9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Tarix qalbda yashaydi

notiq.uz > Arxiv  > Tarix qalbda yashaydi

Tarix qalbda yashaydi

Moziy muzeylarda emas, tuproqqa ko‘milgan qal’alarda ham emas, yoxud er ostida qolib ketgan o‘tmish obidalaridagina emas, yoki ko‘kka bo‘y cho‘zgan me’moriy yodgorliklarda, minoralardagina emas, balki qadimiy manbalarda, qo‘lyozma kitoblarda, muarrixlarning fikru zikrida, tarixshunos olimlarning ruhiyati va qalbida yashaydi.

Qo‘lyozma kitoblar bebaho meros,

Ajdodlar qismati unda ro‘yi rost

Ular so‘zlayajak orzu armondin,

Bobolarimga xos vijdon, iymondin.

Tarixga munosabat o‘tmishda turlicha bo‘lgan, o‘zga xalqning zulmi va bosqinchilar zug‘umi hukmron bo‘lgan jamiyatda tarix ham noto‘g‘ri ko‘rsatilishi, buzib talqin qilinishi aniq. Fan asl haqiqatlarni, aniq faktlarni, tiniq fikr va xulosalarni xush ko‘radi. Tarixshunoslik ham muhim fanlardan, u asliyatni va mohiyatning aniqligini yoqtiradi. Tibbiyotning qasami bor. Gippokrat qasamyodiga sodiqlik. Tarixning ham qasami bor. U haq va xalqdir. SHunday ekan, o‘tmish merosimiz, urug‘ va elatlar, xalqlar va millatlar orasidagi munosabatlar ham ro‘yi rost ifodalanishi insofdandir. Gerodotning “Tarix” kitobini, Polienning “Harbiy hiylalar”, Strabonning asarlari singari manbalarni o‘qiganmiz, o‘qitishgan. Afsuski, o‘z tariximizni, ajdodlarimizga daxldor manbalarni o‘qishdan, ular haqida emin-erkin so‘zlashdan ham tiyilgandik bir zamonlar. Istiqlolning bebaho sharofati bois bugun ko‘plab allomalarimiz, jahon sivilizatsiyasida o‘z fikri va qarashlari bilan muhim va muqim o‘rin tutgan mutafakkirlarimiz, dunyoviy fanlarning asoschilari bo‘lgan bobokalonlarimiz bilan faxrlanishga haqlimiz. Ular ijodiy faoliyatini bugungi kunda biz bemalol tadqiq va tahlil qilishdek baxtga musharrafmiz. O‘zga xalqning qoshu qovog‘iga qarab ish tutish endilikda bizga yot. Iqtisodiy va tafakkur qaramligi endi bizga begona. Agar qullik zanjiri parchalanmaganda, biz o‘tmishimizning yorqin sahifalarini ko‘rish, asl haqiqatni tiklash imkonidan mahrum bo‘lardik.

Aks holda, 800 yildan keyin bo‘lsada Juvayniy qalamiga mansub bo‘lgan biz bugun shu kitobning taqdimotini qilayotganimiz tarix kitobini o‘qirmidik. Afsuski, yo‘q. Tarix faniga butun imkoniyati va qobiliyatini sarflab kelayotgan tarixchi olimlar Jumavoy Rahimov, Nazarbek  Rahimov, Anbara Otamurodova, Ollanazar akalardagi vatan tuyg‘usi, milliy g‘ururning ustunligi sabab ko‘plab tarixiy manbalarni o‘qish sharafiga muyassarmiz.

Bunday ishga bosh qo‘shishning, qo‘lyozma kitoblarni titkilash orqali tarixning asliyatini ko‘rsatishga bo‘lgan maylning o‘zi ma’naviy jasorat, chinakam mardlik. Bugungi taqdimot ham ana shunday xayrli va ma’rifiy maqsad bilan tashkil etildi. Kitob taqdimoti bir piyola choy atrofida bo‘lishini niyat qilgan Jumavoy va Nazarbek Rahimovlar hammamizni “Budur” qahvaxonasiga taklif etib dasturxon yozishdi. Mustaqil O‘zbekistonimizning qutlug‘ va qadim go‘shalaridan biri Xorazm tarixiga, aniqrog‘i, o‘zbekning milliy qahramoni Jaloliddin Manguberdi hayoti bilan bog‘liq voqealarni o‘z ichiga olgan ushbu kitob nashrdan chiqdi. Biz shu paytga qadar Nasaviyning “Siyrati Sulton Jaloliddin”, Rashiddiddin Vatvotning “Jome’-ut-tavorix” kitoblari qatorida Juvayniy nomi ham tilga olinishini bilardik. Uning asl nusxasi qachon chop etilishini intizorlik bilan kutardik. Murod hosil bo‘ldi. Iqtidorli olim, tarjimon va tarixchi Nazarbek Rahimning sa’yi-harakatlari bilan filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboev, filologiya faanlari nomzodi Mahkam Mahmudov mas’ul muharrirligida, tarix fanlari doktori, professor Bahodir Eshov, tarix fanlari nomzodi, dotsent Ne’mat Polvonovlar taqrizi bilan “Mumtoz so‘z” nashriyotida chop etilgani ilm ahli uchun ayniqsa, quvonchli voqea bo‘ldi. Alouddin Atomalik Juvayniyning ushbu kitobi “Tarixi jahonkusho” (Jahon fotihi tarixi) nomi bilan turk tilidan tarjima qilinib chop etilgan bo‘lib, u 1260 yilda yaratilgan. Asar 3 jilddan iborat bo‘lib, birinchi jild mo‘g‘ullar tarixi, CHingizxonning davlat tepasiga kelishi va istilochilik yurishlaridan tortib Kuyukxon davri (1246-48)gacha kechgan voqealar, shuningdek, Jo‘jixon, chig‘atoy va avlodlarining tarixini aks ettiradi. Ikkinchi jild Xorazmshohlar tarixi va Movarounnahr va Xurosondagi mo‘g‘ul hukmdorlari (1258 yilgacha) kechmishiga bag‘ishlangan. Uchinchi jild Xuloguxon Eronni zabt etishi (1256-58), Ismoiliylar davlati tarixi batafsil bayon etilgan. Kitobga so‘zboshi tarjimon doktor Mursal O‘zturk tomonidan yozilgan.

Ushbu kitobning taqdimoti munosabati bilan navbatdagi “Go‘zal gurunglar”imizga taniqli shoir va olimlar, mashhur san’atkorlar tashrif buyurishdi. O‘zbekiston xalq shoirlari Erkin Samandar, Omon Matjon, taniqli jurnalist, tilshunos, adabiyotshunos va tarixchi olimlarimizdan Anbara Otamurodova, Ollanazar aka, Masharif Safarov, Boboxon hoji SHaripov, Jabbor Razzoqov, Mahkam Mahmudov, Azimbek Usmonov, Alijon Safarov, Ravshan Jomonov, Ne’matjon Polvonov, Isroil, SHuhrat va Sanjar G‘ulomov, denovlik ekolog, dotsent  Abdurashid aka, Oygulxon,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, jurnalist Kamol Matyoqubov (Nasaviyning tarjimoni), mashhur hofiz Bobomurod Hamdamov, Safarboy Alimbekov, SHermat Sobirov kabi taniqli insonlar o‘z fikr-mulohazalari bilan davraga fayz kiritdilar. SHermat aka ijrosida “Lazgi” yangragan paytda ko‘plab tarix darsliklarining muallifi Jumaboy aka Rahimovning raqsi barchani lol qoldirdi. Ulardagi g‘ayrat hammaning hayratiga sabab bo‘ldi. Aka-uka tarixchilarning tarixshunoslik bobida qilayotgan xizmatlari munosibdir. Kitobxonlik, kitobsevarlikni qadrlaydigan inson, albatta ruhiy darmon va beminnat do‘st kitobga o‘zini yaqin tutadi. Taqdimotda ishtirok etganlar tarjimon Nazarbek Rahimning qo‘lidan 500 sahifalik Juvayniyning kitobini qabul qilib olgan holda, mamnun bo‘lib tarqalishdi.

Tarix qalbda o‘rin tutib xotiraga muhrlanadi, mehrlanadi. SHuning uchun ham u kelajakning poydevori. SHuning uchun ham tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. U ibrat, xulosa chiqazish orqali to‘g‘ri yo‘lni tanlash va sobitqadamlik bilan dadil tashlanadigan qadamdir.

Tarix tandiridan uzilgan bir parcha non – ushbu kitob dasturxonimizning ham, imonu vijdonimizning ham ziynati, millatimiz tiynati, fazilati barchamizga, xalqimizga muborak bo‘lsin!

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.