Tarix bag‘ridagi nurlar
Hayotda kimningdir shodligi va yutug‘i va yoki kimningdir qayg‘usi va iztirobi sabab bo‘lib yaqinlar do‘stlar diydorlashadi. Birlari qutlashsa, keyingilari hamdardlik bildirashadi. Bu hayot talabi. Kuni kecha umrini, hayotiy faoliyatini tarix ilmiga baxshida etib kelayotgan aka-ukalar Jumaboy va Nazarbek Rahimovlar qo‘ng‘iroq qilib xonadoniga chorlashdi, yangi nashr qilingan kitoblarining taqdimoti va onaizorlarini xotirlab qilayotgan ehsonga kelishimizni aytdilar. “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasining professori, turkshunos olim Boboxon SHaripov bilan ularning mashinasida Rahimovlar xonadoniga etib bordik. Davra jamuljam bo‘lib, uerda bizga maslakdosh bo‘lgan insonlar, do‘stlar o‘tirashardi. Uy to‘rida oqsoqol adibimiz Erkin Samandarov, ularning so‘l tomonida ekolog olim ellikdan ortiq mamlakatlarda ingliz tilida ma’ruzalar qilgan Abdurashid Qulmatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shoir Kamol Matyoqubov, tarix fanlari nomzodi, dotsenti, “Turon” FAning akademigi Ne’matjon Polvonov, “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov, “Vatanparvar” gazetasining bosh muharriri, polkovnik Alijon Safarov, salkam yarim asr xonlik qilgan Muhammad Rahimxon Feruzning evarasi Azimbek Usmonov, filologiya fanlari nomzodi, professor Mahkam Mahmudov, tarix fanlari nomzodi, dotsent Jumaboy Rahimov, “Saydana Print” MCHJ bosmaxonasining chop etish va nashr ishlari direktori muovini YUsufxo‘ja Muzaffarxo‘jaev, Jaloliddin Polvonovlar bizni ochiq chehra bilan kutib olishdi. Oqsoqol sifatida Erkin Samandarov duo qilganlaridan so‘ng bir piyola choy atrofida tarix va ma’naviyat borasida qizg‘in suhbat boshlandi. Nazarbek onaizorining erga tushganiga bir to‘lgani munosabati bilan qilinadigan ehson kuniga “YUsuf Hamadoniydan Jaloliddin Manguberdigacha” deb nomlangan kitobning taqdimotini qilishni niyat etganini e’tirof etdi. Ushbu kitob xayrli niyat bilan yaratilgan bo‘lib, Prezidentimizning “yoshlarni tarixiy bilimlar va tarix haqiqati bilan qurollantirish kerak” – degan fikrlariga hamohang tarzda dunyo yuzini ko‘rdi deyish mumkin.
Kitobning mas’ul muharriri Mahkam Mahmudov, taqrizchilari esa Amir Fayzullaev va Ne’mat Polvonovlardir. Kitobga “Tarix oynasi” nomli so‘zboshini Erkin Samandarov yozganlar. Kitobda YUsuf Hamadoniy, uning shogirdlari Ahmad YAssaviy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy hamda ularning shajaralari bilan bog‘liq ma’lumotlar mufassal shaklda berilgan.
Boboxon SHaripovga so‘z berilganda, ular tarixga qarash va baholash mezonlari haqida so‘z yuritdi. “Tarixga yondashganda faqat do‘stning nazari bilan emas, balki dushman tomonning qarashini ham e’tiborga olib xulosa qilish” zarurligini e’tirof etdilar. Bu esa xalqlar, mamlakatlar tarixiga yondashishda xolislik va ob’ektivlik zaruratini ifoda etadi. Turkiyada xorazmshohlar tarixi va davri bilan bog‘liq ko‘plab kitoblar mavjud bo‘lib, ularni tarjima qilish va nashr ettirish muhimligini ta’kidladilar. Bunday tadqiqot ishlarining nashri nafaqat tariximizga oid birlamchi manbalar haqida ma’lumot beradi yoki tariximizning o‘rganilmagan davrlari haqidagi tasavvurimizni kengaytiradi, balki tadqiqot usullari haqida ma’lumot beradi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Kamol Matyoqubov tarixiy manbalar asosida Urganchning qanday nomlar bilan yuritilishi xususida tadqiqot ishi tayyorlab qo‘yganligini zikr etdilar. Mahkam Mahmudov “Avesto”dagi ma’lumotlar Hind falsafasi va madaniyati bilan bog‘liq ekanligini ta’kidlab, Beruniyning “Hindiston” asari va Al-Xorazmiyning raqamlari haqidagi fikrlari shuning asosi ekanligini aytib o‘tdilar. Suhbatga Jumaboy Rahimov qo‘shilib xalqaro YUNESKO tashkilotiga o‘zining vorisiyligini qonunlashtirish uchun ayrim davlatlarning aralashuvi bois bo‘lganini qayd etdilar. “Avesto”ning bizgacha etib kelgan eng qadimgi nusxalardagi so‘zlar, o‘zaklarning ifodasi hozirgi Xorazm hududida yashayotgan xalqlar so‘zlashuv nutqida 70-80 foiz mavjudligini aytdi. Aynan shu hujjat va Xorazm hududida topilgan ko‘plab otashparastlik ibodatxonalari, otashkadalar va boshqa arxeologik va etnografik manbalarga asoslangan holda bugungi O‘zbekiston hukumatining sa’y-harakati natijasida hamda O‘zbekitson Respublikasi Prezidentining qo‘llab-quvvatlashi sababli YUNESKO “Avesto”ning vatani Xorazm ekanligini tan oldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2001 yilda Xalqaro miqyosda “Avesto”ning 2700 yilligi nishonlandi va Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida Avesto bog‘i yaratildi. Bu erdagi bahs-munozara va tarixiy faktlar asosida chiqarilgan xulosalarni mushohada qilgan “Vatanparvar” gazetasining bosh muharriri, polkovnik Alijon Safarov va Azimjon Usmonovlar ham qimmatli mulohazalarni bildirib o‘tdilar. Alijon Safarov gazetada Erkin Samandarovning Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan asarini chop etganliklarini mamnuniyat bilan esladi. O‘shanda ayrimlar asarning bosilishiga qarshi bo‘lganlar. SHunga qaramay, asar to‘liq holda chop etildi. Erkin Samandar o‘zlarining ona yurt haqidagi she’rini o‘qib berganlarida davrada yanada jonlanish paydo bo‘ldi. Ushbu kitobni chop ettirgan “Saydana Print” bosmaxonasi direktor muovini YUsufxo‘ja o‘z so‘zida ko‘plab kitoblarini nashr etgan bo‘lsa-da, bu ular ichida ayrichasi bo‘ldi deya e’tirof eta turib, ulug‘larning bir fikrini keltirdi. “Olim oldida tilingni tiy, vali oldida dilingni ham”. Bu hikmatni aytishlari ularning tarixga va ma’naviyatga mehri va munosabati yuqori ekanligini angladik.
Kitob insonshunoslikdir, u taqdirlar haqida so‘zlaydi. Kitobham qalbga ziyoratdir. Ilm ham ibodatdir. Kitob o‘zidan nur taratadi, uni faqat o‘zida nuri borlargina anglab etadi. Tarixiy kitoblar o‘tmish qa’ridagi qorong‘ulikni yorita oladigan mayoqdir. Bu mash’alning nuri ma’rifat yog‘dusi bilan dillarga nur baxsh etadi. SHuning uchun ham tarixiy mavzudagi kitoblar xuddi shu ma’noda taqdir bag‘ridagi ziyo, tarix qa’ridagi nur o‘rnida taraladi.
Tadbir yakunida Nazarbek Rahim davra qatnashchilariga o‘zlarining ehtiromini bildirdi. Taqdimot va ehson nihoyasida onaizor ruoniyatiga qur’on tilovati qilindi.