9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

 Til — millat ruhi va ko‘zgusi

notiq.uz > Arxiv  >  Til — millat ruhi va ko‘zgusi

 Til — millat ruhi va ko‘zgusi

Har qanday xalqning, millatning borligi, borlig‘i va boyligiga mezon aslida, uning tiliga bo‘lgan munosabatida ko‘rinadi.  SHuning uchun ham hali Respublikamiz mustaqilligi e’lon qilinmasdan oldinoq, o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berish borasida dadil qadam tashlandi. Bu esa oqilona va odilona harakatning samarasi bo‘ldi.

Bugungi kunda Er yuzida yashovchi 4 mingga yaqin xalq vakillaridan iborat 7 milliardga yaqin aholi taxminan uch mingta, shevalar bilan hisoblaganda, 5621 ta til va shevada so‘zlashadilar. Hozirgacha ulardan 500 tasigina o‘rganilgan, xolos. Har uch tildan bittasining yozuvi bo‘lmay, faqat og‘zaki nutq shakliga egadir. Jahondagi 1400 ta tilning yo‘qolib ketish xavfi bor. Dunyo tillaridan faqat 40 tasigina og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakllanib bo‘lgan, deb hisoblanadi. Mazkur 40 til ichida o‘zbek tili ham bor.

Tilga mehri bo‘lgan har bir fuqaro tilning qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ymaydi, unga hurmat bilan qaraydi. Ko‘zgu oldida turib pardoz andoz qilib, o‘zimizga  soatlab e’tibor qilarkanmiz, demak so‘zimizga ham e’tiborimiz ana shu darajada bo‘lishi kerak. Haydovchi yo‘l qoidasiga nisbatan xilof ravishda ish tutsa, DAN xodimining hushtagini eshitadi, jarimani to‘laydi. Adabiy til me’yorlariga rioya etmasdan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar olib boruvchi boshlovchilarni, nodavlat studiyalardagi didjeylarning faoliyatini nazorat qiluvchi hakam yo‘qmi. Ularning ona tiliga bo‘lgan mehru muhabbati va vijdon amri haqiqiy nozir bo‘lishi kerak. Ona tiliga, tele va radionutqqa nisbatan mas’uliyat hissi va majburiyat burchini tuygan boshlovchi jurnalistlar bu masalani doimo diqqat markazida tutadi.

Daniel Defo asari qahramonlaridan biri Robinzon Kruzo tilidan shunday ibora ishlatiladi. «Ehtiyoj kishini buyuk kashfiyotchiga aylantiradi.» Darhaqiqat, nimaiki narsa zaruriy hodisa sifatida qo‘yilarkan, uning amalga oshirilishi, rivojlanishi uchun imkoniyatlar, sharoitlar yaratiladi.

«Jamiki, ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Men bu masalani alohida ta’kidlab aytayotganim bejiz emas. Ona tili – bu millatning ruhidir. O‘z tilini yo‘qotgan har qanday millat o‘zligidan judo bo‘lishi muqarrar.»  I.KARIMOV.

TVPKQTMOIda o‘tkazilgan tadbir davlat tilining ravnaqiga, unga bo‘lgan munosabatga bag‘ishlandi. Taniqli olim Abduqahhor Ibrohimov, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon, siyosiy sharhlovchi Quddus A’zam va boshqa telejurnalistlar ishtirok etishdi. Ona tilimizning jonkuyarlaridan biri sifatida Abduqahhor Ibrohimov o‘zbek tilining nafosati va nazokatini namoyish etish san’atkorlarning, xususan o‘qituvchilarning burchi ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi. Omon Matjon she’r ning jon va qon tomiri xalq tili ekanini e’tirof eta turib o‘zining ayrim she’rlaridan o‘qib berdi. SHoir she’rlaridan birida shunday yozgandi.

CHiroy axtarsa kim,Baxt axtarsa kim, Mashaqqat oldida Hisob berajak.

Ishqni toptasa kim, Naqdni maqtasa kim,Muhabbat oldida Hisob berajak.

Olimni bilmas kim, SHoirni bilmas kim, Ilm-hikmat oldida Hisob berajak.

Boshlovchi ma’rifatparvar shoir Avaz O‘tarning “Til” haqidagi she’rini o‘qib berdi.

Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur.
G‘ayri tilini sa’y qiling bilgali, yoshlar,
Kim ilmu hunarlar bilonki andin ayondur.
Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka oni g‘ayrat eting, foydali kondur.
Ilmu fan uyig‘a yuboringlar bolangizni,
Onda o‘qug‘onlar bori yaktoyi zamondur.
Zor o‘lmasun onlar dog‘i til bilmay Avazdek,
Til bilmaganidin oni bag‘ri to‘la qondur.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.