9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Teatrda bir kun

notiq.uz > Arxiv  > Teatrda bir kun

Teatrda bir kun

O‘quv yilining yakunini o‘qituvchiyu o‘quvchilar,  ustozu shogirdlarning ta’lim oldidagi hisobot kuni deyish mumkin. Hisobot qilingan ishlar va qilinadigan ishlarning orasidagi mas’uliyat va majburiyat hamdir. Ruhiyatshunoslarning fikricha, ish unumi va samaradorlikning mezoni ko‘tarinki kayfiyat va tetik ruhiyat bilan. Bu esa jamoaning madaniy hordik chiqarishiga bog‘liqdir. SHuni inobatga olgan holda, TVPKQTMOI jamoasi har oyda bir marotaba teatrda bir kun degan ma’naviyat tadbirini uyushtirishadi.144 soatdan iborat bir oylik o‘quv dasturi bo‘yicha ta’lim olgan pedagog tinglovchilar ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi ma’naviy tadbir Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatri zalida bo‘lib o‘tdi. Zal 2012 yil 12 dekabrda qabul qilingan “CHet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1875-sonli Qarorining ijrosi yuzasidan maktablarda dars beruvchi o‘qituvchilar bilan liq to‘la. Tadbir boshlovchisi maftunkor Nishonaxon ustozlar sha’ni sharafi haqida so‘zlay turib, kamoli ehtirom bilan institut rektori R.Q.CHorievni taklif etdi. Rektor pedagogning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni borasida iliq fikrlarni ayta turib, bir oylik o‘qish davomida o‘zlarining faolligi va bilimdonligi bilan ajralib turgan pedagoglarga tashakkurnomalarni topshirish tantanasini boshlab berdi. Institut prorektorlari N.Yo‘ldosheva, B.YOlgashev, B.Sobirovlar faol pedagoglarga tashakkurnomalarni galma-gal topshirishdi. Tashakkurnoma olganlardan “Ona tili va adabiyoti 2 guruhining sardori Hilolaxonning minnatdorlik  chiqishi davra ahlining dil torlarini chertib ularni hayajonga solganini aytmasdan bo‘lmaydi. Uning qalb izhori zalda jam bo‘lgan barcha o‘qituvchilarning dilidagi gaplar ekanini gulduros qarsaklardan ham bilib olish mumkin edi. So‘ngra o‘quv jarayonida yaxshi, yutuqli ko‘rsatkichlarga erishgan tinglovchi-pedagoglardan bir nechtasi faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi. Ayniqsa, ushbu tadbirda O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Inoyatov Ulug‘bek Ilyosovichning ishtiroki alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Ular o‘qituvchilarga bo‘lgan e’tibor va talab har qachongidan ham ziyoda bo‘layotgani, davlat va hukumat miqyosidagi ustuvor siyosat ekani xususida so‘zlab, chet tillarni o‘rganish masalasi jahonga yuz tutish borasidagi dadil qadamlardan yana biri ekanini ta’kidlab o‘tdilar. TVPKQT va malakasini oshirish institutida ingliz tilidan saboq bergan ustozlar Ra’no Ahmedova, Umida YOralieva, Muhabbat YUsupova, Mansur YUldashev, Bahodir Ergashev, Gulnora Ergasheva, Zarina Rahimovalarga o‘z qo‘llari bilan Vazirlikning esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlarini topshirdilar. Tadbirning birinchi qismi nihoyasiga etgach, teatr jamoasining ma’naviy tuhfasi sifatida “Jaydari kelin” spektakli namoyish etildi. Bosh rol ijrochisi Ma’rifat Ortiqovani men dramatik rollarning mohir ijrochisi deb bilarkanman. Bu galgi komik roli uning yangi iste’dod qirralarini ochdi deyish mumkin. Xulq va nutq bu yarim rizq. Inson o‘z fe’l-atvorini o‘zgartirishi, o‘zidagi yaxshi olijanob fazilatlarni kamol toptirishi mumkinligi spektakldagi Mehriniso rolida ancha jonli chiqqan. SHunday ekan, yaxshi xulq va ibratli nutq avvalo, shaxsning, qolaversa, jamiyatimizning yutug‘i ekani pesaning asosiy leytmotivini tashkil etadi. Suvratiy go‘zallik siyratiy go‘zallik bilan uyg‘un bo‘lishi ayni muddao. Insonning insoniyligi uning siyratida ekani pesani tomosha qilgan har bir tomoshabinning xayolidan kechdi. Ular olam-olam zavqu shavq va iliq taassurotlar bilan tarqalishdi. Jamoadagi har bir pedagogning o‘z o‘rni, vazifasi bo‘lgani kabi spektaklda ham umummazmunni ochib berishga xizmat qiluvchi har bir obrazning o‘z o‘rni borligini unutmaslik kerak. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Spektakl ijrochilari va tomoshabinlar birligi, o‘qituvchilar va o‘quvchilar orasidagi munosabatlar zanjiri samimiylikka, adolatga qurilsa, hamma narsa o‘z joyida davom etaveradi. Teatrda bir kun bo‘lsakda, undan olingan taassurotlar esa bizda umrlik bo‘lib qolishini inkor etish qiyin.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.