordi. Dastur avvalida institut rektori R.CHoriev ijtimoiy va ma’naviy hayotimizda, pedagogik faoliyatimizda ona tilimizning o‘rni borasida o‘z mulohazalarini bildirdi. So‘ngra taniqli tilshunos olima S.Boymirzaeva o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi tarixiy hodisa va ma’naviy ehtiyoj, ijtimoiy zaruriyat bo‘lganligini ta’kidlab davlat tilining qo‘llanilishi bilan bog‘liq mulohazalarni bildirdi. Tilning jozibasi adabiyotda, badiiy asarlarda. Kitob mutolaa qilmasak, so‘zlar ham unutilib ketaveradi. Iste’molda bo‘lmagan til, istifoda etilmagan so‘z o‘limga mahkumdir. SHunday ekan, nutqning maftunkor bo‘lishi ko‘p jihatdan kitobxonlik bilan bog‘liq. Ayrim so‘zlarning ma’nosini bilmasdan qo‘llash, o‘rinsiz keltiriluvchi iboralar inson ruhiyatiga yomon ta’sir qilishi mumkinligini hammamiz bilamiz. SHoir Bobir Bobomurod aytganiday so‘zning hikmati ko‘p. Uni o‘rinli qo‘llamaslik ulfatning kulfatiga sabab bo‘lishi tayin.
Gar otang bo‘lmasa ko‘rgin xudodan, gar onang bo‘lmasa ko‘rgin xudodan,
Lek do‘sting bo‘lmasa ko‘rgin o‘zingdan, bosgan izingdanu aytgan so‘zingdan.
Mol qadrin bilganga bozordir dunyo, Hol qadrin bilganga mozordir dunyo.
Dunyoni ayblama qolganda yolg‘iz, do‘st qadrin bilmasga ozordir dunyo.
Gar akang bo‘lmasa ko‘rgin xudodan, gar ukang bo‘lmasa ko‘rgin xudodan,
Lek do‘sting bo‘lmasa ko‘rgin o‘zingdan, bosar izingdanu aytar so‘zingdan.
Olima o‘z mulohazalarini mutasavvuf Jaloliddin Rumiyning quyidagi bitiklarini keltirish bilan davom ettirdi: “Erda bir hayvoncha(qurt) mavjuddir. U er ostida zulmatda yashaydi. Ko‘z va quloqsiz. Aslida, uning ko‘zva quloqqa ehtiyoji yo‘q. Modomiki, muhtojligi yo‘q ekan, unga nechu ko‘z va quloq bersinlar? Tangri oz bo‘lgani uchun yoki xasisligi sababli uni ko‘z va quloqsiz qoldirdimi? Yo‘q! U bularni ehtiyojiga qarab berdi. Ehtiyoji bo‘lmagan kishiga berilgan har qanday narsa ortiqcha yukdir. Biroq tangrining lutfi karami va hikmati yuk bo‘ladi emas, balki kishi zimmasidan yukni tushiradi. Masalan, duradgorning tesha, arra, bolg‘a kabi asboblarini tikuvchiga bersang, bular uning uchun faqat keraksiz toshga aylanadi. SHuning uchun ham narsani ehtiyojiga ko‘ra beradilar. Sizu biz tarbiyalayotgan yoshlarimizning ma’naviy va ruhiy ehtiyojlari juda yuqori. Ularning bilim olishga intellektual va tafakkur dunyosini taxayyul olamini kengaytirib borishga shtiyoqi juda baland. SHu bois ham biz ta’lim va tarbiya mas’ullari yoshlarimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirishda ko‘proq mehnat qilishimiz, zahmat chekishimiz kerak bo‘ladi.
Keyin esa boshlovchi shoirlarimizdan Muhammad Ismoil va Farida Afro‘zlarni mikrofon qarshisiga taklif etdi. Ular mashhur san’atkorlarning repertuaridan o‘rin olgan o‘zlarining she’rlaridan o‘qib berishdi. Ayniqsa, ustazoda san’atkor Bobomurod Hamdamovning dilgir qo‘shiqlari davraga yanada fayz kiritdi. So‘ngra jo‘shqin qo‘shiqlar institutimizda o‘z malakalarini oshirayotgan, Bolalar musiqa va san’at maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan go‘zal pedagog qizlarining raqslariga ulanib ketdi. Tadbirda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining tayyorlagan dasturlari ham pedagoglarda iliq taassurot qoldirdi. Tadbirni “Mening yurtim” telekanali ijodkorlari tasvirga muhrladi.